Bosh sahifa » Islom » Tarbiya. Farzandlar – qalblarimiz mevasi

Tarbiya. Farzandlar – qalblarimiz mevasi

Xohlagan bandasiga qiz farzand bergan va hohlagan bandasiga o‘g‘il in’om etgan yoki ularni o‘g‘il va qiz qilib aralashtirib bergan va xohlagan bandasini bepusht qilib yaratgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Bizning Sayyidimiz «Bolalaringizga odob bering va odobini chiroyli qiling» deb nasihat qilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, u kishining oila a’zolariga va ergashishlik va hidoyat topishlik yulduzlari bo‘lgan ashobi kiromlarga durudu salovotlar bo‘lsin.

Farzand – Allohning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan ne’matlari ichidagi bir ne’matdir. U dunyo hayotining ziynatidir.

Farzand qalb rayhonasi, gulidir. Yoshlik chog‘larida ularni erkalab ko‘nglimiz huzur qiladi. Katta bo‘lganlarida yordamlaridan bahramand bo‘lamiz. Vafot qilganimizdan keyin esa ularning sa’y-harakatlari tufayli nomai a’molimizdagi savoblarimiz ziyoda bo‘ladi.

Alloh taolo O‘zining Kitobida farzandlar dunyo hayotining, oila turmushining ziynati ekanini ta’kidlash bilan birga bolalar sababidan ota-onalarga yuklanadigan burch va mas’uliyatlarni ham eslatadi:

«Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz…». (Tahrim surasi, 6-oyat)

Ota farzandlariga o‘zining otasiga yaxshilik qilish bilan o‘rnak bo‘lmog‘i, ularni o‘z jonidan ham aziz ko‘rmog‘i lozim. Shundagina farzand otasining tutgan yo‘lidan yuradi, undan ta’sirlanadi, shu holatda unib-o‘sadi.

Alloh subhanahu va taolo barcha mavjudotlari kabi insonni ham juft qilib yaratgan. Shuning uchun ham odamzod ilk Payg‘ambar Odam alayhissalom va uning jufti haloli Momo Havvodan boshlab Allohning amri ila juft-juft bo‘lib yashaydilar, naslining davom etishi haqida bosh qotiradilar. Keyinchalik oila degan aziz bir qasr paydo bo‘ldiki, u odamlarning farog‘at va xotirjamlik, sadoqat va farovonlik makoniga aylandi.

Oila – har bir jamiyatning boshlang‘ich hujayrasi hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam va farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, notinchlik bo‘lsa, halol va haromning farqi qolmasa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, oqibatda tanazzulga yuz tutadi.

Shu boisdan eng mukammal din bo‘lmish Islom oilaning pokligi, kamoloti, osoyishtaligiga hamisha katta e’tibor bilan qarab keladi. Oilaning bosh hujjati sanalmish nikohni inson munosabatlari ichida eng muqaddas aloqa, deb hisoblaydi. Nikohsiz aslo oila bo‘la olmasligini qayta-qayta ta’kidlaydi.

Nikoh – Allohning amri bilan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan, mo‘min-musulmonlarning guvohligida bog‘lanadigan aqd bo‘lgani uchun muqaddas sanalgan.

Nikoh aqdi bog‘langach, ikki yosh birga yangi hayotga qadam qo‘yib birga yashay boshlaydilar. Tangri taolo nasib qilib farzand ko‘rsalar uni aqlli, fahmu farosatli, komil inson bo‘lishini har ikki yosh xohlaydilar.

Farzand inson qalbidagi eng oliy maqsadlaridan biri bo‘lib, ota-onalar o‘z hayotlarini shular orqali davom ettiradilar. Arab shoirlaridan biri Ahnaf ibn Qays: «Farzandlar qalblarimiz mevasi, bellarimiz tayanchidir. Biz ularga yurishlari uchun zamin va soyabon osmondirmiz»,- deydi.

Haq taolo o‘zining muqaddas kalomida:

«Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa (abadiy) qolguvchi yaxshi amallar savobliroqdir va orzuliroqdir (orzu qilishga arzirliroqdir)», deb marhamat qiladi. (Kahf surasi, 46-oyat)

Hazrati Fotima onamiz tug‘ilganlarida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu rayhonni Alloh hidlab turishim uchun rizq qilib berdi», deganlar.

Darhaqiqat, farzand hayot quvonchi hisoblanadi. Uni jajjiligida ko‘rib ko‘zlar quvonadi, ulg‘aygach uning ko‘magidan bahramand bo‘linadi, bizlar olamdan o‘tgach, ortimizdan qolib duoi hayrlar qilishadi.

Albatta, bu orzu istaklarimizni amalga oshirish uchun esa farzand tarbiyasi muhim o‘rin tutadi. Shariati Islomiyada bunga alohida e’tibor beriladi.

Olamlarning boshqaruvchisi Alloh taolo o‘zining kalomida bu borada tegishli pandu nasihatlar qilib oyatlar nozil qilgan bo‘lsa, u zotning elchisi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida marhamat qilib, uni hayotga ijro etib berdilar.

Ularning chiroyli tarbiya ko‘rishlari ortidan ota-onalariga rahmatlar kelib turadi. Oxirat kunida ham ota-onasi farzandining javobgarligidan xalos bo‘ladi.

Farzandga tarbiya berish eng avvalo oiladan boshlanadi. Ma’nan yuksak, go‘zal xulqqa ega ota-onalarning farzandlari ham go‘zal tarbiyali bo‘ladi.

Aziz farzandlarimiz o‘zlarining makorimul axloq kabi ulug‘ sifatlar bilan ziynatlagan holda ilm olishda, kasb-hunar malakalarini hosil qilishda, jamiyat va Vatanga xizmat qilishda zo‘r kuch va g‘ayrat sarflaydilar deb umid qilamiz.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bolalarni «Jannat rayhonlari», deb ataganlar. Ularning jannat rayhonlari bo‘lib yetishishlari esa o‘g‘il-qizlarimizning chiroyli xulqli, diyonatli, el-yurtiga sadoqatli, millatiga munosib etib tarbiyalashga bog‘liq. Shunday ekan, Alloh taolo barchalarimizni farzandlar tarbiyasi haqida hamisha o‘ylaydigan insonlardan qilsin, ularni Vatanga, xalqimizga, dinimizga munosib kishilar qilib tarbiyalashda tavfiq va himmat ato etsin, farzandlarimizning ikki dunyo saodatiga musharraf aylab, solih mo‘minlardan bo‘lishlarini nasib aylasin.

Alloh taolo barchalarimizni hidoyatidan adashtirmasin! Vatanimizni tinch, osmonimizni musaffo aylab, turli xil baloyu ofatlardan O‘z panohida saqlasin!

Abdurahmon ASTANOYEV

Toshkent viloyati Zangi ota tumani,
«Ramadon»  jome masjidi imom-xatibi

O‘xshash maqola

Toshkentdagi Usmon Musʼhafi tarixi (2-qism). Qurʼoni karimning sahifalarga jamlanishi. Yetti xil qiroat

Post Views: 195 1-qismni o‘qish… Sura va oyatlar tartibi Shunday qilib, Qurʼoni karim Rasululloh sollallohu …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan