Bosh sahifa » Toshkent-2200 » Shosh – Toshkent vohasi aholisining etnik xususiyatlari (IX-XII asrlar)

Shosh – Toshkent vohasi aholisining etnik xususiyatlari (IX-XII asrlar)

Shosh (Toshkent) vohasi IX-XII asrlarda Movarounnahrdagina emas, balki musulmon olamida ham salohiyatli hisoblangan. Bu davrda Movarounnahrning iqtisodiy – ijtimoiy hayoti va aholi o‘rtasida sodir bo‘lgan etnik jarayonlar Sirdaryo sohillari va mazkur daryoning shimolidagi hududlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Chunki tarixiy manbalarda turli davrlarda Choch, Shosh va Toshkent deb nomlangan voha Movarounnahrning Buxoro, Samarqand, shuningdek Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarini Yettisuv va Sharqiy Turkiston shaharlari bilan aloqalarida muhim o‘rinda turgan[1].

Mumtoz sayyoh va geograf Istahriy (850-934) ma’lumoticha, IX-X asrlarda Shosh Movarounnahrning yirik iqtisodiy va madaniy viloyatiga aylangan. Shosh shaharlari dasht va tog‘ tumanlariga boriladigan tranzit yo‘llarda joylashgan edi. Bu karvon yo‘llari Buxoro va Samarqandni, Shosh va Iloq markazlarini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lagan.

O‘rganilayotgan davrda vohaning qishloq aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Shosh vohasi xo‘jaligida chorvachilik ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shaharlar va yirik qishloqlar aholisi hayotida hunarmandchilik asosiy o‘rinni egallagan. Shosh va Iloq vohalarida qadimdan hunarmandchilik birmuncha rivojlangan edi. O‘rta asrlar davomida hunarmandchilikning turli sohalari (kulolchilik, temirchilik, zargarlik va boshq.) keng taraqqiy etgan. Hunarmandchilikka kerakli xomashyolarning ko‘pchiligi Shosh va Iloq vohalarining o‘zida mavjud bo‘lgan.

Bu davrda Shosh vohasida tashqi savdoning rivoj topishida Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati juda katta bo‘lgan. Ipak yo‘lining tarmoqlari Shosh va Iloq vohalaridan o‘tgan. Bu yo‘l orqali mahalliy aholi sharqda Xitoy bilan, shimoli – g‘arbda Sirdaryoning quyi oqimlari, Orol dengizi va Volga bo‘ylaridagi xalqlar bilan, g‘arbda esa Movarounnahr orqali Afg‘oniston, Hindiston, Eron va Old Osiyodagi barcha yirik mamlakatlar bilan doimiy aloqada bo‘lishgan.

Manbalarda Shosh viloyatida 30 ga yaqin, Iloqda 13 ta yirik shahar mavjudligi qayd etilgan. Arab geograflari Shoshda 25 yoki 27 ta, Iloqda 13 ta shahar mavjudligi haqida ma’lumot berishgan. Istahriy Shoshda 27 ta, Iloqda 14 ta shahar borligini qayd etgan. Arab geografi Al-Muqaddasiy (940-1000) esa Shoshda 34 ta, Iloqda 14 ta shahar mavjudligini ta’kidlagan.

Vohaning qulay geografik va xalqaro savdo yo‘llari kesishgan hududda joylashganligi uning iqtisodiy-madaniy jihatdan gullab-yashnashiga yordam bergan. IX-XII asrdagi yuksalish keng miqyosdagi savdo-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo‘l ochgan.

X asr oxiri – XII asr o‘rtalarida Shosh Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrdan boshlab Shoshda turkiy tilning mavqyei ancha oshgan. XI asrdan boshlab shahar yana bir yangi nom bilan – Toshkent deb atalgan. Shahriston va arkka ega bo‘lgan bu shahar IX- XII asrlarda nafaqat vohaning ma’muriy markazi, shu bilan birga Movarounnahrning savdo – hunarmandchilik va madaniy markazlaridan biri sifatida ham nom qozongan edi.

1214-1215 yillarda Muhammad Xorazmshoh Shoshni Qoraxoniylardan tortib oladi. Qoraxitoylar qo‘shini hamda naymanlar xoni Kuchuk bilan jang qiladi. Shaharni dushman qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun aholini ko‘chiradi va shaharga o‘t qo‘ydiradi. 1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari ko‘chmanchi qabilalar va Xorazmshoh qo‘shinlaridan ancha xarobazorga aylangan Shoshni qarshiliksiz istilo qilishadi.

Voha aholisining etnik xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ilk o‘rta asrlarda Choch vohasiga turkiy etnik qabilalarning kelishi, ayniqsa Chochning Turk hoqonligi tarkibida bo‘lishi, uning madaniyati rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu jarayon ushbu makonda turk-sug‘diy etnomadaniy hududning shakllanishiga olib kelgan. Choch eroniy tilli aholining turkiylashish jarayoni jadal kechgan maskanga aylanadi. Bu jarayonlar ayniqsa arxeologik materiallarda yaxshi kuzatiladi va yozma manbalar orqali ham tasdiqlanadi[2].

Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda mahalliy sug‘diy va turkiy (xu, di, rung, hunn, turo qabilalari) aholidan tashqari VI-VIII asrlarda kelib o‘rnashgan turkiy etnik guruhlar shunchalar ko‘p ediki, ularning nomlari yozma manbalarda az, uz, arg‘un, tuxsi, yag‘mo, dug‘lat, qarluq, chig‘il, xalach, turkash, qang‘li, qipchoq, o‘g‘uz va boshqalar ko‘rsatilgan. Ularga qadar ham, masalan, xiyoniylar bilan birga hunn, az, uz, tuxsi, turk, kaltatoy, musobozori kabi turkiy qabilalar kirib kelishgan. Ularning aksariyati O‘rta Osiyoning Amudaryogacha bo‘lgan hududlariga joylashib, mahalliy aholi bilan aralashib yashashgan[3].

Arablarning O‘rta Osiyoga kirib kelishi turkiy qavmlarning mintaqa ichki tumanlariga jadal kirib kelishini vaqtincha to‘xtatgan. Natijada ungacha bu yerga kirib kelgan turkiy qavmlarning mahalliy aholi bilan aralashuvi kuchaydi. Ayniqsa bu jarayon Movarounnahrning shimoliy va sharqiy mintaqalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu hududda VIII-IX asrlarda turkiy nomdagi shaharlar barpo etilgan. Masalan, Shosh vohasining Angren daryosi havzasida Abrliq, Namudliq kabi kon sanoati shaharlari qad ko‘targan[4].

Ila va Sirdaryo oralig‘idagi mintaqalarning eng qadimgi aholisi xun, usun, qang‘ar (qang‘li), pecheng va boshqalardan iborat bo‘lgan. Bularning keyingi avlodlari qarluqlar davrida ham (qang‘ar (qang‘li), uyshun, pecheneg) saqlanib qolgan edi. VI-VIII asrlarda Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida qang‘lilar bilan bijanaklar ham yashashib, ular bilan qabila ittifoqiga kirgan edi. Shu davrda o‘g‘uz, qarluq, chig‘il, xalach, yag‘mo qabilalari, IX-X asrlarda esa qipchoqlar va uyg‘urlar kelib joylashishgan[5].

IX-XII asrlarda Shosh vohasi qishloq va shahar aholisi tili jihatidan turk yoki tojiklarga mansubligi haqida aniq ma’lumotlar uchramaydi. Lekin Sirdaryoning o‘rta oqimida qadimdan qang‘arlar – qirg‘izlar, xunlar, usunlar kabi turkiy xalqlar, etnik guruhlar yashab kelishgan. Ko‘rinadiki, Shosh va Iloq vohalari aholisining aksariyat qismi turkiy tilli xalqlardan iborat bo‘lgan deyish mumkin. Tabiiyki Chirchiq va Iloq daryolari vodiylarida sug‘diylar ham istiqomat qilishgan.

Shosh va Iloq vodiylari atroflaridagi tog‘ va cho‘llarda o‘troq va yarim ko‘chmanchi turk qabilalari o‘rnashgan. Istahriy Iloq (Ohangaron) daryosi Turkistondan boshlanishini qayd etgan. Ibn Havqal (vaf.976) ham bu daryoni Turkiston yerlaridan oqib kelishi haqida ma’lumot bergan. Iloq daryosining yuqori qismlari Qurama va Chotqol tog‘larining tutashgan hududlaridan boshlangan. Demak, Qurama tog‘ining yuqorisidan Chotqol tog‘ining o‘rta qismlarigacha bo‘lgan hududlar turkiy qabilalarga qarashli bo‘lgan.

Muarrix Tabariyning (863-923) ma’lumotiga ko‘ra VII-VIII asrlarda Shosh vohasi aholisining asosiy qismini turkiy qabilalar tashkil etgan[6]. Chirchiq (Paroq) daryosining bir o‘zani Biskam (Piskam) dan, ikkinchi tarmog‘i Chitgil (Chaqal), Jidgil, ya’ni Chotqoldan iborat edi. Chotqol tog‘i nomini turklarning chigil qabilasi nomidan olingan deb ham faraz qilinadi.

“Hudud al-olam”da (982) Paroq (Chirchiq) daryosining yuqori qismi Qarluq tog‘idan boshlanadi, deyilgan. Ma’lumki, chig‘illar Qarluq ittifoqidagi qabilalardan birining nomidir. Manbalardagi ma’lumotlar Tangritog‘ (Tyanshan) ning ma’lum qismi Qarluq, Chotqol tog‘i esa Chig‘il deb atalgan bo‘lishi kerak. Bu tog‘larning eng yuqori qismida Hazlajiya turklari yashashgan. Arab manbalarida qarluqlar ko‘pincha “Xarauj”, “Xarluj” tarzida berilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Ibn Xavqal va “Hudud al-olam” ma’lumotlari bir-birini to‘ldiradi. Chirchiq daryosi irmog‘idan boshlangan tog‘ni Qarluq nomi bilan atalishiga shubha qilmaydi. YUqorida ta’kidlanganidek “Hudud al-olamda” Paroq (Chirchiq) daryosi Qarluq tog‘idan boshlanishiga asoslanib, shuni ta’kidlash joizki, Qurama – Chotqol – Pskom tizma tog‘idan Tangritog‘ (Tyanshan) ning shimoli va g‘arbiy qismlari va turkiy tilli qarluq va chig‘il qabilalarining ma’lum qismi yashagan vohaning Piskent, Parkent tumanlarida ham qarluqlar ko‘pchilikni tashkil etishgan[7].

IX asrda Keles cho‘lida, Ohangaron va Chirchiq vodiylarida, Chotqol va Ugom tog‘lari bag‘irlarida o‘g‘uzlarning ayrim guruhlari hamda qarluq qabilalari istiqomat qilishgan[8]. Bu etnik guruhlar islom dinini qabul qilishgach, Somoniy hukmdorlari ruxsati bilan vodiyga kelib o‘rnashishgan. O‘g‘uzlar VIII – IX asrlarda Sirdaryo bo‘ylarida yashashgan. IX asr oxiri -X asr boshlarida hududda birinchi O‘g‘uz davlati vujudga kelgan[9].

O‘g‘uzlarning ayrim guruhlari Keles cho‘li, Angren va Chirchiq daryolari vodiylarida, Chotqol va Ugom tog‘ oldi tumanlarida istiqomat qilishgan. Ularning musulmon dinini qabul qilgan qismi Shosh viloyatining qishloq va shaharlarida turishgan. Masalan, o‘g‘uzlar Biskent (Piskent) da qarluqlar bilan birgalikda yashashgan. O‘g‘uz va qarluq guruhlarining vodiyga kelishi bilan bu hududda turkiy tilli aholining soni birmuncha oshgan. K. Shoniyozovning yozishicha, qarluqlarning ba’zi guruhlari Shosh vohasiga VIII asr boshlaridayoq kelishgan. Qarluqlarning bu qismi allaqachon o‘troqlashib, Shosh vohasidagi turkiy tilli aholining qadimiy qatlamlari bilan aralashib ketgan.

Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘i quyi havzasida yashovchi arg‘unlarning ayrim guruhlari VIII-XII asrlarda Shosh – Toshkent vohasiga ko‘chib kelib, mahalliy aholi bilan aralashgan va aksariyat qismi o‘troqlashgan[10]. Shuningdek, Shosh vohasiga turkeshlar va uyg‘urlar ham kelib o‘rnashishgan.

IX-X asrlarda mahalliy hokimiyat forsiyzabon Somoniylar qo‘lida bo‘lsa ham, Movarounnahrning shimoliy, shimoli-sharqiy va shimoli-g‘arbiy hududlarida, jumladan Shosh vohasida o‘zbek elatining turkiy asosi shakllangan edi. Bu davrda o‘g‘uzlar bilan bir vaqtda kelgan guruhlar islom dinini qabul qilishgan bo‘lishsada, lekin o‘zlarining etnik xususiyatlarini saqlab qolishgan edi[11].

Chingizxon imperiyasi tanazzulga uchrab, Chig‘atoy davlati vujudga kelgach, uni harbiy jihatdan himoya qilish uchun har biri ming uyli turk-mo‘g‘ullar qabilalari O‘rta Osiyo hududlariga kelishgan. Ular barlos, jaloyir, qovchin va orlot qabilalari edi. Jumladan, jaloyirlar Toshkent vohasining Angren havzasiga kelib o‘rnashishgan[12].

Xullas, IX-XII asrlarda Movarounnahrda iqtisodiy va madaniy jihatdan taraqqiy etgan Shosh, Toshkent vohasida o‘ziga xos, nihoyatda qizg‘in etnik jarayonlar sodir bo‘lib, turkiy tilli va forsiyzabon turg‘un aholi o‘troq, yarim o‘troq va ko‘chmanchi tarzda yashab, o‘zbek elatining shakllanishiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib, o‘zbek xalqining etnik tarkibidagi eng asosiy komponentlar sifatida salohiyatli o‘ringa ega bo‘lishgan.

O. Bo‘riyev, M. Usmonov

Этнические особенности населения оазиса Шаш – Ташкент (IX – XII вв.)

В данной статье рассматривается этнический аспект населения оазиса Шаш в IX – XII вв. Авторы на основе исторической литературы анализируют расположение, состав, а также социально-экономическую жизнь населения оазиса.

O. Buriev, M. Usmanov

Ethnic peculiarity of population of Shash – Tashkent oasis (9th – 12th centuries)

In this article is considered ethnic aspect of Shash oasis’s population in 9th – 12th centuries. Authors on the basis of historical literature analyze location, composition, also social – economical life of population.

[1] Mavlonov O‘. Markaziy Osiyoning qadimgi yo‘llari. Toshkent: Akademiya, 2008. 166-bet

[2] Asqarov A. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. Toshkent: Universitet, 2007. 44-bet

[3] Asqarov A. Ko‘rsatilgan asar. 260-bet

[4] Asqarov A. Ko‘rsatilgan asar. 248-bet

[5] Shoniyozov K. Qarluq davlati va qarluqlar. Toshkent: Sharq, 1999. 37-bet

[6] Asqarov A. Ko‘rsatilgan asar. 249-bet

[7] Shoniyozov K. Qarluq davlati va qarluqlar. 141-bet

[8] O‘sha asar. 74-bet

[9] Агаджанов С. Г. Очерки истории огузов и туркмен Средней Азии IX-XII вв. Ашхабад, 1969. С.128

[10] Asqarov A. Ko‘rsatilgan asar. 261-bet

[11] Shoniyozov K. O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. Toshkent: Sharq, 2001. 222-223-betlar

[12] Asqarov A. Ko‘rsatilgan asar. 254-bet

Manba:

Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009

O‘xshash maqola

Облик Ташкента XIX века (взгляд приезжего)

Post Views: 381 Процесс накопления научных знаний длителен, сложен и подчас противоречив. Свой вклад в …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan