Bosh sahifa » Islom » “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi bormi?

“Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi bormi?

Imom Buxoriy o‘zining “Sahihul Buxoriy” kitobini o‘z qo‘llari bilan yozgan. So‘ngra, uni hadis o‘rganadigan ko‘plab shogirdlariga o‘qib va rivoyat qilib bergan. “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyning o‘zidan juda ko‘plab talabalar eshitgan. Bu haqida Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (vaf. 320 h.): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifni o‘zidan to‘qson ming kishi eshitgan”, deb aytadi[1]. Haqiqatda, “Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyatlari orasidan Imom Abu Abdulloh Firabriyning rivoyati juda mashhur bo‘lib ketgan. Buning sababi, u kishining uzoq umr ko‘rgani va kitobining nusxasi to‘liq bo‘lganidir.

“Sahihul Buxoriy” kitobini eshitadigan talabalarning baʼzilari  eshitish va og‘zaki naql bilan kifoyalanib qolmasdi. Balki, ustozidan eshitgan hadislarni yozib borardi. Shu bois, ularning qo‘lida Imom Buxoriyning huzurida yodlagan og‘zaki nusxalariga muvofiq bo‘lgan “Sahihul Buxoriy” kitobining qo‘lyozma nusxalari ham paydo bo‘lardi.

Ular Imom Buxoriydan eshitib yozib olgan narsalari bilan kifoyalanib qolmasdi. Balki, ular o‘zlari yozib olgan nusxalarini o‘ta diqqat bilan ustozlari Imom Buxoriyning nusxasiga solishtirib ko‘rardi va uchragan xato va kamchiliklarni to‘g‘rilab olardi. Imom Buxoriyning qo‘lidagi asl nusxaga muvofiq bo‘lgan nusxalar tugaganidan keyin, o‘zlarining nusxalariga tugagan vaqtini va ustozining nusxasi bilan solishtirilganini yozib qo‘yardilar. Shu sababli, bizlarning qo‘limizda “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasini qamrab olgan bir necha nusxalar paydo bo‘lgan. Bu esa Imom Buxoriyning hayotlik chog‘ida ro‘y bergan edi.

Tarix bizlar uchun Imom Buxoriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va nusxalari mashhur bo‘lganlarini saqlab qo‘ygan. Ular: Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Tolha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Mahomiliylardir.

So‘ngra, ulardan “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitgan va taʼlim olgan, son-sanoqsiz talabalar paydo bo‘ldi. Ular ham o‘zlarining qo‘lidagi nusxalarni o‘zlaridan oldingi talabalarning nusxalariga solishtirib ko‘rardilar. Hatto, nusxalarning ko‘pligi va rivoyatlarning aniq sanad bilan bog‘langani uchun “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyga nisbat berish mutavotir darajasiga yetdi.

“Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyati va tadvini dastlab yozilgan kunidan boshlab bugungi kunimizgacha insonlarning orasida mutavotir shakl bilan naql qilingan. Ulamolar va oddiy odamlar bu kitobni rivoyat qilish, o‘rganish, taʼlim olish va tushunishga harakat qilishgan. “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasidan sodir bo‘lgan nusxalardan ko‘chirib yozilgan nusxalarning ko‘pligi buni isbotlaydi.

“Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi Imom Buxoriyning vafotidan keyin shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning qo‘lida qolgan. “Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyati Abu Abdulloh Firabriy orqali mashhur bo‘lgan. Abu Abdulloh Firabriydan “Sahihul Buxoriy” kitobini juda ko‘p sonli shogirdlari taʼlim olgan. Ulardan yettitasi yoki to‘qqiztasi mashhur bo‘lgan. Abu Abdulloh Firabriydan taʼlim olgan shogirdlari  “Sahihul Buxoriy” kitobining matnini ustozini qo‘lidagi asl nusxadan ko‘chirib olganlar. Ular Abu Isʼhoq Mustamliy, Abu Muhammad Hammuviy, Abu Haysam Kushmihaniy, Abu Zayd Marvaziy va boshqalar[2]. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Har qanday aqlli odam bu ummat sanadi muallifiga bog‘lanmagan birorta kitobni qabul qilmasligini biladi. Ummatning ijmosi kuchli sharʼiy dalillardan hisoblanadi.

Ibn Rushayd Sabtiy aytadi: “Bugun mashriq va mag‘ribda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bog‘langan yo‘l Abu Abdulloh Firabriyning yo‘lidir. Uning rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun insonlar unga suyanadi. Uning qo‘lida “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi bo‘lgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari ko‘chirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qo‘llab-quvvatlaydigan hujjat va uning to‘g‘riligiga guvohdir. So‘ngra, “Sahihul Buxoriy” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yo‘l bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmo bog‘langan. Natijada hujjat aniq bo‘lgan”[3].

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriy nusxasining turli xil shaharlarda shogirdlari tomonidan ko‘chirib yozilgan 14 ta nusxasi bor. Bu nusxalar ustozi Abu Abdulloh Firabriyning nusxasiga muvofiqdir. Abu Abdulloh Firabriyning nusxasi esa ustozi Imom Buxoriyning nusxasiga muvofiqdir. Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlarini har biridan juda ko‘plab odamlar rivoyat qilgan. Shu darajada ko‘pki, rivoyat qilishda ularning yolg‘onga to‘planishi va kelishib olishi mumkin emas. Abu Abdulloh Firabriyning o‘zida ham xuddi shunday holat. “Sahihul Buxoriy” kitobining Abu Abdulloh Firabriydan boshqa roviylari haqida ham xuddi shunday o‘ylashimiz kerak.

“Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Firabriydan juda ko‘plab siqa (ishonchli) roviylar jamoasi rivoyat qilgan. Ularning eng mashhurlari qo‘yidagilar: Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf. 376 h.), Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuviy (vaf. 381 h.), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389 h.), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz (vaf. 353 h.), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (hijriy 301-371 y.) va Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf. 373 h.)lardir.

Abu Valid Bojiy aytadi: Hofiz Abu Zar Abdurahmon ibn Ahmad Haraviy bizlarga Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliydan rivoyat qiladi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Men “Sahihul Buxoriy” kitobini Muhammad ibn Yusuf Firabriyning huzuridagi asl nusxadan ko‘chirib oldim. Shunda uni hali to‘liq bo‘lmaganini ko‘rdim. Kitobda ko‘plab yozilmagan bo‘sh joylar bor edi. Orqasida biror narsa yozilmagan tarjimai hollar va tarjimai hollari yozilmagan hadislar bor edi. Shunda baʼzisini baʼzisiga qo‘shib qo‘ydik”, degan[4].

Ibn Rushayd ham o‘zining “Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih” nomli kitobida: “Abu Isʼhoq o‘zining kitobini “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasidan naql qilgan”, deb aytadi[5]. Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy” kitobini Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy, Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy va Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuviylardan rivoyat qilgan. Uning rivoyati rivoyatlar orasida eng kuchlirog‘iga aylangan. Bunga Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy” kitobini rivoyat qilgan ustozlarining orasidan Abu Isʼhoq Mustamliyning borligi kifoya qiladi. Haqiqatda, Abu Isʼhoq Mustamliy “Sahihul Buxoriy” kitobini o‘zi uchun “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasidan ko‘chirib olgan.

“Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi oradagi muddat uzoq bo‘lib ketgani uchun  bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Ulamolar o‘zlaridan oldingi ulamolaridan taʼlim olgan ko‘plab kitoblarda, kitobning asl nusxasi bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Bu esa hech narsani o‘zgartirmaydi.

Qadimgi kitoblarning ko‘pida bunga o‘xshash holat mavjud. Ibn Isʼhoq (vaf. 151 h.)ning “As-siyra an-Nabaviya” kitobi va Imom Sibavayh (vaf. 180 h.)ning “Nahv” kitobi bunga misol bo‘la oladi.  Ko‘p odamlar ulamolar qadimgi kitoblarni bugungi kunimizgacha eshitish va ijoza orqali rivoyat qilganini bilmaydilar. Tolibi ilmlar bu kitoblarni muallifiga bog‘langan sanadlar bilan rivoyat qilganlar.

Shuningdek, oradagi muddat juda uzoq bo‘lgani uchun “Sahihul Buxoriy” kitobining Imom Buxoriy o‘z qo‘li bilan yozgan asl nusxasini yo‘qligi hech narsani o‘zgartirmaydi. Chunki, u kishining shogirdlari o‘sha asl nusxadan ko‘plab nusxalarni ko‘chirib olganlar. So‘ngra, ulardan keyingi shogirdlari ham Imom Buxoriy yozgan asl nusxaga muvofiq bo‘lgan ko‘plab nusxalarni ko‘chirib olganlar. Shu sababli, “Sahihul Buxoriy” kitobining nusxalari yer yuziga keng tarqalib ketgan. Chunki, har bir asrda yashagan roviylar “Sahihul Buxoriy” kitobini yozib olib, uni sahih nusxalari bilan solishtirib ko‘rardilar. So‘ngra, ustozlaridan Imom Buxoriyning o‘ziga bog‘langan sanad bilan rivoyat qilardilar.

Shuning uchun “Sahihul Buxoriy” kitobining Imom Buxoriy o‘z qo‘li bilan yozgan asl nusxasi yo‘qolib ketgan bo‘lsa ham, “Sahihul Buxoriy” kitobining hozirgi nusxalari o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Chunki, “Sahihul Buxoriy” kitobi Imom Buxoriyning shogirdlarini orasida tarqalib ketgan va har birining sanadi Imom Buxoriyga bog‘langan nusxalari ko‘payib ketgan. Unga bir necha sharhlar yozilgan. Allohning fazli va karami bilan barcha nusxalari bir xil bo‘lgan.

Bu sharhlardan va “Sahihul Buxoriy” kitobining eʼtibor qilish lozim bo‘lgan nusxalaridan biri Imom Xattobiy (hijriy 319-388 y.)ning “Aʼlamul hadis” deb nomlangan sharhidir. Bu kitob Imom Buxoriyning zamoniga eng yaqin bo‘lgan sharhdir. Bizlar Imom Buxoriyning hijriy 256 yil vafot etganini bilamiz. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy” kitobini o‘zlarining ustozlari orqali Imom Buxoriydan rivoyat qilgan roviylarni ko‘rgan.

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning nusxasi mashhur bo‘lib, undan naql qilish keng tarqalgan. Faqat shu nusxadan naql qilish bilan cheklanib qolmagan. “Sahihul Buxoriy” kitobi bundan boshqa yo‘ldan ham naql qilingan. Bu Imom Xattobiyning yo‘lidir. U o‘zining “Sahihul Buxoriy” kitobiga yozilgan “Aʼlamul hadis” nomli sharhida: “Men kitobning ko‘proq qismini Xolf ibn Muhammad Xiyomdan, u Imom Buxoriyni o‘zidan “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitgan shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf. 295 h.)dan Firabriyning yo‘lidan boshqa yo‘l bilan eshitdim”, degan.

“Sahihul Buxoriy” kitobining eng qadimgi qo‘lyozmasi hijriy 4 asrlarga borib taqaladi. Yaʼni, Imom Buxoriyning vafotidan bir necha o‘n yillar keyin. Bu Imom Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziyning nusxasi. U “Sahihul Buxoriy” kitobini hijriy 318 yil ustozi Abu Abdulloh Firabriydan eshitgan. Abu Abdulloh Firabriy esa “Sahihul Buxoriy” kitobini hijriy 252 yil Imom Buxoriyning o‘zidan eshitgan.

Har bir avlod va har bir tabaqaning qo‘lida “Sahihul Buxoriy” kitobini naql qilingan nusxalari bo‘lgan. Roviylarning barchasi bu kitobni o‘zlaridan oldingi ustozlaridan, ularning qo‘lidagi nusxalarga muvofiq holda rivoyat qilgan. Imom Abu Zar Haraviy (vaf. 434 h.) va Karima Marvaziya (vaf. 463 h.)larning nusxasi sanadi Abu Abdulloh Firabriyga bog‘langan mashhur rivoyatlardan hisoblanadi.

“Sahihul Buxoriy” kitobi bizning zamonamizgacha sahih holda yetib kelganiga aqliy dalillardan biri, buzg‘unchi va yolg‘on ahllari “Sahihul Buxoriy” kitobiga biror narsani ziyoda qilishdan noumid bo‘lganlaridir. Agar “Sahihul Buxoriy” kitobi o‘zining muallifiga yolg‘ondan nisbat berilganda, albatta, sahih bo‘lmagan hadislarni unga kirgizish mumkin bo‘lardi. Bunday holat aslo uchramagan. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyga nisbat berish to‘g‘riligini isbotlaydi.

Imom Buxoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda o‘zidan boshqa hadis imomlaridan yolg‘izlanib qolmagan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar o‘nlab Sunan, Moʻjam, Musnad kitoblarida va hadis juzlarining ichida bor. “Sahihul Buxoriy” kitobidagi har bir hadisning turli xil hadis kitoblarida o‘nlab rivoyatlari bor. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislar haqida shak-shubha qiluvchi kishining shak-shubhasini ketkazadi.

Muhammad Fuad Abdulboqi o‘zining “Al-luʼluʼ val-marjon fiy-ma ittafaqo ʼalayhi ash-Shayxon” nomli kitobida shunday degan: “Imom Muslim “Sahihul Buxoriy” kitobida rivoyat qilingan 1906 ta hadisda Imom Buxoriy bilan ittifoq bo‘lgan”. Har bir odam Musnad, Jomiʼ, Sunan va boshqa hadis kitoblarini ko‘radigan bo‘lsa, u yerda “Sahihul Buxoriy” kitobida kelgan ko‘plab hadislarni ko‘radi. “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislar bulardan boshqa hadis kitoblarida ham uchraydi.

“Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislarni “Mustaxraj” nomli boshqa hadis kitoblarida ham topamiz. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar “Mustaxraj” nomli kitoblarda Imom Buxoriyning nomi zikr qilinmagan sanadlar bilan keltirilgan. Bu hadislar Imom Buxoriyning ustozlaridan yoki ustozlarining ustozlaridan rivoyat qilingan. Bu esa Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislarni qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, bu hadislar Imom Buxoriyning yo‘lidan boshqa yo‘ldagi turli xil sanadlar bilan ham rivoyat qilingan. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobining sahihligi va bizning asrimizgacha sahih holida yetib kelishi haqidagi qissalarning xulosasidir.

Abduvosi SHONAZAROV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

[1] Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Ustozlar jamoasining tahqiqi. Al-bidoya va-n-nihoya: 15 jildli. – Bayrut: Doru-l-kutubu-l-ilmiya, 1407 h. J: 11. B: 28.

[2] Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xolaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-taʼdil vat-tajriyh: 3 jildli. – Mag‘rib: Vizarotu-l-avqof va-sh-shuʼuni-l-islamiya, 2010. B: 287.

[3] Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih. – Tunis: Ad-dar at-Tunisiya. B: 18-19.

[4] Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xolaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-taʼdil vat-tajriyh: 3 jildli. – Mag‘rib: Vizarotu-l-avqof va-sh-shuʼuni-l-islamiya, 2010. B: 287.

[5] Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih. – Tunis: Ad-dar at-Tunisiya. B: 25.

Manba

O‘xshash maqola

Toshkentdagi Usmon Musʼhafi tarixi (1-qism)

Post Views: 463 Muqaddima Allohga hamd, Muhammad Rasululloh va ul zotning olu asʼhoblariga salotu salomlar …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan