Bosh sahifa » Sulola » Dolimovlar shajarasi » Sulola. Dolimovlar shajarasi. 4-qism. Muhammadaminbek hoji masjidi

Sulola. Dolimovlar shajarasi. 4-qism. Muhammadaminbek hoji masjidi

1912 yili aka-uka Dolimbek, Komilbek va Karimbek Norbekovlar otalari Muhammadaminbekni muborak haj safariga kuzatadilar. Karimbek otamning aytishlariga qaraganda, Muhammadaminbek Eron yo‘li bilan Istanbulga keladi va o‘zbeklarning Sultontepadagi eng e’tiborli takyasiga joylashadi. U yerda ta’lim olayotgan o‘zbek talabalariga iona ulashadi, bir necha oy yashab, Turkiyaning Izmir, Bursa shaharlarida bo‘ladi, qadamjolarni ziyorat qiladi. So‘ngra Misrning Qohira shahrida mashhur al-Asg‘ar madrasasida bo‘ldi. Saudiya Arabistonida musulmonlarning muqaddas shaharlari Makkai Mukarramani ziyorat qiladi va Madinai Munavvarada haj amallarini bajaradi. Ota safar davomida Rusiyaning Tiflis, Boku, Qrimning Bog‘chasaroy, Simferopol, Odessa singari taraqqiy etgan musulmon shaharlarida bo‘ladi va katta taassurotlar bilan bir yarim yil davom etgan safaridan o‘z vataniga qaytadi. Endi Muhammadaminbek o‘g‘illarining ma’rifatparvarlik, Vatan obodonligi, xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan ishlariga katta xayrixohlik bilan qaraydi, o‘zi ham bunday ishlarda ularga madadkor bo‘ladi.

1914 yili Ma’dambek o‘g‘illari Komilbek va Karimbek II Sag‘bon mahallasida kattagina masjid (sho‘rolar davrida uzoq yillar “Hurriyat” ko‘chasidagi Buxgalteriya texnikumi faoliyat ko‘rsatgan bino bo‘lib, Mustaqillikning dastlabki yillarida qayta ta’mirlandi va masjid holiga keltirildi) qurdiradi. Masjid ichida usuli jadid maktabi uchun ikki katta xona ajratiladi. Bu maktabning dovrug‘i Sag‘bon va qo‘shni mahallalarga tez tarqaldi. Derazalari ko‘chaga qaragan yorug‘ ikki xona bo‘yralar o‘rnida partalar, stol-stullar, devorlarida xaritalar, kurrai arz, katta qora taxta bilan jihozlandi, hatto o‘quvchilar zamonaviy darsliklar bilan maktab tomonidan ta’minlanadi, tarix, hisob, jug‘rofiya, handasa kabi darslar o‘qitiladi, qishda xonalar golland pechkasi bilan isitiladi. Bularning hammasi taraqqiyotdan butunlay uzilib qolgan Sag‘bon va qo‘shni Chig‘atoy, Qo‘shtut, Qilbelbog‘, Yov kabi mahallaliklar uchun ochilgan birinchi usuli jadid maktabi edi. “Muhammadaminbek hoji masjidi” deb nomlangan bu masjid sho‘rolar davrigacha o‘zining muqaddas vazifasini ado etdi. Shu 1914 yili Karimbek Norbekov masjid qoshidagi usuli jadid maktabiga o‘quvchilar qabul qiladi va Abdulla Avloniy shogirdi, beshog‘ochlik jadid domlasi G‘ulom Qodirni muallim etib tayinlaydi. Maktabni o‘quv qurollari bilan ta’minlash, iqtisod bilan bog‘liq hamma muammolarni Karimbek o‘z zimmasiga olgan. Bu maktabning e’tibori kun sayin oshib bordi, qo‘shni mahallalardagi eski maktab o‘quvchilari yangi maktabga birin-ketin o‘ta boshlaydilar. Ko‘pgina eski maktabdorlar, shu jumladan, Kabir domla ham dovrug‘li maktabni kelib ko‘rdi, yangi, yosh domlaga oq fotiha berdi va qolgan-qutgan besh-olti nafar talabasini ham shu maktabga topshirdi. Bu haqda eski va yangi maktablarda o‘qitish usullarini yaxshi bilgan adam Subutoy Dolimov quyidagilarni yozib qoldirgan edilar: “Meni otam 1913 yilda mahallamizda anchadan beri o‘qituvchilik qilayotgan Kabir domla maktabiga o‘qishga berdi. Domlam ancha yumshoq tabiatli odam bo‘lib, bolalarni urmas, urushmas, yaxshi muomalada bo‘lar edi, lekin yangicha o‘qitish usullaridan butunlay bexabar edi. Karimbek amakimning zo‘ri bilan yangi maktabga o‘tdim. Bir yil o‘tar-o‘tmas, Kabir domlaning eski maktabidagi o‘quvchilar ham bizning yangi maktabimizga oqib kela boshladi. Chunki G‘ulom Qodir domla yangicha o‘qitish usullaridan, ko‘rgazmali qurollardan, texnik vositalardan keng foydalanar, darslarni ancha qiziqarli o‘tar edi. Kabir domla maktabi bo‘shab qoldi va u muallimlikni yig‘ishtirdi. Yangi domlamizni yumshoq tabiatli inson deb bo‘lmas edi, juda talabchan, nisbatan qo‘rsroq o‘qituvchi edi. Tez kunda o‘quvchilar soni 25 nafardan oshib ketdi. Kunlardan bir kun domlamiz turli xil o‘qish kitoblari bilan bir plastinka olib keldi. Unga biz o‘qiyotgan Abdulla Avloniyning “Maktabga targ‘ib” she’ri yangicha o‘qishda – xo‘r bo‘lib o‘qishda yozilganligini aytdi, ammo uni eshitish uchun grammofon kerak edi. U vaqtlarda grammofon barmoq bilan sanaladigan odamlarning uyida bo‘lar edi. Shunda men grammofon Komilbek va Karimbek amakilarimnikida borligini aytdim. Domlamiz jadidlar orasida katta hurmatga ega bo‘lgan va bu harakatda faol ishtirok etayotgan amakilarimni juda yaxshi bilar ekan. Ertasi kuni Karimbek amakim (kelgusida mening qayin otam) mehmonxonasida 25 – 30 nafar bola uchun joy tayyorladi va plastinkaga yozilgan bolalar xo‘rini grammofonda birga bir necha marta tingladik. Keyin G‘ulom Qodir domla Abdulla Avloniyning shu she’rini har birimizga yod olishimiz kerak bo‘lgan bandlarni ko‘chirib berdi. Ertasi, indini – bir hafta davomida darsimiz amakimning hovlisida o‘tdi. Bizning xo‘rimiz musiqa sadolari bo‘lmasa ham ancha chiroyli chiqdi. Ushbu o‘qishdan birorta o‘quvchi chetda qolmadi, hamma faol ishtirok etdi. Bunday o‘qishdan juda xursand bo‘lgan barcha o‘quvchilarga muallimimiz G‘ulom Qodir domla Avloniyning “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plamidan “Millatga xitob” she’rini xo‘r bo‘lib o‘qishga o‘rgatdi. Dastlab hammamiz ushbu she’rni to‘liq yod oldik, keyin she’rning:

Ko‘zlaring och, ey millat! Ko‘b zamon g‘aflat yotding. Umring o‘tdi yotmakda Qayg‘uga toza botding. Ketdi shonu sharafing, Mozor toshidek qotding –

xitob qismini yoshi kattaroq, ovozi ham ancha baland ikki o‘quvchiga topshirdi. She’rning chaqiriq:

Ey!.. Tokaygacha g‘aflat ichra yotamiz! Keling, yoshlar, jaholatni otamiz! Bizga bu kun ilma kirishmak kerak! Bizga bu kun ilma tirishmak kerak! –

qismini hamma 25 o‘quvchiga topshirdi. Talabalarning ushbu xo‘ri o‘qituvchimiz kutganidan ham afzalroq bo‘ldi. Ta’limda yaratilayotgan bunday yangi o‘qitish usullari, ko‘rgazmalilik, yangi texnik vositalar ham maktablarga shitob bilan kirib bordi”.

Shu tariqa, Toshkent shahrining ancha chekka va yangiliklardan uzoq bo‘lgan Sag‘bon mahallasida ham Komilbek va Karimbek Norbekovlarning katta sa’y-harakatlari bilan yangicha o‘qitish usuliga asolangan birinchi usuli jadid maktabi faoliyat ko‘rsata boshladi, vaqt o‘tishi bilan uning faoliyat doirasi kengayib, sho‘ro hukumatining dastlabki yillarida ham sovet maktabi sifatida faoliyatini davom ettirdi.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

O‘xshash maqola

Sulola. Dolimovlar shajarasi. 20-30-yillar

Post Views: 205 1924 yilda Dolimbek uchinchi farzandi Nasira (1902 – 1984)ni Muhammad Solih (kelajakda …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan