Bosh sahifa » Masjidlar » Xotinmasjid, O‘rozaliboy jome masjidi

Xotinmasjid, O‘rozaliboy jome masjidi

XOTINMASJID, O‘rozaliboy jome masjidi – o‘tmishda Sebzor dahasining Xotinmasjid mahallasidagi masjid (1754). Toshkentning yirik va qadimiy masjidlaridan, noyob me’moriy yodgorlik bo‘lgan. «Tarixi jadidayi Toshkand» asariga ko‘ra, o‘tmishda bir ayol tomonidan qurilgani uchun shunday atalgan. 1858–59 yillarda Toshkentlik O‘rozaliboy tomonidan ta’mirlangach, uning nomi bilan ham atala boshlangan. Xotinmasjid Beklarbegi madrasasining sharqida, Eskijo‘va mavzeida joylashgan bo‘lib, uning qoshida bir hujra, maktab va qorixonasi bo‘lgan. Masjidning g‘arb tomonida noma’lum qabr – shaharda dafn qilingan hafttanlardan (yetti birodar) birining qabri bo‘lgan. Xotinmasjid 1907 yil O‘rozaliboyning o‘g‘li, masjid mutavallisi Mulla Normuhammadning shaxsiy mablag‘i hisobiga qayta ta’mirlangan. Vaqfnoma hujjatlariga ko‘ra, shaharlik Sultonboy Abdusami o‘g‘li tomonidan masjidga Kamolon darvozasi tashqarisida Novza arig‘ida bedazor va ekinzor yer, Qorasaroy darvozasi tashqarisidagi Yangiariq mavzesidagi yer, Qo‘ychimozori mavzesidagi Nadrjon qulog‘i arig‘idagi yer, Xotinmasjid mahallasida yerlar vaqf qilingan.

1932 yilda Eskijo‘vadagi ko‘chani kengaytirish munosabati bilan o‘ymakorlik naqshlari bilan nodir me’moriy yodgorlik bo‘lgan Xotinmasjid Shayx Xovandi Tohur mozori yoniga ko‘chirib keltirilgan. 1953 yilda ushbu masjid binosi 20×12=240,0 kv.m maydonni egallab turgan. Xotinmasjiddan bir qancha vaqt kutubxona sifatida foydalanib kelingan. 1967 yilda buzib tashlangan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Мечеть хана Узбека

Post Views: 90 Мечеть хана Узбека — один из самых известных памятников мусульманской культуры. К …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan