Bosh sahifa » Tarix » Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 yil to‘ldi. 1941 yilning 12 martida SSSR Xalq Komissarlari Soveti va VKP(b) Markaziy Komiteti “Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o‘tkazish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan. Oradan ikki oy o‘tgach, 1941 yil 15 iyunda go‘yo shu qarorga binoan, buyuk o‘zbek shoiri yashagan tarixiy davrni o‘rganish maqsadida Moskvadan bir guruh olimlar Samarqandga yetib kelgan.

Atoqli o‘zbek olimi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bo‘lajak birinchi prezidenti T.N.Qori Niyoziy rahbarligidagi bu ilmiy ekspeditsiya tarkibiga quyidagi olimlar kiritilgan edi: professor-antropolog L.V.Oshanin, tarixchi va sharqshunos professor A.A.Semyonov, Leningraddagi Ermitaj muzeyining taʼmirlovchisi V.N.Kononov, antropolog-haykaltarosh M.M.Gerasimov, arxeolog V.A.Shishkin va folklorshunos T.Zaripov. Samarqandda yashagani uchun yozuvchi Sadriddin Ayniy ham ekspeditsiya ishlaridan o‘qtin-o‘qtin xabar olib, maslahat berib turgan. Ulardan tashqari, qazish ishlariga yordam berish uchun bir necha oddiy ishchi, shuningdek, N.A.Kim rahbarligidagi kinohujjatchilar ham ekspeditsiya ishiga jalb etilgan.

“1941 yili, – deb yozgan edi Qori Niyoziy “Hayot maktabi” (1964) kitobida, – buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning tug‘ilganiga 500 yil to‘lishi munosabati bilan shoir yashagan va ijod qilgan zamonni o‘rganish maqsadida katta ishlar qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarori bilan ushbu satrlar muallifi rahbarligida Temur va temuriylarning (asosan Ulug‘bek va Temur) Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasini ochish ekspeditsiyasi tashkil qilindi. Ekspeditsiyaning asosiy vazifasi temuriylar haqidagi baʼzi bir tarixiy maʼlumotlarning to‘g‘riligini tekshirish, shuningdek, ular siymolarini bosh suyagiga qarab tiklashdan iborat edi (taʼkid bizniki – N.K.)”.

Temuriylar xilxonasining ochilishi bilan shug‘ullangan ayrim tarixchilarning fikrlariga qaraganda, ekspeditsiya oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar orasida temuriylar xilxonasida kimlar va qanday dafn etilgani, tarixiy manbalar va el-yurt o‘rtasida tarqalgan maʼlumotlar, rivoyatlar, mishmishlarning tarixiy haqiqatga qay darajada yaqinligini aniqlash, ekspeditsiya materiallari asosida ilmiy maqolalardan iborat to‘plamlarni nashr etish, eng mashhur temuriylarning bosh chanoqlarini o‘rganish va professor M.M.Gerasimov ishlab chiqqan usul asosida ularning portretini yaratish kabi masalalar ham bo‘lgan.

16 iyun kuni ekspeditsiya aʼzolari ilk bor to‘planib, xilxonani kimning sag‘anasidan boshlab ochish masalasini muhokama qilganlar. Ekspeditsiyani tuzish haqidagi qaror tagiga garchand O‘zbekiston hukumati rahbari imzo chekkan bo‘lsa-da, ekspeditsiya tarkibidagi har bir aʼzo Moskvada o‘rganilib, Moskvada tasdiqlangan edi. O‘zini ekspeditsiyaning eng nufuzli aʼzosi deb bilgan M.M.Gerasimov sag‘analarni bir boshdan, yaʼni Mirsaid Umar qabrini ochishdan boshlashni taklif etadi. V.A.Shishkin esa Mirsaid Umar va Mirsaid Barakaning qabrlariga tegmaslik lozimligini uqtiradi. Uning ekspeditsiya oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa Temur va temuriylar qabrlarini o‘rganish ekanligi, shuning o‘ziyoq ko‘p vaqtni olishi mumkinligi haqidagi fikri ekspeditsiyaning qolgan barcha aʼzolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Maqbaraning chekkarog‘idagi sag‘analardan biri Amir Temurning uchinchi o‘g‘li – Mironshohning sag‘anasi bo‘lib, “XX asrning go‘rkovlari” o‘z ishlarini 16 iyunda, ertalab soat 8 dan 35 daqiqa o‘tganida shu sag‘anani ochishdan boshlaydilar.

1366

yili dunyoga kelgan Mironshoh 14 yoshidayoq Xuroson hokimi etib tayinlangan va shu yillardan boshlab davlat boshlig‘i hamda lashkarboshi sifatida katta yutuq va g‘alabalarni qo‘lga kiritib, Amir Temurning farzandi bo‘lganligini sharaf bilan oqlagan. Ammo tarix saboqlari shuni ko‘rsatadiki, har qanday sarkarda va har qanday davlat rahbarining peshonasi umrining ikkinchi pallasida boshqa davlatlarning metin devorlariga tegib, mag‘lubiyat alamini boshdan kechiradilar. Tarixning bu sabog‘i Mironshohni ham chetlab o‘tmagan. Hamadondan Rumgacha, Darbanddan Bag‘dodgacha bo‘lgan yerlarni egallagan Mironshoh 1408 yil bahorida Ozarboyjon hududlarida turkmanlarning qora qo‘yli urug‘idan chiqqan Qora Yusuf va Sulton Ahmadning qo‘shinlari bilan jangda yaralanib, bevafo dunyodan boqiy dunyoga o‘tgan. G‘olib jangchi uni yaralabgina qolmay, shohning boshini tanasidan qilich bilan judo etib, ustidagi shohona libosi va qimmatbaho qurol-­yarog‘larini o‘lja olgan. Bu dahshatli voqeani eshitgan Qora Yusuf mashhur sarkardaning o‘limidan afsuslanib, uning jasadini hurmat bilan Samarqandga yuborgan.

Tarixchi Shishkinning ixtiyoridagi manbalarga qaraganda, Mironshohning jasadi Tabrizdan Shamsi G‘uriy degan darvesh hamrohligida Keshga keltirilib, shu yerda dafn etilgan. Keyin jasad Samarqandga ko‘chirib o‘tkazilgan. Gerasimovga ko‘ra esa, Mironshoh jasadi Tabrizdan to‘ppa-to‘g‘ri Samarqandga olib kelingan.

Tarixiy yozma va og‘zaki manbalarga qaraganda, boshqa aksar temuriylarning jasadlari ham uzoq yo‘llarni bosib, Samarqandga keltirilgan va shu jarayonda jasadlarda turli xil o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Tarixchi va arxeologlar uchun ana shu farqni ko‘rish, o‘tmishdagi tarixchilarning fikrlari bilan jasadlarning hozirgi holatidagi katta va kichik farqlarni aniqlash masalasi, ayniqsa, muhim bo‘lgan. Ular shunday farqlarni ko‘rib, yagona fikrga kelishlarida o‘zlarini tarix oldidagi xizmatlarini bajargan deb hisoblaganlar.

Ish shu tarzda boshlanib, 17 iyunda Mironshoh qabrini ochish davom ettirilgan. Podsho jasadi tobutdan chiqarilib, tozalanib bo‘lgach, Shohrux mirzo qabrini ochishga kirishilgan. 19 iyunda esa ekspeditsiya oldida turgan eng muhim ishlardan biri – Amir Temur qabrini ochish ishlari boshlangan.

Akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy hikoyasi

1941 yil 18 iyunda Ulug‘bek qabrini ochishning natijalari haqida qisqacha bayon etishni lozim deb topdim. Ulug‘bek qabri Go‘ri Amir Temur maqbarasining janub qismida joylashgan. Qabr ustidagi toshtaxta kulrang marmardan iborat bo‘lib, uning uzunligi 228 sm, kengligi shimol tomondan 88,6 sm, janub tomondan 83 sm, qalinligi 26 sm. Toshtaxtaning ostki-ustki qirralari tagidagiga qaraganda torroq. Toshtaxtaning osti 4,2 sm ko‘milgan. Uning ostki tomonining 14 sm.li chetlari 45°li burchak bilan qoldirilgan. Usti tekis toshtaxta ustiga qo‘yilgan bu marmar toshga quyidagilar yozilgan: “Nur bilan to‘lgan bu maqbara – jabrdiyda shahid va o‘z nasli bilan jannat ul-maʼni munavvar qilgan podshohi oliyning muattar ravzasidur, mag‘rur va marhum, olim va fozil xoqon, dini dunyo homiysi Ulug‘bek sultonning oxirgi orom manzilidur. Uning go‘riga Ollohning nurlari yog‘ilgay!..”

…Ulug‘bek jasadi quyidagi holatda topildi: boshi g‘arb tomonga siljitilgan va yuqoriga ozroq ko‘tarilgan. Uchta bo‘yin umurtqalari tabiiy holga keltirib ulangan. Bo‘ynining uchinchi umurtqasi tig‘i g‘oyat o‘tkir qurol bilan shart kesilgan. Pastki jag‘ tepaga qaragan holda, yuzi oldida. Qo‘l barmoqlari suyaklari va bilaklari qisman siljigan, ham aralashib ketgan. Tovon suyaklarining hammasi ham shunday almashtirib yuborilgan. Boshqa suyaklar tabiiy o‘zaro munosabatni saqlab qolganlar. Suyaklarning ko‘p qismi to‘qima gazmol qoldiqlari ostida. To‘qimaning bir qismi tobut tagida, boshi oldida, tananing o‘ng tomonida, oyoq va tovonlar oldida.  To‘qimaning yuqoridagi qavati odmi (qoramtir ko‘k) rangli bo‘lib, uning parchalari saqlangan. Uning kattaroq parchalari bosh tomonda, o‘ng biqinida va tovonlari oldida. Butun skelet ustida to‘qimaning mayda-mayda qoldiqlari bor. Bundan to‘qima yopilgan choyshabning qoldiqlari bo‘lsa kerak, degan tasavvur hosil bo‘ldi…

Ulug‘bek skeletidan ravshan ko‘rinib turibdiki, u o‘ldirilgan…

Arxeolog Amriddin Berdimurodov hikoyasi

20 iyun kuni hukumat ekspeditsiyasi aʼzolari Amir Temur qabrini ochish ishlarini davom ettirdilar. Butun jarayon suratga olinayotgani va hujjatlashtirilib borilayotgani uchun ish sekin davom etardi. O‘sha kuni lahadning ichida Amir Temurning archadan yasalgan tobuti ko‘rindi. Tobut ustida qoramtir ko‘kish rangli choyshab yopilgan bo‘lib, unga zarhal harflar bilan Qurʼondan keltirilgan oyat bitilgan. Tobutning yog‘ochlari silliqlangan baquvvat taxtalardan yasalgan, alohida qopqog‘i ham bor. To‘rt burchagidagi kalta oyoqcha uni yerga tegib turishdan asragan. Tobutni yasagan ustalar uni mustahkamlash uchun to‘rt burchakli temir magnitlardan foydalanganlar. Tobutning qopqog‘i ham archadan yasalgan bo‘lib, o‘rtasi qabariq qilib ishlangan. Oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lishiga va qabrlarni loyqa suv bosganiga qaramay, tobut anchayin yaxshi saqlangan. Tobutning qopqog‘i ustida ikki bo‘lakdan iborat choyshab parchalari uchradi. Choyshabning bosh tomonidagi qismida oltin iplar bilan naqsh solingan. Ipak choyshab yomon saqlangani uchun naqshlar butunicha aniqlanmadi. Lekin saqlangan qismiga qaraganda, naqshlar choyshabning yonboshiga tomon bir necha qator bo‘lgan. Choyshabning o‘rtarog‘ida oltin iplar bilan bitilgan arab imlosidagi yozuvlar bor.

21

iyun kuni ekspeditsiya ishtirokchilari Amir Temur qabrini ochishni davom ettirdilar. Tobutning qopqog‘i ustidagi gazlama qoldiqlari bilan ohista ko‘tarib olingach, chalqancha qilib yotqizilgan jahongir Amir Temur jasadi ko‘rindi. Atrofni allaqanday xushbo‘y hid qopladi. Bu yerda turganlar hiddanmi yoki hayratdanmi o‘zlarini birdan orqaga oldilar. Sohibqironning jasadi uzun qilib yotqizilgan bo‘lib, yuzi Makka tomonga qaratilgan edi. Suyaklarining baʼzi joylarida kafan qoldiqlari saqlangan. Uning boshi, bo‘yni, oyoq tomonlarida mo‘miyolangan muskullar, teri parchalari turardi. Jasadning ustki qismi loyqa va tuzlar bilan qoplanib yotardi. Bu qabrga kirgan suvning qoldiqlari edi. Ehtiyotkorlik bilan qabrdan olingan Temurning bosh chanog‘i uch soat davomida soya joyda quritildi. Shundan so‘ng bosh chanoqni kimyoviy usullar bilan mustahkamlash mumkin bo‘ldi. Bundan oldin bosh chanog‘ida saqlanib qolgan soch, soqol, mo‘ylov va qoshlarning qoldiqlari avaylab ko‘chirib olindi. Uning sochi va soqoli rangi sarg‘imtir, zanglagansimon tusda edi. V.Kononov uning sochi va soqolining rangi tabiatan shunday bo‘lganmi yoki bo‘yalganini aniqlash maqsadida kimyoviy usullar bilan tekshirib ko‘rdi. Amir Temur soch-soqolining rangi tabiatan shundayligi aniqlandi.

Temurning bo‘yi bir metru 70 santimetr bo‘lgan. Antropologlar bir qarashdayoq jahongir suyaklarida saqlanib qolgan kasallik alomatlarini aniqladilar. M.Gerasimovning fikricha, Amir Temurning o‘ng qo‘li tirsagidan bukilmaydigan bo‘lib bitib qolgan ekan. Lekin shunga qaramay, uning bu qo‘li yaxshi harakat qilgan. Temurning o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘idagi o‘zgarishlarni yana bir karra tekshirish uchun urush paytida Toshkentga evakuatsiya qilingan bir necha moskvalik professorlar ham jalb etildi. Jahongir suyaklarini professor A.Kryukov, I.Kassirinskiy hamda rostovlik jarroh N.Bogoraz diqqat bilan o‘rganib, o‘ng oyog‘ining tizzasi hamda o‘ng qo‘lining tirsak bo‘g‘ini suyak sili oqibatida bukilmaydigan bo‘lib qolgan, degan fikrni aytishgan. Lekin bu kasallik unda qachon yuz berganini aniqlashning iloji bo‘lmadi…

…Temurning bosh chanog‘ida qoshlari qoldiqlari ham saqlangan. Ularning uzunligi 12-14 millimetrgacha borib, to‘q kashtan rangida. Amir Temurning mo‘ylovi saqlanmagan bo‘lsa-da, M.Gerasimovning bosh chanog‘idagi o‘rniga qarab aniqlashicha, uning mo‘ylovi uzun, labidan pastga osilib tushib turgan. Jahongirning soqoli yaxshi saqlangan bo‘lib, qo‘ng‘ir-sarg‘ish tusda, sal-pal oq oralagan. M.Gerasimov sohibqironning tashqi qiyofasiga oid barcha belgilarni diqqat bilan o‘rganib, u yashagan davrning liboslari bilan yaqindan tanishib, portretini yaratdi.

Akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy hikoyasi

Ekspeditsiyaning asosiy obyekti bo‘lgan Amir Temurning maqbarasi o‘rta asr Sharqidagi meʼmorchilikning eng yaxshi namunalaridan biri bo‘lib, sanʼatkor xalq ustalarining ajoyib ijodidir. Bu yodgorlik, avvalo, formasining chiroyliligi va soddaligi, shu bilan birga, rang-barang va go‘zal naqshinkorligi bilan ajralib turadi. Binoning sakkiz qirrali asosi ustiga o‘rnatilgan silindr shaklidagi devorning tepasiga ko‘p qirrali naqshinkor gumbaz solingan. Binoning tagi esa marmar panel bilan o‘rab olingan. Panelning yuqori qismi to tepasigacha havorang, ko‘k va oq ranglar bilan sirlangan g‘ishtlardan iborat. Bu naqshinkor binoning tepasidagi ko‘kimtir-zangori rangdagi gumbaz g‘oyat go‘zalligi bilan ajralib turadi. Maqbaraning ichi ham juda yaxshi bezatilgan. Uning paneli ustida marmardan qilingan muqarnas karniz tilla va lojuvard bilan naqshlangan, ustida qatorda oyatlar yozilgan…

…Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda (Ibn Arabshoh), o‘z vaqtida maqbaraning ichi qimmatbaho narsalar bilan bezatilgan. Masalan, unda kumush va tilladan yasalgan qandillar, devorlarida qimmatbaho toshlar va oltin bilan bezatilgan asbob-gilamlar osilgan, yeriga esa gilamlar solingan. 1409 yili Shohrux Samarqandni bosib olganidan keyin uning amri bilan maqbaradagi narsalar shariatga xilof deb xazinaga topshirilgan.

*

Amir Temur maqbarasiga yaqin joyda choyxona bo‘lgan. Choyxonada shu mahallalik mo‘ysafidlar bir piyola choy atrofida o‘tgan-ketgan voqealarni eslab, turmushda ro‘y berayotgan gaplardan ham bir-birlarini xabardor qilib turardilar. Ular uchun Amir Temur maqbarasi Samarqandning eng muqaddas meʼmoriy obidasi edi. Moskvadan va Toshkentdan kelgan olimlaru ishchilarning Temuriylar xilxonasini ochib, ulug‘ ajdodlarimiz ruhlarini bezovta qilishi, ular nazarida o‘ta ketgan shakkoklik, musulmon dinining qonun-qoidalarini toptash, shayton nog‘orasiga o‘ynashdan boshqa narsa emas edi. Chollar ota-bobolaridan qolgan hikmatni eslab, “Temuriylar xilxonasini ochish aslo mumkin emas: urush boshlanadi. Xalq va mamlakat boshi falokatdan chiqmay qoladi”, deb qazish ishlarini to‘xtatishni talab qilishgan. Agar Samarqanddagi rahbar idoralar olimlar yordamida ekspeditsiyaning maqsadi xayrli ekanligini tushuntirmaganida bu voqeaning katta g‘alayonga aylanib ketishi hech gap emas edi.

Ammo samarqandlik mo‘ysafidlar karomatchi ekanlar. Oradan bir necha kun o‘tmay, 22 iyun, chorshanba kuni, insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush – Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketadi. Lekin ekspeditsiya go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, o‘z ishini davom ettiradi. Antropolog Gerasimov bir necha temuriylarning bosh chanoqlarini o‘rganib, byustlarini ishlaydi. 9 dekabrda Gerasimov yaratgan Amir Temur, Shohrux va Ulug‘bekning byustlari Toshkent shahrida muhokama qilinadi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlarning fikriga ko‘ra, Gerasimovning shu borada olib borgan ishlari antropologiya va haykaltaroshlik tarixida yangi sahifa edi.

“Nihoyat, 1941 yili sentyabr oyida, – deb yozadi professor Omonulla Fayzullayev “Qori Niyoziy” (2007) degan kitobida, – O‘zFAning katta zalida (Abdulla To‘qay ko‘chasi, 1) ilmiy majlis bo‘ldi. T.N.Qori Niyoziy raislik qildi. Kun tartibida bir masala – “Antropolog-skulptor M.M.Gerasimovning Amir Temur, Shohrux va Ulug‘beklarning suyaklari asosida bashara qiyofalarini (byustlarini) yaratganligi haqida hisoboti”.

Zal odamlar bilan to‘la, ko‘pchiligi Moskva va boshqa shaharlardan evakuatsiya qilingan olimlar. Men ham ishtirok etdim. Prezidium stolida Amir Temur, Shohrux va Ulug‘bekning Gerasimov yasagan byustlari. Maʼruzadan keyin savol-javoblar bo‘ldi. Masalan, astronom-akademik Mixaylov savol berdi:

– Qiyofadagi barcha organlarni suyakka qarab yaratdingizmi?

Javob:

– Quloqdan boshqasi. Quloqlari – mening ijodim”.

* * *

Xullas, ekspeditsiya o‘z ishini 1942 yilning kuzida tugatadi. 1942 yil 21 dekabrda tuzilgan aktga qaraganda:

“…4. 1942 yilning 16-17 dekabr kunlarida maqbaradagi qabrlarning qopqoqlari qaytadan yopildi.

5. 19-20 dekabr kunlari suyaklarni joylashtirish ishlari olib borildi. Suyaklar qazilgan paytida qanday uchratilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda joylashtirildi…

7. Bu ishlar tamom bo‘lgach, qabrlar ustidagi yozuvli toshlar qaytadan o‘z joylariga xuddi avvalgidek o‘rnatilib, ganch yordamida mustahkamlandi…”.

Yetti moddadan iborat aktni o‘qigan kishi Temuriylar xilxonasidan olingan har bir narsa – bosh chanoqlari, soch, soqol va mo‘ylov qoldiqlari, buyumlarni o‘z joyiga qo‘yilgan, deb o‘ylaydi. Lekin A.Berdimurodovning “Temuriylar xilxonasi” (1990) maqolasidan maʼlum bo‘lishicha, “Jasadlar qabrlarga qo‘yilgani bilan u yerdan olingan boshqa narsalar va jasadlarning mo‘miyolangan qismlari, kafan parchalari saqlash uchun olib qolingan. Adabiyot muzeyi arxividan topilgan qog‘oz qutida esa jahongirning sochi, soqoli va kiprigining qoldiqlari, kafan hamda tobutning ustiga yopilgan mato parchalari, Ulug‘bekning qabridan topilgan kiyimlarning qoldiqlari, Shohrux, Muhammad Sulton, Mironshohning mo‘miyolangan etlaridan parchalar”ning saqlanayotgani aniqlangan. L.Oshaninning ilmiy maqolalaridan biridan maʼlum bo‘lishicha, Mironshohning bosh chanog‘i M.Gerasimov tomonidan Moskvaga olib ketilganligi uchun uni tekshirishning iloji bo‘lmagan.

Bu so‘zlarga qo‘shimcha tarzda yana shuni aytish kerakki, M.Gerasimov shu yo‘nalishdagi ishlari tufayli SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shu munosabat bilan Moskva televideniyesi mashhur antropologning xizmat xonasidagi shkafga terib tashlangan bosh chanoqlarini ko‘rsatib, Amir Temurning shu bosh chanog‘i asosida uning byustini ishlagani haqida jo‘shib-ko‘pirib gapirgan. Oshkoralik va qayta qurish yillarida Moskvadan berilgan teleko‘rsatuvda esa Amir Temurning jasadi urush yillarida harbiy samolyotga solingani va bu samolyot hayot-mamot jangi ketayotgan Stalingrad ustida uch marta davra yasagani aytiladi. Shu voqeadan keyin Ikkinchi jahon urushi tarixida keskin burilish ro‘y bergan.

“Tabiiyki, – deb yozadi A.Berdimurodov, – Moskvaga faqat Mironshohning emas, boshqa jasadlarning ham bosh chanoqlari olib ketilgan. Ammo biror hujjatda ularning Moskvadan qaytarib olib kelinganligi haqida yozilmagan. Bu masalani to‘liq oydinlashtirishning faqat bitta yo‘li bor. Temuriylar xilxonasida olib borilgan qazish ishlari va qayta dafn etish jarayoni kinoga olingan”.

To‘g‘ri, suratga olingan. Ammo hamma gap shundaki, A.Kim va M.Qayumov boshchiligida suratga olingan 100 ming metrdan iborat plyonka allaqachon yo‘q qilib yuborilgan.

O‘tmishdagi Amir Temur singari buyuk davlat arboblari va sarkardalar sovet davlatining so‘nggi kunlariga qadar faqat qonxo‘r, xalq va mamlakat manfaatidan uzoq shaxslar sifatida talqin qilib kelingan. M.Gerasimovning ham Amir Temur bosh chanog‘ini o‘rganishdan maqsadi uning vahshiy, qonxo‘r davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish edi. Shu maʼnoda u o‘z maqsadiga to‘la erishgan.

O.Fayzullayevning yozishicha, M.Gerasimov 1971 yili Toshkentga atoqli olim Hamid Sulaymonning arxeolog o‘g‘li Rustam Sulaymonovning dissertatsiyasi himoyasiga opponet bo‘lib kelgan. Shunda Omonulla aka u bilan uchrashib, bunday savol bergan ekan:

– Amir Temur, Shohrux va Ulug‘bekning byustlarini yasaganingizga o‘ttiz yil bo‘libdi. Agar hozir: “Boshqatdan yasa”, deyishsa, o‘zgartirarmidingiz?

– Yo‘q! – deb javob bergan u.

Axir, siz u vaqtlari yosh, hali tajribasi yo‘q havaskor edingiz. Hozir tajribali professorsiz. Menimcha, Amir Temurning dahshatli qiyofasini o‘zgartirardingiz-ov?

Gerasimov: “Ha, u zamonlar o‘tdi-ketdi…”, degan.

M.Gerasimov: “U zamonlar o‘tdi-ketdi”, deganda nimani nazarda tutgan – bu bizga qorong‘i.

* * *

Ushbu maqola yozilganidan keyin O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan yaqin aloqada bo‘lgan rus yozuvchisi Viktor Vitkovichning “Hayot chambaragi” (“Krugi jizni”, M.,1983) kitobini varaqlar ekanman, “Bibixonim bilan uchrashuvim” degan lavha yana eʼtiborimni tortdi. Bu lavhada tasvirlangan voqea Xurshid Davronning ham bir asarida o‘z talqinini topgan. Lekin rus yozuvchisining Bibixonim bilan “uchrashuv”dan olgan taassurotiga ko‘p millatli vatandoshlarimiz ko‘proq ishonishlari mumkinligi uchun  V.Vitkovich kitobidagi  mazkur lavhani qisqartirib bersam.

Viktor Vitkovich hikoyasi

1946 yili Toshkentni kezib yurganimda allaqanday badiiy hunarmandchilik muzeyiga duch kelib qoldim. Muzey joylashgan uyni inqilobga qadar bo‘lgan davrda Polovsev degan bir odam qurgan ekan. Devor va shiftdagi rasmlarni, namoyish qilingan do‘ppi, libos, so‘zana…larni qiziqib tomosha qilar ekanman, meni muzey zallari bo‘yicha olib yurgan direktor: “Bibixonimni ko‘rishni istaysizmi?” deb qoldi. “Qaysi maʼnoda?” deb so‘radim. “O‘sha Bibixonim… Temurning katta xotini Saroymulk xonim” – javob berdi direktor.

Meni chetroqqa olib borib, choyshabni ko‘tardi va men usti oyna qopqoq bilan yopilgan tobutda kichkina ayolning yaxshi saqlangan jasadini ko‘rdim; libos parchalari, baxmal ayol libosi parchasi, yuzining u yoq-bu yog‘ida teri, qo‘lidagi tirnoqlar va sochi… oqargan soch tolalari qolgan edi!

– Qayerdan? – so‘radim hayratlanib.

1941 yili Temur maqbarasini ochishgan, shu bilan birga, Go‘ri Amirdagi o‘g‘illari, mashhur nabirasi Ulug‘bekning, ayni paytda maqbaradagi Bibixonim sag‘anasini ochishgan. Keyin Temur (uning o‘g‘illari va Ulug‘bek)ni ko‘mib, Bibixonimni vaqtincha muzeyda qoldirishgan, keyin esa unutib yuborishgan ekan.

– Nega shu paytgacha eslatmadingiz? – deb so‘radim.

– Qayta-qayta eslatdim. Hech kimning bosh qotirgisi kelmadi.

Toshkentdan ketib, uzoq yillar davomida bu g‘alati tushni eslab yurdim. Unga aytdim, bunga aytdim. “To‘qishga ustasan-a!” deyishdi. O‘zim ham shubhalanib qoldim. Ammo kutilmaganda Bibixonim tarixining nima bilan tugaganini O‘zbekiston qadimgi meʼmorchiligining bilimdoni L.M.Rempeldan eshitdim.

“Samarqand muzeyining Mamed Solihovich Yusupov degan direktori bo‘lardi. Hech kimga xalaqit bermay, tinchgina o‘z ishi bilan yashardi u. Bibixonimni Samarqandga ko‘chirish g‘oyasi uning es-hushini egallaganidan keyin tinch turolmadi. Toshkentga borishga ahd qildi-yu, shu bilan yo‘qolib ketdi. Idorama-idora yurib, Bibixonim xokini Samarqandga olib kelishga ruxsat berishlarini so‘rapti. Ruxsat olganidan so‘ng to‘kilib turgan jasadni aeroportga olib borish, samolyotga joylash, samolyotdan muzeyga olib borishning o‘zi uning sochini oqartirib yuboribdi.

Xullas, oradan bir necha kun o‘tganidan keyin Bibixonim qayta dafn etilgan va bu voqea 1948 yili bo‘lgan ekan.

*

Yuqorida bayon qilingan maʼlumot, xotira va fikrlardan so‘ng «Temuriylar xilxonasini ochish va Amir Temur davri tarixini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan komissiya o‘ziga yuklangan vazifani bajardi», deb aytishga til bormaydi. 1942 yil 21 dekabrda tuzilgan aktdagi… jumlalar qanchalik tantanavor jaranglamasin, ulug‘ zotlar xilxonasining buzilishi, Gerasimovning tajribalariga kerakli bosh chanoqlarini Moskvaga olib ketish, unutilgan jasadlarni esa do‘ppi, so‘zana, ko‘zalar namoyish qilingan muzeyning bir chekkasiga olib borib tashlash – bular o‘zbek xalqi tarixini oyoq osti qilish, shu xalqning charog‘bonlari xotirasini tahqirlashdan boshqa narsa emasdi.

Urush shabadasi kelib turgan bir paytda Moskvaning temuriylar xilxonasini ochishdan maqsadi temuriylardan qolgan boylikni tashib ketish va shu boylik evaziga harbiy qudratini mustahkamlash bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Naim KARIMOV,
akademik

“O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati” gazetasi,
2021
 yil 5 noyabr, 45 (4652)-son,
“Temuriylar xilxonasining ochilishi” maqolasi

O‘xshash maqola

Aleksandr Byornsning 1838 yilgi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar

Post Views: 166 Aleksandr Byornsning 1838 yil 01 fevraldagi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar Aleksandr …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan