Biz hammamiz o‘lik tillar haqida eshitganmiz: lotin, usmoniylar, manjur va aravak. Tarixdan hikoyalar so‘zlovchi kitoblar sahifalarida ular haqida ko‘p narsa o‘qish mumkin. Hozir o‘lik, deb hisoblanuvchi tillar bir vaqtlar faqat olimlar tomonidan qo‘llanilmagan, balki kimningdir ona tili bo‘lgan yoki boshqalar tomonidan ikkinchi til sifatida o‘rganilgan.
Said Azimbayev Nikolay Ostroumovning 1896 yilgi «Sarti: Etnograficheskiye materiali» kitobiga kirgan sartlardan biridir
O‘lik tillar va shevalarning aksariyati siyosiy (usmoniy va manjur), ijtimoiy o‘zgarish (gal va messina yunonchasi) yoki shunchaki vahshiylik hamda terror (aravak va beotuk) tufayli yo‘qlikka yuz tutgan.
Boshqa o‘lik tillar uchun “o‘lim” faqatgina o‘z shaklini o‘zgartirishni anglatar edi: lotin tili, keyinchalik, italyan, fransuz, ispan va boshqa roman tillari asosiga aylandi. Ayni jarayon asosida eski ingliz tilidan hozirda biz so‘zlashadigan zamonaviy ingliz tili ajralib chiqdi.
Faqat yagona farqi shundaki, eski ingliz tili lotin kabi o‘lik hisoblanmaydi. Biroq byurokratik choralar oqibatida yo‘qolib ketgan tillar ham mavjudmi?
Sart tili shunday tillardan biriga yorqin misol bo‘la olishi mumkin.
Palvan Tapilbayevning irsiy kelib chiqishi ham sartlar haqidagi kitobga kiritilgan
Sart Markaziy Osiyo sart aholisi tomonidan qo‘llaniladigan turkiy til, yoki til edi. Sovetlar hukumatidan oldingi Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan etnik o‘zlik masalasi o‘ta bahsli bo‘lsada, sartlar mintaqa bo‘ylab sochilib ketgan turli aholi maskanlarida o‘troqlashgan turkiylar, degan umumiy tushuncha mavjud.
Ularning kelib chiqishi forslarga taqaladi deb hisoblangan bo‘lsa ham, Britaniya Kutubxonasi to‘plamlari ichida saqlanayotgan ikki material sartlarning ko‘proq turkiyzabon bo‘lganligiga ishora qiladi.
Ushbu materiallar 19 asr oxirida rus rasmiylari va sayohatchilari tomonidan yozib olingan xotiralarga asoslangan. Bu tadqiqot ishlari sartlar Pomir tizmalarida istiqomat qilib kelgan tojiklardan alohida etnik birlikdir, degan xulosaga asos bo‘lgan.
Maria Subtelnining «Turk va tojik simbioizi» kitobida yozishicha, 19 asr va 20 asr boshiga qadar sartlar va tojiklar umumiy ajdodga ega, deb hisoblab kelingan.
«Frazi na sartovskom yazike» kitobi Toshkentda 1884 yilda nashr qilingan
Bugungi maqolaga sabab bo‘lgan ikki qo‘llanmadan biri «Frazi na sartovskom yazike» (Sart tilidagi iboralar) deb nomlangan sartcha-ruscha so‘zlashgich bo‘lib, 1884 yili Z.A Alekseev muallifligida Toshkentda chop etilgan.
Mazkur so‘zlashgich «janoblar va bekalar, xaridorlar va dehqonlar, sart tilini o‘rganishni boshlagan ruslar va rus tilini o‘rganishni boshlagan sartlar uchun foydali» bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.
Kitob chop etilganda Toshkent Rus podsholigi qo‘liga o‘tganiga 19 yil bo‘lgan edi va 5 yildan so‘ng Trans-Kaspiy temiryo‘li kirib keldi. Qo‘llanma saltanatning eng muhim mintaqalaridan biridagi savdo-sotiq bilan tirikchilik qiluvchi aholi qatlami orasida rus manfaatlarini mustahkamlashga urinishning yorqin namunasi edi.
Qo‘llanma sartlar uchun rus tilini o‘rganishdagi birlamchi manba sifatida targ‘ib qilingan bo‘lsada, u ruslar manfaati uchun qaratilganini anglash qiyin emas edi: kitob sahifalari uchta ustunga bo‘lingan bo‘lib, o‘ng tomonda sartcha iboralar, chap tomonda ularning ruscha tarjimasi va o‘rtada sartcha iboralarning kirill yozuviga transliteratsiyasi berilgan edi. Ruscha tarjimalarning mahalliy hisoblangan arab yozuviga transliteratsiyasi esa mavjud emasdi.
Mundarija ham so‘zlashgich asosan kasb-hunarga oid iboralardan iboratligini ko‘rsatardi: unda kundalik so‘zlashuvlar berilmagan bir paytda, qushlar va gilamlar sotib olish; ustoz-shogird muloqoti; dehqonchilik va telegraf tarmoqlarini taʼmirlash borasida ko‘plab iboralar keltirilgan edi.
Kitob turfa xil tijoriy mavzularni qoplagan
Sart va mintaqadagi zamonaviy turkiy tillarni o‘zaro qiyoslash mushkul. Sovet hukumati tomonidan ijtimoiy hayotga keskin aralashuv, 1930 yillardagi kollektivlashtirish va o‘troqlashtirish kabi tez-tez amalga oshirilgan ijtimoiy yemirilishlar o‘z asoratini qoldirmay ketmagan.
Shunga qaramay, sart tili ko‘proq hozirgi o‘zbek tiliga o‘xshash bo‘lgan va qozoq-qirg‘iz tillarining maʼlum xususiyatlarini o‘z ichiga olgan deyish mumkin.
Vladimir Nalivkin tuzgan lug‘at muqovasi
Ikkinchi qo‘llanma Vladimir Nalivkin tomonidan tuzilgan lug‘at va sart tilining qisqa grammatikasidir. Bu kitob ham 1884 yilda, lekin bu safar Qozonda chop etilgan.
Undagi asosiy urg‘u Namangan uyezdi shevasiga qaratilgan. «Rusko-sartovskiy i sarto-ruskiy slovar» (Ruscha-Sartcha va Sartcha-Ruscha lug‘at) nomli bu kitob «Frazi na sartovskom yazike» kabi ruslar va sartlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar haqida hikoya qilmaydi, balki sart tilining qator muhim xususiyatlarini ochib beradi.
Lug‘atdagi so‘zlarning aksariyati bugun kun Markaziy Osiyo turkiy tillarinikidan katta farq qilmaydi, lekin oy nomlari kabi bir-biriga o‘xshamaydigan jihatlarni uchratish mumkin.
Kitobda keltirilgan grammatik tizimli asoslanmagan va tilning muhim morfologik tuzilmalarini birmuncha ifodalab beradi, xolos.
Shunday bo‘lsada, bu grammatikadan ko‘rish mumkinki, sart tili qarluq lahjasidan deyarli farq qilmagan. Chig‘atoy va zamonaviy o‘zbek yoki uyg‘ur tillarini bilgan odam uchun sartchani tushunish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Asosiy savdo tili sifatida sartcha Markaziy Osiyo bo‘ylab taʼsirini yoyishga intilayotgan sovet rasmiylarining eʼtiboriga tushishi kutilgan edi, lekin bunday bo‘lmadi.
1920-30 yillarda Sovet hukumati mintaqaning etno-lingvistik ko‘rinishini aniqlash uchun etnograflar va antropologlar guruhlarini safarbar qildi.
Mintaqada milliy davlatlarni shakllantirishga tayyorgarlik shu tariqa boshlanib ketdi. Fransin Hirshning «Empire of Nations» (Millatlar saltanati) asarida yozishicha, milliy davlatlar yaratilishi tabiiy etnik muhit bilan hisoblashishdan ko‘ra ko‘proq ko‘r-ko‘rona siyosiy iroda orqali amalga oshirilgan edi.
Shu sababli ham sart tili taqdiri ayanchli yakun topdi. Sartlarni yangi yaratilgan o‘zbek millati tarkibiga qo‘shib yuborishga qaror qilindi. Oqibatda sart tiliga rasmiy maqom berilmadi va sartlarning madaniyati sotsial o‘zbek millati foydasiga eʼtiborsiz qoldirildi.
1926 yildan boshlab “sart” nomi aholi ro‘yxati va siyosiy muhokamalardan chiqarib tashlandi. Kommunizm qurish yo‘lidagi kurashda qurilajak jamiyat maqsadlariga muvofiq emas deb hisoblangan boshqa ko‘plab shevalar qatori sart tili ham rasmiy tarixiy manbalardan o‘chirib tashlandi.
Britaniya Kutubxonasida saqlanib qolgan va maqola davomida biz muxtasar ko‘rib chiqqan ushbu ikki qo‘llanma Sovetlargacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyo aholisining aksariyat qismi tomonidan qo‘llanilgan sart tilining unsiz shohidlari bo‘lib qolmoqda.
Maykl Erdman
Turkcha va turkiy to‘plamlar kuratori, Britaniya kutubxonasi
Suratlar manbasi: British Library