“Taraqqiy” – jadidlar gazetasi. 1906 yil 14(27) iyundan Toshkentda chop etilgan. Noshiri va muharriri – Ismoil Obidiy. “Taraqqiy” tom maʼnodagi ilk milliy nashr hisoblanadi. Uning sahifalarida chor Rossiyasining Turkistonda olib borayotgan mustamlakachilik siyosatini dadillik bilan fosh qilishga bag‘ishlangan maqolalar, xabarlar va maʼlumotlar bosilgan.
“Taraqqiy”da bosilgan felyeton va boshqa materiallarda tanqidiy yo‘nalish, fosh qilish ruhi kuchli bo‘lganligi uchun u o‘sha davrning eng ommaviy nashriga aylangan va jamoatchilik fikriga katta taʼsir ko‘rsatgan. Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, So‘fizoda, Nozimaxonim, Bahrombek Davlatbekov, Shokir Muxtoriy, Zarif Xoliqiy va boshqalarning ommaga milliy ozodlik, taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib va tashviq qiluvchi asarlari “Taraqqiy” sahifalarida bosilib turgan.
“Taraqqiy” tutgan yo‘l, gazetaning maslagi va maqsadi, unda chop etilgan asarlardagi o‘tkir tanqidiy ruh mustamlakachi maʼmurlarga maʼqul kelmagan. 19 soni chiqqanidan so‘ng “Taraqqiy” yopib qo‘yilgan. Muharriri qamoqqa olinib, gazetaning mol-mulki musodara qilingan. “Taraqqiy”ning ilk soni chiqqan 27 iyun 1993 yildan buyon mamlakatimizda «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni» sifatida nishonlanadi.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil