Bosh sahifa » Shosh taomlari » Shosh taomlari. Norin

Shosh taomlari. Norin

NORIN – Toshkentda keng tarqalgan milliy taom. Tayyorlash usuli: ot yoki mol go‘shti (ba’zan, qazi) qozondagi sovuq suvga solib, keyin miltiratib (yangi mol yoki ot go‘shti 1–1,5 soat, sur ot go‘shti 2 soat) qaynatiladi. So‘ngra sovitilib somoncha shaklida mayda to‘g‘raladi. Oshxamir yupqa 0,8–1 mm qilib yoyilib 10×10 sm, 10×5 sm li shapaloqlar kesiladi. Xamir go‘sht sho‘rvasida pishirib olinadi va bir oz sovitilgach, har bir shapaloq betiga dog‘langan paxta yog‘i (yoki qazi yog‘i) surtilib, laganlarga ustma-ust taxlanadi. So‘ng shapaloq xamir pilta qilib (3,5–4 sm) kesilib, mayda qilib to‘g‘raladi. To‘g‘ralgan go‘sht xamir bilan aralashtiriladi. Bunday norin quruq norin deb atalib, taqsimchalarga solib, yuziga zirapiyoz va 1–2 parrak qazi qo‘yib, yaxna taom sifatida dasturxonga tortiladi. Norin xamir pishirishdan avval olib qo‘yilgan go‘sht sho‘rvasi hamda piyoz qo‘shib ham iste’mol qilinadi (ho‘l norin). Bunday norin kosalarda dasturxonga tortiladi. Norin eng qadimiy taomlardan hisoblanadi. Bugungi kunda norin Toshkentda ko‘pincha mehmonlar uchun bayram va to‘y dasturxoniga birinchi (ho‘l norin) va ikkinchi (quruq norin) taom sifatida tortiladi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan