Bosh sahifa » Tarix » Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi (Turkiston Respublikasi)
Туркистон Республикаси
Туркистон Республикаси

Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi (Turkiston Respublikasi)

Turkiston Respublikasi
Turkiston Respublikasi

Turkistonda hokimiyatning faqat ishchilar va yevropalik millat vakillari qo‘lida bo‘lib qolishi o‘lkadagi barcha demokratik kuchlarning hukumatga bo‘lgan ishonchsizligini kuchaytirib yubordi. Bunga qarshi Markazdagi bolsheviklar hukumati chekka o‘lkalar, shu jumladan Turkistonda ham “sovetcha asosdagi avtonomiya” o‘rnatishga qattiq kirishdi. Bu vazifani amalga oshirish uchun Moskvadan ko‘plab partiya va sovet xodimlari Turkistonga jo‘natildi. Jumladan, P.A. Kobozev O‘rta Osiyoning favqulodda komissari qilib yuborildi.

1918 yil 20 aprel – 1 may kunlari Toshkentda Turkiston o‘lkasi Sovetlarining V s’yezdi bo‘lib o‘tdi. Unda “proletar demokratiyasi”ga tegishli tamoyillari bo‘yicha tanlab olingan 251 deputat (shundan 120 tasi tub millat vakillari) ishtirok etdi. S’yezd kun tartibidagi asosiy masala Turkistonda Sovet mafkurasiga asoslangan bolshevikcha avtonomiya yaratish bo‘ldi.

Sovetlarning V o‘lka s’yezdi o‘zining markaziy hokimiyatga tobeligini ochiq namoyon etib, Moskvaga sovet Rossiyasi siyosiy rahbariyatining “barcha inqilobiy shiorlari hayotga qat’iy tadbiq etilishi” ta’kidlanib telegramma jo‘natdi. Bunga javoban V.I.Lenin va I.Stalin zudlik bilan javob telegrammasi yo‘lladilar. Unda quyidagi so‘zlar bor edi: “…sovnarkom sizning sovetlar asosidagi o‘lkangiz avtonomiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz siz boshlagan ishlarni yoqlaymiz va butun o‘lkani sovetlar tarmog‘i bilan qoplaysiz, mavjud sovetlar bilan to‘liq aloqada bo‘lasiz deb to‘liq ishonamiz”.

S’yezd delegatlari Lenin va Stalinning ko‘rsatmalari asosida 1918 yil 30 aprelda “Rossiya Sovet Federatsiyasi Turkiston Sovet avtonom respublikasi” haqida Nizomni qabul qildi. Ushbu Nizomda Turkistonda davlat qurilishi asoslari, uning hududi, oliy qonunchilik va ijroiya organlari, mahalliy organlar tuzilishi, vazifalari va ularning sovet Rossiyasi bilan o‘zaro munosabatlari belgilab berildi. Ushbu Nizom Turkistonda avtonom respublika tuzilganligini qayd etib, unga muvofiq, Buxoro va Xivadan tashqari, Turkiston o‘lkasining geografik chegaralaridagi butun hudud Rossiya sovet federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi deb e’lon qilindi.

“Nizom”da Turkiston Respublikasi avtonom ravishda boshqarilib, “o‘z xatti-harakatlarini Rossiya Sovet Federatsiyasi markaziy hukumati bilan muvofiqlashtiradi”, deb qayd etildi. S’yezdda “markaziy hukumat bilan o‘zaro munosabatlarni belgilash uchun” besh kishidan iborat komissiya tashkil etish va Moskvaga yuborishga qaror qilindi.

S’yezd sovet Turkistonining qonun chiqaruvchi oliy organi – Markaziy Ijroiya Komiteti (Tur SIK)ni sayladi. 36 kishidan iborat bu komitetning yarmi bolsheviklar, yarmi so‘l eserlar (18 tadan) edi. Ushbu komitet sovetlar s’yezdlari oralig‘idagi davrda o‘lkada oliy hokimiyat vazifalarini bajaruvchi oliy qonunchilik organi bo‘ldi. Turkiston MIK raisi qilib Markazdan hukumatning favqulodda komissari P.A.Kobozev (hamrais qilib A.Salkin) saylandi. Shuningdek, Turkiston XKS tarkibiga 16 kishi (9 ta bolshevik va 7 ta so‘l eser) kiritildi. Mahalliy millat vakillaridan to‘rt kishi – S.Jo‘raboyev, S.Yusupov, Sh.Ostonboyev va S.Azimboyevlar Turkiston MIKga saylanib, S.Tursunxo‘jayev sog‘liqni saqlash xalq komissari sifatida hukumat tarkibiga kiritildilar.

1918 yil 17-25 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiston bolsheviklarining o‘lka konferensiyasi Turkiston kommunist-bolshevik-lar partiyasining I s’yezdi deb nomlandi. O‘lkadagi kommunistik guruhlar ushbu s’yezdda ilk marta tashkiliy jihatdan rasmiylashib, Rossiya KP (b) tarkibidagi Turkiston Kompartiyasiga asos soldilar. S’yezdda 7 kishidan iborat Markaziy komitet saylanib, uning tarkibiga mahalliy komunistlardan Nizomiddin Xo‘jayev ham kiritildi. “Temir qonun”, “po‘latdek kuchli intizom”, “diktatorlik vakolatlari” kabi sinfiy xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Turkiston KP Rossiya KP (b)ga bo‘ysunar edi. Turkiston kommunistlari Markaz bergan har qanday topshiriqlarni so‘zsiz ijro etishlari natijasida Turkiston o‘lkasining Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy qaramligi mustahkam asoslarda shakllandi.

Turkiston avtonom respublikasi sovetlarining VI favqo‘lodda s’yezdi 1918 yil 5-14 oktyabrda g‘oyaviy kurashlar jarayonida kechgan bo‘lsa-da, unda Turkiston MIK maxsus komissiyasi tomonidan tuzilgan Turkiston avtnoom Respublikasining konstitutsiyasi muhokama etildi va tasdiqlandi. Yangi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tuzumni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan ushbu konstitutsiya Turkistondagi quyidagi Xalq komissarliklarini qonun kuchi bilan mustahkamladi: tashqi ishlar, harbiy ishlar, ichki ishlar, adliya, mehnat va ijtiomiy ta’minot, maorif, pochta va telegraf, temir yo‘l, dehqonchilik, oziq-avqat, davlat nazorati, millatlar ishlari, xalq xo‘jaligi Markaziy kengashi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, ishchi, soldat va dehqon deputatlarning sovetlari Respublika mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanib, Turkiston avtonom Respublikasining tarkibida 5 ta: Sirdaryo, Yettisuv, Farg‘ona, Kaspiy orti, Samarqand viloyatlari mavjud bo‘lgan. S’yezdlar orasida viloyat (oblast)ijroya komiteti davlat hokimiyat organi bo‘lib hisoblangan. Markazda va joylarda inqilobiy komitetlar (revkom) ham tuzilib, ular nazorat va reviziya (taftish) qilish, kengashlarni tarqatib yuborish kabi vakolatlarga ega bo‘lganlar. Viloyat kengashlari va ijroiya komitetlari qoshida boshqaruv, harbiy, adliya, mehnat va ijtimoiy ta’minot, xalq maorifi, moliya, pochta va telegraf, yer-suv, oziq-ovqat, davlat nazorati, sog‘liqni saqlash, kommunal sovet kabi bo‘limlar ochilgan.

Konstitutsiyaga ko‘ra, viloyatlar uyezdlarga, volost, shahar, qishloq va ovullarga bo‘lingan. Uyezd, shahar sovetlari o‘zlarining ijroiya komitetlari va bo‘limlariga bo‘lingan. Qishloq va ovul ijroiya komitetlari esa o‘z bo‘limlariga ega bo‘lmagan.

Rossiyaning Turkistondagi siyosiy hukmronligi, birinchidan, o‘lkada sovetcha asosdagi avtonomiyaning o‘rnatilishi bilan joriy etilgan bo‘lsa, bu jarayonning ikkinchi bosqichi, davlat boshqaruvi asosiy vazifalarining markaziy federal hukumatga topshirilishini konstitutsiya yo‘li bilan rasmiylashtirilishi bo‘ldi. Zero, Turkiston Respublikasi Kosntitutsiya-sining 7-bob, 30-§ ilovasida yozilishicha, mudofaa, tashqi aloqalar, pochta-telegraf, dengiz ishlari, temir yo‘llar, bojxona, savdo-sotiq, sanoat va moliya masalalari markaziy federal hukumat ixtiyorida qoldirilgan edi.

Achinarli tomoni shunda ediki, mahalliy aholining katta qismi o‘lkaning davlat tuzilishini belgilab beruvchi asosiy hujjat bilan hech bo‘lmaganda umumiy tarzda ham tanisha olmadi. Sababi, u mahalliy tillarda e’lon qilinmagan edi. Ushbu hujjatda sovetlarga xos “o‘z taqdirini o‘zi belgilash” Turkistondagi mahalliy aholining mustamlaka holatini o‘zgartirmadi. Davlat hokimiyat organlarining tarkib topgan tuzilmasida, ularni shakllantirishning tor sinfiy tomonli sharoitida ular har qanday avtonomiyaning asosiy negizi bo‘lgan huquqdan-milliy-hududiy birlik aholisining davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirilishi huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega emas edilar. Tadqiqotchilarning fikricha, konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan “sovet avtonomiyasi” o‘z mohiyatiga ko‘ra milliy-hududiy birlik edi.

1919 yilning mart oyida Turkiston respublikasi sovetlarining Favqulodda VII s’yezdi bo‘lib o‘tdi. Unga qadar 1918 yil 10 avgustda (V o‘lka s’yezdida) Milliy ishlar xalq komissarligi bo‘yicha maxsus Nizom qabul qilingan edi. Ushbu Nizomga ko‘ra, Milliy ishlar xalq komissarligida statistika, tashkiliy-tashviqot va madaniy oqartuv bo‘limlari tashkil qilingan edi. Ammo, Turkiston hukumati a’zolaridan Kazakov, Uspenskiy, Salkin kabilar Turkiston MIK qoshidagi milliy ishlar seksiyasini tarqatib yuborishni so‘rab VII s’yezdga loyiha taqdim etdilar. Ular mazkur seksiyani “millatchilikning bir ko‘rinishi” sifatida baholadilar.

Shunga qaramasdan, milliy masaladagi murakkab vaziyatni hisobga olgan RKP (b) MK 1919 yil 3 iyulda “Hokimiyatga mutanosib vakillik to‘g‘risida” degan qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ushbu qarorda Turkiston mahalliy aholisining partiyaga mansubligi shart qilib qo‘yilmasdan, ularni mutanosib ravishda davlat qurilishi ishlariga keng jalb qilish zarur deb ko‘rsatilib, mahalliy aholining mol-mulkini majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olishni (rekvizitsiya) to‘xtatish vazifasi ham qo‘yilgan edi. Turkiston respublikasi hukumati bu qarorni yashirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, shov-shuvlardan so‘ng uni e’lon qilishga majbur bo‘ldilar. Ammo, ushbu qaror bo‘yicha e’tiborga molik biror-bir amaliy ish qilinmadi.

Sovetlar tuzumi Turkistondagi boshqaruvni tashkil etishda katta byurokratik apparatning paydo bo‘lishiga zamin yaratgan edi. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, bolsheviklarning kadrlar masalasidagi siyosati nafaqat milliy sohada, balki uquvsizligi bilan ham ajralib turadi. Misol uchun, davlatning mas’ul lavozimlarida mutlaqo savodsiz odamlarning ishlashi tabiiy hol edi. Bu xodim bolsheviklar manfaatini himoya qilishi kifoya edi. Undan tashqari, Turkistondagi oliy hokimiyat – Turkiston MIK, hukumat – Turkiston XKS, g‘oyaviy rahnamo – Turkiston KP kabi o‘lka boshqaruvida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar mahalliy aholi ixtiyorida bo‘lmagan. Tadqiqotlarga ko‘ra, Turkiston XKS va Turkiston Iqtisodiy Kengashidek yuqori vakolatli organlarda o‘zbeklar ishlamagan. O‘lka boshqaruvidagi barcha yirik tashkilotlar, komissarlik-larning milliy tarkibi umumiy ko‘rsatkichlarda quyidagicha edi [Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi…, 55-56 bb. Muallif tomonidan jadvallashtirildi]:

Millati Soni Foiz hisobida
Ruslar 3,166 78,1
Boshqa yevropalik aholi 623 15,5
O‘zbeklar 132 3,3
Qirg‘izlar 34 0,8
Turkmanlar 4 0,1

1919 yilning 8 oktyabrida V.Lenin Butunrossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiya (Turkkomissiya) tuzish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Bu komissiya tarkibiga Sh.Z.Eliava – rais, M.V.Frunze, V.V.Kuybishev, Ya.Rudzutak, F.I.Golosheykin, T.I.Bokiylar kirdilar. Ushbu komissiya juda katta vakolatlarga ega bo‘lib, jumladan, Butunrossiya MIK va XKSning vakolatiga, Turkiston hududlarida va qo‘shni davlatlarda ularning nomidan ish ko‘rish huquqiga, RKP (b) MK nomidan respublikada oliy partiya nazorati va rahbarligini amalga oshirishga, o‘lka partiya tashkilotlarini tarqatib yuborish, favqulodda s’yezdlar va konferensiyalar chaqirish hamda partiya MK qarorlarini qat’iy bajarishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish huquqlariga ega edi. Ushbu komissiyaning asosiy maqsadi – mahalliy aholi manfaatlari yo‘lida ishlash emas, balki Turkistonda sovet hokimiyatining mavqyeini mustahkamlash, imperiyaviy markaz bilan lenincha rahbariyatning go‘yo “strategik to‘g‘ri yo‘lini buzgan”, yangi hokimiyatning maqsad va mohiyatlarini “buzib” ko‘rsatgan mahalliy arboblar faoliyatini nazorat qilish hamda ular o‘rtasidagi masofani uzoqlashtirishdan iborat edi.

Turkiston komissiyasi amalda mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo‘jalik va partiya tashkilotlariga rahbarlik qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat’iy ravishda amalga oshirishga kirishdi. Turkkomissiya o‘lkadagi butun hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida to‘plab, faqat markaz manfaatlarini amalga oshiruvchi “davlat ichidagi davlat” vazifasini bajardi.

Sovet hokimiyatining Turkiston respublikasida hayotga tatbiq etgan dekret va qarorlari mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida tutib turish uchun xizmat qilgan edi. Xususan, Butunrossiya MIKning 1920 yil 10 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi to‘g‘risidagi” qarorida, 1921 yil 11 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasini ta’sis etish to‘g‘risidagi” dekretda, RKP (b) MK 1920 yil 19 iyunda qabul qilgan “Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi” Nizomda, umuman, RKP (b) tomonidan e’lon qilingan ko‘plab dekretlar, chaqiriqlar, murojaatnomalarda ko‘zda tutilgan xalqlarga erkinlik berish, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash, ajralib chiqib mustaqil davlat tuzish huquqi o‘rniga Turkiston o‘lkasiga yarim huquq va erkinliklar berish, uni Rossiya tarkibidagi avtonom respublika shaklida saqlash siyosati izchillik bilan amalga oshirildi. Turkiston o‘lkasi mustamlakachilikning yangi “sovet” shakliga aylandi.

Sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan mustamlaka boshqaruv siyosati hamda markazlashtirish harakatlari TSR boshqaruv organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy rahbar xodimlarning kuchli noroziliklariga sabab bo‘ldi. Milliy kommunistlar o‘lkadagi bolsheviklar siyosatiga ochiqdan ochiq qarshi chiqa boshladilar. Milliy rahbar xodimlarning norozilik kayfiyatlarini yuzaga chiqishida 1919 yil martda tuzilgan o‘lka Musulmonlar byurosi (Musbyuro) muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunonchi, Qayg‘usiz Otaboyev, Yusuf Aliyev, Abdulla Rahimboyev, Sanjar Asfandiyorov, Nazir To‘raqulov, Inomjon Xidiraliyev kabi ko‘plab milliy rahbar xodimlar Turor Risqulov raisligidagi Musbyuro atrofida birlashgan edilar.

1920 yil yanvar oxirlarida Musbyuroning III konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Turkistondagi uchta partiyaviy tashkilot – TKP O‘lka komiteti, Musbyuro va ajnabiy kommunistlar partiyasi yagona kommunistik partiyaga birlashtirildi. Konferensiya qarorida “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi” deb rasmiy nomlangan ushbu partiya keng mehnatkashlar ommasining partiyasi bo‘lishi, RKP (b) MKga nisbatan viloyat (o‘lka) komiteti huquqlaridan foydalanuvchi va unga bo‘ysunuvchi o‘z MK tomonidan boshqarilishi kerak edi. Shuningdek, konferensiyada T.Risqulov tomonidan Turkiston Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, uni Turkiston respublikasi deb atash taklif qilinganda bu taklif konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Taklif etilgan Turk respublikasiga TSR dan tashqari qo‘shni milliy respublikalarda (hoz. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari) yashovchi turkiy xalqlar kirishi kerak edi. T.Risqulov o‘z ma’ruzasida Turkiston respublikasi Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, musulmonlarning alohida armiyasini tuzish hamda qizil armiyaning musulmon bo‘lmagan barcha qismlarini Turkistondan olib chiqib ketish masalasini ham ko‘targan edi. T.Risqulovning ushbu g‘oyalari TKPning V o‘lka konferensiyasi (1920 yil yanvar) da ham ma’qullandi. Musbyuroning III konferensiyasi “Turkiston muxtoriyati va Konstitutsiyasi haqidagi rezolyutsiya” qabul qildi. Ushbu hujjatda quyidagi takliflar bor edi [Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi…, 69-70 bb]:

  1. Besh viloyat – Sirdaryo, Yettisuv, Farg‘ona, Samarqand, Kaspiyorti viloyatlaridan iborat Turkiston qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, qipchoq, taranchi, tatar, dungan va boshqalardan iborat turkiy xalqlar (shuningdek, tojik, kelib chiqishi turk bo‘lmagan mahalliy yahudiylar hamda boshqa chetdan kelgan rus, armani, yahudiylar) mamlakatidir.
  2. RSFSR Konstitutsiyasining 2-moddasiga muvofiq, Turkiston muxtor respublikasi milliy sovet respublikasi hisoblansin, unda o‘z taqdirini o‘zi belgilovchi mahalliy xalq turkiy xalqlardir. Shu tufayli hududiy mazmun kasb etuvchi “RSFSR Turkiston Respublikasi” nomli “RSFSR Turk respublikasi” deb o‘zgartirilsin.
  3. Sovet Turk respublikasi o‘z davlat faoliyati va Konstitutsiyasini mahalliy aholining tarixiy, iqtisodiy turmush talablariga javob bera oladigan asosda qurishi lozim.
  4. Turkistonning besh viloyati o‘rtasidagi geografik chegaralar to‘siq hisoblanmasin.
  5. Turkiston Respublikasi Sovetlarining VI s’yezdida tasdiqlangan Konsitutsiyasi qayta ko‘rib chiqilsin…, mahalliy hayotga muvofiq keladigan, RSFSR mehnatkashlari va ezilgan xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi asosidagi yangi Kostitutsiya ishlab chiqilsin.
  6. Ezilgan xalqlar mehnatkashlarini baynalmilal jipslashtirish manfaatlarini ko‘zlab, turkiy xalqlarni tatar, qirg‘iz, boshqird, o‘zbeklarga ajratib bo‘lib tashlash va alohida mayda respublikalar tuzish uchun intilishlarga kommunistik tashviqot yo‘li bilan barham berilsin…

T.Rizqulov Moskvaga, RKP (b) MK va V.Lenin nomiga bir necha marta radiogramma orqali xabar yuborib bu rezolyutsiyani tasdiqlashni so‘radi. Ammo, ushbu rezolyutsiya Turkkomissiya tomonidan keskin qoralanib, T.Rizqo‘lov va uning tarafdorlari “milliy og‘machilik”da ayblanib, ularga “panturkist” tamg‘asi bosildi. 1920 yil 8 martda RKP (b) ning maxsus qarori bilan “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi va Turk respublikasi” tuzish haqidagi qaror noqonuniy ravishda rad qilindi. T.Rizqulovning Moskvaga, Lenin huzuriga shaxsan borib “Turkistonda davlat qurilishi to‘g‘risidagi Nizom” loyihasini taqdim etishi ham samarasiz tugadi.

1920 yilning iyun oyida Turkkomissiya tarkibidan RKP (b) Turkiston byurosi (Turkbyuro) ajralib chiqdi. Turkbyuro partiya tashkilotlari faoliyatini nazorat qilib, Turkkomissiyaning izdoshi sifatida mintaqada Markazning mustamlakachilik siyosatini olib bordi. Turkbyuro faoliyatini 1921-1922 yillarda Ya.Rudzutak, A.Ioffe, S.Gusev boshqardilar. 1922 yil may oyida Turkbyuro RKP (b) tomonidan O‘rta Osiyo byurosi qilib qayta tuzildi.

1920 yilning yozidan boshlab Turkiston respublikasida vaziyat keskin o‘zgardi. T.Rizqulov hamda uning tarafdorlari hukumatdagi mas’ul lavozimlaridan iste’foga chiqdilar. Hokimiyat tepasiga esa Turkkomissiya va Turkbyuroning xohishi bilan hisoblashadigan shaxslar keldilar. Faqat Markazning ko‘rsatmalari bilan ish olib boradigan Turkkomissiya Turkistondagi butun hokimiyat organlarini o‘z qo‘liga olib, respublikada yangi sovet mustamlakachilik tizimini o‘rnatishga harakat qildilar va afsuski bunga erishdilar. Natijada Turkiston ikkinchi marta Rossiyaning xom ashyo bazasiga aylandi.

Turkiston Respublikasi
Turkiston Respublikasi

Bolsheviklar o‘rnatgan sovet rejimi Turkiston xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy mustaqillikni ham bermadi. Mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmasligini anglab yetgan milliy vatanparvarlar qo‘lga qurol olib bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi istiqlolchilik harakatini boshlab yubordilar [Istiqlolchilik harakati haqidagi ma’lumotlar t.f.d. Q.Rajabov materiallari asosida berildi].

Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilib tugatilishi istiqlolchilik harakatining butun Farg‘ona vodiysida boshlanishiga turtki bo‘ldi. Bu kurash 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi. Shu yilning mart oyiga kelib Farg‘ona vodiysida bir-biridan mustaqil ravishda 40 dan ziyod qo‘rboshi dastalari faoliyat ko‘rsatgan. Mart oyining oxirlarida Farg‘onadagi Bachqir qishlog‘ida Farg‘onadagi butun qo‘rboshlarining birinchi Qurultoyi chaqirilib, unda Katta Ergash qo‘rboshi butun istiqlolchilik harakatining boshlig‘i qilib saylandi va unga “Amir al-muslimin” unvoni berildi. Uning o‘rinbosarlari qilib Madaminbek va Shermuhammadbeklar tayinlandi.

Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi-dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo‘lgan. 1918 yilning o‘rtalariga kelib, Farg‘ona vodiysida taxminan yuzga yaqin qo‘rboshilar o‘z dastalari bilan qizil armiyaga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15.000 yigit bor edi. 1919 yilning yozi va kuzida Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.

Bu paytda istiqlolchilar safiga rus krestyanlari armiyasining K.Monstrov boshchiligidagi Jalolobodda turgan qo‘shinlari qo‘shildilar (2 sentyabr). Sentyabrning boshlarida istiqlolchilar Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallab, Andijonni qamal qildilar. 1919 yil 22 oktyabrda Pomir etaklaridagi Ergashtom ovulida bo‘lgan istiqlolchilar anjumanida Madaminbek boshchiligidagi Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga mahalliy aholidan 16 kishi, yevropalik aholidan 8 kishi kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i va Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatining Oliy bosh qo‘mondoni etib saylandi.

1919 yilning kech kuziga kelib Madamindek qo‘l ostidagi 30.000 ga yaqin, Shermuhammadbek qo‘l ostidagi 20.000, Katta Ergash qo‘rboshining 8.000 ming yigitlari qizil armiyaga qarshi janglar olib bordi. Bu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar.

1920 yil 3 mayda Farg‘ona vodiysidagi butun qo‘rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumaanidagi G‘oyibota qishlog‘ida o‘zlarining navbatdagi qurultoyini o‘tkazdilar. Bu qurultoyda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyati yoki Turkiston muvaqqat hukumati tuzildi. Boymirza Hayitning yozishicha, hukumat tarkibiga 6 kishi kiritilgan bo‘lib, ular quyidagilar edi: Shermuhammadbek-hukumat raisi va Oliy bosh qo‘mondon; Mullajon Qori – xavfsizlik noziri; Akbarjon Eshon – Shayxulislom; Abdusalom Qori – hukumatning bosh kotibi; Nazirjon – moliya vaziri; Mulla Hoji Niyoz- maxsus ishlar noziri. Undan tashqari, 14 kishidan iborat harbiy idora mahkamasi ham tuziladi.

1922 yilning 15-20 aprelida Samarqand shahrida, yashirin holatda Turkiston musulmonlarining 2-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Kaspiyortidan nufuzli qo‘rboshilar ishtirok etgan ushbu qurultoyda Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyatining Muvaqqat Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Boymirza Hayitning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, qurultoyda Farg‘ona vodiysi istiqlolchilarining yo‘lboshchisi Shermuhammadbek katta ma’ruza qiladi. Qurultoy so‘nggida 7 bo‘lim va 36 moddadan iborat rezolyutsiya (Muvaqqat Konstitutsiya) qabul qilindi. Bu hujjat Turkiston o‘lkasidagi Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv, Kaspiyorti viloyatlari hamda Amudaryo bo‘limi endilikda, Turkiston turk-mustaqil islom jumhuriyati tarkibiga kiritilganligini qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Unda hukumat tarkibi 15 kishidan iborat bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Ushbu 15 kishi orasidan mamlakat Prezidenti, Vitse-prezidenti va Bosh kotib saylanishi hamda bu uch kishidan iborat Ijroya Qo‘mita tuzilib, ular poytaxtda doimiy ravishda ishlashi ko‘zda tutilgan edi. Hukumatning 5 ta a’zosi Farg‘ona viloyatidagi Namangan, Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qon, O‘sh tumanlarining harbiy boshliqlari etib tayinlanadigan bo‘ldi. Qolgan 7 kishi esa – harbiy, tashqi ishlar, ichki ishlar, pochta va telegraf, diniy ishlar, moliya, adliya, transport vazirlari qilib tayinlanishlari lozim edi. Ammo, bu hukumat 1922 yilning oxiriga kelib tarqalib ketdi. Chunki hukumat a’zolari o‘zlariga topshirilgan vazifalarni bajarish o‘rniga janglarda ishtirok etishga majbur bo‘lgan edilar.

Istiqlolchilik harakati 1920-1924 yillarda Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi. Buxoroda Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor, Davlatmandbek, Anvar posho, Jabborbek kabi qo‘rboshi va yo‘lboshchilar, Xorazmda Qurbon Mamed Sardor Junaidxon, Madrayimboy, Sa’dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek kabilar bu harakatga boshchilik qildilar.

Bohodir Eshov,
«O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi»,
Toshkent-2012

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 56 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan