Bosh sahifa » Jadidchilik » 2-qism. Turkiston Muxtoriyati va uning qonga botirilishi tarixidan

2-qism. Turkiston Muxtoriyati va uning qonga botirilishi tarixidan

Muxtoriyat olish uchun ishni nimadan boshlamoq kerak? Mulohazali kishilar “Oldin Peterburgning bu ishga munosabatini aniqlab, so‘ngra harakat boshlamoq kerak”, deb yo‘l ko‘rsatdilar. Bir qancha maskovchi boylar, “zakunchilar” va jadidlar Peterburgga bordilar, Ularning Muvaqqat Hukumatdagi tanishlari bu masalani yaqin o‘rtada o‘tkazilishi mo‘ljallangan, Rossiyaning kelajagi va taqdirini hal etishga vakolati bo‘lgan Taʼsis Majlisi kun tartibiga qo‘yishni maslahat berdilar. Agar Taʼsis Majlisi chaqirilsa, majlis Rossiyaning kelajak idora usuli uchun Ovrupo va Amerikaning ilg‘or mamlakatlari ijtimoiy tuzumi va idora usulini tanlagan bo‘lar, proletariat diktaturasi xaqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emasligi aniq edi. Buni yaxshi tushungan Lenin boshliq bolsheviklar hamda sotsialist-revolyutsionerlar (eserlar) firqalari Taʼsis Majlisi chaqirilishidan oldinroq hokimiyatni qo‘lga olish uchun harakat boshladilar va 1917 yil 25 oktyabrda (yangicha yil hisobi bo‘yicha 7 noyabrda) davlat to‘ntarishi yasab, hokimiyatni qo‘lga oldilar. Taʼsis Majlisi tashabbuskorlari va tarafdorlari jisman yo‘q qilindi.

Ishchi-dehqon hukumati – Xalq Komissarlari Soveti (Sovnarkom)ning eng dastlabki hujjatlari: Sulh va Yer haqidagi Dekretlaridan so‘ng Rossiya Xalq Komissarlari Soveti raisi V.I. Lenin hamda Millatlar ishlari bo‘yicha Xalq komissari I.V. Stalin imzo chekkan “Rossiya xalqlari xuquqlari Deklaratsiyasi” eʼlon qilindi. Unda shunday satrlar bor edi: “Xalq Komissarlari Soveti Rossiya millatlari xaqidagi masala bo‘yicha o‘z faoliyatiga quyidagilarni asos qilib olishga qaror qiladi:

1. Rossiya xalqlarining ajralib chiqish va mustaqil davlat tashkil etishgacha bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash xuquqi;

2. Barcha milliy va milliy-diniy imtiyozlar va cheklanishlarni manʼ etish xuquqi…”

Bu hujjatlarga ishonish mumkinmi? Ishonganlardan ishonmaganlar ko‘proq bo‘ldi. Lekin, nima bo‘lganda ham, bu qonuniy imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Bunday imkoniyat yana bo‘ladimi-yo‘qmi, Xudo biladi. 12 noyabrda Toshkentda turli musulmon firqalari, uyushmalarining birlashgan maslahat qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy “Hokimiyatning askar, ishchi va dehqon deputatlari Soveti qo‘liga o‘tishi munosabati bilan Turkiston o‘lka musulmonlari syezdi butun Turkistonning to‘qson sakkiz foizini tashkil qiluvchi o‘n million jon musulmonlar Rossiya inqilobi vaʼda etgan ozodlik, tenglik va birodarlik asosida milliy-madaniy o‘z taqdirini o‘zi belgilash xuquqiga ega deb topadi” degan mazmunda qaror qabul qildi. Shu tariqa Turkiston o‘lkasida muxtoriyatli hukumat barpo etish harakati boshlanib ketdi. Biroq, yuqori idoralarida birorta mahalliy millat vakili bo‘lmagan Toshkentday shahri azimda bolsheviklarning taʼsiri kuchli edi. Shu tufayli erksevar kuchlarning nigohi Xo‘qandga – bir vaqtlar yirik bir xonlik poytaxti bo‘lib turgan, olti yuzdan ziyod masjid, oltmishdan ortiq madrasa, oltita markaziy bozor, o‘nlab tarmoq bozorlar, o‘ttizdan oshiq sanoat korxonasi, o‘nlab bank, savdo uylari, shirkat va moliyaviy uyushmalar, eng asosiy bojxona joylashgan, temir yo‘llar chorrahasi hisoblangan, adabiyot, sanʼat va hunarmandchilikda o‘z muhit va maktablarini yaratgan, aholi nufusi yuz mingdan oshgan Xo‘qandi latifga qaratildi. 1917 yil 26 noyabrda Xo‘qandning Paxta birjasi (eski teatr, hozirgi musiqa maktabi o‘rnida) binosida To‘rtinchi o‘lka musulmonlari favqulodda syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda poytaxti Xo‘qand bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatli hukumati tashkil topganligi eʼlon qilindi. Muxtoriyat idorasi Turkiston xalq boshqaruvi (54 kishi), Turkiston vaqtli Kengashi (32 kishi) va hukumatdan (45 kishi) iborat deb belgilandi. Bu olamshumul (ha, olamshumul, zero, u dunyoda birinchi muxtoriyatli hukumat edi) voqeaga bag‘ishlab shoirlarimiz tomonlaridan bir qancha tarixlar bitildi. Bu yerda ulardan faqat ikkitasini keltirib o‘tamiz:

Dar tarixnomai Muxtoriyati Turkiston (Turkiston Muxtoriyati xaqida tarixnoma)

Halos o‘ldi musulmonlar olibon lutfi subxona
Yo‘qolsun zulm ahli, emdi bizga bo‘ldi begona.

Yashasun ahli Islom, ham adolat barqaror o‘lsun
Gulistoni jahon purnur bo‘ldi fayzi Rahmona.

Tamom ahli millat bo‘ldilar muxtor ham mumtoz
Yetushti ohi mazlumon janobi qudsi Yazdona.

Bahodirlik bilan bir necha oliy jamʼ o‘lub
Kirishdilar Xo‘qand shahrida subroniyada javlona.

Ajoyib sarfi himmat aylashib, Xaqqdin madad olib
Chiqordilar qo‘yubon muddaoni suyi maydona.

Safar oyi yigirma besh, kecha soat o‘n ikkida
Qilindi Afto‘numiya xaloyiq ichra eʼlona.

Muattar bo‘ldi olam, ochilibon g‘unchai maqsud
Xudoyim lutf qildi davlati jovid shohona.

Ilohi oqibat mahmud va ham sohib kamol o‘lsun
Chirog‘ shaʼri doim yondurulsun ro‘yi davrona.

Xo‘qandlik Naziriy Aʼlam sano aytib bayon etti
Rivoji davlati islom erur tarixi Farg‘ona.

“Rivoji davlati islom “ jumlasi tarix moddasi bo‘lib, abjad hisobi bilan 1336 sana hijriy (milodiy 1917) kelib chiqadi.

Turkistonda yangi davlatni ibtidoi zuhurig‘a tarix Chustlik Domullo Saʼdulloxon Aʼlamdan

Uyg‘oning ahboblar, tochand o‘lursiz masti xob
Ko‘rsatur Xaqq oxiri bedorg‘a rohi savob.

Yetdi bir ayyom Xaqq inʼomidin Farg‘onag‘a
Qilg‘on erdi dabiri oqil hargiz kitob.

Tobqusi oroyish – u tazmin ila ko‘b intizom
Odatan obod bo‘lur har mulkkim, bo‘ldi xarob.

Bo‘ldi Turkiston elidin muslimin jamʼiyati
Har biri Turonzamin arbobidin bir intixob.

Markaz Farg‘ona, dorulmulki Xo‘qandi latif
Ul jamoat aqlidin tobti ziyo – i oftob.

Royizan bo‘ldi hama bu mulkni tadbiri uchun
Kayqubod o‘rniga qo‘ymoqchi bu kun Afrosiyob.

Donishi arbob savol ayladi har bobdin
Bir tarafdin rahm eli aytur edi rangin javob.

Mustabid shohi muvaqqat azlini so‘ylar xatib
Yangi davlatni asosidin qilur erdi xitob.

Bor edim man ham o‘shal majlisda bir kursinishin
Bir jamoatdin bo‘lub erdim u kun noib maob.

Majlisi sargarm notiqlar bari shirin maqol
Elni hayratg‘a solur bu kasrati bahsu javob.

Afto‘numiya arog‘a soldilar eʼlonini
Uchr. sobraniyya mustahkam qilur hozo javob.

Ittifoq o‘ldi hama majlis eli berdi qaror
Yerli Muxtoriyatig‘a uchr. da bir so‘z javob.

Ushbu ijmoi saodat tavomi matlubimiz
Qo‘lg‘a kelg‘usi durur vallohi aʼlam bissavob.

Xatmi majlis oyati Qurʼon ila tobti kamol
Bo‘lg‘umiz Allohi akbar bu maqosidg‘a mujob.

Shahar xalqi ul kuni ozodlik bayroqini
Ko‘rsatib jamʼ bo‘ldilar, onlarda yo‘q haddi hisob.

Jomei Jannatmakonda Xaqqa aylab iltijo
Takbir aytib ko‘b duolar qildi, bo‘lg‘ay mustajob.

Aʼlami Chustiyi Saʼdiy nom taxallusim mani
Yangi davlat ibtidosin ayladim nazmi kitob.

Markazi Farg‘ona bu davlat bila bo‘lg‘ay rafiʼ
Lafzidin tarix olindi, bo‘ldi beranju hisob.

Istadim piri xiraddin yangi davlat tarxini
Zohir o‘lg‘usi deyub Farg‘onadin berdi javob.

Ulug‘ maʼrifatparvar va jadid, shoir va adib, sanʼatshunos va jurnalist Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan yozilgan va Hamza Hakimzoda Niyoziy tomonidan kuyga solingan, bolalar uchun yaratilgan quyidagi Sharqiy (marsh, ommaviy tarzda ijro etiladigan tantanali qo‘shiq) Muxtoriyatga bag‘ishlangan yoshlar madhiyasiga aylanib ketdi:

Ozod turk bayrami!

Ko‘z oching, boqing har yon!
Qardoshlar, qanday zamon
Shodlikka to‘ldi jahon!
Fido bu kunlarga jon!

Hurriyat bayrog‘imiz,
Adolat o‘rtog‘imiz,
Hursand bo‘lgan chog‘imiz,
Mevalansun bog‘imiz!

Turk beshigi Turkiston!
Yeri oltun, tog‘lari kon!

Bolalari qahramon!
Vatan uchun berur jon!

O‘shiy – Abdulhamid Sulaymon

Hukumat tarkibiga quyidagi arboblar kirdilar:

  1. Muhammadjon Tinishboyev – Bosh vazir va ichki ishlar vaziri;
  1. Islom Sulton o‘g‘li Shoahmedov – Bosh vazir o‘rinbosari;
  2. Mustafo Cho‘qayev – tashqi ishlar vaziri;
  3. Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev – harbiy vazir;
  4. Hidoyatbek Yurg‘uli Agayev – yer-suv va yer boyliklari vaziri;
  5. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri;
  6. Abdurahmon O‘razayev – ichki ishlar vaziri o‘rinbosari;
  7. S.A. Gersfeld – moliya vaziri, va boshqalar.

Bir muncha vaqt o‘tgach, M. Tinishboyev Orenburgda tashkil topgan “Alash O‘rda” muxtoriyatli hukumatiga rais vazifasiga o‘tib ketgach, hukumat tarkibida o‘zgarishlar yuz berdi: Mustafo Cho‘qayev Bosh vazir, I. Shoahmedov moliya vaziri, R. Potelyaxov oziq-ovqat vaziri, Obidjon Mahmudov adliya vaziri, Nosirxon To‘ra maorif vaziri, Saidnosir Mirjalilov hukumat xazinachisi lavozimlarini egalladilar.

Hukumat tashkil topgan kunidan eʼtiboran o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Hozircha bo‘sh bo‘lgan xazinani to‘ldirish maqsadida o‘ttiz million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Millatparvar boylar ortiqcha tashviqotsiz zayom sotib ola boshladilar. Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish uchun taniqli xuquqshunoslar taklif etildi. 1917 yil 26 dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Milliy bayrog‘i qabul qilindi. “El bayrog‘i”, “Birlik tug‘i”, “Svobodniy Turkestan”, “Tirik so‘z”, “Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana” kabi gazetalar nashr etildi. Mazkur gazetalarni chop etish uchun Obidjon Mahmudov o‘z bosmaxonasini hukumat ixtiyoriga berib qo‘ydi. Hukumat milliy qo‘shinni shakllantirish ishiga jiddiy kirishdi. 1918 yil boshiga kelib qo‘shin safi ikki ming kishiga yetdi. Bundan tashqari shaharda yana shu miqdorda mirshablar ham bor edi. Oziq-ovqat taʼminoti eng muhim masala darajasiga ko‘tarildi. Maʼlumki, XIX asr oxiridayoq Farg‘ona vodiysida paxta monopoliyasi shakllangan, g‘o‘za ekini daladan g‘allani siqib chiqara boshlagan edi. Hukumat chetdan g‘alla olib kelish harakatiga tushadi. Orenburg orqali g‘alla olib kelish maqsadida o‘sha paytda bu shaharni egallab turgan Ataman Dutov bilan muzokaralar olib borish uchun Orenburgga vakillar yuboriladi. Og‘zaki maʼlumotlarga ko‘ra Obidjon Mahmudov g‘alla sotib olish uchun Eronga ham borgan.

Muxtoriyat tashkil topgan kunlardan boshlaboq sovetlar unga qarshi shafqatsiz kurash boshladi: Turkiston Xalq Komissarlari Soveti muxtoriyatga aloqador va unga hayrihoh bo‘lgan boylarning mol-mulklarini musodara etish, ularning bankdagi mablag‘larini muzlatish xaqida farmoyish chiqardi. Qo‘qon Soveti raisi Babushkin muxtoriyatni beshikdayoq bug‘ib tashlash maqsadida Skobelev (Farg‘ona) va Toshkentga murojaat qilib, “shaharni himoya qilish” uchun harbiy yordam so‘radi. Skobelev Soveti raisi Doriomedovning qarshiligiga qaramay, sovet qarori bilan harbiy drujina boshlig‘i K. Osipov 120 askar, to‘rtta to‘p, to‘rtta pulemyot bilan Xo‘qandga yetib keldi. Ko‘p o‘tmasdan Samarqand, Qizilqiya drujinalari ham shaharga kirib keldi. Shahar ichida muxtoriyatchilar bilan bolsheviklar o‘rtasida janglar boshlangach, Turkiston o‘lkasi harbiy komissari E. Perfilyev shahar aylanma temir yo‘liga o‘n bir eshelon piyoda, otliq va artilleriya qismlari bilan kirib kelib, shaharni qurshovga oldi. Konibodom bekatida ularga arman dashnoqlari dastasi qo‘shilgan edi. Bu qisqa davr ichida muxtoriyatchilar ichida ixtilof chiqib ulgurdi. Bir guruh ruhoniylar Mustafo Cho‘qayevni sovetlarga qarshi kurashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganlikda va boshqa ayblar bilan ayblab, qumondonlikni Ergash Qo‘rboshiga topshiradilar. 19 fevralda sovetlar Ergash Qo‘rboshiga ultimatum yuborib, uch soat ichida qurol-yarog‘ni tashlab, taslim bo‘lishni talab qiladi. Ergash Qo‘rboshi rad javobini beradi. Shundan so‘ng qo‘mondon Perfilyev barcha to‘plardan Xo‘qand ustiga o‘t ochish, shu jumladan, yondiradigan snaryadlardan ham foydalanish xaqida buyruq beradi. Eski shahar tamomila vayron bo‘lib, o‘t ichida qoladi. Masjid-madrasalarning minora va gumbazlari to‘pchilar uchun juda yaxshi nishon bo‘ladi. Ergash Qo‘rboshi ulamolarning talabi bilan to‘plar o‘t ochishni boshlashidan biroz oldin shahardan chiqib ketadi. 20 fevral kuni vayron bo‘lgan shaharga piyoda askarlar va dashnoq jangarilari bostirib kiradilar. Xalqning o‘sha kungi ahvolini tasvirlashga qalam ojizlik qiladi. Xonadonlar talandi, ayollar zo‘rlandi, erkaklar o‘ldirildi. Dashnoqlar miltiq o‘qini “ayab”, odamlarni qilich bilan chopib, pichoq bilan bo‘g‘izlab, beshikda yotgan go‘daklarni yechib olib, chotidan yirtib tashlar edilar. Ertasi kuni bir hovlidan choti yirtilgan bola, arman jangarisi va ona murdalarini topdilar. Onaning qo‘li jangarining tomog‘ida qotib qolgan edi. Yaxshisi, keyinchalik “Qo‘qon voqeasi” deb nom olgan mazkur voqealarning guvohlariga so‘z beraylik. Shahar ichida yurib, o‘sha paytdagi voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan jurnalist Boris Olginskiy “Qo‘qon voqealari” sarlavhali reportaj yozib, “Znamya svobodi” gazetasining 1918 yil 23 fevral sonida chop ettirgan. Quyida undan ayrim parchalarni keltirib o‘tamiz. Voqealar sanasi eski hisob bilan berilgan.

“Rus muallimining hikoyasi

Rus-tuzem maktabining muallimi, urush davomida o‘z oilasi bilan Eski shaharda yashab turgan kishi urushayotgan musulmonlarning tinch rus aholisiga munosabatlari xaqida shunday hikoya qiladi:

“Bizning uy, yaʼni, mening oilam va muallimalar yashab turgan uy Eski shahar hududida edi. Sartlar (o‘zbeklar) bizning xonadonimizga uch marta kirdilar va bu yerda rus soldatlari yoki armanilar bor-yo‘qligini tekshirdilar. Bizning betaraf ekanligimizga ishonch hosil qilgach, sartlar bizni bezovta qilmay qo‘ydilar, bizda yegulik qolmaganini bilganlaridan so‘ng bizga sut va obinonlar keltirib berdilar”.

Doktor Domogarovning fojeali o‘limi

5 fevral tush paytida Eski shaharga rus “Qizil xoch ekspeditsiyasi” tashkil etildi. Uning tarkibiga vrachlar, sanitarlar va shafqat hamshiralari kirar edi. Ushbu dasta harbiy-inqilobiy qo‘mitadan ruxsatnoma oldi va vaqtincha yarash muddatidan foydalanib, Eski shaharga kirib bordi, hamda, uning chetida ko‘p sonli yarador sartlarga yordam ko‘rsatishni boshladi. Bu dasta kelgunga qadar yarador sartlar tibbiy yordam yo‘qligidan ayanchli ahvolga tushgan edilar. Mazkur sanitar dastasining ish faoliyati davrida ular joylashgan bino Eski shahar tomon hujumga o‘tgan rus soldatlari tomonidan shiddatli tarzda o‘qqa tutildi. Doktor Domogarov bir qo‘lida qizil xoch bayrog‘ini, ikkinchi qo‘lida ruxsatnomani baland tutgan holda soldatlar qarshisiga chiqdi va shu zahotiyoq o‘ldirildi.

To‘s-to‘polon

7 fevral – Qo‘qon tarixida eng dahshatli kun. O‘z boshliqlariga bo‘ysunmay qo‘ygan soldatlar va qizilgvardiyachilar, avboshlar va mayda burjuaziya nimani olib ketish mumkin bo‘lsa, talon-taroj qilishga otildilar. Talonchilikda, ayniqsa, arman dashnoqlari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. Eski shaharda barcha do‘konlar, savdo firmalari, rastalar, banklar, uylar talon-taroj qilindi. Banklar va savdo firmalaridagi temir sandiqlar buzib-pachoqlanib, pullari o‘g‘irlandi. Talonchilar narsalarni aravalarga yuklab, qalʼaga va vokzalga yuborar edilar…

Fojea manzaralari

Qo‘qonda dahshatli manzara… Eski shaharning uchdan bir qismi tom maʼnoda yakson etilgan. Barcha yerda to‘p-to‘p murdalar. Ularning ko‘pchiligi kuyib ketgan. Qo‘qonning ruslar yashaydigan qismi ham anchagina vayron bo‘lgan.

Keltirilgan barcha zararlarning umumiy miqdorini aniqlash, albatta, qiyin. Qo‘qonda bir necha o‘n ming odam boshpanasiz, kiyim-kechaksiz qolgan. Shaharning yarmidan ko‘proq qismi yonib kulga aylangan.

9–10 fevral kunlari murdalarni yig‘ishtirish boshlandi, biroq, hali tugallangani yo‘q. Eski shahardan arava-arava murdalar olib chiqib ketildi. Qurbonlar sonini hisoblab chiqish imkoni bo‘lgani yo‘q. Xomaki hisoblarga ko‘ra, ruslardan yuz nafargacha kishi o‘lgan, yuzdan ortiq kishi yarador bo‘lgan. Sartlardan bir necha ming kishi halok bo‘lgan…

Aholi o‘rtasidagi xavotirlik

Urush tamom bo‘ldi. G‘oliblar jo‘nab ketdilar. Mag‘lublar esa shahar ko‘chalari yoki qishloqlar bo‘ylab daydib yuribdilar yoxud kultepalar uzra mayus izg‘ib yuribdilar. Ruslarga mansub aholi xotirjam bo‘lishi mumkin edi, ammo ular tahlika va xavotirlik ostidalar. Qo‘qonda istiqomat qiluvchi ruslar bu yerda qolish xavfli ekanligini his etmoqdalar. Qo‘qondan jo‘nagan dastlabki poyezdlar to‘lib-toshib ketgan, keyingi poyezdlar ham shu ahvolda jo‘naydilar. Qo‘qon endi murdalar shahridir. U xuddi mog‘or va murda hidi anqib turgan lahadga o‘xshab qolgan…”

Ha, mahalliy xalqqa, uning hurriyatiga Oginskiyga o‘xshash xayrihohlar ham yo‘q emas edi. Skobelev dumasi boshlig‘i V.D. Doriomedov Qo‘qonga harbiy kuch yuborishga qarshi chiqqan edi. U “Znamya svobodi” gazetasida eʼlon qilingan maqolasida shunday yozadi: “Rus bolsheviklari hech qanday muxtoriyatni tan olmadi va mazlum xalqlar o‘z xuquqlari va taqdirlarini o‘zlari belgilamoqchi bo‘lganlarida bunga yo‘l qo‘ymadi”. Toshkent Soveti menshevik-baynalmilalchilar fraksiyasi boshlig‘i X. Vanshteyn “Qizil Armiyaning Qo‘qondagi qilmishi inqilob qizil bayrog‘iga tushgan dog‘” deb hisoblab, aybdorlarni qattiq jazoga tortishni talab qilgan edi.

Muxtoriyatli hukumat to‘qqizinchi fevraldayoq sulh tuzish taklifi bilan chiqib, muzokaralar boshlangan edi. Ammo, Perfilyev katta qo‘shin tortib kelganligidan ruhlanib ketgan sovetlar muzokarani to‘xtatib qo‘ydilar. Muxtoriyatli hukumat yanchib tashlangandan keyin esa, sovetlarga siyosiy o‘yin uchun sulh shartnomasi kerak bo‘lib qoldi. Sirasini aytganda, ular bilan sulh tuzadigan tomonning o‘zi yo‘q edi, illo, muxtoriyatli hukumat aʼzolarining bir qismi otib tashlangan, bir qismi esa, qochib ulgurgan edi. Sovetlar, sulh zarur bo‘lib qolgach, muxtoriyatga umuman aloqasi bo‘lmagan oqsoqollarni zo‘rlik bilan bir joyga to‘plab, sulh tuzishga kirishib ketdilar, to‘g‘rirog‘i, o‘zlari tayyorlab qo‘ygan sulh shartnomasini imzolashga majbur qildilar. 1918 yil 22 fevralda Rozenbax ko‘chasidagi Rus-Osiyo banki (hozirgi paxta bank) binosida sulh konferensiyasi boshlandi. “Qo‘qon harbiy-inqilobiy qo‘mitasi” raisi Mesxi; Qo‘qon shahar boshqaruvi idorasi delegatlari Nekora va Yuryevskiy; Skobelev Soveti va dumasi delegatlari Antonov va Doriomedov; Andijon Sovetidan Salayev va Danishevskiy; O‘lka Soveti delegati Tolovan; Xo‘qand shahrining musulmon aholisi vakillari: Sarmozor dahasidan Muhammad Amin Normuhammedov, Eshonbobo Oxunjonov; Qatag‘on dahasidan Fayzimuhammad Do‘stmuhammedov, Qurbonxo‘ja Yodgorxo‘jayev, Teshaboy Yunusboyev; Marg‘ilon dahasidan Karomiddin G‘iyosiddinov, Mirobiddin Mirhamzayev, Eshonxonboy Xo‘jayev; Xo‘jand dahasidan Mullo Abduqodir Mullo Ahmadmirzayev, Abdurrahmon Hamroquliboyev, Rahmonali Yusufalimirzayevlar ishtirokida, Yuryevskiy raisligida, Doriomedov kotibligida quyidagi sulh muohadasi tuzildi:

1. Aholi O‘lka Xalq Komissarlari Soveti hamda barcha mahalliy sovet muassasalarini tan oladi.

2. Sovet hokimiyatining yozma ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan barcha aholi: musulmonlar ham, ruslar ham qurolsizlantiriladilar.

3. Tortib olingan qurollar Farg‘ona viloyatining qo‘shinlari qo‘mondoni belgilagan muddatda va belgilagan joyga topshiriladi.

4. Aholi qonli voqealarning o‘zlariga maʼlum bo‘lgan barcha tashkilotchilari, shuningdek, qurollangan to‘dalarning boshliqlari va aʼzolarini hukumatga ushlab berish majburiyatini oladi.

5. O‘lkaga maxfiy ravishda qurol olib kelish va tarqatish, qurolli qo‘zg‘olonga tayyorlanish sifatida baholanadi va inqilobiy qonunlar asosida qattiq jazolanadi.

6. Aholi, harbiy va sovet hokimiyati talablariga muvofiq, butun imkoniyati bilan hayotni izga tushirishga ko‘maklashadilar.

7. O‘lka Xalq Komissarlari Soveti fuqarolar urushi paytida xonavayron bo‘lgan eng qashshoq aholiga yordam ko‘rsatadi.

8. Mazkur muohadaning amaliyoti Turkiston o‘lkasining barcha yeriga dahldordir.

Ushbu muohadani imzolash bilan sulh konferensiyasi faoliyati to‘xtamaydi.

Uning barcha hujjatlari ishchi-dehqon deputatlari Qo‘qon Sovetiga beriladi.”

Turkiston Muxtoriyatining yo‘q qilinishi Jahon ayvonida katta shov-shuv va muhokamaga sabab bo‘ldi. Sovet rahbarlari Turkistonga muxtoriyat berishga majbur bo‘ldilar, biroq, Turkiston xalqi xohlagan xaqiqiy muxtoriyatni emas, balki, markazga yuz foiz bo‘ysunadigan soxta muxtoriyat berdilar. Stalin Turkistonning o‘sha vaqtdagi rahbari, ashaddiy shovinist Tobolinga telegraf orqali musulmonlar ichida ish olib borishni kuchaytirish, musulmon proletariatini musulmon burjuaziyasidan tozalab, ajratib olish, shundan so‘ng muxtoriyat so‘rashni topshirdi.

1918 yil aprel oyida Toshkentda Turkiston O‘lka Sovetlarining beshinchi syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda Turkiston Muxtor Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Lenin va Stalin syezdga quyidagicha telegramma yubordilar: “Sovetlar asosidagi sizning o‘lka muxtoriyatingizni Xalq Komissarlari Soveti qo‘llab-quvvatlaydi”.

Syezd, shuningdek, Qo‘qon voqealari ishtirokchilariga avfi umumiy – amnistiya berish xaqida qaror qabul qildi. Biroq, bu amnistiya qochuvdagi, hamda, yashirinib yurgan kishilar uchun qo‘yilgan tuzoq edi. Yashiringan kishilar xonadonlariga xatlar yuborildi. Shunisi ajablanarliki, xatlar siyosatdan mutlaqo uzoq turishi kerak bo‘lgan, hukumat organi bo‘lmagan Musulmon mehnatkashlari soyuzi nomidan, buning ustiga, musulmonlar tashkilotidan rus tilida yozib yuborilgan. Bu paytda Sho‘royi Islom tashkiloti rahbarlaridan biri, muxtoriyat faollaridan bo‘lmish Mo‘ydinxon To‘ra ham yashiringan edilar. U kishining xonadonlariga ham shunday xat yuboriladi. Ushbu xatni rus tilidan o‘zbekchaga o‘girib, eʼtiboringizga havola etamiz:

“Grajdanin Mo‘ydin Xo‘ja Ulug‘ Xo‘jayevga

Ushbuni Sizning eʼtiboringizga havola qilamizkim, ishchi, soldat, dehqon va musulmon dehqon Deputatlari beshinchi O‘lka syezdi tomonidan Turkiston Muxtor Sovet Federativ Respublikasi tuzilganligi, hamda, barcha Qo‘qon Muxtoriyatini noto‘g‘ri tushunganlar uchun amnistiya berilishi Deklarativ tarzda eʼlon qilindi. Yashirinmang, xalq farovonligi uchun ishlashni boshlang. Aholi ochlikdan juda ham toliqqan. Aholiga Qo‘qon musulmon ishchi va mehnatkashlar Ittifoqi orqali mahsulot va pul bilan ehson qiling.

Qo‘qon musulmon mehnatkashlar Ittifoqi
Boshqaruvi raisi: Nazir Ibrohimov
Sarkotibi: Abdurahmonov
1918 yil 10. 05

№ 173 (ushbu xat Mo‘ydinxon To‘raning avlodlarida saqlanadi)

Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiyning “Xo‘qandi latif tarixi (tazkira)” asaridan

O‘xshash maqola

Turkiston Muxtoriyati va uning qonga botirilishi tarixidan (1-qism)

Post Views: 142 1917 yil yoz oylarida Davlat dumasiga bo‘ladigan saylov oldidan nomzodlar ko‘rsatish uchun …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan