Bosh sahifa » Toshkent-2200 » Toshkent-2200. Choch Turk xoqonligi tarkibida: shahar madaniyati taraqqiyotining ayrim sabablari

Toshkent-2200. Choch Turk xoqonligi tarkibida: shahar madaniyati taraqqiyotining ayrim sabablari

Ashina qabilasi tomonidan barpo etilgan Turk xoqonligi o‘zining harbiy va iqtisodiy qudrati tufayli qisqa fursatda Markaziy Yevrosiyo mintaqasining yirik imperiyalaridan biriga aylanadi. Garchi, mintaqaning bu yangi hukmdorlari o‘zlarigacha bo‘lgan davlat uyushmalaridan biri Juan-juan xoqonligi (402-555) dan bepoyon dasht hududlarini kuch bilan tortib olishga muvaffaq bo‘lsalar-da, faqat shuning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, birin-ketin dasht hududlariga chegaradosh vohalarni ham qo‘lga kirita boshladi. Ushbu vohalardagi hukmdorliklar esa qadimdan asosan o‘troq dehqonchilik turmush tarzi ustuvor bo‘lgan ko‘plab katta-kichik shahar va qishloqlarga ega edilar. Aynan shuning uchun ham, turk xoqonlari o‘z davlat chegaralarini kengaytira boshlagan dastlabki paytlardanoq, ana shu vohalarni bo‘ysundirishni o‘zlarining eng asosiy vazifalari etib belgilashadi.

Lekin turklardan avval mintaqaning janubi-g‘arbiy voha hududlarida Eftalitlar hukmronligi o‘rnatilgan ediki, bu hududlarni ularning qo‘lidan tortib olish xoqonlik uchun Juan-juanlarni yengganchalik oson kechmagan ko‘rinadi. Chunki turk qo‘shinlarining eftalitlar bilan harbiy to‘qnashuvi bu yerdagi ko‘plab shaharlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani haqidagi ma’lumotlar manbalarda saqlanib qolgan.

Ana shunday vohalardan biri bo‘lgan Chochni xoqonlik qo‘shinlari o‘zlarining g‘arbga yurishlari davomida birinchilardan bo‘lib qo‘lga kiritgan edilar. Bu paytda Choch hukmdorligi shimolda O‘tror (bitiktoshlarda Kangu Tarman), Isfijob (Sayram) atroflari, sharqda Iloq (Ohangaron) vodiysi, janubda Sirdaryoning o‘rta havzalari hamda janubi-g‘arbda Usrushona o‘lkasi bilan chegaralanuvchi hududlarni o‘z ichiga olardi. Aftidan, 560 yillardan e’tiboran xoqonlikka bo‘ysunuvchi mahalliy sulola tomonidan boshqarilgan Choch, VII asr boshlariga kelib, bir qator siyosiy kurashlar uchun sahna bo‘la boshlaydi. Xususan, Xitoy yilnomalari 605 yilda xoqonlikning asoschilaridan biri Istami yabg‘u avlodidan bo‘lmish bo‘lajak xoqon Sheguy (611-618) tomonidan Chochning mahalliy hukmdori o‘ldirtirilib, o‘rniga Ashina urug‘idan Dele Tyanchji (Tegin Tyanchji) ning boshqaruvga tayinlangani xususida xabar beradi.

Bugungi kunda Choch tarixiga oid ko‘plab yangi tadqiqot ishlarining yaratilayotgani ijobiy holdir, albatta. Xususan, yozma manbalar va numizmatik materiallar asosida Choch vohasining Turk xoqonligi bilan bog‘liq siyosiy va ijtimoiy tarixi yangicha ilmiy qarashlar asosida yoritilmoqda. Biroq, vohaning shahar madaniyati va umuman, urbanizatsiya jarayonlari masalasida esa haligacha avvalgi qarashlar ustuvorlik qilib kelmoqda.

Toshkent vohasining urbanizatsiya jarayonlariga eng ko‘p e’tibor qaratgan arxeolog olim Yu.F. Buryakov o‘zining uzoq yillik izlanishlari davomida vohadagi shahar madaniyatining rivojlanib borishini 5 ta bosqichga ajratadi. Jumladan, u VI asr o‘rtalaridan to VIII asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davr bilan belgilanuvchi Mingo‘rik bosqichida vohada shahar madaniyati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanini e’tirof etadi. Haqiqatan ham Chochda bu davrga oid jami 293 ta manzilgoh (shulardan 32 tasi shahar) arxeologlar tomonidan qayd etilgan bo‘lib, bu avvalgi davrlarga nisbatan shaharlarning soni 2,5 barobarga ko‘payganini ko‘rsatadi.

Shahar madaniyatidagi bu tarzdagi keskin o‘zgarish qanday omillar bilan bog‘liq edi, degan savol o‘ylashimizcha, hammasidan muhim bo‘lib, nima sababdan VI–VIII asrlardan avval ham, keyin ham vohada shaharlarning bunchalik yuksak darajadagi o‘sishi boshqa kuzatilmadi? Bu kabi savollar uzoq vaqtdan beri mutaxassislarning diqqatini tortib kelayotgani uchun ham unga har kim o‘zicha javob berishga harakat qilgan. Ular orasida qulay geografik joylashuv, dasht hududlariga yaqinligi tufayli savdo va iqtisodiy aloqalarning jadallashuvi, Buyuk ipak yo‘li tarmoqlaridan birining shu yerdan o‘tishi va u bilan bog‘liq tarzda tijorat markazlarining vujudga kelishi, tog‘kon sanoatining yuksalishi, markazlashgan davlat uyushmasining vujudga kelishi, chorvadorlarning o‘troqlashuvi, hukmdor markazlarining aynan shu hududlarda joylashuvi kabi qator omillar ko‘rsatiladi. Bularning hammasiga birma-bir to‘xtab o‘tirmagan holda, faqat ulardan biri, bizning nazarimizda, eng asosiylaridan hisoblanuvchi siyosiy jarayonlar, aniqrog‘i, davlatchilik va urbanizatsiya jarayonlarining bog‘liqligi omiliga o‘z e’tiborimizni qaratsak. Chunki yuqorida keltirilgan sabablarning aksariyati bevosita markazlashgan kuchli davlatning vujudga kelishi bilan bog‘liqdir.

Ma’lumki, sug‘orma dehqonchilik, demografik o‘sish, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi, tijorat va urushlar kabi bir qancha sabablar tufayli vujudga kelgan ilk shaharlar keyinchalik dastlabki davlatlar ko‘rinishini ola boshlagan. Shu paytda paydo bo‘lgan shahar va davlat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haligacha davom etib kelmoqda. Chunki shaharlar har qanday davlatning nafaqat iqtisodiy asosini, balki siyosiy va madaniy darajasini ham ko‘rsatib beruvchi eng muhim belgilardan sanaladi. Bu borada sivilizatsiya nazariyotchilarining u yoki bu xalqning sivilizatsiyaga mansubligini aniqlashda eng muhim belgilardan biri sifatida shaharni olishgani ham bejiz emas. Shundan kelib chiqib, masalani shu tarzda qo‘ysak: Turk xoqonligining mintaqada, xususan, Choch vohasidagi hukmronligi bu yerdagi shahar madaniyatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? YUqorida ko‘rib o‘tganimizdek, voha xoqonlik tarkibida bo‘lgan davrda shaharlarning o‘sishi o‘zining eng yuqori darajasiga chiqqan. Demak, avvaldan aytish mumkinki, bu jarayonlar shaharlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Lekin bunday ijobiy o‘zgarishlar qanday omillar evaziga ro‘y berdi va unda xoqonlikning roli nimalar bilan belgilanadi? Quyida aynan shu masalalarni tahlil etamiz.

Turfon va Oltoyda mohir metallurglar sifatida nom chiqargan turklarning Ashina urug‘i o‘z xoqonliklarining poydevorini tashkil etuvchi harbiy yurishlar muvaffaqiyati hamda barqaror iqtisodiyotni eng avvalo, tog‘-kon sanoati bilan bog‘liq ishlab chiqarish orqali ta’minlar edilar. Buni juda yaxshi anglagan turk xoqonlari doimo birinchi navbatda tog‘li hududlarni o‘zlashtirish bilan tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yo‘lga qo‘yish hamda shu yo‘l bilan o‘zlarining strategik maqsadlarini amalga oshirishga harakat qilganlar. Bu esa o‘z-o‘zidan Choch vohasining tog‘li zonalarida ko‘plab yangi manzilgohlarning vujudga kelishiga olib kelgan. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, bu davrda voha shaharlarida, ayniqsa, metallurgiya va metallga ishlov berish, qurol-yarog‘ va egar-jabdug‘ tayyorlash kabi hunarmandchilik sohalari jadallik bilan rivojlangan. Demak, voha shaharsozligi taraqqiyotida qadimdan asosiy rol o‘ynab kelgan metallurgiya sanoati turk xoqonlarining maqsadli siyosati tufayli yanada tezlashadi.

Choch vohasida ilk o‘rta asrlar, yana ham aniqrog‘i, VI asr oxirlarida vujudga kelgan Jabg‘ukat va Xotunkat shaharlari ham tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, Turk xoqonligi bilan bog‘liq ravishda qad ko‘targan bo‘lib, ular xoqon va uning ayoli – xotunning ma’lum vaqtlarda istiqomat qilishlari uchun mo‘ljallangan siyosiy markazlari edi. Qolaversa, ba’zi tadqiqotchilar vohaning shimoliy hududlarida shaharlarning o‘sishi va voha markazining Qanqadan arab manbalarida Madina ash Shosh deb tilga olinuvchi Mingo‘rik shahriga ko‘chirilishini xoqonlikning vohadagi noibi – turk tudunining Sirdaryoning o‘rta havzasidagi turkiy qabilalar bilan aloqalarni yanada kuchaytirishga qaratilgan faoliyati bilan bog‘laydilar. Turkiyalik san’atshunos olima E. Esin esa 605-819 yillarda turk tudunlarining o‘rda shahari Yunusobod Oqtepasi bo‘lgan, deb hisoblaydi. Biroq, bu soha mutaxassislari ushbu masalada biror-bir fikr-mulohazalarni bildirishmagan bo‘lib, faqat ushbu yodgorlikni ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyoning barcha vohalariga xos bo‘lgan zodagon qasri sifatida baholashgan. Demak, ushbu masala, qolaversa, vohadagi yana bir turkiy sulola bo‘lmish Choch Teginlarining shahar markazlari qayerda joylashganini aniqlash keyingi muhim vazifalardan sanaladi.

Biroq, nima uchun Choch, Sug‘d, Usrushona kabi o‘lkalarda aynan VI–VIII asrlarga kelib, qasr-sitadellar etagida saroy inshootlarini bunyod etish odatga aylangani haqidagi savol haligacha ochiq qolmoqda. Bu hol o‘sha davrga taalluqli yozma manbalar va moddiy-ashyoviy buyumlarda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, ayniqsa, turk-sug‘d an’analarining sintezi natijasida shakllangan mintaqaning tasviriy san’at yodgorliklarida yaqqol namoyon bo‘ladi. VI–VIII asrlarga oid hukmdor saroylariga ishlangan bunday devoriy rasmlar (Afrosiyob, Panjikent, Qal’ai Qahqaha, Shahriston, Quva, Ajinatepa kabilar) da o‘sha davr turk siyosiy hokimiyatining izlarini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur san’at asarlarida a’yon va jangchilar tasvirlari qadimgi turkiylarga xos bo‘lib, bu ularning kiyim-kechaklari, qurol-yarog‘lari va h.k.larida aniq ko‘zga tashlanadi. Ushbu ma’lumotlar, garchi, kelgusida yanada ko‘proq tadqiqotlarni talab etishiga qaramay, turk xoqonlari va ularning joylardagi boshqaruvchilari o‘zlariga siyosiy va ma’muriy markaz sifatida tanlagan joylarda yangidan yoki avvalgi kichik manzilgohlar o‘rnidan yirik shaharlar qad ko‘targan, degan dastlabki xulosalarni ilgari surish imkonini beradi (masalan, Farg‘onadagi Koson shahar xarobasining sharqiy qismi VI–VIII asrlarda qad ko‘targan).

Endi, qo‘yilgan masala bilan bog‘liq yana bir muammoga o‘tsak. Juda ko‘pchilik paleourbanologlar VI–VIII asrlarda mintaqada shaharlarning ravnaq topishini xalqaro savdo yo‘lining jadal rivojlanishi bilan bog‘laydilar. Agar e’tibor berilsa, Turk xoqonligi davrida Buyuk ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘i, ya’ni Sirdaryo–Tyanshan– Oltoy qismlari janubiy tarmoqqa nisbatan ancha rivojlangani ko‘zga tashlanadi. Buning sababi, eng avvalo, Eron Sosoniylari bilan o‘zaro diplomatik munosabatlarning buzilishi oqibatida xoqonlar tomonidan sug‘diy Maniax boshchiligidagi savdo va diplomatik elchilik hay’atining Vizantiya imperiyasiga yangi yo‘l orqali yuborilishi bo‘ldi. Ushbu elchilik missiyasi Yettisuv orqali Sirdaryo va Orolbo‘yi, u yerdan Mang‘ishloq orqali Kaspiybo‘yi va undan Shimoliy Kavkazga, Kavkaz tog‘laridan esa Vizantiya imperiyasining poytaxti Konstantinopol shahri (Istanbul)ga yetib borgandi. Bu hol, ushbu yo‘l bo‘ylab joylashgan eski shahar va manzilgohlarning yanada taraqqiy etishiga, yangi tijorat markazlarining esa tezlik bilan qad ko‘tarishiga sabab bo‘ldi. Choch vohasi ham aynan Shimoliy yo‘l bo‘yidagi muhim ahamiyatga ega hududlar qatoriga kirar edi.

Qolaversa, aynan shu hududlar, aniqrog‘i, Oltoy, Yettisuv va Chochda turk xoqonlarining markaz qarorgohlari joylashgan ediki, bu holat mazkur vohalardagi shaharsozlikning rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay iloji yo‘q edi. Vaholanki, Kushonlar va undan keyingi xoqonlikkacha bo‘lgan davlatlarning hukmronligi davrida Amudaryo va unga tutash hududlardan o‘tuvchi Janubiy tarmoq ancha taraqqiy topgandi. Ma’lumki, Kushonlar, Xionitlar, Kidaritlar, Eftalitlar kabi davlatlarning siyosiy markazlari asosan Janubiy yo‘nalish bo‘ylab joylashgan edi. Turk xoqonligining g‘arbiy qanoti markazlari esa, aksincha, Shimoliy tarmoqda tashkil topgandi. Demak, davlatlarning siyosiy markazlari xalqaro savdo va iqtisodiy hayotga ta’sir etibgina qolmay, urbanizatsiya jarayonlarida ham sezilarli rol o‘ynagan. Shu o‘rinda, asosiy boyliklar siyosiy markazga qarab oqqanligini nazarda tutish zarur.

Choch vohasi turk xoqonlarining tanga zarb qildiradigan markazlaridan biri ham bo‘lgan. Buni so‘nggi paytlarda Toshkent vohasidan topilayotgan ko‘pchilik tangalarning shu davrga oidligi tasdiqlaydi. Ushbu qimmatli numizmatik materiallarga tayangan holda, turk xoqonlari avvalgi eski qarashlardan farqli o‘laroq, o‘zlarining tangapullarini zarb ettirishgani haqidagi xulosalar hozirda tobora o‘zining ilmiy tasdig‘ini topmoqda. Bizga yaxshi ma’lumki, davlatlarning zarbxonasi qaysi shaharda yoki shaharlarda joylashgan bo‘lsa, o‘sha shahar va uning atrofidagi hududlar jadallik bilan taraqqiy etib borgan. Afsuski, hozircha Turk xoqonligining zarbxonasi aynan qaysi shaharda joylashgani aniqlanmagan bo‘lsa-da, topilayotgan numizmatik materiallarning aksariyati Chochdan chiqayotganligi sababli ham, bunday markaz Chochda bo‘lgan, deyish uchun to‘la asos bo‘ladi.

Xullas, yuqoridagi barcha ma’lumotlar bizga VI–VIII asrlarda mintaqa shahar madaniyati, xususan, Choch vohasi shaharlari taraqqiyoti asosan Turk xoqonligining shaharsozlik siyosati bilan bog‘liq edi, degan yangi xulosani ilgari surish imkonini bermoqda. Xo‘sh, turk xoqonlarining hamda ularning qo‘li ostidagi vohalarning bunday shaharsozlik siyosatidan manfaatdorligi nimada edi? Xoqonlar uchun, albatta, bunday manfaatlar birinchi navbatda yuqorida ko‘rib o‘tilgan harbiy ishlab chiqarish, hunarmandchilik, tijorat va siyosiy-moliyaviy markazlar bilan belgilansa, ularning tobelari uchun esa eng avvalo, bu mintaqaning yagona markazlashgan davlat qo‘li ostida birlashtirilishi bo‘ldi.

Markazlashgan hokimiyat mintaqada osoyishtalikni ta’minlaydi, bu esa o‘z-o‘zidan iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning jadallashuviga olib keldi. Xususan, ulkan mamlakatning iqtisodiy qudratini ta’minlovchi omillardan biri tijoratga davlat tomonidan homiylik qilinishi (davlat proteksiyasi) turk xoqonlarining xalqaro savdo bitimlarini tuzishi, yangi tijorat yo‘llariga asos solishi va ularning xavfsizligini ta’minlashi kabilarda o‘z ifodasini topgan. Bularning barchasi esa azaldan tijoratga mohir sug‘diy savdogarlarning karvon yo‘llari bo‘ylab o‘z tijorat faktoriyalariga asos solishlari uchun qulay imkoniyat yaratardi. Shuning uchun ham Markaziy Yevrosiyo mintaqasi tarixi bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab olimlar vohalarning Turk xoqonligi tarkibida bo‘lgan qariyb ikki asr vaqt davomida ularda nafaqat ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, balki, etnik-madaniy jarayonlarning jadallashuvi ham kuzatilganini yozishadi. Shu o‘rinda turkolog olim L.N. Gumilevning “faqatgina siyosiy birlashuv tijorat karvonlari, gullab-yashnagan bog‘-rog‘lar, hunarmandchilik ustaxonalari bilan to‘la shaharlarning xavfsizligini ta’minlay olishi mumkin edi. Ashina urug‘idan bo‘lgan turk xoqonlari mamlakatda zarur osoyishtalikni ta’minlaydi”, degan fikriga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q.

Xullas, Turk xoqonligida mavjud shahar madaniyati jahon tarixshunosligi uchun deyarli yangi mavzulardan biri bo‘lgani sababli ham, hali bu mavzuda qilinishi kerak bo‘lgan masalalar anchagina. Biroq, hozirdan shuni aytish mumkinki, Choch vohasida mintaqaning boshqa vohalari kabi qadimdanoq turkiy xalqlarning roli katta bo‘lgan. Buning birgina isboti vohaning eng qadimiy nomlaridan biri – Choch so‘zining qadimgi turkiy til asosidan yasalib, “tosh” (feruza toshi) ma’nosini bildirishidir. Agar, shu ma’lumotdan kelib chiqib, unga boshqa yozma, arxeologik va etnografikfolklor manbalari ham jalb etilsa, Toshkent vohasining qadimgi va ilk o‘rta asrlar davri tarixini qaytadan ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelishi oydinlashadi. Mana bu masala endi kelajakdagi tadqiqotchilar oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir.

M.M. Xatamova

Чач в составе Тюркского каганата: некоторые причины развития городской культуры

В статье проанализированы некоторые аспекты развития городской культуры Тюркского каганата на примере Чачского оазиса. В частности, рассматриваются градостроительная политика тюркских каганов, связанная с реформами в горнорудной промышленности, политические и административные центры каганов и их наместников, торговля и монетное дело. Обосновывается, что в период господства Тюркского каганата в регионе были обеспечены необходимые условия для развития городской культуры оазиса в результате создания централизованного государства.

M.М. Khatamova

Chach in structure of Turkic Khaghanate: some reasons of development of urban culture

In the article the author has tried to analyze some aspects of development of urban culture of Turkic khaghanate based on an example of Chach oasis. In particular, the town-planning policy of Turkic khaghans is considered in such areas as the reform of mining, political and administrative centers of khaghans and his representatives, trade and coinage. However, the most important is that during the domination of Turkic khaghanate in the region necessary conditions for development of urban culture of an oasis was supplied as the result of creation of the centralized state.

Foydalanilgan adabiyotlar:

Гумилев Л.Н. Древние тюрки. М., 1993. С. 152-153.

Бабаяров Г.Б. Древнетюркские монеты Чачского оазиса VI–VIII вв. Т., 2007; ўша муаллиф. Türk Kültürünün esas temelleri: Köktürklerde para sistemi // Bilim ve Utopya. Şubat, 2005 (Ïstanbul), Sayı 128, s. 16-24; Исхаков М., Камолиддин Ш., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики раннесредневекового Чача (III–VIII вв.). Серия «Рабочие документы ИФЕАК». Вып. 26. Ташкент, 2007.

Esin E. Orduğ (Başlangiçtan Selçuklulara kadar Türk Hakan şehri) // Tarih araştırmaları dergisi. Ankara Üniversitesi Dil-Tarih-Coğrafya Fakültesi, 6 (10-11), Ankara, 1972. S. 135-215.

Филанович М.И. Ташкент: зарождение и развитие города и городской культуры. Ташкент: Фан, 1983. С.117-118.

Филанович М.И. Взаимодействие элитных субкультур Согда и Чача в раннем средневековье // Самарқанд шаҳрининг умумбашарий маданий тараққиёт тарихида тутган ўрни. Самарқанд шаҳрининг 2750 йиллик юбилейига бағишланган халқаро илмий симпозиум материаллари. Тошкент-Самарқанд: Фан, 2007. С. 66.

Гюль Э.Ф. Диалог культур в искусстве Узбекистана. Античность и средневековье. Ташкент: PRINT-S, 2005.

Альбаум Л.И. Живопись Афрасиаба. Ташкент: Фан, 1975. С. 106-109;

Литвинский Б.А., Соловьев В.С. Средневековая культура Тохаристана (в свете раскопок в Вахшской долине). М.: Наука, 1985. С. 145-146;

Распопова В.И. Поясной набор Согда VII-VIII вв. // Советская археология. М., 1965. № 4. С. 78-91;

Аржанцева И.А., Иневаткина О.Н. Еще раз о росписях Афрасиаба: новые открытия, которым четверть века // Центральная Азия. Источники, история, культура. Материалы Межд. науч. конф., посвященной 80-летию Е.А. Давидович и Б.А. Литвинского. М.: Вост. лит., 2005. С. 118-144;

Arzhantseva I., Inevatkina O. Afrasiab wall-paitings revisited: new discoveries twenty-five years old // Royal Nauruz in Samarkand Proceedings of the Conference Held in Venice on the Pre-Islamic Paintings at Afrasiab. Rivista Degli Studi Orientali. Nuova Serie Vol. LXXVIII, Supplemento № 1 (2004). Ed. M. Comparetti, E. de la Vaissiere. PisaRoma, 2006. Р. 185-211.

Байпаков К.М. Средневековые города Казахстана на Великом шелковом пути. Алма-Ата: Гылым, 1998;

Buryakov Y.F., Baipakov K.M., Tashbaeva K.H., Yakubov Y. The citits and routes of the Great Silk Road (on Central Asia documents). Tashkent: IICAS, 1999;

Байпаков К.М., Шарденова З.М., Перегудова С.Я. Раннесредневековая архитектура Семиречья и Южного Казахстана на Великом шелковом пути. Алма-Ата, 2001. С. 30;

Буряков Ю.Ф., Грицина А. Мавераннахр на Великом шелковом пути.

Чайльд Г. Прогресс и археология. М., 1949. С. 29; Массон В.М. Первые цивилизации. Л., 1989. С. 8.

Буряков Ю.Ф. Из прошлого Чаткало-Кураминского промышленного района (К истории горной металлургии средневекового Илака): Автореф. дис… канд. ист. наук. Ташкент, 1966; ўша муаллиф. Горное дело и металлургия средневекового Илака. М., 1974; ўша муаллиф. Генезис и этапы развития … С. 140.

Бабаяров Г.Б. Древнетюркские монеты … С. 29; Байтанаев Б.А. Вопросы локализации Нуджикета // Новые исследования по археологии Казахстана. Труды научно-практической конференции «Маргулановские чтения-15». Алма-Ата, 2004. С. 67-70, прим. 25.

Буряков Ю.Ф. Археологические материалы к этнической истории бассейна Средней Сырдарьи в древности и средневековье // Материалы к этнической истории населения Средней Азии. Ташкент: Фан

Бобоёров F. Ўзбек халқи давлатчилиги тарихида Чоч воҳасининг тутган ўрни (Илк ўрта асрлар мисолида) // Ўзбекистонда миллий давлатчилик назариясининг тарихий-фалсафий ва ҳуқуқий асослари. Илмий-назарий мақолалар тўплами. Тошкент, 2005. 49-57-бетлар; ўша муаллиф. Чач в эпоху Тюркского каганата (по нумизматическим данным) // Ўзбекистон тарихи моддий маданият ва ёзма манбаларда. Ташкент, 2005. С. 203-205; ўша муаллиф. Древнетюркские монеты Чачского оазиса VI–VIII вв. Ташкент, 2007.

Буряков Ю.Ф. Динамическая и статистическая модель процесса урбанизации по материалам Ташкентского оазиса // Аскаров А.А., Буряков Ю.Ф., Квирквелия О.Р., Радзилиловский В.В. Теоретические и методологические проблемы исследования в археологии. Ташкент: Фан, 1988. С. 128, 134.

Буряков Ю.Ф. Генезис и этапы развития … С. 167-168.

Маргулан А.Х. Из истории городов и строительного искусства древнего Казахстана. Алма-Ата: Наука, 1950. С. 28;

Буряков Ю.Ф. Генезис и этапы развития … С. 47, 50; Байпаков К.М. Средневековая городская культура Южного Казахстана и Семиречья. Алма-Ата: Наука, 1986; ўша муаллиф. Средневековые города Казахстана на Великом шелковом пути. Алма-Ата: Гылым, 1998;

Байпаков К.М., Шарденова З.М., Перегудова С.Я. Раннесредневековая архитектура Семиречья и Южного Казахстана на Великом шелковом пути.

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 2. М.; Л., 1953. С. 273, 288;

Chavannes E. Documents sur les Tou-kiue (Turcs). Occidentaux // Сборник трудов Орхонской экспедиции. Вып. 4. СПб., 1903. Р. 140-142;

Малявкин А.Г. Танские хроники о государствах Центральной Азии. Новосибирск, 1989. С. 166, 270, коммент. 638.

Буряков Ю.Ф., Филанович М.И. Чач и Илак // Средняя Азия в раннем средневековье. Археология. Средняя Азия и Дальний Восток в эпоху средневековья. М., 1999. С. 78-92;

Буряков Ю.Ф. К истории раннесредневекового Чача // Ўзбекистон тарихи. 2002. № 3. С. 10-20; ўша муаллиф. Палеоэкологические и этнические процессы в контактных зонах Средней Азии в древности и средневековье (на примере бассейна Яксарта) // International Journal of Asian Studies, vol. 8, Seoul-Tashkent, 2003. С. 69-82;

Буряков Ю.Ф., Грицина А. Мавераннахр на Великом Шелковом пути. Самарканд-Бишкек: IICAS, 2006;

Мукминова Р.Г., Филанович М.И. Ташкент на перекрёстке истории (Очерки древней и средневековой истории города). Ташкент: Фан, 2001;

Ходжаев А. Наиболее ранние сведения китайских источников о государстве Шаш (Ташкент) // O’zbekiston tarixi. 2005. № 1. С. 3-17;

Ртвеладзе Э.В. История и нумизматика Чача (вторая половина III – середина VIII в. н.э.). Ташкент, 2006;

Шагалов В.Д., Кузнецов А.В. Каталог монет Чача III–VIII вв. Ташкент, 2006;

Исхаков М., Камолиддин Ш., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики раннесредневекового Чача (III-VIII вв.). Серия «Рабочие документы ИФЕАК». Вып. 26. Ташкент, 2007;

Kamoliddin S., Babajar G. Some Notes on the Titles of the Pre-Islamic Rulers of Chach // Archivum Eurasiae Medii Aevi. Tom 15 (2006/2007). Wiesbaden, 2007.

O‘xshash maqola

Облик Ташкента XIX века (взгляд приезжего)

Post Views: 381 Процесс накопления научных знаний длителен, сложен и подчас противоречив. Свой вклад в …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan