Bosh sahifa » Sulola » Dolimovlar shajarasi » Sulola. Dolimovlar shajarasi. Rustambek hoji Norbek o‘g‘li

Sulola. Dolimovlar shajarasi. Rustambek hoji Norbek o‘g‘li

Endi ikki-uch og‘iz so‘z bobokalonimiz Norbek Xaytabek o‘g‘lining uchinchi farzandi, Muhammadaminbek hojining ukasi Rustambek hoji va uning farzandlari Hasanbek va Husanbeklar haqida. Rustambek 1845 yilda tug‘ildi, katta savdogar bo‘lib yetishdi, ko‘proq G‘ulja, Koshg‘ar, O‘rimchi shaharlari bilan savdo aloqalari o‘rnatgan va bu shaharlarga tez-tez borib turgan. Rustambekning birinchi oilasi Norxonbibi baland bo‘yli, nihoyatda ko‘rkam ayol bo‘lgan, deyishardi, undan Hakimbek ismli farzand ko‘radi, ammo u bir yoshga to‘lmay vafot etadi. Undan keyin Norxonbibidan farzand ko‘rmaydi. Rustambek hamma udumlarga amal qiladi: 40 kun Ahmad Yassaviy qabri poyida chilla o‘ltiradi ham, ammo natija bermaydi. Buning ustiga Norxonbibi kasallikka chalinib, bukur bo‘lib qoladi va boshqa farzand ko‘rmasligi aniq bo‘ladi.

Rustambek keyingi safar savdo ishlari bilan G‘uljaga borib, akasi Muhammadaminbek topshirig‘iga binoan u yerda Oyimxon Uyg‘ur (ismiga “Uyg‘ur” so‘zini qo‘shib aytishar ekan) ismli qizga uylanadi, 3-4 yil G‘uljada yashab, 1880 yillarning o‘rtalarida Hasanbek va Husanbek ismli egizak farzandlar bilan Toshkentga qaytadi. Uzoq yillar davomida ikki kundosh – Norxonbibi va Oyimxon Uyg‘ur nihoyatda inoq yashashgan: “Oyimxon tug‘adi, Norxon tarbiyalaydi” deyishar ekan qarindosh-urug‘lar. 1890-yillarning boshlarida Ahmadbek ismli uchinchi farzand ko‘radi. Uyg‘ur xotinlarining nihoyatda pazanda bo‘lganini, ayniqsa, manpar, manti, lag‘mon kabi asli xitoycha-uyg‘urcha taomlarni qotirib tayyorlashini ham aytishardi. Hasanbek va Husanbek amakivochchalari Komilbek va Karimbeklar bilan birga rus-tuzem maktabida o‘qiydilar.

Adam Subutoy Dolimovning aytishlariga qaraganda, Hasanbek va Husanbeklar ham kattagina ishbilarmon boylardan bo‘lib yetishadilar, dastlab charm savdosi bilan shug‘ullanadilar. Husanbek 1905 – 1910-yillarda Istanbulda o‘qishni davom ettiradi, shuningdek, Turkiya bilan tijorat ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Ammo aka-ukalar ancha man-manlikka, hashamatga berilgan, dimog‘dor odamlar bo‘lib yetishadilar. Ular katta amakilari Muhammadaminbekdan ancha oldin otalari Rustambekni haj safariga yuboradilar. Ota safardan qaytib kelgunga qadar bir yarim-ikki yil ichida Sag‘bondagi Norbek buvasidan qolgan hovlini tubdan buzib tashlab, otasi Rustambekning butun dastmoyalarigacha sarf qilib, yangitdan hashamatli hovli va binolar qurdiradilar, nihoyatda chiroyli qilib bo‘yoqdan chiqaradilar: har bir xonaga Rustambek hoji va o‘zlari ko‘rgan shaharlardagi eng go‘zal imoratlarning rasmlarini chizdiradilar. YAqin-yaqingacha ularning uyidagi bir xonada Tojmahalning nihoyatda katta va chiroyli ishlangan rasmi bo‘lar edi. Natija shunday bo‘ldiki, Rustambek hoji “sinib”, uyga kirib qoladi, bu voqyea Rustambek hojini ancha munkitib qo‘yadi. Hasanbek va Husanbeklarning bunday nomuborak fe’l-atvori keyingi ukasi Ahmadbek axloqiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Dolimbekning qizi – Ahmadbekning xotini Manzura va uning farzandlari fojiali qismati ham shu oilaning nomatlub axloqi bilan bog‘liq edi.

1964 yilda Karimbek otam Hasanbek va Husanbeklarning ularga, ya’ni Komilbek va Karimbek buvalarimga ko‘rsatgan ba’zi bir nojo‘ya ishlari haqida gapirib bergan edilar: “Rustambek amakimning o‘g‘illari Hasanbek va Husanbek akamlar bilan o‘ris maktabini tugatganimizdan keyin 5 – 6 yil birgalikda savdo ishlari bilan shug‘ullandik, chunki ular juda ishbilarmon, yo‘l-yo‘riqni yaxshi biladigan, chaqqon savdogarlardan edilar: dastlab ular otalari kabi G‘ulja, Koshg‘ar va O‘rimchi shaharlari bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishgan, Rusiya, Polsha, Germaniya Turkiya savdo markazlari bilan bizdan  oldinroq aloqa o‘rnatishgan, uyerdan xalqimiz ehtiyojiga kerakli mollarni uzlukiz olib kelib turishar edi. 1907 yilda Hasanbek akam bilan Komilbek akam savdo ishlari bilan Germaniyaga birga boradigan bo‘lishdi, ketadigan kunlarini ham belgilashdi, poyezdga chiptalar ham olishdi. Belgilangan kuni Komilbek akam ketishga tayyor bo‘lib, ularning uyiga odam chiqarsalar, ular Germaniyaga ketganiga bir hafta bo‘lgan ekan. Shunda akam meni o‘zi bilan birga Germaniyaga olib ketdi. Berlinda charm firmasi boshlig‘i bilan shartnoma bo‘yicha gaplashdik va molni olib ketish uchun kelganligimizni aytdik, chunki oldin katta miqdorda pul o‘tkazilgan edi-da. Firma boshlig‘i shartnomadagi hamma molni Norbekov (Hasanbek va Husanbek)lar olib ketganini aytdi. Biz voqyeani tushuntirganimizdan keyin firma boshqaruvchisi Hasanbek Norbekov qilgan ishidan hayron bo‘lib, quruq ketmasligimiz uchun keragicha molni Varshava firmasidan olib berishga va’da berdi. Akam menga Toshkentga tezda qaytib, voqyeani tushuntirish, olib kelgan molning yarmini bizga berish yoki bermasligini va shunga yarasha Komilbek akamning ish tutishini Hasanbekka aytishni buyurdi. Amakivochchalarimizning bu ishlarini zinhor adamga aytmaslikni, ularni tashvishga solmaslikni tayinladi. Men Toshkentga kelib, Hasanbek akamga voqyeani tushuntirdim. U olib kelgan molidan biror qismini ham berolmasligini aytdi. Bularning hammasini Germaniyada kutayotgan akamga telegramma orqali aytdim. Natija shunday bo‘ldiki, akam Toshkentdan olib ketgan bank chekiga Hasanbek akam olib kelgan charmga nisbatan ancha ko‘proq va sifatliroq charm olib keldi. Ammo akam amakivochchalarimiz qilgan bunday nopok ishlaridan qattiq ranjiganini aytdi:

– “Sheriklik oshini it ichmas” deb xalqimiz juda to‘g‘ri aytgan ekan, uka. Karimbek, bilib qo‘y, bundan keyin sen, Dolimbek akam bilan har qanday ish bo‘lsa, birga bamaslahat qilamiz, ammo amakivochchalar bilan birga sheriklik ish qilmaymiz. Ularning bu ishi hasaddan boshqa narsa emas. Mayli, ular Germaniya firmalari bilan ishlayverishsin, biz Varshava firmalari bilan hamkorlik qilamiz, men ular bilan katta shartnoma tuzib keldim, – dedi.

Amakivochchalarimizning bu yaramas ishlari biz uchun katta saboq bo‘ldi, chunki bunday nopok ishni hatto begonalar ham qilmaydi-da. Savdo-sotiq ishi esa nihoyatda pokizalikni, to‘g‘rilikni talab qiladi”.

Husanbek Norbekovning o‘g‘li Baxtiyorbek Husanov (1923 – 2012) ma’lumotlariga qaraganda, Rustambek hojining ancha ishbilarmon, tadbirkor o‘g‘illari Hasanbek va Husanbek Norbekovlarning taqdiri ham sho‘rolar davrida fojiali kechdi. Ular 1927 yildayoq qamoqqa olinib, mol-mulklari, uy-joylari, do‘konlari tortib olindi, farzandlari turli qarindosh-urug‘larinikida quvg‘inda yashashga majbur bo‘ldi. Hasanbek surgunda Irkutsk ko‘mir konida ishlab, 1930 yilda turmada, Husanbek esa 1936 yili Zarafshon turmasida vafot etdilar, qabrlarining qayerdaligi ham noma’lum. Ularni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

O‘xshash maqola

Sulola. Dolimovlar shajarasi. 20-30-yillar

Post Views: 204 1924 yilda Dolimbek uchinchi farzandi Nasira (1902 – 1984)ni Muhammad Solih (kelajakda …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan