1917 yil yoz oylarida Davlat dumasiga bo‘ladigan saylov oldidan nomzodlar ko‘rsatish uchun saylovchilar ro‘yxatlari tuzildi. Bolsheviklarga hayrihox saylovchilar to‘rtinchi ro‘yxatga, mustaqillik tarafdorlari esa sakkizinchi ro‘yxatga qayd etildilar. Ro‘yxatlar tuzilgach, saylovoldi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Xo‘qand Jomeʼ masjidi hovlisida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarning birida mazkur ikki ro‘yxat tarafdorlari o‘rtalarida boshlangan munozara janjalga aylanib, qon to‘kilishi bilan yakunlandi. Shu kundan eʼtiboran bolsheviklar tarafdorlari “to‘rtinchilar”, mustaqillik tarafdorlari esa “sakkizinchilar” degan nom oldilar. Vaqtlar o‘tishi bilan “sakkizinchi” degan nom unutilib ketdi, biroq, “to‘rtinchi” degan nom odamlar xotirasida uzoq vaqtlar saqlanib keldi.
Turkistonni mustaqil davlatga yoki hech bo‘lmaganda muxtoriyatli davlatga aylantirish orzusi va fikri XX asr boshlaridayoq jadid va maʼrifatparvarlarning “gap ziyofati” ko‘rinishi ostida o‘tadigan yig‘inlarida asosiy mavzuga aylangan edi. Biroq, “gapchilar” podshoh siyosiy politsiyasi ayg‘oqchilaridan cho‘chib, ko‘pchilik ichida bu xaqda og‘iz ochmas, bu fikrlarni qog‘ozga tushirmasdan, miyalarida pishirib yurgan edilar. Fevral inqilobidan so‘ng ular bu xaqda jiddiy bosh qotira boshladilar. Ovrupo va Rossiyani kezib kelgan boylar, Rossiya va Istanbulda o‘qib kelgan ziyolilar, shariat ilmini yaxshi bilgan faqihlar, turli davlat mahkamalarida xizmat qiladigan tarjimon va “zakunchilar” (qonunlarni yaxshi biladiganlar) Obidjon Mahmudov va boshqa maʼrifatparvar boylarning shahar tashqarisidagi chorbog‘larini o‘zlariga makon tutib, mustaqillikka chiqishning turli rejalari va dasturlarini tuzish uchun harakat boshladilar. Bu dasturlarning eng mashhur va mukammali “Turk adami markaziyat (federalchilar) firqasi” ning maromnomasi (dasturi) edi. Maromnomani tuzishdan oldin istiqlolga erishish harakatining rejasini tuzib oldilar. Rejaga ko‘ra, oldin Muxtoriyatli hukumat tuzishga harakat qilinadi. Bu ish amalga oshgan taqdirda, asta-sekin, bosqichma-bosqich mustaqil Turkiston davlatini barpo etishga kirishiladi. Mazkur maromnomada bo‘lajak muxtoriyatli hukumatning tuzilishi, faoliyati aniq belgilab berildi. Bu dastur zamonasining, nafaqat o‘z zamonasining, balki barcha davrlarning eng xalqchil, demokratik, har tomonlama mukammal dasturlaridan biri ekanligi jahon tadqiqotchilari tomonidan eʼtirof etilgan. Dasturni tuzishda Xo‘qand shahridan Kamoliddin Qozi Rahmonberdi o‘g‘li, Muhiddinxon To‘ra Ulug‘xon To‘ra o‘g‘li, Miyon Qudrat va Miyon Yunusxon Sohibzoda Hazrat o‘g‘illari, Obidjonboy Mahmudov, Sirojiddin Aʼlam Nizomiddin o‘g‘li; Andijondan Mullo Nuriddin Aʼlam, Mirzo Abduqodirbek; Iskobildan Mirodil Mirzo Ahmad o‘g‘li; Toshkanddan Munavvarqori Abdurashidxonov; Samarqanddan Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa ko‘pgina ko‘zga ko‘ringan kishilar ishtirok etgan bo‘lsalar-da, uning oxirgi talqinini imzolashni uni tuzishda eng faol ishtirok etgan zotlarga havola etganlar. Quyida mazkur maromnomaning matnini muhtaram kitobxonlarimiz diqqat-eʼtiborlariga havola etamiz:
Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi Ixtori maxsus
Turkistonda muxtoriyat va federasiya idorasini vujudga chiqarmoq uchun birdan bir chora Turkistonda quvvatli bir adami markaziyat (federalist) firqasi yasamoq eduvgunda shubha yo‘qdur. Mana shul adami markaziyat firqasi har yerda tashkil qilinub, aʼzo qabul eta boshladi. Turkiston uchun milliy va mahalliy muxtoriyat istag‘on har bir musulmonning shul firqag‘a aʼzo bo‘lub kirmog‘i va qo‘ldan kelguncha shulni taqviya va taʼmiyasig‘a xizmat qilmog‘i lozimdur.
I. Davlat va muxtoriyat tashkiloti
Firqaning maqsadi:
1 – Rusiyada mahalliy va milliy adami markaziyat (federasiya) asosi uzra xalq jumhuriyati tashkil etmakdur.
2 – Firqa Turkiston, Qirg‘iziston (hozirgi Qozog‘iston nazarda tutilmoqda), Qofqoz va Boshqirdiston qitʼalari (o‘lkalari) uchun va boshqa milliy va mahalliy muxtoriyat, Idil bo‘yi ila Qrim totorlari uchun va boshqa, Rusiyada yashaydurgon turk qavmlari (xalqlari) uchun milliy muxtoriyat talab qiladur.
Qayd: Boshqa musulmon vatandoshlar ham o‘zlariga muxtoriyat talab qilsalar, firqa onlarg‘a ham har jihatdan yordam beradur.
3 – Muxtoriyatli qitʼalarda ochiladurg‘on majlis mabʼusong‘a (deputatlar palatasi) mahalliy idoralarga va boshqa butun tashkilotga saylanadurg‘on aʼzolar umumiy, barobar, yoshirin va bevosita saylov usuli ila saylanadur.
4 – Millatning yigirma yoshiga yetub, ahliyat paydo qilg‘on har bir fardi: er bo‘lsun, xotun bo‘lsun – sinf, din va mazhab ayirmasig‘a boqmasdan saylamak va saylanmak xaqina molikdur.
Qayd: Musulmon xotunlarning saylovga ishtiroklari doirai sharʼiya dohilinda (shariat doirasida) bo‘lur.
5 – Yuqorida mazkur barcha muxtoriyatli qitʼalar markaziy hukumat ila vatan mudofaasi, pul chiqarmaq, boj va xorijiy hukumatlar ila munosabatda bo‘lmaq xususlarida aloqa va irtibotini (bog‘liqlikni) muhofaza qilur.
6 – Muxtoriyatli qitʼalar doxiliy masʼalalar (idora, milliy, sharʼiy, madaniy, adliy va maorif ishlari) da mustaqildur.
7 – Har bir muxtoriyatli qitʼaning markazida, qonun yasaydurgon bir majlisi mabʼuson va ul qonunni ijro qiladurg‘on bir hayʼati vukalo (vakillar hayʼati) bo‘lur.
8 – Har bir muxtoriyatli qitʼalar mahalliy ishlarda keng imtiyoz va xuquqlarga molik viloyat (obdast), sanjoq (uyezd) va nohiya (uchastka) larga bo‘linur.
9 – Har bir muxtoriyatli qitʼaning rasmiy tili aksar xalqning so‘ylag‘on tili va shevasi bo‘lmaq ila barobar viloyat va sanjoqlarda yerli xalqning so‘ylashadurgan til va shevalari ham isteʼmol qilinur.
10 – Har bir muxtoriyatli qitʼalarda vatan muhofazasi uchun xalq militsiyasi tashkil qilinub, hozirgi tashkiloti askariya (harbiy tashkilotlar) usuli bitirilur.
II. Milliy masʼalalar
1 – Rusiyada turk millati najibasining (tub millatning) borcha qavmlariga oid umumiy masʼalalarni hal va tavsiya qilmaq uchun milliy va madaniy ittifoq tashkil qilinur.
2 – Bu ittifoqning qayu tariqada yasalmog‘i, xuquq va vazifalari muxtoriyatli qitʼalarning birinchi qurultoyida taʼyin qilinur.
III. Diniy masʼalalar
1 – Har bir muxtoriyatli qitʼada xolis diniy ishlarni qaramoq uchun markazda mahkamai sharʼiya (shariat mahkamasi) va viloyatlarda oning shoʻbalari va har bir shahar, qishloq va ellarda qozixonalar ochilur.
2 – Rusiyada yashaydurgan butun musulmonlarning qavmiyat va mazhablarini ayirmasdan, diniy masʼalalarini hal va tavsiya qilmoq uchun saylanmish bir shayxulislom tahti rayosatinda borcha musulmon qitʼa va millatlarining vakillari murakkab bir hayʼati diniya qurilur. Bu hayʼatga turk bo‘lmag‘on musulmonlarning ham vakillari ishtirok qilur.
3 – Vakillar saylangonda har qitʼaning nufusi (aholisi) eʼtiborga olinub, vakillarining adadi nufusig‘a qarab taʼyin o‘linur.
IV. Muxtoriyatli qitʼalarda ahliyat (fuqarolik) xuquqi
1 – Jumla aholi, qaysi din va qaysi mazhabda bo‘lsa ham, qonun qoshida barobar sanalur.
2 – Hurriyati vijdon (vijdon erkinligi) tom maʼnosi – la ijro qilinub, aholidan hech kim dini, mazhabi va eʼtiqodi uchun taʼqib va tazyiq qilinmas.
3 – Din va mazhablardan hech biri hukumat tarafidan boshqalariga tarjih qilinmas (ortiq ko‘rilmas).
4 – Har kim o‘z fikrini, xayolini so‘ylamakda, matbuot va boshqalar vositasi ila nashr va eʼlon qilmoqda ixtiyorlidur.
5 – Uy ichlarida bo‘lsun, ochiqda bo‘lsun, istagon masʼalalarini muzokara va hal etmak uchun har kimning yig‘ilib, ijtimoʼ yasamoqg‘a (yig‘ilmoqqa) xaqqi bordur.
6 – Jamʼiyat yoki bir ittifoq yasamoq uchun hech kimdan ruxsat so‘ramakg‘a ehtiyoj yo‘qdur.
7 –
Hurriyati shaxsiya va muhofazati baytiya (oila muhofazasi) tamomila tatbiq qilinub, tevushli mahkamalarning qaroridan boshqa, birovning uyiga kirub tintimaq, xat va kitoblarni qaramaq mumkin emasdur.
8 – Qamalgon har kishini yigirma to‘rt soat ichida tevushli mahkamaga topshirulmog‘i lozimdur.
9 – Posport usuli bitirilub, hoh mamlakat dohilinda va hoh xorijinda o‘lsun, har kim hohlagon yeriga hech kimdan so‘ramasdan ketmoqg‘a xaqlidir.
10 – Yuqorida, mazkur borcha ahliyat xuquqi asosiy qonung‘a dohil bo‘lub, mudofaa va muhofazasi mahkamai oliyalarg‘a havola qilinur.
V. Iqtisod va moliya masʼalalari
1 – Firqa borcha solig‘larni bitirub va barham berub, faqat yer, suv va tijorat (savdo – sotiq) daromadlari va boshqa sharʼiy yo‘llardan solig‘ puli olmak tarafdoridur. Bu solig‘ning miqdori daromadning ortmog‘iga qarab miqdor va ham foydada ortub boradur.
2 – Firqa hunar va dehqonchiliqg‘a keraklik asbob va moshinalarning va aholi tarafindan ishlatiladurg‘on birinchi zaruriy narsalarning ko‘p va arzon bo‘lmoqlig‘i uchun boj solig‘ining ozaytirmog‘ini talab qilur.
VI. Yer masʼalasi
1 – Firqa podshohlik mulklarini va podshohning xususiy yerlarini va knozlar xonadoni maxsus yerlarini(ng) borchasini badalsiz (xaq to‘lamay) musodara qilinub, hosil majmuʼidan lozim miqdoricha ekinchilik ila mashg‘ul bo‘lg‘on mahalliy xalqg‘a sotmak yoki ijoraga bermak tariqi ila taqsim etilub, yer berilishini lozim topadur.
Xususiy yerlar to‘g‘risida
2 – Turkiston qitʼasidan boshqa butun Rusiya viloyati o‘zlariga maxsus qanday bir qonun qabul etsa, muxtordurlar. Ammo Turkistonda haddan ziyoda xususiy mulkiga molik, payshchik va olpovitlar ko‘p bo‘lmag‘on sababli Turkistondagi xususiy mulklar, hozirda o‘z egalarining tasarrufida qolub tururlar.
3 – Baʼzi havodislar (hodisalar) sababli (Mingtepadagi Eshon voqeasi kabi)jamoat qo‘lidan jabran musodara qilinub, boshqalarg‘a taqsim qiling‘on yer va qishloqlarni avvalgi egalariga qaytarmoqg‘a harakat qilinur.
4 – Hukumat yoki jamoat tarafidagi musodara qiling‘on vaqflarning borchasini vaqfnomaga muvofiq asliga qaytarmoq uchun tevushli tadbirlarg‘a hozirdan boshlab kirishur.
VII. Ishchilar masʼalasi
1 – Firqa ishchilarning ittifoq va jamʼiyatlar barpo qilmoqlarig‘a va, lozim ko‘rilganda, umumiy va xususiy suratda ish tashlamoq vositasi – la o‘z xuquqlarini mudofaa qilmoqlarig‘a moneʼ bo‘linmas.
2 – Ishchilarg‘a maxsus qo‘yilmish qonun va imtiyozlarning xususiy xizmatkorlarg‘a ham shomil (tegishli) bo‘lmog‘ini va ishchilarning xuquqini mudofaa qiladurg‘on qonunlarning ijrosig‘a boqadurg‘on doirada ishchi vakillarining ham ishtirok etmaqlarini talab qiladur.
3 – Ishchi xotun va bolalarning xuquqlarin muhofaza etmaq va sihhatlarig‘a zararli ishlardan butun ishchilarning xususiy qonun va qoidalari ila idora etilmog‘i matlubdir.
4 – Xususiy qonun va qoidalar tahtig‘a (tarkibiga) kiritilmagan sarmoyadorlar bila ishchilar orasida chiqadurg‘on baʼzi bir janjal va nizolar har ikki tarafning vakillaridan tashkil etilmish hayʼat tarafidan hal qilinur.
5 – (1) O‘z ishchilarini istoxovoyt (straxovaniye – sotsial sug‘urta) qildurmoqg‘a sarmoyadorlarning hukumat tarafidan majbur qilinmog‘ini, (2) qarilik va zaiflikdan mudom ojiz qolg‘on ishchilarning davlat hisobidan istroxovoyt qildurulmoqlig‘ini va (3) ishchilarga maxsus qonunlarning buzilmasligini qonun ila muhofaza qilinmog‘ini talab qiladur.
VIII. Adliya masʼalasi
1 – Mahkamalarning yolg‘iz qonun va shariʼatg‘a tobeʼ bo‘lub, har xil mudoxilotlardan va tashqari kishilarning xalali va anga qatnashmoqlaridan (aralashmoqlaridan) xoli bo‘lmog‘i lozimdur.
2 – Tevushli mahkamalarning qarori qonunan tasdiq etilmasdan hech bir kishi jazolanmas.
3 – Hayʼati ijroiya tarafidan hakamlarning taʼyini, azli (bo‘shatilishi), nasbi (tiklanishi) va ham tabdiliga (almashtirilishi), xususan mahkamalardagi ishlarning borishig‘a hech bir bahona ila mudoxila (daxl) qilinmas.
4 – Jazolar mashruta (konstitutsiya) usuli ila, yaʼni majlisi mabʼuson tarafidan chiqarilgan qonunga muvofiq bo‘lur.
5 – Istintoq (tergov) asnosinda mudofaa vakil (advokat) tutmoq usuli qabul etilur.
6 – Jinoyat mahkamalari yolg‘iz ikkiga ayrilur. Biri bidoyat (boshlang‘ich) mahkamasini, hakamlari xalq va jamoat tarafidan saylanur. Digari mumayyiz (boshqa ajratilgan) hakamlarga molik istinof mahkamasiki, bidoyat mahkamasining ishlarin xaqiqat va tamyiz (ajrim) etar.
IX. Maorif ishlari
Maorif ishlari adami markaziyati anom usulig‘a muvofiq qonun uzra taʼsis va tashkil qilinur.
1 – Ilm va maorif ishlarida jumla aholi, din va millatga oyirilmasdan, erkak va xotunlar barobardur.
2 –
Makotib (maktab)ishlarinda xususiy shaxslarning g‘ayrati va mahalliy idoralarning tashabbusi ila ishlanmish ishlarda hech vajh (sabab) ila tahdid qilinmas.
3 – Tadrisot (darslar) ning ozod va sarbast (erkin va bog‘liq) o‘lmoqlig‘i lozimdur.
4 – Makotib orasida irtibot (bog‘liqliklar) bo‘lub, ibtidoiylardan (boshlang‘ich maktab) rashidiylarga (to‘liqsiz o‘rta maktab), rashidiylardan aʼdodiylarga (o‘rta maktab) va aʼdodiylardan oliylarga (oliy maktab) qulayliq ila talabalar qabul qilinadurg‘on usulda bo‘lur.
5 – Dorulfunun va boshqa oliy maktablar jumlasi doxiliy (ichki) ishlarida ixtiyorli va tadrisotda ozod bo‘lurlar.
6 – Oliy maktablarning avom orasida ilm va madaniyat xususindagi harakat va tashabbuslarig‘a mumoneʼat (monelik) qilinmayur.
7 – Mahalliy idoralarning taʼlim va tarbiya xususindagi g‘ayrat va harakatlarig‘a mumoneʼat ko‘rsatilmaydur.
8 – Taʼlimi ibtidoiyning umumiy, majjoniy (bepul) va majburiy bo‘lmog‘i kerakdur.
9 – Mahalliy idoralar tarafidan katta va buyuklar uchun ochiladurg‘on maktab, kutubxona va qiroatxona ishlariga kengchilik berilur.
10 – Hunar va sanoeʼ (sanʼatlar) taraqqiysig‘a g‘ayrat va tashabbus etilmog‘i kerakdur.
11 – Ibtidoiy va aʼdodiy maktablarda tadris tili (dars o‘tiladigan til) har bir muxtoriyatli ayolat (muxtor viloyat) ning aksariyat aholisining so‘ylaydurg‘on tili va shevasida o‘lur.
12 – Rashidiy va aʼdodiy maktablarda rus tili va umumiy turk shevasi lison o‘lunub, dars berilmog‘i majburiy o‘lur.
13 – Oliy maktablarda jumla turklarning umumiy adabiy tili va shevasi ilan dars berilur.
14 – Qirq bola yig‘ilsa, aqalliyatda (ozchilikda) qoladurg‘on millatlar uchun ochilmish ibtidoiy (usul) maktablarda dars o‘z tillarida o‘qulmog‘i majburiydur.
15 – Yetarlik darajada talaba bo‘lur esa, aqalliyat tashkil qilg‘on millat bolalari uchun tadrisot (darslar) o‘z tillarida bo‘lmoq sharti ila rashidiy va aʼdodiy maktablari ochilur.
***
Maromnomada bayon qilingan jumla maqsadlarg‘a yetishmak uchun firqa avvalam Haqg‘a va soniyan (ikkinchidan) tamomi mehnatkash va millatparvar vatandoshlarg‘a suyalib va takya qilur.
So‘ng (tamom).
Turk adami markaziyat firqasining Nizomnomasi
1 – Turk adami markaziyat firqasining maqsadi Rusiyada muxtoriyati mahalliy va milliy asosi uzra jumhuriyat anom (xalq jumhuriyati) tashkil etmakdur.
2 – Firqaning maqsadig‘a xizmat etmakni hohlagan xar bir musulmon, hohlasa erkak, hohlasa xotun, har qaysi maslak va sinfdan bo‘lsa bo‘lsun, shifohiy (og‘zaki) yoki tahririy (yozma) suratda aʼzoliqni hohlasa, ushbu vaqt firqaning ikki aʼzosining shahodati (guvohligi) vahayʼati idoraning tasdiqi ila qabul qilinur.
Qabul qilingan aʼzolar firqaning nizomnomasig‘a va jamʼiyatlarining qarorlarina tobeʼ o‘lur.
3 – har bir qitʼadagi idorai markaziyalar, viloyat idoralari, firqaning boshqa shoʻbalari va lozim topsa, idorai markaziya tarafidan ko‘ndirilmish vakillar har birlari aʼzo qabul qila olurlar.
Qayd: Firqaning maqsadi maʼlum bo‘lg‘on har bir joyda, mayl va orzusi bir to‘dalar mavjud bo‘lganda, u yerdan tashkilot qo‘mitasini taʼsis etub, markaziy idoraga eʼlon qilib, markaziy idora orasida aloqa va irtibot amalg‘a keltirilsun.
4 – Firqaning zararig‘a va ziddig‘a to‘g‘ridan to‘g‘ri va yo vosita ilan ish ko‘rg‘on aʼzolar hayʼati markaziya tarafindan qatʼ va qaror ila firqa aʼzolig‘idan chiqarilur. Agar chiqarilmish aʼzo hayʼati markaziya qarorig‘a rozi bo‘lmasa, umumiy qurultoyga arz qila olur. Nadvaning (umumiy majlis) qarori qatʼiydur.
5 – Har aʼzo muayyan vaqtlarda jamʼiyatning taʼyin etdigi miqdorda firqa sanduqig‘a aʼzolik xaqi verur.
Qayd: Aʼzo yozilmoqni hohlagan kishi aʼzoliqg‘a kirmak uchun bir so‘m bermog‘i lozimdur.
6 – Firqaning umumiy yig‘in (nadva) lari yilda bir martaba idorai markaziyalar (markaziy idoralar)tarafidan chaqirilur.
7 – Qitʼa doxilida chaqiriladurg‘on umumiy nalvalar firqaning qilar ishlarini taʼyin etur, idorai markaziya intixob qilur (saylar), madoxil va masorif (kirim va chiqim mablag‘larini) tasdiq etur va firqaga oid boshqa masʼalalarni hal qilur.
8 – Umumiy qurultoylar hayʼati markaziya aʼzolaridan viloyat qo‘mitalari va boshqa mahalliy tashkilot namoyondalaridan va nadvaning maslahati ila idorai markaziya tarafidan chaqirilmish aʼzolardan tashkil qilinur.
9 – Namoyondalarning adadi hayʼati idora tarafidan taʼyin qilinur. Hayʼati idora maʼrifati ilan chaqirilgan aʼzolarning adadi qurultoyg‘a ishtirok etgan umumiy namoyondalarning o‘ndan biridan ortiq bo‘lmasligi lozimdur.
10 – Qitʼa doxilinda firqa ishlariga va matbuotig‘a nazorat etmoq butun firqa nomidan rasmiy eʼlon va bayonot bermaq, xazina idorasi bu vajh (mablag‘) loyihasining tartibi idorai markaziyaga tevushlidur.
11 – Hayati markaziyalar qitʼa qurultoylari tarafindan yoshirun tovush ila jamʼiyatda mavjud aʼzolardan bir yil muddatig‘a saylanur. Hayʼati idora aʼzolarining adadini nadva taʼyin qilur.
12 – Hayʼati markaziyani nadvalarning taʼyin etgan shartlari ila yoki idora aʼzolari chaqirmoqg‘a muxtordur.
13 – Mahalliy tashkilot qanday suratda ish ko‘rmaklarini va qaysi yo‘lda idora tashkil etmaklarini qurultoylar tarafidan manʼ qilinmag‘on usullar ila o‘zlari taʼyin qilurlar.
14 –
Viloyat dohilinda firqa aʼzolarini, firqa ishlarini idora etmak uchun viloyat qo‘mitasi tashkil qilurlar.
15 – Viloyat qo‘mitasi aʼzolari viloyat qurultoyi tarafindan bir yil muddatig‘a saylanur.
16 – Viloyat doxilinda nadvalar chaqirmak mahalliy qo‘mitag‘a tevushlidur.
17 – Viloyat qo‘mitasining munosib va saloh ko‘ro‘shig‘a shahar, sanjoq va nohiya qo‘mitalari tashkil etmak mumkindur. Bu qumitalarning orasidagi munosabat viloyat qurultoyi tarafidan taʼyin qilinur.
18 – Firqa aʼzolarning odati (adadi) yuzg‘a qadar yetguncha firqa tashkilot hayʼati tarafidan idora o‘linur. Yuz nafar aʼzo yig‘ilg‘ondan so‘ngra majlisi muassison (taʼsischilar majlisi) chaqirilub, yoshirun saylov ila idora hayʼati taʼyin qilinur.
Qayd: Birinchi idora saylovida hayʼati idora aʼzolarining yarmisi tashkilotlardan o‘lmog‘i kerakdur.
19 – Butun Rusiyada mavjud firqalarning faoliyat va vazʼiyatini taʼyin va tasdiq etmak uchun yilda ikki martabadan kam bo‘lmaslik sharti ila jumla qitʼada va idorai markaziya vakillaridan tashkil bir qo‘ng‘ra (zo‘r jamʼiyat) (kongress) lar chaqirilur.
20 – Birinchi qo‘ng‘ra Toshkand idorai markaziyasi tarafidan chaqirilub, keyin voqeʼ bo‘ladurg‘on ijtimoʼlarning daʼvati qo‘ng‘ra tarafidan ikkinchi idorai markaziyalardan birig‘a havola qilinur.
21 – idorai markaziyalar qo‘ng‘rasi lozim bilar esa, butun Rusiyada mavjud firqaning umumiy ishlarini idora etmak uchun umumiy bir idorai markaziya taʼsis qilur.
22 – Ushbu maromnoma va nizomnomani takmil va takhih etmakg‘a umumiy qurultoyning ixtiyori vordur.
So‘ng.
Davomi bor…
Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiyning “Xo‘qandi latif tarixi (tazkira)” asaridan