Bosh sahifa » Islom » Tarbiya. Poklik – saodat kalitidir

Tarbiya. Poklik – saodat kalitidir

Bismillahir rohmanir rohiym!

«Olamlarning Robbi – Alloh pokdir!»
Naml surasi, 8-oyat

O‘zi pok, So‘zi pok, dini pok Robbimiz Alloh haq subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Pok dinning pok Payg‘ambari hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga pokiza durudu salavotlar bo‘lsin!

Biz g‘oyatda baxtli insonlarmiz. Zero, bizni Alloh taolo O‘ziga banda bo‘lishga loyiq ko‘rdi, O‘zining so‘nggi va mukammal kalomi nozil qilingan so‘nggi Payg‘ambariga ummat qildi, musulmon diyorda, musulmon oilada musulmon qilib dunyoga keltirdi. Dunyoga kelib, aqlimizni tanigach, oq-qorani ajratadigan bo‘lgachgina bu ne’matlarning naqadar ulug‘ligini, shukrini ado qilib bo‘lmas darajada benihoyaligini anglab yetdik. Bu dunyoda shirk, kufr, nifoq, hasad, yolg‘on, xiyonat kabi ulkan gunohlar borligini, bid’at-xurofot, shubha-gumon, irim-sirim kabi ma’siyatlar, jaholatlar borligini ko‘rgachgina, Alloh taolo bizni hali dunyoga kelmasimizdan bu kabi illatlardan poklab qo‘yganini tushundik. Ana poklik tufayli o‘zimizni dunyodagi eng baxtli insonlarmiz deb baralla ayta olamiz. Xo‘sh, poklik nima o‘zi? Keling, bugun ana shu go‘zal tushuncha haqida suhbat qilaylik.

Poklik, tozalik degan so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi barchamizga ma’lum. Ular hech qanday kir, zarar va shu kabi salbiy ta’sirlar aralashmagan holat yoki narsani anglatadi. Toza suv deganda rangi, hidi, ta’mi o‘zgarmagan suv tushunilsa, pokiza libos deganda toza yuvilgan, dog‘ tegmagan kiyim tushuniladi va hokazo. Bularning barchasi moddiy tozalikdir. Ammo ma’naviy poklik ham borki, bu poklik insonning ichki dunyosida, qalbida, ruhida bo‘ladi. Insonning asli, javhari, uning jismini, hatti-harakatlarini boshqarib turuvchi masdar esa ruhdir. Demak, uning moddiy pokligi ham ma’naviy poklikdan kelib chiqadi. Shuning uchun poklik deganda faqat moddiy yoki faqat ma’naviy poklikni keskin ajratib bo‘lmaydi.

Haqiqiy poklik, ham moddiy, ham ma’naviy poklikning qanday bo‘lishini esa bizga muqaddas Islom dinimiz o‘rgatadi. Zero, Islomning o‘zi poklik asosida bunyod bo‘lgandir. Shuning uchun biz poklikni bu dinning ikki masdari – pok Parvardigorimizning Kalomi hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan o‘rganamiz.

Islom dini insondan ham ma’naviy, ham moddiy poklikni talab qiluvchi ilohiy ta’limotdir. Masalan, bir buyumga, maxluqqa emas, o‘ziga o‘xshagan bir gunohkor bandaga emas, balki o‘zini ham, butun borliqni ham yaratgan Robbiga ibodat qilish ma’naviy poklik bo‘lsa, bu ibodatni najosat tekkan ahvolda, nopok kiyimda, iflos joyda emas, pokiza jism bilan, top-toza libos bilan, pokiza joyda ado etish moddiy poklikdir.

Xuddi shuningdek, halol yo‘l bilan topilgan pulga halol luqma yeyish, jismoniy ehtiyojlarni halol yo‘l bilan qondirish, bir odamga g‘araz yoki boshqa nopok maqsadlar bilan emas, xolis, pok niyat bilan yaxshilik qilish, xayr-ehson qilish, bu ibodatlarni minnat, riyo kabi illatlardan pok saqlash ham poklikdir.

Islomning besh ustunidan har biri chinakam poklik ramzidir. Iymon – qalbni shirk va kufrdan, shubhadan poklashdir. Tahorat, g‘usl va tayammum jismni kirdan, chang-g‘ubordan, najosatdan poklashdir. Namoz – o‘z-o‘zini fahshu munkar ishlardan poklashdir. Ro‘za – qalbni ma’siyatlardan, jismni isrofdan poklashdir. Zakot – mol-mulkni muhtojlarning haqqidan poklashdir. Haj va umra – insonning borlig‘ini bu dunyoning o‘tkinchi tashvishlaridan poklashdir.

Alloh taolo O‘zining benihoya hikmati bilan bandalarini poklanishga chaqirgan ekan, bu poklikka har qanday zamonda, har qanday makonda rioya qilish lozim va lobuddir. Badanni pok tutish ham, uyni toza tutish ham, tabiatni, atrof-muhitni toza saqlash ham poklik bo‘lganidek, yolg‘on, hasad, g‘iybat kabi ma’naviy illatlarni, o‘g‘rilik, riboxo‘rlik, poraxo‘rlik, ichkilibozlik, giyohvandlik, odam savdosi, qotillik, fitna-fasod kabi gunohlarni tark qilish ham poklikdir.

Katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday miqyosdagi poklik misli ko‘rilmagan xayr-baraka sabab bo‘lganidek, nopoklik ham umumbashariy qirg‘inlarga, ofatlarga, o‘latlarga sabab bo‘ladi.

Jismini, libosini, uyini pok tutgan inson sog‘lom bo‘ladi, niyati pok, mehnati halol kishining topgan-tutganiga baraka kiradi, el-yurt ichida hurmati baland bo‘ladi, turmushi osuda, hayoti mazmunli o‘tadi.

Ahvol aksincha bo‘lsa, buning oqibati qanchalik og‘ir bo‘lishi barchaga ma’lum. Zamonaviy ilm-fan rivoji tufayli ma’lum bo‘ldiki, kasalliklarning deyarli barchasi nopoklik tufayli tarqalar ekan. Yomon niyatli odam esa axiyri o‘zining boshini yer ekan. Bugungi kunda asr vabosi deb nomlangan dahshatli kasallik – OITS ma’naviy nopoklikdan kelib chiqani fikrimizning yorqin dalilidir. Aslida bunday kasallik paydo bo‘lishining o‘zi inson zoti uchun sharmandalikdir. Chunki koinotga parvoz qilayotgan, simsiz aloqani kashf qilib, butun dunyoni ulkan axborot omboriga, muloqot maydoniga aylantirayotgan inson o‘zining tiyiqsiz nafsini jilovlay olmay, o‘zining asliyatiga zid bo‘lgan razolat botqog‘iga botib, oqibatda ota-bobolarining yetti uxlab tushiga kirmagan bedavo dardga chalinib o‘tiribdi. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ma’naviy poklikning hayo, ibo, iffat kabi ko‘rinishlaridan uzoqlashishning ana shunday oqibatlarga olib kelishi haqida o‘n to‘rt asr muqaddam ogohlantirgan edilar.

Dunyodagi birinchi qotillikka ham aynan ma’naviy nopoklik – hasad sabab bo‘lgan. Ming afsuski, bu nopoklik hamon insoniyatning umriga egov bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunga kelib, Oyga, Marsga sun’iy yo‘ldosh uchirayotgan, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazayotgan inson o‘z qo‘li bilan misli ko‘rilmagan qudratga ega ommaviy qirg‘in qurolini yasab qo‘yib, endi uni yo‘qota olmay o‘tiribdi.

O‘zi o‘tirgan shoxni arralayotgan johil inson tabiatni payhon qilib, nafaqat o‘zi yashayotgan tuproqni, o‘zi ichayotgan suvni, hatto o‘zi nafas olayotgan havoni ham ifloslantirib, atrof-muhitni ekologik halokat yoqasiga keltirib qo‘ydi. Vaholanki dinimizda isrof taqiqlangan, hatto daryoning yoqasida o‘tirgan odamga ham tahorat qilishda suvni isrof qilmaslik buyurilgan. Bo‘lmasa, tahorat olishga qancha suv ketar edi? Shu ozgina suv bilan butun boshli daryoning suv kamayib qolarmidi? Demak, bu ilohiy ko‘rsatmani ramziy ma’noda anglashimiz kerak ekan. Alloh taolo «Shukr qilinglar, ziyoda qilaman» deb marhamat qilgan. Ne’matning shukri qanday bo‘ladi? Faqat tilda shukr aytish, bu ne’matni bizga kim berganini e’tirof qilish bilanmi? Yo‘q, albatta. Haqiqiy shukrona «Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar» degan oyatga amal qilish bilan kamoliga yetadi. Yo‘qolib borayotgan hayvonot, nabotot dunyosi, ichimlik suvi tanqisligi dunyo miqyosidagi bir necha asrlik isrofning oqibatidir.

Bugungi kunda turli siyosiy, milliy va hatto diniy sabablar ro‘kach qilinayotgan qonli urushlarning asl sababi ham misli ko‘rilmagan isrofgarchilik tufayli kamayib borayotgan quvvat va yoqilg‘i zahiralaridir. Alloh taolo bu had-hisobsiz yer usti va yer osti boyliklarini inson bir-birining ko‘zini o‘yib, talashib-tortishi, talon-taroj qilishi uchun bermagan edi, balki uni tejamkorlik bilan, oqilona tasarruf qilish, tinchlik, bunyodkorlik maqsadlarida foydalanish uchun ato etgan edi. Buni qarangki, moddiy va ma’naviy poklikka rioya qilmaslik bevosita va bilvosita ana shunday xatarli, ayanchli oqibatlarga olib kelar ekan. Bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi sizu bizga bu ajib dunyoni yaratib bergan pok Robbimiz Alloh taoloning birgina amriga – poklikka rioya qilmaganimizning oqibatidir. Poklik ana shunday olamshumul ahamiyatga molik masaladir.

Albatta, bir muammoning sabablarini aniqlash, uning oqibatlarini ko‘rsatib berish yaxshi. Ammo eng muhimi bu muammoning yechimlarini topish va uni bevosita amalga oshirishdir. Shunday ekan, bu borada biz musulmonlar, buyuk allomalar yurti bo‘lmish jannatmakon Vatanimiz fuqarolari nima qilishimiz kerak? Bizning vazifamiz – bu boradagi islohni avvalo o‘zimizdan, o‘z oilamiz, mahallamizdan boshlashdir. Buning uchun oilada farzandlarni ma’naviy va moddiy tozalikka, poklikka o‘rgatishimiz, avvalo qalbni, niyatni, maqsadni pok qilish, qolaversa, jismini, libosini, uy-joyini, mahallasini, yurtini pokiza, ko‘rkam, ozoda tutish, tabiatdan, atrof-muhitdan tejamli, oqilona foydalanish va uni kelajak avlodlar uchun avaylab-asrash ruhida tarbiyalashimiz lozim. Buning uchun xalqimizning ming yillik milliy-ma’naviy qadriyatlaridan, urf-odatlaridan unumli foydalanishimiz, o‘g‘il-qizlarimizni dinu diyonatli, insofli, mustaqil fikrli, g‘ayratli, shijoatli va bunyodkor insonlar qilib tarbiyalashimiz kerak.

Alloh taolo barchamizni ham ma’naviy, ham moddiy poklasin, ne’matlarining shukrini ado etishimizni, huzuriga sog‘lom qalb, pokiza vijdon bilan borishimizni nasib aylasin, omin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

O‘xshash maqola

Toshkentdagi Usmon Musʼhafi tarixi (2-qism). Qurʼoni karimning sahifalarga jamlanishi. Yetti xil qiroat

Post Views: 201 1-qismni o‘qish… Sura va oyatlar tartibi Shunday qilib, Qurʼoni karim Rasululloh sollallohu …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan