Bosh sahifa » Tarix » Turkiston Muxtoriyati zamondoshlar qarashlarida

Turkiston Muxtoriyati zamondoshlar qarashlarida

Milliy davlatchilik qurilishi masalasiga yondoshish, Turkistonning to‘la muxtoriyat olish g‘oyasini ilgari surish milliy gazeta sahifalarida 1917 yil aprel oyidan boshlab ko‘zga tashlanadi1.

1917 yil aprelida bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlari I qurultoyining tub maqsadi ham mamlakatni qanday idora qilish hamda milliy hukumat tuzishga hozirlik ko‘rish edi. Gazetalarning aprel, may oyi sonlarida berilgan maqolalarda 1917 yilning 1 may kuni Moskvada chaqirilgan I Umummusulmon syezdi, kun tartibiga qo‘yilgan masalalar: Butunrossiya musulmonlar kengashining tuzilishi, musulmonlarning Taʼsis majlisda qatnashishi, madaniyat, fan, din, joylardagi boshqaruv va boshqalar xususida ham so‘z yuritildi2.

1917 yilning yoziga borib, diniy islohotlar, ayollar masalasi, Rossiya bilan Turkistonning davlat tuzilmasi kabi bir qancha masalalardagi fikrlar qarama-qarshiligi natijasida Sho‘roi islomiya tashkilotidan Sho‘roi Ulamo jamiyati ajralib chiqdi. Bu bo‘linishga qaramay, har ikki guruh ham Turkistonni mustaqil davlat sifatida boshqarilishi tarafdorlari edilar. 1917 yilning 21 iyulida esa Qozonda II Butunrossiya musulmonlari syezdi ochildi. O‘n kun davom etgan ushbu syezdda asosiy masalalar qatorida milliy muxtoriyatni vujudga keltirish masalalasi ham muhokama etildi. Shu yilning kuziga borganda Turkistondagi milliy demokratik harakatlarda siyosiy kuchlar o‘rtasida birlashish jarayoni kuzatiladi. 1917 yilning 17-20 sentyabr kunlari Sho‘roi Ulamo tashabbusi bilan Toshkentda chaqirilgan Turkiston va qozoq musulmonlarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkistonning deyarli barcha hududlari hamda Ural va To‘rg‘ay viloyatlaridan besh yuzga yaqin vakillar qatnashdi. Qurultoyning Turkiston Muxtoriyati tuzishga qaror etganligi matbuot sahifalaridagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi3.

Milliy mustaqillik uchun ana shunday siyosiy harakatlar avj olgan bir vaqtda Oktyabr to‘ntarishi bo‘lib o‘tdi. Biroq, bu to‘ntarishdan keyin ham kutilgan natijalarga erishilmadi. Yaʼni, bolsheviklar hukumati milliy siyosatda ko‘plab jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi: ular markaziy hokimiyat rahbarlar tomonidan eʼlon qilingan hujjatlarga qarama-qarshi bo‘lgan qarorlarni eʼlon qilib, chor hukumatining Turkistonda olib borgan mustamlakachilik siyosatinining bevosita davomchilari sifatida siyosat olib bordilar. Ular ham o‘lkada o‘zlarining hukmronlik siyosatlarini saqlab qolishga harakat qildilar. Bu ayniqsa, 1917 yilning 15-21 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan ishchi, dehqon, soldat deputatlarining III syezdida o‘z aksini topdi. Syezdda o‘lkani boshqarishda musulmonlarning ishtirok etishi noloyiq deb topildi. Buning sababi bolsheviklarning fikricha, “sho‘rolar hokimiyatiga mahalliy aholi munosabatining noaniqligi va ular orasida proletar sinfiy tashkilotining yo‘qligi”4da edi.

Mahalliy aholi o‘zining ijtimoiy-siyosiy huquqlaridan, milliy davlat qurilishida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilindi. Bularning barchasi turkistonliklardagi milliy-ozodlik to‘g‘risidagi shiorlarga bo‘lgan ishonchini so‘ndirdi. Turkiston Muxtoriyati davridagi o‘lkada mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga, ayniqsa, sovetlar hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan siyosatga norozilik kayfiyatlari o‘sha davr zamondoshlari qarashlarida aks ettirilgan bo‘lib, mualliflarning ko‘pchiligini Turkiston o‘lkasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarida bevosita ishtirok etgan davlat va jamoat arboblari, mahalliy ziyolilar tashkil etadi. Ular o‘zlarining nutq va maqolalari, asarlari, xatlari orqali o‘lkadagi milliy demokratik davlat qurilishi, uning istiqboli, bolsheviklar hukumatining bu boradagi siyosati hamda undagi kamchiliklarni tahlil qilishga harakat qilganlar.

Dastlab Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishida bevosita ishtirok etgan jadid namoyondalarining bu masalaga qarashlari haqida fikr yuritmoq joiz. Turkiston taraqqiyparvarlarining aynan Turkiston Muxtoriyati tarixi masalalariga bag‘ishlangan maqolalarini ko‘pchiligi ularning o‘z hisoblaridan ochgan milliy matbuot sahifalaridan o‘rin olgan. Birgina “Ulug‘ Turkiston” gazetasining o‘zida muxtoriyat tashkil topgan paytdan bostirilgunga qadar bo‘lgan davr mobaynida 30 ga yaqin5, “Hurriyat” (Samarqand) gazetasida 15 ga yaqin6, “El bayrog‘i”da 10 ga yaqin7, “Al-Izoh”, “Al-Isloh”, “Izhor-ul haq” va boshqa milliy jurnallarda ham bir necha8 ijtimoiy-siyosiy maqolalar chop etilgan.

