Bosh sahifa » Tarix » Said Olimxon – so‘nggi mang‘it hukmdori
Alim Khan (1880-1944), Emir of Bukhara

Said Olimxon – so‘nggi mang‘it hukmdori

Qadimdan Islom dinining tayanchi deya eʼtirof etilgan Buxoroning so‘nggi, o‘ninchi hukmdori bo‘lmish Amir Olimxonning hukmronlik yillari o‘ta ziddiyatli kechdi. Bir tomondan qizil armiya hujumi, ikkinchi tomondan esa, ichki muxolifat «Yosh buxoroliklar» partiyasi amirlikning barham topishini tezlashtirdi.

Alim Khan, Emir of Bukhara, seated holding sword

Amir 1881 yilda Karmanada dunyoga kelgan, o‘n ikki yoshida otasining istagi bilan Peterburgdagi Nikolayev kommunasida uch yil davomida, maxsus tezlashtirilgan tartibda xarbiy muhandislik mutaxassisligiga taʼlim oldi. Qaytgach, dastlab Qarshi so‘ng Karmana viloyatlariga hokimlik qiladi. Amir o‘zining xotiralar kitobida bu hududlarda ko‘plab qurilish ishlarini olib borganligini, ko‘prik va madrasalar qurdirganligini aytib o‘tgan va ulardan hozirgacha foydalanib kelinmoqda. Otasining vafotidan so‘ng amir uning ishini davom ettirib, bir qancha islohotlar qilishga urindi. Lekin bu yetarli emas edi. U allaqachon mutaassib ulamolar taʼsiriga tushib ulgurgandi (ushbu maʼlumot boshqa manbalardan topilmadi – tahr.). Amirga yolg‘iz bas kelishiga ko‘zi yetmagan «Yosh buxoroliklar» partiyasi bolsheviklar yordami bilan hokimiyat tepasiga keldi. Mamlakatda monarxiya tuzumini ag‘darish va demokratiya o‘rnatish obyektiv tomondan to‘g‘ri yo‘l edi. Biroq, bunga tashqi kuchlar orqali erishish davlatimizning yana yetmish yildan ortiq vaqt davomida mustamlaka sifatida ezilishiga sabab bo‘ldi. Shubhasiz amirning kaltabin siyosati ham davlat qulashini tezlashtirdi.

1920 yil sentyabrda amir shu qadar shoshilinch poytaxtdan chiqib ketadiki, uning nafaqat xazinasi balki harami va boshqa qarindoshlari ham tutqunlikda qolib ketishadi. Amir ularni qaytarib olish uchun bir necha bor Buxoro hukumatiga maktub yo‘llagan. Birinchi maktubdayoq Fayzulla Xo‘jayev boshliq hukumat uning iltimosini qabul qiladi, ammo bolsheviklar amir o‘g‘illarini markazga jo‘natishni qatʼiy talab qiladi. Zero ularni “sovetcha” tarbiya qilish muhim edi. Shahzodalarning keyingi hayoti afsuski ayanchli yakun topdi. Amir ularni qaytarib olish uchun «Qizil yarim oy» va «Qizil xoch» jamiyatlariga murojat qilgan, lekin bu foyda bermadi. Amirning Afg‘onistonga ketishiga ham bir necha sabablar ko‘rsatiladi. Amir o‘zining xotiralar kitobida bu haqida shunday yozadi: «Afg‘on elchisi faqirga Omonullaxon yordam qo‘lini cho‘zish uchun tayyor ekanligini aytdi va kerakli shartnomalarni tayyorlash uchun Afg‘onistonga borishni taklif etdi. Faqir shu maqsadda Amudaryodan o‘tdim». Ammo, Sayyid Olimiyning «Buxoro Turkiston beshigi» nomli asarida amirning Afg‘onistonga majburan olib ketilganligi, Omonullaxonning bundan maqsadi ruslarga O‘rta Osiyoni bosib olishda hech qanday moneʼ bo‘lmasligini taminlash bo‘lganligi bayon etilgan. Zero, Afg‘onistonga inglizlar xavf solyotgan bir paytda uning uchun rus yagona najot edi.

Amir vatandan uzoqda ham undan umid uzmadi, uning O‘rta Osiyodagi keyingi qo‘rboshilik harakatlarining maʼnaviy rahnamosiga aylanganligi buning yaqqol isbotidir. Amirning «Bolsheviklarninng O‘rta Osiyoga kompaniyasi» nomli maqolasi Angliyaning «Manchester -Gardiyeng» gazetasida chop etilgan va butun Yevropani larzaga solgan. Amir rahnamoligidan ruhlangan murshidlar Ibrohimbek, mulla Abduqahhor, Madaminbek va turkiyalik Anvar poshsho boshchiligida qizil askarlarga qarshi chiqdilar. Buxoroda o‘sha paytda 40000, O‘rta Osiyoda esa jami 60000 (sovetlar 100000) murshidlar faoliyat olib borgan. Amir umri davomida vatan sog‘inchi bilan yashadi, hayoti so‘ngida og‘ir hastalikka chalinib ko‘zlari ko‘rmay qoldi. U 1944 yilning aprelida Kobulda vafot etdi va shahidlar qabristoniga dafn etildi. Amir Afg‘onistonda ham bir necha bor uylangan va farzandlar ko‘rgan. Uning o‘g‘li Mansur Sayyid Olimiy hozirda Turkiyada yashaydi. U vatanimiz tarixiga oid «Buxoro Turkiston beshigi» nomli asar muallifi hamdir. Shu tariqa 1756-1920 yillarda hukm surgan davlat tarix sahnasidan surib chiqarildi. Amir Olimxon esa nafaqat mang‘itlar sulolasining balki Buxoro Amirligining ham so‘nggi hukmdori sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi. Bunday qismat o‘z tarixiga befarq bo‘lmagan har bir vatandoshni qiziqtirsa ajab emas.

Parizoda Rustamova tayyorladi

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 559 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan