Termizdagi birinchi bank binosi
Ushbu tarixiy inshoot 1902 yilda Buxoro amiri Abdulahadxon (1886-1910) buyrug‘i bilan Abduvosiboy Halimboy o‘g‘li mablag‘lari hisobiga qurilgan. Ushbu imoratning tarixiy ahamiyati shundaki, u Buxoro amirligining sharqiy bekliklari, shu jumladan, hozirgi Surxondaryo viloyati va Tojikiston Respublikasi hududidagi dastlabki bank binosi bo‘lgan.
Bu bankning Turkistondagi boshqa banklardan farqi shundaki, uning tashkil topishida rus kapitali umuman ishtirok etmagan. Binobarin, Turkistondagi musulmon hukmdorlari tomonidan asos solingan birinchi bank edi. Ungacha, o‘lkadagi barcha banklar rus sarmoyadorlari (asosan Rus-Osiyo banki) tomonidan tashkil etilar edi. Amir Abdulahadxon musulmon bankini tashkil etgan turk sultoni Abdulazizxondan keyingi ikkinchi hukmdor sanaladi. Vaholanki, Buxoroning o‘zidagi banklar rus kapitaliga tegishli edi.
Termizda bankning tashkil etilishi vohada ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishiga turtki bo‘ldi. Viloyatda birinchi telegraf qurildi. 1910 yilda Termizda paxta tozalash zavodi qurildi. Surxon daryosidan Termizga kanal qazib keltirilib, minglab gektar yerni sug‘orish imkonini yaratdi. Voha aholisi hunarmandchilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik mahsulotlari bilan Rossiya va Afg‘oniston bozorlariga chiqa boshladilar.
Ushbu tarixiy inshootda 1975 yilga qadar Davlat bankining Surxondaryo viloyat boshqarmasi joylashgan edi. Keyinroq, davlat banki yangi binoga ko‘chgach, bino madaniyat boshqarmasi tasarrufiga berildi. Hozirgi vaqtda bino tadbirkorlarga berilgan bo‘lib, u yerda savdo nuqtalari joylashgan.
«Surxon vohasi tarixi va madaniyati» guruhi sahifasi