Turkiston taraqqiyparvarlari Turkistonda kelgusida tuziladigan milliy davlat shakli, uning Rossiya bilan munosabati va aloqalari masalalari yuzasidan fevral inqilobidan keyinoq qizg‘in bahslar yuritdilar. Ayniqsa, davlat tuzilmasi shakli borasidagi bahslar qizg‘in kechdi. Ular Turkiston o‘lkasi batamom musulmon respublikasi bo‘ladimi yoki Rossiya federatsiyasi tarkibida muxtor bo‘ladimi kabi savollarga javob berishga harakat qildilar. Ziyolilarning bir qismi federatsiya yo‘lini tanlagan bo‘lsa, boshqa bir qismi to‘la mustaqil bo‘lish yo‘lini maʼqul topdilar9. Xususan, 1917 yilning 16-21 aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Umumturkiston musulmonlar I syezdida Munavvar qori Abdurashidxonov, M.Cho‘qayev va S.Maqsudiylar o‘sha vaqtda “milliy hududiy muxtoriyatga erishish kerak emas, chunki musulmonlar yer-suv ishlarini boshqarishni o‘zlari uddalay olmaydilar, shuning uchun madaniy-maʼrifiy masalalarda muxtoriyatga erishish kerak”10, deb hisobladilar. N. Yavushev esa Turkistonga muxtoriyat berish zarur11, deb hisobladi.

Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi hisoblangan, milliy davlatchilik g‘oyalarini rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shgan M. Behbudiy Turkiston musulmonlari o‘z shariat va odatlariga muvofiq tirikchilik qilishlari, o‘lkada yashovchi barcha xalqlar manfaatlari hisobga olinishi zarurligi haqida fikr yuritar ekan, u Rossiya tarkibidagi muxtoriyat masalasini ko‘tarib chiqdi. Hatto Rossiya tarkibida turib ham mustaqillikka erishish mumkin, deb hisobladi. Uning fikricha, Rossiya musulmonlari uchun Rossiya poytaxtida bir musulmon markaziy idorasi vujudga keladi, rus, yahudiy va boshqalar qo‘shilgani holda Turkiston hukumati taʼsis etilib, mazkur hukumatning o‘z parlamentarizmi bo‘lishi lozim edi. Shunday qilib, mustaqil vakolatli o‘lka hokimiyatning oliy organlari, boshqaruvi va sud mexanizmlari, o‘z davlat tuzilishini barpo etishga kirishgan taraqqiyparvarlar boshqaruvning respublika shaklini, davlatning tuzilishi jihatdan muxtoriyat shaklini tanladilar. Ustivor maqsad qilib, demokratik huquq va erkinliklar berilgan, konstitutsion jihatdan kafolatlangan demokratik jamiyatni shakllantirish belgilandi.

Taraqqiyparvarlarning milliy davlat barpo qilish borasidagi orzu‑niyatlari qiyinchilik bilan bo‘lsada, ro‘yobga chiqdi. Sho‘roi islomiya, Turk Adami markaziyati, Ittifoq va boshqa firqalar tashabbusi bilan 1917 yilning 26-29 noyabr kunlari Turkiston o‘lka musulmonlarining Favqulodda IV qurultoyida o‘lkadagi dastlabki milliy demokratik davlat – Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi12.

Muxtoriyatchilarning milliy davlatchilik g‘oyalari birinchi navbatda xalqni maʼrifatli qilish, mamlakatni ilg‘or rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun milliy kadrlar yetishtirish, iqtisodiyot, fan va madaniyatni rivojlantirish, ijtimoiy, diniy va milliy kelib chiqishidan qatʼiy nazar butun mamlakat uchun demokratik huquq va erkinliklar berish kabi tamoyillarga tayangan holda faoliyat olib bordilar.

Turkiston aholisini murakkab siyosiy vaziyatlar taʼsirida vujudga kelgan iqtisodiy tanglikdan olib chiqish vazifasi muxtoriyatchilarning birinchi galdagi vazifalari qatoridan o‘rin oldi. Shuni nazarda tutib yangi saylangan hukumatga tez orada Turkistonning Taʼsis majlisini chaqirish, g‘alla va oziq-ovqat hamda birinchi darajada zarur bo‘lgan narsalar bilan xalqni taʼmin etish va shu maqsadda Janubiy-sharqiy ittifoq13 bilan vaqtinchalik muzokara qilish, muxtoriyat uchun moliyani vujudga keltirish, milliy armiyani tashkil etish, Turkistonda bo‘lgan turli millatlarning huquqini taʼmin etish14 kabi bir qancha masʼuliyatli vazifalar yuklatildi.

Muxtoriyat eʼlon qilingach, Turkistondagi deyarli barcha milliy matbuot sahifalarida bu quvonchli voqea haqida maqolalar, xabarlar15 ketma-ket bosib chiqarildi. Qurultoy ishini o‘lkada faoliyat olib borgan «Svobodniy Samarkand» (Ozod Samarqand), «Turkestanskiy vestnik» kabi rusiyzabon gazetalar ham o‘z sahifalarida muhokama qilib bordi16.

Qurultoy tomonidan qabul qilingan qarorlar asosan butun Turkiston xalqining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan edi. Har bir fuqaroning huquqi kafolatlanishi, Turkistonda yashayotgan boshqa millatlar ham Turkiston Muxtoriyatining teng bir huquqli aʼzosi sifatida kelajagi taʼminlanishi ko‘zda tutilgani17 ham milliy matbuot sahifalarida alohida taʼkidlab o‘tildi. Qurultoyda ko‘rilgan asosiy masalalardan yana biri – yangi tuzilgan milliy hukumatning “Janubiy-Sharqiy ittifoq”qa munosabati masalasi18 edi. Sovet davri tadqiqotlarida mazkur syezdning ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘risidagi qarori uning “aksilinqilobiy” mohiyatini ochib berishda muhim asoslardan biri sifatida xizmat qildi. Hozirga qadar bu masala yetarli darajada o‘rganilmagan.

Qurultoyning Taʼsis majlisi chaqirilgunga qadar mazkur ittifoq bilan vaqtinchalik shartnoma tuzishga qaror qilganligiga qanday omil sabab bo‘lgan? Bu savolga «Svobodniy Turkestan» gazetasidan o‘rin olgan B. Yelchiyevning “Turkiston Muxtoriyati va Janubiy-sharqiy ittifoq” nomli maqolasi19 birmuncha aniqlik kiritadi. Maqola mazmunidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, qurultoy “Janubiy-sharqiy ittifoq”qa sovet tarixchilari yozganidek, “sovet hokimiyatiga qarshi kurashishda aksilinqilobiy kuchlar bilan birlashish maqsadida” emas, balki o‘lkada kechayotgan qiyin iqtisodiy vaziyatni oldini olish maqsadida, undan chiqish yo‘llarini hisobga olib, unga aʼzo bo‘lish haqidagi qarorni qabul qilgan.

Xullas, milliy gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar, yoritilgan muammolar xilma-xil bo‘lishiga qaramay, ular birinchi navbatda xalq ongida o‘zlikni anglash, madaniyat, bilimni o‘stirishga asosiy eʼtiborni qaratgan edilar. Ularda muxtoriyat hukumatining vujudga keltirilishi xalqning asriy bir orzusi natijasi sifatida katta xursandchilik bilan qarshi olinganligi aks ettirildi, tashkil topgan yangi hukumat ravnaqi xususida qizg‘in fikrlar yuritildi. Turkiston bolsheviklari esa xalqni bunday g‘oyalaridan uzoqlashtirish maqsadida turli yo‘llarni izlab topdilar. Birinchi navbatda ko‘plab milliy matbuot nashrlari faoliyati tugatildi va sovet matbuotiga eʼtibor qaratildi. Bu davrda biror qalamkashning sovet matbuotida ishtirok etishi o‘sha yozuvchining uslubi, mohirligi, qalami o‘tkirligiga qarab emas, balki uning umuman tutgan yo‘liga qarab, uning o‘z taʼlimoti bilan ishchilar ommasiga qanday foyda keltirishiga qarab fikr yuritilishi lozim edi20.

«Наша газета», «Туркестанская искра», «Советский Туркестан», «Новый путь» kabi nomlar bilan faoliyat yuritgan sovet matbuoti21 muxtoriyatning aksilinqilobiy mohiyatini ochib berishda bolsheviklarga dastlabki qurol vazifasini o‘tadi. Ayniqsa, 1917 yil aprel oyida tashkil topgan «Nasha gazeta» bu yo‘lda alohida xizmat ko‘rsatdi22. «Noviy put» gazetasi ham Turkiston Muxtoriyatini boy va rus avantyuristlari tomonidan eʼlon qilingan hukumat23, sifatida baholadi. Mazkur gazeta sahifalari Turkiston musulmonlarining Favqulodda IV o‘lka qurultoyiga umummusulmon ishchilar, musulmon mehnatkash proletariatidan vakillar kiritilmaganligi24 sababli bu qurultoy umummusulmon syezdi bo‘la olmasligini alohida taʼkidlab ko‘rsatdi.

Bolsheviklarning “adolatparvar”, “xalqchil” hukumatiga katta umid bog‘lagan milliy ziyolilar ularning asl qiyofasi namoyon bo‘lgach, maqolalar orqali o‘z noroziliklari bilan chiqa boshladi25.

Taraqqiyparvarlarning tuzilajak milliy davlatning iqtisodiy jihatlari xususida qarashlari qanday edi?

Ular kelajakda chet davlatlarga qaram bo‘lmagan, boy davlat bo‘lishi uchun milliy muxtoriyat har jihatdan moddiy va iqtisodiy quvvatga molik bo‘lgandagina taʼmin eta olinishi, buning uchun esa eng avvalo ehtiyojga molik birinchi darajada bo‘lgan narsalarni ortig‘i bilan Turkistonning o‘zida yetishtirishi, zavod va fabrikalar qurish, sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish, chet el texnikasi bilan tanishish, milliy hazinani tashkil etish, moliyani isloh qilish, soliq va zakotlarni bir intizomga solish zarurligi 26ni taʼkidladilar.

1917 yilning 15 dekabrida esa sovet hukumatining Yer va sug‘orish tizimlarini natsionalizatsiya qilish to‘g‘isida Dekreti qabul qilindi27. Dekretga binoan barcha xususiy banklar (transport va tashqi savdo ham) musodara qilindi, davlat zayomlari bekor qilindi.

1918 yil yanvar oyining ikkinchi yarmidan bolsheviklarning talon-tarojliklari boshlanib ketdi28. Muxtoriyat hukumati imkon qadar tirishsada, I Jahon urushi, ochlik va qimmatchilikning taʼsiri, muxtoriyatchilarning iqtisodiy vaziyatni yengillashtirishga qaratilgan tadbirlariga to‘sqinlik qilardi. Bundan tashqari muxtoriyatchilar oldida milliy armiya tashkil etish vazifasi ham bor edi.

Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilingan tarixiy o‘lka musulmonlarining Favqulodda IV qurultoyida Turkistonda yashovchi millatlarning huquqlarini saqlash maqsadida milliy qo‘shin tashkil qilish ham muhokama etilgan asosiy masalalar qatoridan joy oldi29. Muxtoriyat tashkilotchilari o‘zlarining har bir nutq va maqolalari orqali turkistonliklardan milliy askar tashkil etishga daʼvat etib bordilar. Bolsheviklarning muxtoriyatga bo‘lgan munosabati milliy armiyani yana-da mustahkamlashni taqozo etardi.

Bolsheviklar milliy qo‘shin tashkil etilishini ham aksilinqilobchilik harakat30 deb baholadi va imkon qadar taʼqib ostiga olishga harakat qildilar. Buni anglagan taraqqiyparvarlar ochiq-oydin tanqidiy fikrlarni bildirdilar31. Biroq, Turkiston o‘lka sovetlarining 1918 yil 23 yanvarida bo‘lib o‘tgan IV syezdida Qo‘qondagi hukumatni tarqatib yuborish haqida qaror qabul qilindi32. Shu davrdan boshlab vaziyat yana-da chigallashdi: 31 yanvardan eʼtiboran Turkiston Muxtoriyatining askari bilan bolsheviklar orasida qurolli to‘qnashuv boshlandi33. Xullas, Turkiston aholisi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan, ularning orzu-istaklari zaminida vujudga kelgan Turkiston Muxtoriyati yetmish ikki kungina umr ko‘rib, bolsheviklar tomonidan bostirildi.

Mazkur fojea va uning salbiy oqibatlariga oid qarashlarni 20 yillar o‘rtalariga qadar bo‘lgan davrda ko‘plab uchratish mumkin34.

Xullas, Qo‘qon shahrining vayron qilinishi, Turkiston Muxtoriyati hukumatining ag‘darib tashlanishi hamda hokimiyatni bolsheviklar tomonidan noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilishi ham zamondoshlar tomonidan turlicha baholandi. Shu o‘rinda Turkistondagi milliy harakat yo‘lboshchilaridan biri Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onning 1920 va 1923 yillarda Turkistondan V.I. Lenin nomiga jo‘natilgan ikki xati35ni keltirish o‘rinli. Ularda bolsheviklarning Sharq, shu jumladan Turkiston xalqlariga nisbatan olib borilayotgan milliy siyosati tahlil etilib, bunday siyosat ikkiyuzlamachilik, yolg‘on, bo‘xton asosida, adolatsiz olib borilayotganligi, bolsheviklarning siyosati sovet hukumati tomonidan 1917 yil 20 noyabrda eʼlon qilingan murojaatnomasini inkor qilib, millatlarning o‘z taqdirlarin o‘zi belgilash huquqini amalda yo‘qqa chiqarganligi taʼkidlab o‘tildi. Fitrat esa adolat va sadoqat bilan eʼlon qilingan muxtoriyatni bolsheviklar tomonidan nima sababdan qabul qilinmay turganligi haqida ajablanib yozsa,36 M.Cho‘qayev milliy davlat qurish imkonini berishga umid bag‘ishlagan 1917 yilgi inqilobdan aldanganligini37 taʼkidlaydi.

Xoji Muin ham yuqoridagi fikrlarni taʼkidlagan holda, bolshe­viklarning o‘z maslaklarini qabul etmagan millatlarga hurriyat va istiqlol bermaslik, istiqlol tilagida bo‘lgan har millatlarning mamlakat idorasini sovetlar qo‘liga topshirish, mamlakatning barcha boyliklari, yer, mol-mulk umumiy deb ular ixtiyoriga topshirilish, agar bu tilaklar bajarilmasa hech bir millat hurriyati tasdiq bo‘linmaydi, degan talablariga qarshi chiqdi. Shu bilan birga muallif bolsheviklarning bu g‘ayritabiiy tilaklari, buzuq g‘arazlarini Rossiyada bo‘lgan hech bir millat qabul qilmagan38 ini taʼkidlaydi.

Matbuot sahifalarida muxtoriyatni bostirilishi, uning oqibatlariga oid munozaralar, maqolalar berib borilishi muxtoriyat bostirilgandan keyin ham bir qancha vaqtgacha davom etdi. Masalan, S.A taxallusli taraqqiyparvar Mayus bo‘lmaslik kerak maqolasi orqali Turkiston xalqiga Turkiston Muxtoriyatining bostirilishi bu dunyoda bo‘layotgan urushlar oldida bir namuna shaklida ekanligi, bundan umidsizlikka tushmaslik kerakligi hamda turkistonliklar uchun saodat yulduzlari yaqin kunlarda kelishini39 uqtiradi.

“X. Ali taxallusli zamondoshlardan biri esa Kim aybli? maqolasida muxtoriyatning qonli bostirilishida aybdor kim ekanligini ochishga harakat qilib, shunday yozadi: …Kim aybli bo‘lur? islomiyatni kufrlar changalidan, razolatdan, safolatdan, jaholatdan qutqaruv umidinda umum Turkiston vakillari syezdinda (Xo‘qand 27 noyabr) nafsi shaxsiyalari qurboni o‘lmasdan xaqli yerli muxtoriyat eʼlon qilgan erlarmi? Yo bo‘lmasa muxtoriyat olingiz, umuman musulmonlar birlashingiz deb Isrofil so‘zini taratgan oliy marhamatli tovarish Troskiy ila Lenin afandilar айблими?…. Musulmonlarni o‘zlari orasindan nedovolniy burjuaziya avtonomiyasi deb Petrogradga telegramm berilishiga sababchi bo‘lgan ehtiromli ulamoi jamiyatlari ayblimi?… Bizlarni bu o‘rinsiz taʼnalarimizga Xudovandoi Karimni qahri kelib bir juzʼiy falokatlar ila boshimizga Xo‘qand fojealaridan yomonroq falokat va balolarni yog‘dirmasa edi…40.

Keyingi yillarda, yaratilgan baʼzi adabiyotlarda41 bu boradagi qarashlarda ancha o‘zgarish kuzatiladi. Bunga o‘sha davrdagi ularga nisbatan bo‘lgan tazyiq oqibati, siyosiy vaziyat mahsuli sifatida qaramoq kerak. 20-yillarning o‘rtalaridan ziyolilarga, xususan jadidlarga munosabat o‘zgara boshladi. O‘tmishning har bir hodisasiga sinfiy-siyosiy yondashish kuchaydi. Fanda ham boshqa sohalar kabi soxtakorlik, tarixni inqilob va yangi tuzum manfaatlariga moslab yozish tamoyili paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, shu davr mahalliy matbuot sahifalarida sovetlar tomonidan olib borgan mustamlakachilik siyosatiga doir berilgan birmuncha xolis baholarni uchratish mumkin. Jumladan, o‘sha davr kishisi M.Isayev bolsheviklarning mustamlakachilik ruhini yo‘qota olmaganliklari sababli Turkiston xalqi ularga nisbatan ishonchsizlik ko‘zi bilan qarayotganliklarini42, Usmonxon tahallusidagi yana bir zamondosh bolsheviklarning beboshliklari haddan oshib ketganligi, ular oktyabr to‘ntarishidan so‘ng millatlar ustidan hokimlik o‘rnatmoqchi bo‘lib, zo‘rlik bilan ozodlikka olib chiqishga uringan va bu yo‘lda talov, nomussizliklarni amalga oshirgan43liklarini yozadi. Bunday qarashlar S.Shumskiy hamda A.Kuzminlarning maqolalarida44 ham o‘z ifodasini topgan.

Turkiston Muxtoriyatining siyosiy ahamiyati va uni bolsheviklar tomonidan bostirilishini o‘lkadagi yevropalik siyosiy arboblar qanday baholagan? Bu baho 1918 yilning 23 fevralida Toshkent sovetining ishchi, soldat va dehqon deputatlarining Qo‘qon voqealariga doir va sotsialistik armiya degan masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘z aksini topgan. Unda bolsheviklarning Turkiston Muxtoriyatini bostirish ishi yakunlarini muhokama qilinib, turli mazmundagi nutqlar45 tinglandi. Yig‘ilishda internatsionalistlar fraksiyasi vakili, menshevik A.Vaynshteyn hamda Skobelev shahri hokimi sifatida faoliyat olib borgan V.D.Doriomedovlar46 bolsheviklarning Turkiston muxtoriyati bilan bog‘liq siyosatidagi kamchiliklarni ochiq oydin tanqid qilib chiqdilar. Mazkur yig‘ilishga majlisga raislik qilgan I.O.Tobolin esa internalistlar fraksiyasi tomonidan sotsialistik hukumatning Turkiston Muxtoriyati hukumatiga nisbatan shafqatsizligi to‘g‘risidagi tanqidlarga javoban kim kimni yengishi hal bo‘layotgan davrda shafqatsizlikning bo‘lishi tabiiy bir hol47, – deb hisobladi. Bunday qarashlar boshqa yana bir qancha zamondoshlar xotiralarida ham o‘z ifodasini topgan48.

Xulosa qilib aytganda, Turkiston muxtoriyatini vujudga kelishida bevosita ishtirok etgan va guvohi bo‘lgan zamondosh kishilarning mahalliy matbuot sahifalaridan o‘rin olgan maqolalari va asarlari mazkur harakatning asl tarixini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ularda mazkur harakat sovetlarning mustamlakachilik siyosati oqibatida kelib chiqqanligi, sovet hukumatini mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlanmagani, aksincha, ular o‘lka taraqqiyparvarlari orqasidan borganligi, muxtoriyatni zo‘rlik bilan tugatilishi esa bolsheviklarga qarshi harakatlarni paydo bo‘lishiga olib kelganligi haqidagi umumiy qarashlar o‘rin olgan. Turkiston muxtoriyati tarixining asl manzarasini aks ettiruvchi mazkur manbalar esa uzoq yillar davomida ilmiy isteʼmolga kiritilmadi.

Salima MADYAROVA t.f.n.,
O‘zR FA Tarix instituti

O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr

1 Yashasun hurriyat // Al – Izoh. 1918, 1 aprel. – B.812- 817; Tohiriy I. Hurriyat // Al – Izoh. 1918, 1 aprel. – B.814-820; Abdushukur Aʼlam. Hurriyat haqinda // Al – Izoh. 1918, 1 aprel. – B.820- 822; Vasliy. Hurriyat haqinda // Al – Izoh. 1918, 15 aprel. – B.853- 855; Mulla Hoshim Maxsum. Hurriyat haqinda // Al – Izoh. 1918, 15 aprel. – B.858- 859; Umumiy Turkiston musulmonlarining syezdi // Turon. 1917, 17 aprel; Yovushev N. Bu kungi vazifamiz // Turon. 1917, 25 aprel va b.

2 Najot. 1917, 23 aprel; Shomahmudzoda M. Umumiy Rusiya syezdi // Hurriyat. 1917, 29, 30 may.

3 Ulug‘ Turkiston. 1917, 30 sentyabr; Al Izoh. 1917, 4 oktyabr.

4 Idora. 16 noyabrda Toshkentda bo‘lg‘on musulmon krayevoy syezdining qarori // Al – Izoh. 1917 yil 28 noyabr; Turkestanskiye vedemosti. 1917, 21 noyabr.

5 Bakir M. Turkiston Muxtoriyatining barpo bo‘lishiga kuch kerak // Ulug‘ Turkiston. 1917, 24 dekabr; O‘sha muallif. Turkiston majlisi muassasoni» (El qurultoyi) // Ulug‘ Turkiston. 1918, 19 fevral; O‘sha muallif. Bulutlar quyiladur // Ulug‘ Turkiston. 1918, 21 yanvar; O‘sha muallif. Xastaliklarimiz // Ulug‘ Turkiston. 1918, 28 mart; O‘sha muallif. Mudofaa // Ulug‘ Turkiston. 1918, aprel; Shermuhamedov M. Turkiston yoshlarinning eʼtiborina // Ulug‘ Turkiston. 1917, 23 avgust; Sayfulmulk N. Ucheriditelniy sobraniya ne narsa? // Ulug‘ Turkiston 1917, 8 may; O‘sha muallif. (Ibrohim Tohiriy bilan) Xalq jumhuriyati // Ulug‘ Turkiston 1917 20 may; Soldat. Milliy sarmoya kerak // Ulug‘ Turkiston. 1917, 18 avgust. Ahmadjon A. Turkiston Muxtoriyati // Ulug‘ Turkiston. 1917, 13 dekabr; Yavushev N. Turkistonga avtonomiya oluv haqinda // Ulug‘ Turkiston. 1917, 5 may; Yang‘ulatov X. Milliy va madaniy muxtoriyat // Ulug‘ Turkiston. 1917, 27 iyul; Shoahmedov I. Turkiston Muxtoriyati va iqtisodiy avtonomiya // Ulug‘ Turkiston. 1917, 18 noyabr. (Muallifi ko‘rsatilmagan). Turkiston Muxtoriyati ishlari // Ulug‘ Turkiston.1918, 4 yanvar; Shamʼun. Muxtoriyat va Toshkent ulamosi // Ulug‘ Turkiston. 1918, 11 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Turkiston Muxtoriyati va qozoqlar // Ulug‘ Turkiston.1918, 11 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Muvaqqat Turkiston Muxtoriyati ishlari // Ulug‘ Turkiston. 1918, 31 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Bolshevizm va musulmonlar // Ulug‘ Turkiston. 1918, 21 fevral. (Muallifi ko‘rsatilmagan). Xo‘qand fojealari // Ulug‘ Turkiston. 1918, 9, 12, 14, 19 mart; Yusuf Xalil. (zamondosh) Xo‘qandning falokati //Ulug‘ Turkiston. 1918, 2 aprel; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Toshkent soveti va Turkiston Muxtoriyati // Ulug‘ Turkiston. 1918, 16 aprel.

6 Fitrat A. Siyosiy hollar // Hurriyat. 1917, 7 noyabr. O‘sha muallif. Ish zamona o‘tmasdan // Hurriyat. 1917, 14 noyabr; O‘sha muallif. Muxtoriyat // Hurriyat. 1917, 5 dekabr; O‘sha muallif. Turkistonda ruslar // Hurriyat. 1918, 2 yanvar; O‘sha muallif. Taqsimi aʼmol // Hurriyat. 1918, 16 yanvar; Behbudiy M. Turkiston Muxtoriyati // Hurriyat. 1917, 19, 22 dekabr; O‘sha muallif. Daʼvat // Hurriyat. 1918, 12 yanvar; O‘sha muallif. Qozoq qardoshalarimizga // Hurriyat. 1918, 5 yanvar; Xoji Muin. Bolsheviklar va biz // Hurriyat. 1918, 9 yanvar; O‘sha muallif. Og‘ir hollar // Hurriyat. 1918, 22 fevral. (Muallim) M.N.K. Yashasin Turkiston Muxtoriyati // Hurriyat. 1918, 2 yanvar; O‘g‘uzxon. So‘z va ish // Hurriyat. 1918, 19 yanvar; O‘sha muallif. Siyosat olaminda // Hurriyat. 1918, 19 fevral; NajiB. Muhim kunlar // Hurriyat. 1918, 22 yanvar; S.A. Mayus bo‘lmaslik kerak // Hurriyat. 1918, 1 mart; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Xo‘qand fojeasi // Hurriyat. 1918, 5 mart.

7 A.Bek. Vijdon imtihonlari // El bayrog‘i. 1917, 4 noyabr; Qipchoq. Bugundan kirishurga // El bayrog‘i. 1917, 4 noyabr; O‘g‘izxon. Namanganda bolshevik harakati // El bayrog‘i. 1917, 23 yanvar; Teshaboy. Muxtoriyat eʼlon etildi // El bayrog‘i. 1918, 28 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Ulug‘ bayramimiz // El bayrog‘i. 1917,7 noyabr; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Ximmat va g‘ayrat kerak. Nima uchun kerak? // El bayrog‘i.1917, 9 noyabr; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Muxtoriyatli millatlar va bolsheviklar // El bayrog‘i. 1918, 23 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Anglaydurgon vaqt // El bayrog‘i. 1918, 26 yanvar; Abdullabek. (nomsiz maqola) // El bayrog‘i. 1918, 26 yanvar va b.

8 Vasliy S. Muxtoriyat uchun nutq // Al – Izoh. 1918, 14 fevral. – B.231-232; O‘sha muallif. Taraqqiy va Vatan haqida // Al – Izoh. 1918, 14 fevral. – B.232 -234.

9 Alimova D.A. Jadidchilik harakati va uning ijtimoiy-siyosiy mohiyati. Jadidlarning davlatchilikka oid qarashlari //O‘zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari. – Toshkent: Sharq. 2001. – B.149-172.

10 (Muallifi ko‘rsatilmagan). Umumturkiston musulmonlarning qurultoyi // Ulug‘ Turkiston. 1917, 25 aprel; (Muallifi ko‘rsatilmagan) Miliy idorasinda almashinuv va Turkiston // Ulug‘ Turkiston. 1917, 25 aprel.

11 Yavushev N. Turkiston avtonomiyasini oluv haqinda // Ulug‘ Turkiston. 1917, 5 may.

12 Turkiston Muvaqqat hukumati tarafindan // Ulug‘ Turkiston. 1917, 8 dekabr.

13 Janubiy‑Sharqiy ittifoq: Orenburgdan Janub va Sharqqa qadar bo‘lgan barcha hududlarni (Orenburg, Ural, Kuban, Semirechyedaga kazak qo‘shinlarini, qozoq, qirg‘iz, qalmiq, boshqird yerlarini, Kavkaz tog‘liklari va Ozarbayjon tatarlarini) o‘zi rahbarligida birlashtirishni maqsad qilib olgan bo‘lib, ittifoqning asosiy g‘oyasi inqilob markazi bo‘lgan sobiq Rossiya guberniyalarining xom ashe va non bazasi hududlarida aksilinqilobni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan. // Qarang: Alekseyenkov P. Kokandskaya Avtonomiya. – Tashkent: Uzgiz, 1931; Alekseyenkov P. Qo‘qon Avtonomiyasi (M. Usmon tarjimasi). – Toshkent: Uzdavnashr.– 75 b.

14 Muxtoriyatli Turkistonning Muvaqqat hukumatidan (1917 yil 29 noyabr) chiqarilgan qarorlar // El bayrog‘i. 1917, 4 dekabr.

15 Idora. Musulmon krayevoy siyezdining batafsil qarori 28 noyabr // Al – Izoh. 1917 yil, 28 noyabr; Idora. Toshkentda Muxtoriyat namoyishi // Al – Izoh. 1917 yil, 25 dekabr; Turkiston Muxtoriyati // Ulug‘ Turkiston. 1917, 8 dekabr; Xo‘qanddagi syezd qarori // Al – Izoh. 1917, 11 dekabr; Toshkent xabarlari. Toshkentda Muxtoriyat kuni // Chayon. – Toshkent. 1917. – № 8-9. – B. 14-15; Muxtoriyatli Turkistonning Muvaqqat hukumatidan (1917 yil 29 noyabrda chiqargan qarorlar) // El bayrog‘i. 1917, 9 dekabr; Turkiston Muxtoriyati // Ulug‘ Turkiston. 1917, 8 dekabr; Musulmon ishchi dehqonlar syezdi // Ulug‘ Turkiston. 1917, 4 yanvar.

16 Svobodniy Samarkand. 1917, 7 dekabr; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Turkiston Avtonomiyasi haqida rus matbuoti // Ulug‘ Turkiston. 1917, 10 dekabr; Turkestanskiy vestnik. 1917, 9 dekabr.

17 Ulug‘ Turkiston. 1917, 8 dekabr, Izvestiya Vremennogo pravitelstva Avtonomnogo Turkestana. 1917, 13 dekabr.

18 Tarixchi P. Alekseyenkovning yozishicha bu masala qurultoy kun tartibiga Orenburg kazak aksilinqilobi rahbari ataman Dutov taklifi bilan qo‘yilgan. Qarang: Alekseyenkov P. Kokandskaya Avtonomiya.– Tashkent: Uzgiz, 1931. – S.21.

19 Ельчиев Б.И. Туркестанская автономия и Юго-Восточный союз // Свободный Туркестан. 1918, 30 январь.

20 Abdullayev V., Tog‘ayev V.O., Shomahsudov A., Pidayev T. O‘zbekiston matbuoti 50 yil ichida. – Toshkent: ToshDU, 1967. – B.13.

21 Bu haqda qarang: Oripov Q. Sovet matbuoti tarixiga bir nazar. Tosh dav. ped. ins. Ilmiy asarlar. 43–jild. – Toshkent. 1965. – B.135-144; Djambakiyev X. Razvitiye natsionalnoy partiyno-sovetskoy pechati i yeyo rol v borbe za pobedu i uprocheniye sovetskoy vlasti v Turkestane (1917-1920 gg). – Tashkent: TashGU. 1972. – 20 s.

22 Zasedaniye syezda tashkentskix soldat, rabochix deputatov (1917 g. 19 yanvar) // Nasha gazeta. 1918, 21 yanvar; Zasedaniye tashkentskix soldat, rabochix deputatov // Nasha gazeta. 1918, 23 fevral.

23 Avtonomiya Turkestana // Noviy put. 1918, 25 yanvar, Na krayevom syezde sovetov i rabochix deputatov v zasedanii 23 yanvarya, po voprosu ob avtonomii Turkestana // Noviy put. 1918, 27 yanvar.

24 K syezdu musulman v Kokande // Nasha gazeta. 1918, 2 dekabr; Jizn natsionalnostey 1918, 15 dekabr.

25 Xoji Muin. Bolsheviklar va biz // Hurriyat. 1918, 9 yanvar; (Muallifi ko‘rsatilmagan). Anglaydurg‘on vaqt // El bayrog‘i. 1918, 21 yanvar.

26 Yovushev N. Xitoy va Rus turkistonlilari orasidagi munosabat // Vaqt. 1917, 8 yanvar; Shoahmedov I. Turkiston Muxtoriyati va iqtisodiy avtonomiya // Ulug‘ Turkiston. 1917, 18 noyabr; Muxtor Bakir. Turkistonda milliy bank ochmok kerak // Ulug‘ Turkiston. 1917, 19 yanvar; O‘sha muallif. Turkiston va turkistonlilar // Ulug‘ Turkiston. 1917, 20 dekabr va boshq.

27 Podgotovka i provedeniye Velikogo Oktyabrskogo sotsialisticheskogo revolyutsii v Uzbekistane. Sb.dokumentov.– Tashkent, 1947. – S.241.

28 Nasha gazeta. 1918, 23 fevral; Xabarlar // Ulug‘ Turkiston. 1918, 19 yanvar; Xabarlar. Xo‘qand // Hurriyat. 1918, 22 yanvar.

29 Turkiston Muvaqqat hukumati tarafindan // Ulug‘ Turkiston. 1917, 8 dekabr.

30 Samarqand xabarlari. Taʼqib (musulmonlardan militsiya) // Hurriyat. 1918, 12 yanvar., 1918, 16 yanvar; Xabarlar. Rasulov va Mirabdilov // Hurriyat. 1918, 19 yanvar; El bayrog‘i. 1918, 26 yanvar.

31 El bayrog‘i. 1918, 26 yanvar; Bakir M. Bulutlar quyiladur // Ulug‘ Turkiston. 1918, 21 yanvar; O‘sha muallif. Turkiston Muxtoriyatini barpo bo‘lishiga kuch kerak // Ulug‘ Turkiston. 1917, 24 dekabr.

32 Noviy put 1918, 25 yanvar; Nasha gazeta. 1918, 25 yanvar.

33 Fojea tafsilotlari manbalarda hamda mustaqillik davri tadqiqotlarida birmuncha to‘liq aks ettirilganligi bois bu haqda ham ko‘p to‘xtalmaymiz.

34 Xoji Muin. Bolsheviklar va biz // Ulug‘ Turkiston. 1918, 9 yanvar; S.A. Mayus bo‘lmaslik kerak // Hurriyat. 1918, 1 mart; X. Ali. (Xidoyatilla Aliyev – S.M) Kim aybli? (munosabati ила…) // Ulug‘ Turkiston. 1918, 30 mart; Tarixi xarobi Xo‘qand // Al – Izoh. – 1918. №. – B.396; Kamiy. Afsusnoma (Xo‘qand fojeasina) // Al-Izoh. 1918, 21 mart. – 395. (Muallif arab alifbosida “G‘.Z” deb berilgan – bizningcha G‘ulom Zafariy) Milliy muhorabadan bir lavha (Qo‘qon voqeasidan badiiy ko‘rinish) // Ishchilar dunyosi. – 1918. – №5. – B.3; Shokir Muxtoriy. Turkiston Muxtoriyati // Mehnatkashlar tovushi. 1918, 11 iyun, 16 iyul; Rafiqiy. Farg‘ona vaxshiyatiga kimlar sabab // Mehnatkashlar tovushi. 1920, 20 oktyabr.

35 Validiy To‘g‘on. Xotiralar. (turk tilida) Istanbul. 1969. –B.340-341.

36 Fitrat. Turkistonda ruslar // Xurriyat. 1918, 5 yanvar.

37 Mustafo Cho‘qay. Istiqlol jallodlari. – Toshkent: G‘. G‘ulom, 1992. – B.8-9.

38 Xoji Muin. Bolsheviklar va biz // Ulug‘ Turkiston. 1918, 9 yanvar; Xoji Muin. Og‘ir xollar // Xurriyat. 1918, 22 fevral.

39 S.A. Mayus bo‘lmaslik kerak // Hurriyat. 1918, 1 mart.

40 Kim aybli? // Ishchilar dunyosi. – 1918. – № 5. – B. 1-2.

41 Bakir M. Turkiston qitʼasi (Arab yozuvida) – Toshkent: Soyuz rabochix pechatnogo dela, 1918. – B.77, 101; Munavvar qori Abdurashidxonov. Istiqlol fidoyilari. Xotiralarimdan. – Toshkent: Sharq., 2001. – B.51.

42 Isayev M. Sho‘rolar hokimiyatining 5 yili // Turkiston. 1922, 7 noyabr.

43Usmonxon. Oktyabr inqilobining mazlum millat nuqtai nazaridan ko‘rinishi // Turkiston. 1922, 17 noyabr.

44 Shumskiy S. Samoopredeleniye Turkestana // Svobodniy Turkestan. 1918, 16 yanvar; Kuzmin A. Avtonomiya i «Avtonomiya Turkestana» // Svobodniy Turkestan. 1918, 27 yanvar; Kuzmin A. Avtonomiya i «Avtonomiya Turkestana» // Svobodniy Turkestan. 1918, 27 yanvar.

45 Zasedaniye Tashkentskogo soveta 21 fevralya 1918g (O sobitiyax v Kokande i o voprose sotsialnoy armii) // Nasha gazeta. 1918, 26 fevral.

46 Vaynshteyn. A. Avtonomiya Turkestana // Noviy put. 1918, 25 yanvar; Na krayevom syezde sovetov i rabochix deputatov v zasedanii 23 yanvarya, po voprosu ob avtonomii Turkestana // Noviy put. 1918, 27 yanvar; Doriomedov V. D.. Kokandskiye sobitiya // Znamya svobodi. 1918, 2 mart.

47 Qarang: Xasanov M. Turkiston Muxtoriyati: xaqiqat va uydirma // Fan va turmush. – Toshkent. 1990. – №11. – B.6-7.

48 Kalashnikov Sh., Chernenko S. Zapiski o kokandskix sobitiyax (Lichniye vospominaniya krasnoarmeysev Chernenko S., Sh. Kalashnikova) // Kommunisticheskaya misl. – Tashkent. 1920. – № 6-7. – S.4-11; Bauman V. Borba za vlast sovetov v Tashkente. (Vospominaniya). – Tashkent, 1922. – S.10; Sazonov. Kokandskaya avtonomiya. (Vospominaniya) // Krasnaya letopis Turkestana. –Tashkent. 1923. – №1-2. – S.88-94.

O‘xshash maqola

Bodavlat, Otaliq g‘oziy – Muhammad Yoqubbek haqida

Post Views: 274 Yoqubbek botirning qabrda kesilgan boshi Qo‘qon xonligi tarixida Muhammad Yoqubbek (xalq orasidagi …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan