Bosh sahifa » Tarix » Turkiston Muxtoriyati uchun kurashning g‘oyaviy asoslari
Туркистон мухторияти байроғи

Turkiston Muxtoriyati uchun kurashning g‘oyaviy asoslari

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, respublika hayotining barcha jabhalarida tub islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. O‘zbek xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi milliy tiklanish bilan bog‘liq jarayonlarni chuqur idrok etishda milliy davlat qurilishi tajribasini ilmiy o‘rganilishi, O‘zbekistonni yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi tajribalarni umumlashtirishni taqozo etadi.

Bugungi kunda 100 yil avval yurtimizda milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishda ilk tajriba bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati uchun kurash tarixi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy jamoatchilik eʼtiborini o‘ziga jalb etgan bu tarix hozirda nafaqat ilmiy, balki amaliy va hatto siyosiy qiziqish uyg‘otdi. Chunki uni yoritishda o‘sha yillar voqealariga qayta baho berilmoqda, Turkistonning siyosat, jamoat arboblari va mutafakkirlarining ozodlik va istiqlol uchun kurashdagi faoliyati aniqlanmoqda.

Turkiston Muxtoriyati tarixiga murojaat etish yana bir jihati bilan muhimdir. Xalqimiz tarixiy xotirasida chuqur iz qoldirgan bu kurash tajribasining tahlili bugungi milliy tiklanish jarayonlari, xalqimizning tanlagan yo‘liga eʼtiqodi manbalarining qonuniy va ilgarilab boruvchi xususiyatini tushunish imkonini beradi.

Maʼlumki, muxtoriyatchilik harakatining mafkurachilari bo‘lgan jadidlar Turkistonda madaniy-maʼrifiy, keyinchalik esa siyosiy harakat sifatida tarqalib, o‘z maqsadlarini dunyoviy demokratik davlat qurishdan iborat deb eʼlon qilgan edilar. Jadidlar buning uchun davlatning iqtisodiy va siyosiy tizimini isloh etish hamda maorif va fanni taraqqiy ettirishga bel bog‘ladilar. Ammo bu yo‘lni tanlash bilan ular milliy va maʼnaviy boyliklardan voz kechish emas, balki ular negizida bosqichma-bosqich o‘zgarishlarga erishib shu vaqtgacha xalq fikrida o‘rnashib qolgan eskicha qarashlardan xalos bo‘lmoqchi edilar. Chunki bular davlat taraqqiyoti va xalq ongining o‘sishiga to‘sqinlik qilardi.

1917 yilda “o‘z taqdirini o‘zi belgilash” g‘oyasi bilan bog‘liq “avtonomiya” so‘zini anglatgan “Muxtoriyat” tushunchasi eng ommaviy iboraga aylangan edi. O‘sha tarixiy davrda jadidlar Rossiyadan ajralib mustaqil rivojlanish nechoqlik og‘irligini va Turkiston qiyin sharoitga tushib qolishini oldindan ko‘ra olishgan. Chunki Turkiston Rossiya imperiyasi bilan har tomonlama iqtisodiy jihatdan bog‘langan edi. Shuning uchun jadidlar Rossiya Federativ Demokratik Respublikasi bilan yagona iqtisodiy doirada mustaqil rivojlanishni kun tartibiga qo‘yishgan. Ular Turkistonga keng vakolatli milliy-hududiy muxtoriyat berilishining tarafdori edilar.

Taraqqiyparvarlar hurriyat va muxtoriyat uchun hayot-mamot kurashi vaqti yetib kelganini anglab mustamlakachilikni qattiq va ayovsiz tanqid qila boshladilar, oldingi konstitutsiyaviy yakka hokimlik (monarxiya) tuzumi g‘oyalaridan voz kechib, Turkistonga Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat berilishini talab qila boshladilar.

Muxtoriyatchilarning dastur hujjatlarida asosiy eʼtibor milliy-hududiy muxtoriyat tamoyillarini amalga oshirish yo‘llarini ishlab chiqishga qaratilgan edi. Xususan, hokimiyatning yuqori organlarini tashkil qilish, o‘lkani idora etish va o‘lka sudlarini barpo etish, davlat tizimlarini vujudga keltirish kabi zarur bo‘lgan vazifa va masalalar kun tartibiga chiqarilgan edi. Boshqaruv idora usuli sifatida respublika idora usuli maqbul deb topildi. Eng maʼqul va maqbul jamiyat deb demokratik jamiyat barpo qilish ko‘zda tutilgandiki, bunday jamiyatda demokratik huquq va erkinliklar konstitutsiyaviy yo‘l bilan himoya etilishi zarur edi.

Jadidlarning o‘sha yillardagi beqiyos xizmatlaridan yana biri bu–barcha Turkiston xalqlari va millatlarining qonun oldida tengligi haqidagi g‘oyaning ilgari surilishi bo‘lib, bunga ko‘ra Turkiston fuqarolari jamiyat hayotining barcha iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va madaniy jabhalarida teng huquqqa ega bo‘lishlari lozim edi.

Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi o‘zlarining g‘oyalarini Turkiston jadidlari hayotga tatbiq qilar ekanlar, bularning hal etilishini mamlakatning turli ijtimoiy kuchlari bilan kelishilgan holda Rossiyada demokratik asosda chaqirilajak Taʼsis Majlisi bilan uzviy bog‘liqlikda ko‘rdilar. Jadidlar Taʼsis Majlisidan o‘rin olish uchun juda ko‘p urindilar, g‘ayrat qildilar, hatto bu jarayonda o‘z saflarida taraqqiyparvarlardan tuzilgan “Sho‘roi Islomiya” va konservativ fikrdagi din arboblaridan tashkil topgan “Ulamo” kabi tashkilotlarga bo‘linish yuz berganligiga qaramasdan, birlashish yo‘lidan bordilar, pirovardida bu Turkiston federalistlarining “Turk adami markaziyati firqasi”ning vujudga kelishiga olib keldi.

Maʼlumki, dastlabki paytda “Sho‘roi Islomiya” tarkibiga jadidlar, mullalar, mudarrislar, kosibkorlar va boshqa ijtimoiy qatlamlar kirar edi. Keyinchalik esa taraqqiychilar va konservativ diniy arboblar faoliyatida umumiylik pasaya boshladi. Ularning umumiy vazifasi mustamlakachilarga qarshi kurash, ozodlikka intilish edi. Maqsadlari bir bo‘lsa-da, lekin unga erishish yo‘llari turlicha edi. Agar din arboblari yangi sharoitda xalqni ruslarga qarshi muqaddas kurash-g‘azavotga chaqirsalar, ilg‘or ziyolilar esa faqat fanatizmga tayangan, yaxshi tayyorlanmagan g‘azavot xalqni og‘ir ahvolga solib qo‘yishi, orzu qilingan maqsadlarni uzoqlashtirib qo‘yishi mumkinligini ogohlantirishdi va bu hol ro‘y bermasligi uchun din peshvolariga qarshilik ko‘rsata boshlashdi. Natijada “Sho‘roi Islomiya” aʼzolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Bu esa o‘z navbatida “Ulamo” jamiyatini barpo etilishiga olib keldi. Undan tashqari bu ikki tashkilot orasidagi ziddiyatlar nafaqat Turkistonda yangi davlatchilikni tashkil etish masalasida, balki Yevropa madaniyatining kirib kelishi, ayollar emansipatsiyasi, shariat qonunlari va boshqa masalalarda ko‘rindi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 1917 yil 12 sentyabrda ulamochilar chaqirig‘i bilan bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining II syezdi boshqarishning respublikachilik shaklini tanladi. Bunda islom omili taʼsiri faqat davlat apparati tamoyillari bilan cheklanib qolmadi, balki bo‘lgusi davlat faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini belgilash, fuqarolarning huquqiy maqomi davlat hayotidagi diniy arboblarning rolini tartibga solishda ko‘rindi. Bu bir qator amaliy masalalar bo‘yicha syezd qarorlarida qayd etildi. Xususan, “suv va yer haqida”gi masala bo‘yicha qarorda shunday deyiladi: “1. Turkistonning yer va suvlari umumxalq yig‘ini boshqaruvida bo‘lmog‘i lozim. 2. Yer qo‘mitalarini tashkil etish darhol to‘xtatilsin, chunki ular yer va suvlarni ijtimoiylashtirish (sotsializatsiya) yo‘lini tutmoqdalar”. Bu qarorda, bir tarafdan davlat umumxalq mulkiga ustuvorlik beruvchi mulkchilik konsepsiyasi tasdiqlansa, boshqa tomondan islom meʼyorlariga muvofiq keluvchi mulkchilik huquqlarini huquqiy muhofazalash mustahkamlandi.

Rossiya Taʼsis Majlisi chaqirilishiga tayyorgarlik sharoitlarida syezd barcha kuchlarni birlashtirishga chaqirdi. “Sho‘roi Islomiya” va “Turon”ning jamiyat va tashkilotlarini tugatish hamda ularning o‘rniga “Ittifoqi muslimin” bo‘linmalarini tuzish haqidagi syezd qarorlari ham bu birlashtirishga qaratilgan edi.

1917 yil fevralidan keyingi davr Turkiston xalqlarining siyosiy uyg‘onishi, siyosiy kuchlarining tashkillashuvida muhim bosqich bo‘ldiki, bu kuchlar sobiq Rossiya imperiyasida rivojlanib kelayotgan demokratik kuchlarga tayanib, demokratik Rossiya tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat negizida mustamlaka zulmidan ozod bo‘lish va keng suverenitet asosida o‘z davlatchiligini barpo etish yo‘lida dasturiy faoliyatlari bilan ochiqdan-ochiq kurashga kirishdilar. Buning uchun muxtoriyatchilar tomonidan o‘zbek, qozoq, tojik, tatar, turkman va qirg‘izlarni birgalikda ish olib borishlari kerakligi g‘oyasi xalqqa tushuntirildi.

1917 yil 25 oktyabrda (yangi sana bilan 7 noyabrda) qurol kuchiga tayangan V.I. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar Petrogradda Muvaqqat xukumatni ag‘darib tashlab, xoqimiyatni zuravonlik yo‘li bilan egallashdi. Rossiyaning markazida yuz bergan voqealarning aks-sadosi oradan ko‘p o‘tmay Turkistonga ham yetib keldi. 28 oktyabrda Toshkentning yangi shaharida yevropalik ishchilar va soldatlar bolsheviklarning qutqusi bilan qurolli to‘qnashuvlarni boshlab yuborildi. 1 noyabrda Muvaqkat hukumatning Turkiston Komiteti aʼzolari qamoqqa olindi. Toshkentda zo‘ravonlik yo‘li bilan sovet rejimi o‘rnatildi.

1917 yil 15 noyabrda III O‘lka ishchi, soldat va krestyan deputatlari syezdi ochilishi arafasida shu narsa aniq bo‘ldiki, u o‘lkada hokimiyatni tuzish haqidagi masalani hal etishni to‘la-to‘kis o‘ziga qabul qildi. Bolsheviklar, eserlar, sotsialist-inqilobchilar va sotsial-demokratik mensheviklar hokimiyatni tashkil qilish tamoyillari haqidagi masalalar bo‘yicha qizg‘in bahslarni tugatgach, so‘z Sherali Lapinga berildi. U o‘z nutqida syezd ishtirokchilarini musulmon syezdi qabul etgan O‘lka hokimiyatini tashkil etish haqidagi qaror bilan tanishtirdi. U “musulmonlar butun hokimiyatni ham talab qilishi mumkin edi, biroq kelgindi elementlarga yon berib, ularning vakillarini hokimiyatga kirishiga yo‘l qo‘ydi”, dedi va musulmonlar o‘lkada faqatgina bitta inqilobiy demokratiya hukm surishiga mutlaqo qarshi turishini ogohlantirdi.

Shunga qaramay, III O‘lka ishchi, soldat va krestyan deputatlari syezdi tasdiqlagan Bayonnoma shuni eʼlon qildiki, o‘lkada hokimiyatning oliy organi “O‘lka ishchi, soldat va krestyan deputatlari soveti bo‘lib, endilikda u Turkiston o‘lkasining Xalq Komissarlari Soveti deb nomlanadi” va uni shakllantirishda Oktyabr to‘ntarishini amalga oshirgan so‘l sotsialistik partiyalar vakillarigina ishtirok etadi. Syezd mahalliy aholining o‘lka hokimiyat organida ishtirokiga doir aniq bir gapni aytadi: “Hozirgi vaqtda musulmonlarni o‘lka inqilobiy hokimiyatining oliy tashkilotiga kiritish maqsadga muvofiq emas. Chunki mahalliy aholining soldat, ishchi va krestyan sovetlari hokimiyatiga munosabati noaniq, shuningdek, mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlar yo‘q”. Shunday qilib, syezd saylagan hukumat – Xalq Komissarlari Sovetiga o‘lka mahalliy aholisi vakillaridan biror kishi kirmadi.

Bolsheviklar III O‘lka Sovetlari syezdini chaqirish va qarorlar qabul qilish orqali o‘lkada hokimiyatni tashkil etish va hokimiyat organlarini shakllantirish tamoyillari haqidagi masalani yakka hal qilib, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini buzdi. Bolsheviklar mohiyatan dastlabki kunlardanoq chorizmning mahalliy aholiga nisbatan ulug‘ davlatchilik, shovinistik, mustamlakachilik siyosatini davom ettiruvchilari ekanliklarini namoyon etishdi.

Biroq Turkistonning milliy vatanparvar kuchlari o‘lka taqdiri uchun bunday masʼul lahzada xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘z davlatchiligini yaratish huquqini amalga oshirishga qaratilgan qatʼiy siyosiy pozitsiyada turdi. Milliy demokratlar o‘z munosabatlarini 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng darhol namoyon qilgan edilar. Bolsheviklar bilan hamkorlikdan bosh tortish belgisi sifatida milliy demokratiya yo‘lboshchilari boshqargan markaziy “Sho‘roi Islomiya” aʼzolari Toshkentni tark etib, Qo‘qonga ko‘chib o‘tdilar. Ular bu yerda 1917 yil 26 noyabrda IV Favqulodda Umumturkiston musulmonlari syezdini chaqirishdi. Bu syezd Turkistonda davlat tuzilishi haqidagi masalani hal etishni ko‘zda tutdi.

Syezd faoliyatining asosiy yakuni Turkiston Muxtoriyatini tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Turkiston Muxtoriyati o‘lka hududida milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishning ilk amaliy tajribasi edi.

Turkiston Muxtoryatining 1918 yil fevralida harbiy kuch orqali tugatilishi milliy masalada ziddiyatlarning chigal tugunini yuzaga keltirdi. U bolsheviklarning mahalliy aholi bilan aloqasi yo‘qligini ochiq-oydin ko‘rsatdi va ayni paytda, mintaqadagi milliy ozodlik harakatining kuchli va yetukligini namoyon etdi.

1918 yilning Qo‘qondagi fojiali fevral voqealaridan so‘ng ozodlik uchun kurash izchil ravishda ochiq qurolli qarshilik shaklini ola boshladi. Shundan keyin Turkistonning tub aholisi va ularning siyosiy yo‘lboshchilari bolsheviklarni hukumat tuzilmalari xatti-harakatlarida milliy mentalitetga yot bo‘lgan davlatchilikni joriy qilishga oshkora intilishni yaqqol ko‘rgach, milliy masalani tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyati tugadi, faqat qurol kuchi bilan ozodlik va mustaqillik haqidagi asriy orzuni amalga oshirish mumkin, degan xulosaga keldilar.

Saidakbar AGZAMXODJAYEV t.f.d., prof.,
Toshkent islom universiteti

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr

O‘xshash maqola

Этногенез узбекского народа в период Тюркского каганата

Post Views: 1 157 Народ, давший название нашему государству и издавна проживающий на данной территории – …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan