Bosh sahifa » Tarix » Rossiya imperiyasining Turkistonda yer egaligi munosabatlari islohoti

Rossiya imperiyasining Turkistonda yer egaligi munosabatlari islohoti

Turkistonda Rossiya imperiyasi tomonidan yer egaligining musulmon yaʼni shariat tizimini isloh qilish yo‘lida olib borgan islohotlar ichida, birinchi navbatda, yangi tizimning asosiy muxoliflari — yirik yer egalari va musulmon ruhoniylari boshqaruvining zaiflashuviga olib kelgan fon Kaufman tomonidan amalga oshirilgan yer islohotini hisoblash mumkin.

1869 yil oktyabr oyida fon Kaufman tomonidan tuzilgan, general-mayor Gomzin boshchiligidagi rus maʼmuriyati vakillaridan tashqari va mahalliy hokimiyat vakillaridan iborat komissiya mahalliy yerdan foydalanish tizimi bo‘yicha ko‘plab amaldagi haqiqiy materiallarni umumlashtirgan. Komissiya aʼzolari maslahat so‘rab bir necha marta Toshkent qozilariga murojaat qilishgan.

Komissiya aʼzolari islom qonunchiligi mutaxassislariga quyidagi asosiy savollar bilan murojaat qilganlar:

«1. Yerga kim egalik qiladi? 2. Mulki hur nima degani? 3. Mulki xayri hur nima degani? 4. Vaqf nimani anglatadi? 5. Yerlarga har bir shaxs alohida-alohida egalik qiladimi yoki jamo egalik qiladimi? 6. Egalik qilishganda, har bir yer egasiga tegishli hisoblanadimi? 7. Odat bo‘yichami yoki shariat bo‘yichami yerga egalik qiladilar?»1

Yerdan foydalanish musulmon tizimi masalasini o‘rganib chiqib komissiya aʼzolari quyidagi xulosaga keldilar: mamlakatdagi barcha yer shariat bo‘yicha davlat mulki hisoblanadi.

Turkistonda yerga egalik qilish masalalarini o‘rganishda Gomzin komissiyasi mahalliy aholi tomonidan yerdan foydalanishning ikki turini aniqladi: 1) uy-tomorqa xo‘jaliklari va 2) jamoaga qarashli. Tomorqa, hovli-joy yerlar va bog‘lar hududiy huquqqa ega bo‘lgan. Baʼzi joylarda bu huquqqa beda va guruch o‘stirilgan yerlar ham ega bo‘lgan2. Boshqa barcha yerlar qishloq jamoalarining jamoa huquqiga mansub bo‘lgan.

Turkiston o‘lkasida eng qiyin masalalardan biri vaqflar bo‘lgan. Komissiya ushbu masalada shariat bo‘yicha bir qator hujjatlarni tahlil qilib va sharqshunoslarning fikrini umumlashtirib quyidagi xulosaga keladi:

«1) O‘lkada amalda bo‘lgan vaqf huquqi shariat asosiy qoidalariga muvofiq bu huquqning aniq taʼrifiga mos kelmaydi;

2) shariat bo‘yicha vaqfning asosiy va haqiqiy huquqi mahalliy yerlar faqat davlat hokimiyatiga tegishlidir;

3) vaqf yerlari – bu o‘lkada aslida davlat tomonidan biror muassasa va shaxs foydasiga xiroj va tanob soliqlaridan ozod qilingan yerlar;

4) Bu yerdagi masjidlar, madrasalar va xo‘jalarga tegishli bo‘lgan vaqf huquqi mulk huquqi emasdir, chunki davlatning yoki musulmon dunyosining vaqf huquqi daxlsizligi sababli bu huquq faqat davlatga, musulmon dunyosiga yoki uning vakillari – imom, amir, xon va hozirda podshohga tegishliligidir”3

Taʼkidlash joizki, Turkiston o‘lkasidagi vaqf muammosining o‘ziga xos murakkabligi tufayli, turli general-gubernatorlar tomonidan jiddiy urinishlar qilingan bo‘lsada, vaqf masalasiga Rossiya imperiyasining hukmronligi davrida qonuniy yechim topilmadi. Faqatgina XX asrning boshlarida Turkiston o‘lkasi maʼmuriyati yangi vaqflarning paydo bo‘lishining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Gomzin boshchiligidagi komissiya taʼkidlashicha, mol-mulklarini va yerlarini vaqflarga hadya qilgan xususiy shaxslarning aksariyati faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlagan, yaʼni doimiy urushlar va bosib olinishlarda o‘z mulklarini saqlab qolish uchun harakat qilgan. Shuning uchun ular o‘z yerini vaqf toifasiga o‘tkazish, yer egasi uchun daromad olish huquqini merosxo‘rlarida qoldirardi4, bunda keyingi yangi hukmdor musulmon bo‘lgani uchun butun aholi uchun muqaddas hisoblangan vaqflar masalasiga tegilmasligi hisobga olinardi. Hatto xristian davlat bo‘lgan Podsho Rossiyasi ham, dastlab Turkistondagi vaqf muammosiga to‘xtalmadi. XX asrning 90-yillaridan boshlab o‘lka maʼmuriyati vaqfdan foydalanish amaliyotini tartibga solishga qaror qiladi va mulkdorlardan vaqf mulkiga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qila boshlaydi.

Shu bilan birga, komissiya vaqflar bo‘yicha o‘z xulosalarida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi. Barcha vaqf yerlarida albatta musulmon taʼlim muassasalari mavjud edi: maktablar, madrasalar yoki qorixonalar, va bular ushbu yerlardan olingan daromadlar hisobiga moliyalashtirilgan. Rossiya hukumati vaqfdan musulmon ruhoniylari uchun moliyalashtirishning asosiy manbai bo‘lgani uchun hammadan ko‘p qo‘rqardi.

O‘z hisobotida fon Kaufman yer komissiyalarining materiallarini umumlashtirib, bu masalani davlat manfaatlari yo‘lida hal qilish uchun Rossiya hukumati choralarini asoslab berdi. U general-gubernatorlik yerlarini nazariy jihatdan “xiroj” toifasiga kiradigan davlat yerlariga kirishi kerak degan xulosaga keladi.

XVI asrdan boshlab o‘rnatilgan rasmiy atamaga muvofiq, aholi foydalanib kelgan ishlanuvchi yerlar ular tomonidan egalik huquqi bo‘yicha uchta asosiy toifani tashkil qilgan: 1) davlat yerlari “amlok”. 2) mulkiy yerlar “mulk” va 3) diniy tashkilotlarning va nasliy yerlar “vaqf”lar5.

O‘z hisobotida fon Kaufman komissiyaning avvalgi xonlar hukumatida soliq va o‘lponlar yig‘imlari deyarli nazoratsiz bo‘lib, ham soliq yig‘uvchilar, ham turli darajadagi maʼmuriyat rahbarlarining suiisteʼmol qilishlariga yordam berganligi6, ko‘pgina yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi haqidagi fikrini keltiradi.

Diniy muassasalar va ruhoniylarining daxlsiz mulki bo‘lgan «vaqf mulklari»ga nisbatan huquqiy va siyosiy qoida-tartibning yo‘qligi jiddiy oqibatlarga olib kelardi.

Fon Kaufmanning fikriga ko‘ra, vaqf masalasining murakkabligi nazoratning yo‘qligida edi. Hukumatga tegishli bo‘lgan vaqf mulklariga va vaqflardan tushadigan davlat daromadlariga bo‘lgan huquqlar to‘laligicha ruhoniylar hisobiga o‘tardi, shu sabadan bu yerlarga tegishli aholi ham ular ixtiyorida edi. Mulkdorlarning noqonuniy imtiyozlariga daxl qiladigan amirlar va xonlar ham vaqf mulklarini mutlaq qonuniy chegaralari doirasidan chiqa olmasdi. Buning sababi vasiyat dalolatnomalarining diniy xarakterga ega ekanligi hamda o‘z manfaatlari yo‘lida qonunlarni buzuvchi ruhoniylarning ulkan taʼsiri edi7.

Gubernator o‘z hisobotida vaqf yer-mulkidan davlat daromadini aniq hisoblash juda qiyin degan xulosaga keladi8. Uning fikriga ko‘ra, vaqf daromadlarining asosiy qismi vaqf boshqaruvchilari, mutavalliylar va soliq yig‘uvchilar qo‘lida qolardi9. Vaqf mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan muassasalar, bunday to‘liq nazorat yo‘qligida, vasiylar va “mutavalliy”larning o‘zboshimcha ixtiyoriga kirardi, yaʼni bu boshqaruvchilar o‘zlarining kichik xodimlari va ularning yaqinlari bilan har bir alohida holatda o‘z muassasalari vaqf xazinasining sohiblari edi.

Shariatga ko‘ra yerdan foydalanish huquqga tegishli muhim bir shart bo‘lib, buni yer komissiyalari ko‘rsatib o‘tgandilar. Uch yil davomida hech qanday qishloq xo‘jalik ekinlari ekilmagan yer o‘z o‘zidan davlat foydasiga o‘tkazilardi. Biroq, bu vaqf yerlariga tegishli emas edi.

Fon Kaufmanning taʼkidlashicha, Turkiston o‘lkasi bosib olingach, quyidagilar aniq bo‘ldi: vaqf yerlarining yarmidan ko‘pi tashlab qo‘yilgan, yaʼni, aslida ular ishlanmas va davlat xazinasiga hech qanday daromad keltirmas edi10.

Fon Kaufmanning fikricha, ijtimoiy soha va soliq tizimini qayta tashkil qilish qonun loyihasi Turkiston o‘lkasi musulmonlari hayotini yaxshilashga xizmat qildi. Nizomning o‘zida yerni isloh qilish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin mahalliy hokimiyatni to‘g‘ri tashkil etish orqali, Rossiya hukumati tomonidan uning harakatlarini nazorat qilish kuchayganida, dehqonlarga qarshi ko‘plab huquqbuzarliklar deyarli to‘xtatildi. «Maʼlum darajada taʼminlangan bunday nazorat himoyasi ostida va mahalliy sudlarni yaxshiroq tashkil qilish orqali, qishloq aholisiga zulm o‘tkazadigan maʼmuriy suisteʼmollarning chidab bo‘lmaydigan shakllari amalda imkoni bo‘lmay qoldi»11. Haqiqatda esa, fon Kaufman islohotlar jarayoni oson emasligini tan oldi. Uning fikriga ko‘ra, asosiy o‘zgarishlar aholining soliqqa tortilishida sodir bo‘ldi. Xonlar hukmdorligi davriga nisbatan soliqlarning sezilarli darajada qisqartirilishi aholi turmush darajasiga sezilarli taʼsir ko‘rsatdi. Rossiya hukumati davrida qishloq xo‘jaligi soliqlari hosilning 1/10 qismigacha qisqardi, eski davrlarda esa ular xazinga yalpi daromadning yarmini, kamida uchdan bir qismini topshirishlari kerak edi12. Biroq, fon Kaufman taʼkidlaganidek, yerga egalik qilish to‘g‘risidagi qonun haligacha qabul qilinmagan edi, va shuning uchun xazinaga yetarli miqdorda soliqlar tushmasdi. Bu muammoni hal qilish uchun, u yerni keng miqyosdagi chegaralash ishlarini amalga oshirish va soliqqa va imtiyozga ega bo‘lgan, vaqf va mulkiy mahalliy yer egaligini tartibga solishni taklif qiladi13. Mahalliy yerga egalik qilish tizimi mustahkam o‘rnatish bilan bog‘liq bo‘lgan tadqiqot mahalliy moliyalashtirish manbalarini mustahkamlab, davlat mulki hisoblanishi kerak bo‘lgan va shu sababli davlat xazinasiga daromad keltirishi mumkin bo‘lgan yer-mulklarni aniqlagan bo‘lardi.

Yerga imtiyozli egalik qilish, mulk va vaqf yerlari masalasi o‘zlarining qonuniy yechimini yana siyosiy maqsadlar uchun ham talab qilardi, chunki o‘zlarining yer bo‘yicha daʼvolarin himoya qiluvchi mulkdorlar va musulmon ruhoniylari yangi tartibga dushman bo‘lgan zodagon aholi sinfini tashkil qilardi14.

1873-yilda fon Kaufman yuqori hokimiyat muhokamasiga general-gubernatorlikning yer tuzilishini islohot qilish rejasini taqdim etdi. O‘zgarishlar asosi yerdan doimiy foydalanish huquqi bilan haqiqiy foydalanishni tasdiqlash edi. Fon Kaufmanning fikriga ko‘ra, «mahalliy zodagonlar uchun yer imtiyozlarni berish masalasi, xususan tasdiqlangan mulk va vaqf daromadlarni, ushbu daromadlarni to‘lovchi qishloq xo‘jaligi aholisiga daromad oladigan munosabatlarni bartaraf etish uchun va qisman mahalliy aholining imtiyozli guruhlarining davlatga bevocita bog‘liq qilib qo‘yish uchun, davlat kassalaridan pensiya shaklida to‘lashning men loyihalashtirgan tartibi qabul qilinsa, bu masalada mavjud tartibsizlikning zaif tomonlarini yo‘q qilib, mehnatkash aholini bu sinfning zararli zulmidan va yomon avrashlaridan ozod qilgan va mahalliy aholining eng xavfli qismini Rossiya maʼmuriyati qo‘lidan vaqf nafaqlarni berishni va to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga qaram qilib qo‘ygan bo‘lardi”15.

Turkiston general-gubernatori xuddi shu tarzda yer zodagonlari va musulmon ruhoniylariga qarshi kurashni rejalashtirgan edi. Biroq, fon Kaufman o‘z islohotlarini amalga oshirishga oliy darajadagi ruxsatni ololmaydi va vakolati darajasidagi ishlar bilan cheklanishga majbur bo‘ladi.

Fon Kaufmanning fikriga ko‘ra, Rossiya hukumati harakatsizligi yerga egalik qilish sohasida juda katta suisteʼmollarga olib kelgan. Tekshirilgan yer bo‘yicha suisteʼmollar na xalq sudlarida, na biylar va qozilar sudlarida tahlil va qoniqishni topa olmagan16. Rossiya maʼmuriyati ko‘pincha ikki tomon o‘rtasida ayni bir yer egalari ustidan va qonuniy kuchni yo‘qotgan musulmon hujjatlar asosida nizolarni hal qilishga majbur bo‘lardi17.

Yangi hukumatning mahalliy aholining o‘zaro nizolariga aralashishi uchun to‘sqinlik qiladigan narsa bu sud ishlarini to‘g‘ri hal etish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganligi sababi edi. Umumiy rus huquqining mahalliy munosabatlarga nisbatan izchil qo‘llash uchun imkoniyatga ega bo‘lmagan hukumat shariat qonunqoidalariga ayniqsa amal qila olmasdi?18

Turkiston o‘lkasining “Asoschisi” fon Kaufman o‘z xavf-xatari va tavakalliga o‘lkadagi yer muammolarini hal qilish, shu jumladan uni qonuniy mustahkamlash uchun quyidagi choralarni ko‘radi.

”Shaharlar chegarasidan tashqarida va qishloq aholi punktlari uchun muayyan joylarda tanlangan maydonlardan va pochta stansiyalarining xo‘jaliklari uchun ajratilgan joylardan tashqari, bizning kolonistlarimiz bilan mahalliy aholi o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tangliklar va to‘qnashuvlar oldini olish uchun, rus aholisi uchun boshqa hech qanday yer ajratmalarga ruxsat berilmaydi, ayni shu sababli, rus tomonidan mahalliy aholidan, unda yerga egalik qilish va foydalanish huquqlarining mavhumligi tufayli, yer sotib olish muvaqqat taqiqlangan. Xuddi shu tarzda va asosda, rus hukumatining mahalliy aholi o‘rtasida yerga egalik qilish huquqini bir-birlari nomiga voz kechishlariga taalluqli shartnomalar va bitimlarni rasman tasdiqlash taʼqiqlanadi.

O‘zlashtirilmagan va qarovsiz yerlar xususida, uyezd maʼmuriyatiga hech kim egalik qilmaydigan yerlar aholining mustaqil xo‘jaliklar tuzish uchun yerga ega bo‘lmagan eng kambag‘al qismiga ishlatishga o‘tsa eng ko‘p foyda keltirishi g‘oyasidan kelib chiqishlari kerakli aytilgan.

Yerdan foydalanish bo‘yicha nizolarni hal qilishda, ularni xalq sudlarida hal etishni iloji bo‘lmasa, qozilar tomonidan amalga oshiriladigan yer bilan bog‘liq hujjatlarning qonuniy qadr-qimmati shubhali bo‘lgani uchun, buning ustiga ularni tekshirish maʼmuriy vakolat doirasiga kirolmasligi ham, qonunning eng aniq dalili sifatida haqiqiy egalikni asos qilib olish buyuriladi. Bunday qarorlar taraflarga hech qanaqa egalik qilish huquqini bermaydigan vaqtinchalik hal qiluv hisoblanadi, chunki yer bo‘yicha barcha tugallanmagan va qayta yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishlar bo‘lajak qonun asosida o‘lkaning yer bilan bog‘liq tashkiliy tuzilmasi yuklatilgan maxsus muassasalar tomonidangina hal qilinishi mumkin.

Mulk yerlarga nisbatan, bunday yerlarga solinadigan soliqdan imtiyozlarga huquqiy asoslar aniqlanguncha, ularning egalari soliq solinadigan amlok yerlarga qo‘llanadigan umumiy soliqqa tortish tartibiga bo‘ysunish buyuriladi.

Musulmon ruhoniylarining ommaga maʼlum darajada taʼsiri tufayli hamda aholining aqidaparast qismida noroziliklarni keltirib chiqarishidan xavotirlanish sababli, hukumatning kelajakda vaqflar mulklarini tartibga solish bo‘yicha rejalari ijobiy o‘rnashmagani uchun vaqf yerlariga egalik qilish amaliyotini o‘zgartirmasdan, mavjud tizim saqlab qolindi19«.

1873-yilgi fon Kaufman tomonidan rejalashtirilgan yer islohoti bir qancha sabablarga ko‘ra markaziy idoralar tomonidan qo‘llab quvvatlanmadi. Tashqi ishlar vazirligi uni hali juda erta va sharoitlar bilan oqlanmaydigan chora deb qaradi. Moliya vazirligi unda aholi yashab turgan va ishlab turgan maydonlarni davlat xazinasiga hisobiga aylantirish uchun mahalliy aholidan yerni keng ekspropriatsiya qilish niyatni ko‘radi.20 Ushbu ikki vazirlikning nuqtai nazarini qabul qilgan davlat nazoratchisi rejalashtirilgan yer islohotida ehtiyojni ko‘rmaydi, va uni siyosiy jihatdan xavfli deb biladi.

Fon Kaufman, vazirliklarga eʼtiroz bildirib, islohotlarning asosiy maqsadi – “mahalliy aholining doimiy foydalanish shaklida haqiqiy yer huquqlarini tasdiqlash va yerga bo‘lgan mavjud soliqlarni davlat soliqlari bilan almashtirishdir.

Eng muhimi, bu islohot Rossiya imperiyasining yer egaligi bo‘yicha siyosati, xususan, 1861 yilgi islohotiga zid edi. Jumladan davlat kotibi Reytern asosiy maqsadi imperiya qishloq xo‘jaligi aholisini davlat yerlari egalari emas, balki, dehqon-mulkdorlarga aylantirish bo‘lgan rus yer islohotiga zid ekanini taʼkidlagandi.

Odil Olimjonovich Zaripov

TIQXMMI Buxoro filiali

Adabiyotlar:

1. Мухамедов Ш.Б. Историка – источниковедческий анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013.

2. Муҳамедов Ш.Б. Совет туркестанского генерал-губернатора и определение тактики и стратегии в решении вакуфного вопроса в Туркестане (1887–1917): причины фиаско // МИ. 2015.

3. Мухамедов Ш.Б. Особенности землевладения и водопользования в Средней Азии и Алжире в XIX в. // МИ. 2019.

4. Проект Всеподданнейшего отчета Ген. –Адъютанта К.П.фон Кауфмана 1 по гражданскому управлению и устройству в областях Туркестанского генерал-губернаторства. 7 ноября 1867-25 марта 1881 г. Спб., 1885.

5. Савицкий А.П. Поземельный вопрос в Туркестане (В проектах и законах 1867–1886 гг.). – Т., 1963

Изоҳлар:

1 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 66-бет

2 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 67-бет

3 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 67-бет

4 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 68-бет

5 Проект Всеподданейшего отчета Ген.-Адьютанта К.П. фон Кауфмана 1. С. 231

6 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 68-бет

7 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 69-бет

8 Ўша ерда

9 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 69-бет

10 Ўша ерда

11 Проект Всеподданейшего отчета Ген.-Адьютанта К.П. фон Кауфмана 1. С. 240

12 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 70-бет

13 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 70-бет

14 Ўша ерда, 70-бет

15 Проект Всеподданейшего отчета Ген.-Адьютанта К.П. фон Кауфмана 1. С. 244

16 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917).-Т.: Baktria press; 2013. 71-бет

17 Ўша ерда

18 Ўша ерда

19 Проект Всеподданейшего отчета Ген.-Адьютанта К.П. фон Кауфмана 1. С. 247

20 Мухамедов Ш.Б. Историко-источниковедический анализ государственного регулирования ислама Российской империей в Туркестане (1864-1917). – Ташкент: Baktria press; 2013. 73-бет

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 481 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan