Bosh sahifa » Toshkent tarixi » «Tarixi jadidayi Toshkand» asari haqida

«Tarixi jadidayi Toshkand» asari haqida

«Tarixi jadidayi Toshkand» – Muhammad Solihxo‘ja yozgan yirik tarixiy asar (2040 sahifa, 1863–90 yy.). Mazkur asar hozirga qadar ma’lum bo‘lgan maxsus Toshkent tarixiga bag‘ishlangan yagona tarixiy yozma manbadir.

«Tarixi jadidayi Toshkand» asarining uchta nusxasi ma’lum bo‘lib, uchala nusxa ham O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ulardan birinchisi muallif qo‘li bilan ko‘chirilgan 7791-raqamli nusxadir. Asarning nomi «Tarixi jadidayi Toshkand» deb atalishi mazkur nusxaning bir necha joyida ta’kidlanadi. Yana bir joyda esa «Tavorixi muntaxab» deb nomlangani aytilgan. Boshqa bir joyda esa «Tarixi viloyati Toshkand» deb tilga olinadi. Garchi mazmunan uchinchi nom asarga to‘g‘riroq kelsa-da, «Tarixi jadidayi Toshkand» nomini muallif ko‘p tilga oladi. Keyinchalik bu ilmiy adabiyotlarda asarning shu nom bilan mashhur bo‘lishiga olib keldi.

«Tarixi jadidayi Toshkand» asarida qadimdan boshlab umumiy tarixga oid juda katta davr qamrab olingan va shundan kelib chiqib, muallif barcha tarixchilar singari o‘zigacha bo‘lgan O‘rta Osiyo va Sharqning musulmon mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy tarixiga doir asarlardan keng foydalangan. Bundan tashqari, Muhammad Solihxo‘janing o‘zi ham Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligi bo‘ylab qilgan sayohatlari mobaynida asar uchun kerakli ma’lumotlarni to‘plab yurgan. Bu haqida muallifning o‘zi Muhammad Alixondan Sulton Sayidxongacha bo‘lgan voqealarni ko‘rgan ishonchli kishilardan eshitganlari asosida, keyingi davr voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib hamda bevosita voqea ishtirokchilari bo‘lgan suhbatdoshlari hikoyalari asosida yozganligini ta’kidlaydi.

«Tarixi jadidayi Toshkand» asari umumiy tarix uslubida yozilgan bo‘lib, Muhammad Solihxo‘janing o‘zi bir necha joyda asar muqaddima, 4 rukn va xotimadan iboratligini va muqaddimaning shartli ravishda 2 jildga bo‘linganligini ta’kidlaydi. Lekin aslida asarning tuzilishi muallif aytganidan ancha murakkabroq, muqaddimaning o‘zi yana bir qancha tarixiy davrlarga va qismlarga bo‘lingan. Asar fors-tojik tilida yozilgan.

Muhammad Solihxo‘janing ta’kidlashicha, u o‘z asarini «Ravzat us-safo» muallifi Mirxond singari qadimiy shohlar va sulolalar tarixidan boshlaydi. Shu sababli Muqaddimaning 1-jildi Odam ato davridan boshlab to 18-asrgacha (Markaziy Osiyo va unga qo‘shni mamlakatlar tarixi) bayon qilingan. Asarning umumiy tarix uslubida yozilishi hajmining ortib ketishiga sabab bo‘lgan.

Asarning 2-jildida Qo‘qon xonligi va unga qo‘shni hududlar tarixi, O‘rta Osiyo xonliklarining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi, Qo‘qon xonligining tugatilishi yoritilgan bo‘lib, 1282/1865–1866–1307/1889–1890 yillarda Toshkent shahri va Turkiston o‘lkasida yuz bergan voqea-hodisalar yilma-yil bayon qilingan.

Asarda Markaziy Osiyo tarixining boshqa sohalariga oid ma’lumotlar, jumladan, O‘rta Osiy tarixiga doir toponimlar – tog‘lar, daralar, dovonlar, daryo va ko‘l, sug‘orish tarmoqlari nomlari mintaqa toponimiyasi hamda tarixiy geografiyasini o‘rganishga doir muhim ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, tarixiy voqealar bayonida tilga olingan O‘rta Osiyoning tabiiy landshaftining o‘sha davrdagi holatini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar uchraydi. Xususan Toshkent toponimiyasini o‘rganishga oid ko‘plab joy nomlari tilga olinadi.

Bundan tashqari, asarda Qo‘qon xonligidagi harbiy mansab va unvonlar hamda ular egalarining imtiyozlari hamda vazifalariga oid ma’lumotlar mavjud.

«Tarixi jadidayi Toshkand»ning muhim qismi asardagi Toshkent shahri tarkibiga kiruvchi 4 daha – Shayxontohur, Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalari tavsifidir. Unda Toshkent shahrining tarixiy topografiyasi (shahar devori va darvozalari, mahallalar, mavzelar va ular bo‘ylab ketgan ko‘chalar, sug‘orish tizimiga doir ma’lumotlar) va Toshkent viloyati tarixiy-geografiyasiga oid ma’lumotlar ancha keng yoritilgan. Ular muallifning Toshkentda yashaganligi, shahar tarixini bilganligi sababli aniqligi bilan ajralib turadi va tarixiy o‘lkashunoslik nuqtai nazaridan ma’lum ilmiy ahamiyatga ega.

Asarda shahar tarixida muhim o‘rin tutgan asosiy inshootlardan 20 ta madrasa va ko‘plab masjidlar, 30 ga yaqin ziyoratgoh mozorlar, shaharning Yunusxo‘ja va Qo‘qon noiblari davridagi o‘rdalari, katta-kichik hammomlar, karvonsaroy, bozorlar hamda shaharda joylashgan turli inshootlarning qurilishi, joylashgan o‘rni, me’moriy tuzilishi batafsil yozilgan.

Bundan tashqari, Muhammad Solihxo‘ja asarning turli joylarida o‘z davrida Toshkentda yashagan 80 ga yaqin taniqli kishilar – davlat amaldorlari (shahar hokimlari va uning yordamchilari, qozilar, a’lam, muftiy va b.), tasavvuf ahli, mudarrislar va qisman qo‘shiqchi va sozandalar hamda mohir hunarmandlarning qisqacha tarjimai holini beradi.

Asarda keltirilgan Toshkent atrofi va viloyatining tarixiy geografiyasi, qazilma boyliklar va dorivor giyohlar to‘g‘risida yozganlari tarixchilar bilan birga geograflar, o‘simlikshunos va ma’danshunoslar uchun ma’lum amaliy ahamiyatga ega.

«Tarixi jadidayi Toshkand» bo‘yicha A.O‘rinboev, O.Bo‘rievlarning «Toshkent Muhammad Solih tavsifida» (Toshkent, Fan, 1983), O‘.A.Sultonovning «Muhammad Solihxo‘ja va uning «Tarixi jadidayi Toshkand» asari» (Toshkent, O‘zbekiston, 2007) kabi risola va kitoblar chop etilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Tarixiy suratlar. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston DAKT

Post Views: 567 Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat Akademik katta teatri suratlari (yili noma’lum)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan