Bosh sahifa » Islom » Qurʼoni Karimni bir xil qiroatda yozib jam qilinishi

Qurʼoni Karimni bir xil qiroatda yozib jam qilinishi

Avvalgi qismni o‘qish…

Usmon (roziyallohu anhu) zamonlarida Qurʼoni Karimni Abu Bakr sahifalaridan olib, bir xil qiroatda yozib jamʼ qilinishi va Ummatni shu qiroatga o‘tkazilishi

Imom Buxoriy rivoyat qiladilar: Huzayfa bin al-Yamon hazrati Usmon (ikkalovlaridan Alloh rozi bo‘lsin) oldilariga keldilar. (Hijratning 25-yili va hazrati Usmon xalifaliklarining 2-yili). Bu paytda Huzayfa Shom ahliga bosh bo‘lgan holda Iroq ahli bilan Armaniston va Ozarbayjon g‘azotida ishtirok qilayotgan edilar. Shom va Iroq ahllari o‘rtasidagi Qurʼon tilovati borasidagi ixtilof Huzayfani dahshatga soldi. U zot hazrati Usmonga, ey amiral-mo‘minin, musulmonlar Qurʼon xususida yahudiy va nasorolar kabi ixtilof qilmaslaridan burun, bu ummatning holidan xabar oling, dedilar. Shunda Usmon (roziyallohu anhu) Hafsa onamizga odam yuborib: «Sahifalarni bizga berib turing, undan nusxa olib, Sizga yana qaytarib beramiz», dedilar. Hafsa onamiz sahifalarni hazrati Usmonga yubordilar. Xalifa Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr, Said bin Os, Abdurrahmon bin Horis bin Hishomlarga amr qildilar va ular sahifalardan bir necha musʼhaf qilib, nusxa ko‘chirdilar. Hazrati Usmon sahifalarni Hafsa onamizga qaytarib berdilar. Ko‘chirilgan nusxalardan har bir mintaqaga bitta-bittadan Musʼhaf yubordilar. Qurʼondan yozilgan boshqa har xil sahifa va musʼhaflarni esa kuydirishga buyurdilar.

Boshqa bir rivoyatda, Huzayfa Usmonga murojaat etib:

«Odamlardan xabar oling, dedi. Hazrati Usmon:

«Nima bo‘ldi?» dedilar. Huzayfa aytdi: «Armanistonda g‘azotda edim, Shom va Iroq ahllari bilan birga edik. Qarasam, Shom ahli Ubay bin Kaʼb yo‘lida qiroat qilyapti. Qiroatlarida Iroq ahli eshitmagan narsa chiqib qolsa, Iroq ahli ularni kofirga chiqaryaptilar yoki Iroq ahli Ibn Masʼud yo‘lida qiroat qilib, Shom ahli eshitmagan biron narsa chiqib qolsa, ular Iroq ahlini kofirga chiqaryaptilar».

Huzayfa Armaniston g‘azotidan qaytib kelayotganda, unga hamroh bo‘lgan Said bin Osga aytdi:

– Ushbu safarim chog‘ida shu narsaga guvoh bo‘ldimki, agar bunga chora ko‘rilmasa, Qurʼon to‘g‘risida keyinchalik hech tuzatib bo‘lmaydigan bir ixtilof chiqadi.

Said so‘radi:

– Qanaqa ixtilof ekan u?

– Hums shahridan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular o‘zlarining qiroatlarini boshqa qiroatlardan yaxshi deb, Qurʼonni Miqdoddan o‘rganganliklarini aytar edilar. Kufadan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular ham shunga o‘xshash gaplarni aytib, qiroatni ibn Masʼuddan olganmiz der, edilar. Basra ahli ham ayni shu daʼvoni qilib, ustozlari Abu Muso Ashʼariy ekanligini aytardilar va uning Musʼhafini “Lubobul-Qulub” deb ataydilar, deb javob berdi Huzayfa.

Kufaga yetib kelganlarida Huzayfa odamlarga bu haqda xabar berdi va ularni o‘zini tashvishga solayotgan voqelik bilan ogohlantirdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning asʼhoblari va ko‘pgina tobeinlar uning gapiga qo‘shildilar. Ibn Masʼudning odamlari «Biz ibn Masʼud qiroatida o‘qishligimizni hech kim inkor qila olmaydi-ku», deganlarida Huzayfa va uning gapini maʼqullaganlarning achchiqlari chiqib ketdi. Ular: «Sizlar aʼrobiy (sahro odamlari)siz, sizlar xato qilyapsizlar», deyishdi. Huzayfa esa: «Allohga qasam, agar tirik bo‘lsam, albatta, amirul-mo‘minin oldiga borib, odamlarni bundan qaytarish kerak ekanligini aytaman, dedi. Shunda ibn Masʼud Huzayfaga qo‘pol muomala qildi. Said g‘azablanib, o‘rnidan turib ketdi. Odamlar tarqaldilar. Achchiqlangan Huzayfa Usmon (roziyallohu anhu) oldilariga borib, o‘zi shohid bo‘lgan ishlarning xabarini berdi: «Men xolis ogohlantiruvchiman, ummatni qutqaringlar», dedi. Usmon (roziyallohu anhu) sahobalarni yig‘dilar va ularga voqeani aytib berdilar. Ular bu voqeani katta xavf deb, hammalari Huzayfaning fikrini to‘g‘ri deb, topdilar.

Yazid an-Naxaʼiydan:

– Valid bin Aqaba zamonida masjidda o‘ltirgan edim. Bu davrada Huzayfa bin Yamon ham bor edi. Bir kishi: «Kim Abu Muso qiroatida o‘qisa, Kinda eshigi oldidagi burchakka kelsin, kim Abdulloh bin Masʼud qiroatida o‘qisa, Abdulloh uyining ro‘parasidagi burchakka o‘tsin», deb qoldi. (Boshqa bir rivoyatda «Ibn Ummi Abd qiroati yoki Abu Muso Ashʼariy qiroati» deyilgan.) Ular Baqara surasidagi oyatning o‘qilishi to‘g‘risida tortishib qolgan edilar. Birlari «Alloh uchun Haj va Umrani komil suratda ado qiling!» deb o‘qisa, ikkinchilari «Haramga qilinadigan Haj va Umrani komil suratda ado qiling!» deb, o‘qir edilar (198-oyat). Huzayfa g‘azablanganidan, ko‘zlari chaqnab o‘rnidan turib ketdi. Masjidda bo‘lishiga qaramasdan ko‘ylagini tizzalarigacha ko‘tarib: «Yo amirul-mo‘minin mening oldimga kelsin, yo men uning oldiga boraman, sizlardan oldin ham shunday bo‘lgan edi. Allohga qasamki, agar tirik bo‘lsam, amirul-mo‘minin oldiga borib, qiroatni bir xil qilish kerakligini uqdiraman va bu musʼhaflarni suvga g‘arq qilib tashlaymiz»,− dedi. Abdulloh bin Masʼud unga javoban shunday dedi: – Allohga qasamki, agar shunday qilsang, Alloh seni boshqa suvga (yaʼni jahannam suviga) g‘arq qiladi, − dedi.

Xuddi shunday janjal Usmon (roziyallohu anhu) davrlarida Madinaning o‘zida ham sodir bo‘ldi. Ibni Ashtahning Anas bin Molikdan qilgan rivoyatlarida hazrati Anas aytadilar: «Qurʼon xususida Usmon zamonlarida ixtilof qildilar. Bir muallim shogirdlariga bir sohibi Musʼhaf qiroati bo‘yicha taʼlim berar, ikkinchi muallim ikkinchi qiroat sohibi bo‘yicha. Bolalar bir joyga to‘planganlarida bir-birlari bilan shu xususida tortishar edilar. Tortishuvlar hatto muallimlar orasida ham paydo bo‘la boshladi. Muallimlar bir-birlarining qiroatlarini ayblay boshladilar. Ish hatto shogirdlar bilan shogirdlar va muallimlar bilan muallimlar o‘rtasida qon to‘kishgacha bordi. Bu xabar Usmonga yetib keldi. U kishi: «Hali mening yaqinimda turib bir-birlaringizni yolg‘onchi qilasizlar va Qurʼon xususida ayblaysizlar, boshqa diyorlardagi ahvol qanday kechadi? Ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning asʼhoblari, yig‘ilinglar va musulmonlarga boshqa imom saylanglar», − dedi. (Al-Masohif kitobi, Ibn Abu Dovud. 4-11 betlar)

Ibn Abu Dovud sahih isnod bilan Suvayd bin G‘afladan rivoyat qiladilar: Suvayd aytdi: «Ali (karamallohu vajhahu) Usmon to‘g‘risida yaxshi gapdan boshqa narsa gapirmanglar. Allohga qasamki, musʼhaflar xususidagi ishni u bizning hammamizning maslahatimiz bilan qilgan. Menga baʼzi birovlaringizning «Mening qiroatim sening qiroatingdan yaxshi» degan gaplaringiz yetib keldi, bu esa salkam kufrning o‘zidir», − dedilar. «Nima qilish kerak? − deb so‘radik biz, − deydi Suvayd. Ali: «Ixtilof va tafriqa bo‘lmasligi uchun musulmonlarni bitta Musʼhafga jamlash kerak, deb o‘ylayman»,– deb javob berdilar. Biz: «Sizning fikringizni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedik. Ali (karamallohu vajhah) yana shunday deganlar: «Agar valoyat mening qo‘limda bo‘lganda, musʼhaflar xususida Usmon qilgan ishlarini qilardim».(“Al-Itqon” 1-jild 59 bet, Al-Maohif, 1-bet)

Roviylar aytadilar: Huzayfa hazrati Usmonga odamlarning ixtilofi to‘g‘risida xabar qilganda, xalifa dahshatga tushdilar va hamma sahobalarni to‘pladilar. O‘sha kunlarda ularning soni 12 ming edi. Ular voqeadan xabardor etilganda, sahobalar uni katta xavf, deb bildilar. Ixtilof va tafriqa bo‘lmasligi uchun musulmonlarni bitta Musʼhafga o‘tkazish to‘g‘risida raʼylari, bilittifoq, bir qarorga keldi. Mazkur sahifalardan bitta Musʼhaf (muqovalangan kitob) qilib nusxa ko‘chirildi va unga quraysh lahjasi asos qilib olindi. Odamlarni shu qiroatda o‘qishlikka buyurildi. Shunday qilib, katta bir fitnaning oldi olindi. Agar odamlar o‘z hollariga qolib, Qurʼon qiroatlari birlashtirilmaganda, qiyomatgacha tuzatib bo‘lmaydigan buzg‘unchilik va tahrif sodir bo‘lar edi. («Tarixul Qurʼon» 39- bet)

Ibni Abu Dovud ushbu rivoyatni keltirganlar: Usmon (roziyallohu anhu) qurayshiylar va ansorlardan 12 kishini to‘plab, ularga «Agar biror narsa to‘g‘risida ixtilof qilsanglar, uni quraysh lahjasidagisini yozinglar», deb farmon berdi. “Baqara” surasidagi “tobut”(sandiq) so‘zidan boshqa narsada ixtilof chiqmadi. Zayd “ho” bilan dedilar, qolganlar “to” bilan deyishdi va “to” bilan yozdilar.

Imom Buxoriyning “Kitobut-tafsir”laridagi «Qurʼon quraysh arablari tilida nozil bo‘ldi» degan bobda Usmon ularga: «Agar sizlar va Zayd bin Sobit Qurʼonning biror kalimasida ixtilof qilsalaring, uni quraysh zabonidagisini yozinglar, chunki Qurʼon ularning tilida nozil bo‘lgan», − dedilar va ular shunday qildilar, deyiladi.

“Al-Fath” kitobida Abu Shommadan: «Qurʼon quraysh zabonida nozil bo‘ldi deyilganini, birinchi galda ana shu lahjada nozil bo‘ldi, so‘ngra yengil va oson bo‘lishligi uchun boshqa yetti xil qiroatga ruxsat berildi»,– deb tushunish kerak, degan rivoyat bor.
Usmon (roziyallohu anhu) odamlarni bitta qiroatga o‘tkazmoqchi bo‘lganlarida, Qurʼoni Karim ilk nozil bo‘lgan quraysh qiroati boshqa qiroatlardan avlo ekanini ko‘rdilar va odamlarni shunga o‘tkazdilar.

Abu Dovud Kaʼbul-Ansoriydan shunday rivoyat qiladilar: Hazrati Umar (roziyallohu anhu) ibn Masʼudga xat yozib: «Qurʼon quraysh zabonida nozil bo‘lgan, odamlarni huzayl lahjasida emas, quraysh lahjasida o‘qitgin», − dedilar. Ibn Masʼud Huzayl qabilasidan edilar.

Abu Qiloba rivoyatdarida: «Usmon (roziyallohu anhu) Musʼhafni tayyorlaganlaridan so‘ng, turli yurtlarga xat yozib, Men shunday-shunday ish qildim, o‘zimizdagi boshqa nusxalarni yo‘qotdim, sizlar ham o‘zlaringizda bo‘lgan boshqa nusxalarni yo‘q qiling, deb aytdilar», deyiladi. Ibn Abu Dovud, Taboroniy va ulardan boshqalarning Shuayb rivoyatlarida: «Ularga yuborilgan Musʼhafga xilof bo‘lgan boshqa hamma musʼhaflarni yoqishga amr qildilar», deyiladi.(“Tarixul-Kurʼon”)

Hazrati Usmon Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning oxirgi xatmlariga binoan Qurʼonni yozdirib, undan boshqa nusxalarni tark qilishlikni buyurganlarida sahobalarning hammalari u kishini qo‘llab-quvvatladilar va daʼvatlariga javoban o‘zlaridagi musʼhaflarini yondirib tashlab, hazrati Usmon Musʼhaflariga o‘tdilar. Bu Musʼhaf nusxalari turli Islom diyorlariga yuborilganda, ular o‘z maqomiga yarasha kutib olindi va undan juda ko‘plab nusxalar ko‘chirildi. Bosh Musʼhaf nusxalarining hammasi muqaddas deb bilinib, katta ehtirom ko‘rsatilar edi. Barchasi nuqta va yordamchi shakllardan xoli edi. (Tarixul-Musʼhaf)

Al-Olusiy o‘zining tafsirida shunday yozadi: «Usmon (roziyallohu anhu)ning mazkur ishlarini bir emas, ko‘pgina tadqiqotchilar zikr qiladilar. Usmon Abu Bakr Siddiq ishlariga hech bir yangilik yoki tartibiy o‘zgartirish kiritganlari yo‘q, undan biror narsani olib tashlaganlari yo‘q, faqatgina odamlarni quraysh lahjasidagi yagona qiroatga o‘tkazdilar, xolos. Bu ishni ul zot Qurʼon quraysh lahjasida nozil bo‘ldi, degan hujjatga asosan qildilar».

Ibnut-Tin va boshqalar aytadilar: «Abu Bakr va Usmonning Qurʼonni jamʼ qilishlari orasidagi farq shuki, Abu Bakr qoriy va sahobalarning o‘limi bilan Qurʼondan biron-bir narsa yo‘qolib ketmasin, deb jamʼ qildilar, chunki Qurʼon o‘sha vaqtda sahifa shaklida jamʼ qilinmagan edi. Shuning uchun Abu Bakr Payg‘ambar (alayhissalom) o‘rgatganlaridek, Qurʼonning oyat va suralarini tartibi bilan sahifalarga jamʼ qildirdilar. Usmon esa qiroat xususida ixtilof ko‘payib ketganligi, har kim o‘z lahjasida o‘qiyverganligi, buning oqibatida bir-birlarini ayblash boshlangani va fitnaning kattalashib ketishidan qo‘rqqanliklaridan, mazkur sahifalardan quraysh lahjasi asosida, bir qiroat yo‘lida, bir xil Musʼhaf qilib nusxa oldirdilar. Garchi boshida mashaqqat va noqulaylik bo‘lmasligi uchun boshqa qiroatlarga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, keyinchalik Usmon (roziyallohu anhu) bunga hojat qolmaganini ko‘rdilar va bitta qiroatga o‘tkazdilar. Yuqorida aytilganidek, Qurʼoni Karim uch marta jamʼ qilindi. Birinchi marta Payg‘ambar (alayhissalom) zamonlarida, ikkinchi Siddiq (roziyallohu anhu) davrlarida va uchinchi marotaba Usmon (roziyallohu anhu) xalifaliklarida.

Birinchi jamʼ qilish oyatlarni suralardagi o‘z o‘rinlariga qo‘yib, tartibi bilan yozishdan iborat bo‘lib, ammo Qurʼon tarqoq holda edi. Ikkinchisida esa oyat va suralarni tartibi bilan sahifalarda jamʼ qilindi. Uchinchi jamʼ qilishda, o‘sha sahifalardagi Qurʼonni bir xil qiroat bilan Musʼhaf qilib ko‘chirildi va ular Islom zaminining katta-katta markazlariga ixtilof va fitnalarga barham berish uchun yuborildi. Bu musʼhaflar Abu Bakr sahifalari deyilganidek, Usmon Musʼhaflari deb atala boshlandi.

Abu Bakr al-Anboriy aytadilar: «Alloh taolo nozil qilgan va yozishga amr etgan, mansux hamda tilovati marfuʼ bo‘lmagan Qurʼonning hammasini ikki muqova orasida o‘z ichiga olgan kitob bu Usmon Musʼhafidir. Undan biron narsa noqis bo‘lmagan, uning tartibi va nazmi Alloh tomonidan nozil qilinib, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunga binoan hech narsani oldinma-keyin qilmasdan, suralarning oyatlarini tartibga solganlar. Ummati Islom suralardagi oyatlar tartibini qandoq bo‘lsa shundayligicha Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan olgan. Tilovat va qiroatlar ham ul Zotdan sobit bo‘lgandur».

Bag‘aviy aytadilar: «Sahobalar shu muqovali Musʼhafga Qurʼoni Karimni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan qanday qabul qilgan bo‘lsalar, shundayligicha, hech bir narsani kamitmay, hech bir narsani ziyoda etmay jamʼ qildilar va hech bir narsani oldinma-keyin qilmay yozdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o‘z asʼhoblariga hozirgi Qurʼon kitoblarida yozilgan tartib bo‘yicha taʼlim berar va Allohning Kalomini Jabroil (alayhissalom) o‘rgatganlaridek ularga talqin etar edilar».

Ibn Hisor: «Ushbu tartib Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning tilovatlaridan uzluksiz naql etilib, sahobalarning ijmoʼlari bilan Musʼhafga joriy qilindi», − deydilar. («Safvatul bayon li maʼonil-Qurʼon» («Qurʼon maʼnolariga ravshan bayon»). Shayx Hasanayn Maxluf, 1-jild 8-bet.)

Yuqorida taqdim qilingan maʼlumotlarga izoh bo‘lsin, deb ushbularni aytish joiz: arab jazirasidagi qabilalarning lahjalari bir-biridan o‘qishda va talaffuzda farq qilsa-da, ular yagona tildir. Ular xuddi boshqa mamlakatlarda bir qishloqning yoki shaharning lahjasi ikkinchisidan farq qilganidek, farqlanadilar.

Qurʼon avvalda quraysh tilida nozil bo‘lib, so‘ng har bir qabila o‘zi o‘rgangan talaffuziga binoan qiroat qilishi uchun o‘sha qabila lahjasida o‘qishlikka ruxsat berildi. Chunki bu Qurʼon hukmlarining vojiblik maʼnolariga ixtilof tug‘dirmaydi, balki tilovat qilish uchun osonlik beradi, xolos.

Islom futuhotlari qamrovi kengayib, arablar o‘z sahrolaridan chiqib, dunyoning bir qancha joylarini fath qilganlarida va Allohning diniga ko‘p xalqlar va millatlar kirganda, arablar bilan ajamlar aralashib ketdilar. Bu aralashuv arablarga o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. Buning natijasida musulmonlarning har biri o‘zi o‘rgangan lahjada Qurʼonni tilovat qilishda davom etaversa, turli fitnalar kelib chiqishi mumkinligini sahobalar tushunib, xavotirlandilar. Masalan, bir kishi ikkinchi kishining o‘zi o‘rganmagan lahjada Qurʼon tilovat qilganini eshitsa, ataylab Qurʼonni buzib o‘qiyapti, deb o‘ylashligi va uni kofir-fosiqqa chiqarishi, oxir-oqibat tilovat va so‘zlardagi ixtilof Qurʼoni Karimni o‘zgarishiga yoki noto‘g‘ri o‘qilishiga olib kelishi mumkin edi. Yoki baʼzi arablarning ajamlar bilan aralashuvlari natijasida, ularning talaffuzlari va lahjalari buzilishi, bu buzilgan lahjalari bilan Qurʼonni o‘qisalar, Kalomullohning fasohati va qiroatining ulug‘ligiga putur yetishi mumkin edi.

Mana shu salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida, Usmon (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobalari bilan mashvarat qilishlikka va Abu Bakr (roziyallohu anhu) zamonlarida yozilgan moʻtamad sahifalardan nusxa ko‘chirib, Musʼhaf qilishga qaror qildilar. Musʼhafning nusxalarini Islom yurtlariga yuborib, undan boshqa qiroatda va xilof lahjada yozilganlarini manʼ qildilar. Har bir yuborilgan Musʼhaf bilan birga odamlarni qiroatga o‘rgatadigan ustoz ham jo‘natdilar.

Hozirgi kunda bizning diyorimizda saqlanayotgan Musʼhaf o‘sha hazrati Usmon nusxa oldirgan va har xil yurtlarga yuborgan Musʼhaflarning biridur. Eʼtimod qilinadigan bu nusxalar hozir dunyoning bir qancha joylarida saqlanmoqda. (Mag‘ribda chiqadigan “Daʼvatul-haq” majallasidan)

Davomi bor…

Arabchadan Abdulloh shayx Ismoil Maxdum o‘g‘li tarjimasi

Manba

O‘xshash maqola

Shayxul-Azhar diyorimizda (1999 yil)

Post Views: 789 Qohiradagi «Al-Azhar» universiteti shayxi Muhammad Sayyid Tantoviy janoblari mamlakatimizga safari davomida 1999 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan