Bosh sahifa » Toshkent tarixi » Shoshliklar. Boqiy Jarroh Toshkandiy

Shoshliklar. Boqiy Jarroh Toshkandiy

Ism-taxallusidan ma’lum bo‘lishicha, tarjimai hol sohibi olim, tabib bo‘lgan, shu bilan birga u shoir, musiqashunos va hattot bo‘lgan. Sharq mualliflaridan Xatib Tabriziy o‘zining «Mushkot al-masobih» ( «Chirog‘don») asarida aytishicha, u kishi o‘z asarini Toshkentda Mavlono Boqiy uyida yozib tugatgan. Bu asarning mavjud 8017 raqamli qo‘lyozmasi muallif nusxasidan 1124/1712 yili Muhammad ibn Ibrohim qo‘li bilan ko‘chirilgan.

Shu bilan birga, u kishi hattot sifatida ham anchagina kitoblar ko‘chirgan, ba’zi asarlarga sharhlar yozgan. U Balxga borib u yerda Hindistonning Ahmadobod shahriga yetib kelgan va o‘sha yerda vafot etgan. Boqiy Jarroh Toshkandiy kotiblik qilib, Davlatshoh Samarqandiyning tazkirasini ham ko‘chirgan. Qo‘lyozmada bu nusxa 988/1581 yili ko‘chirilgan, deb yozilgan.

Manbalar xabar berishicha, Boqiy Toshkandiy bir qancha asarlarga sharhlar yozgan. Chunonchi, u «Yusuf va Zulayho» dostoniga sharh yozgan, olimlar o‘rtasida ko‘pdan sharhlanib keladigan «Odob al-munozara» asar sharhiga arab tilida hoshiya yozgan.

Ma’lumki, «Odob al-munozara»ning muallifi Abdurahmon ibn Ahmad al-Iyjiy (vafoti 756/1345) bo‘lib, unga o‘zidan keyin ko‘p olimlar sharh bog‘laganlar.

Bu asarga Mirsayyid Sharif Jurjoniy (vafoti 1414)dan tortib keyingi davrlarda o‘nlab olimlar sharh bog‘laganlar. Ana shu sharhlarning biriga bu kishi ham hoshiya yozgan. Boqiy hoshiyasida bu sharhning kimga tegishli ekani aytilmagan. Bu o‘sha davrda mashhur bo‘lgan sharhga bog‘langan hoshiyalardan biri bo‘lgan. Boqiy Toshkandiy fors tilida anchagina ishqiy g‘azallar ham yozgan. Ammo uni turkigo‘y shoir deyishgan. Xo‘ja Xasan Nisoriyning «Muzakkir al-ahbob» («Do‘stlar yon daftari») degan kitobida «Mavlono Boqiy turkigo‘y shoirlardandir. U kishining mana shu matlai mashhurdir», deb yozadi. Xo‘ja Xasan keltirgan bayt quyidagi:

Ishq ahli aro mendek g‘am shiftasi kamdur,
Majnun mening olimda bir Ahmadi beg‘amdur.
* * *
Qulimen ishqining kim tenglamaydur—
Muhabbat shevasinda shahni quldin.
Bag‘oyat hiylagardur zol gardun,
Agar ersen hazar qilg‘il bu yo‘ldin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmada Boqiyning she’rlari ham yozilgan, bu qo‘lyozma esa 1797-1809 yillar orasida ko‘chirilgan.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

O‘xshash maqola

Professorlar shaharchasi

Post Views: 80 PROFESSORLAR SHAHARCHASI – Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanidagi turar joy massivi. Qamarniso, Mirzo …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan