Bosh sahifa » Tarix » Qo‘qon xonligi hamda Sin imperiyasi (Xitoy) o‘rtasida 1832 yilda tuzilgan shartnoma
Маралбоши қалъаси
Маралбоши қалъаси

Qo‘qon xonligi hamda Sin imperiyasi (Xitoy) o‘rtasida 1832 yilda tuzilgan shartnoma

Qo‘qon xonligi 1709-1876 yillarda hukmronlik surgan bo‘lib, o‘zining yuksalish davrlarida hozirgi Tojikiston Respublikasining shimoli va sharqi, Qozog‘iston Respublikasining janubiy hududlari va Qirg‘iziston Respublikasi hududlarini egallagan1.

Maralboshi qalʼasi Maralboshi qalʼasi, (Qoshg‘ar, Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani, Xitoy)

Sin imperiyasi 1759 yilda Sharqiy Turkistonni bosib olishi bilan, xonlik sharqda Xitoy bilan chegaradosh davlatga aylangan. Sharqiy Turkiston bosib olingandan so‘ng, uning hukmdori – Sarimsoq xo‘ja avlodlari Qo‘qon xonligi hududida panoh topgan.

Xitoy hukmdorlari Sarimsoq xo‘ja avlodlari Sharqiy Turkiston hududida paydo bo‘lmasligi, ularni Qo‘qon xonligi saqlab turilishi evaziga Qo‘qon xonligiga savdo munosabatlarda ancha imtiyozlar bergan.

Masalan, 1809 yilgi Xitoy imperatori Szyatsinning farmoniga ko‘ra, shu yili Qashqarga keltirilgan Qo‘qon xonligi tovarlari bojdan to‘liq ozod qilingan, kelgusida keladigan tovarlar uchun bojlar ikki marotaba tushirilgan.

Biroq, Sarimsoqxo‘janing o‘g‘li Jahongirxo‘ja 1822 yilda Qo‘qon xonligidan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi, 1826 – 1827 yillarda Sharqiy Turkistonda qo‘zg‘olon ko‘taradi, qo‘zg‘olonchilarni qo‘llab quvvatlash uchun Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1822-1842 yillar) 1826 yilda Qashqarga qo‘shin tortib boradi, biroq tezda orqaga qaytadi. Jahongirxo‘janing Sharqiy Turkistondagi hukmronligi 9 oy davom etadi va Xitoy armiyasi tomonidan bostiriladi. Xitoy davlati Qo‘qon xonligini Jahongirxo‘ja qo‘zg‘olonida ayblab, Qo‘qon xonligi savdogarlarini Sharqiy Turkistonda taʼqib ostiga oladi. Shundan so‘ng, 1830 yilda Muhammad Alixon Qashqarga Jahongirxo‘janing akasi Muhammad Yusufxo‘ja boshchiligida o‘z harbiy sarkardalari bilan qo‘shin yuboradi. Bir vaqtning o‘zida Toshkent hokimi Lashkar qushbegi Ili daryosi bo‘ylariga hujum uyushtirib, mazkur hududlarda Qo‘qon xonligi hukmronligi mustahkamlaydi. Natijada Sharqiy Turkiston g‘arb tarafdan to‘lig‘icha Qo‘qon xonligi bilan chegaradosh bo‘lib qoladi, ushbu holat Xitoy maʼmurlariga tashvish tug‘diradi2.

Bir vaqtning o‘zida diplomatik aloqalar ham to‘xtamaydi. Qo‘qon xonligi va Xitoy o‘rtasida elchilar almashinuvi davom ettiriladi. Qo‘qon xonligi elchisi Aʼlam pochchaning (Alam poshsho, Eshon hoji, Oxund Aʼlam pochcha ismlari bilan bilan ham keltirilgan3) elchilik faoliyati bevosita 1832 yil 13 yanvardagi Qo‘qon xonligi va Xitoy o‘rtasidagi tuzilgan shartnoma bilan bog‘liq xisoblanadi. Chunki Aʼlam pochcha Qo‘qon xonligi hukmdori Muhammad Alixon nomidan musulmonlarning muqaddas kitobi xisoblanmish Qurʼoni karimni ushlab qasam ichish yo‘li bilan shartnomani imzolagan 4.

Xitoy imperatori Daoguang 1832 yil 13 aprel kungi farmoni bilan mazkur shartnoma bo‘yicha “barcha zaruriy choralarni ko‘rishni” buyuradi5.

Olimlarimizdan Sh. Qo‘ldashev shartnomaning quyidagi bandlardan iboratligini bildiradi: “Manjurlar hukumati Sharqiy Turkistonda osoyishta hukmronlikni davom ettirish uchun bu bitimga rozi bo‘lgan. Ushbu bitimda quyidagi masalalar qayd etilgan edi:– Sharqiy Turkistonning olti shahariga, yaʼni Oqsuv, Uchturfon, Qashqar, Yangihisor, Yorkend, Xo‘tonga mol olib kelgan barcha chet ellik savdogarlardan boj olish huquqini Qo‘qon tomoniga topshirish; – Sharqiy Turkistondan Qo‘qon savdogarlari va fuqarolari chiqarib yuborilganda, ularning tortib olingan mol – mulklari evaziga Qo‘qon xoniga tovon to‘lash; – bojni yig‘ib olish Qo‘qon xoni tomonidan tayinlanadigan oqsoqol zimmasiga yuklatilgan. Dastlabki oqsoqol Aʼlam pochchaning o‘zi bo‘lib, u ikki yil davomida Qashqarda istiqomat qilgan. Uning rasmiy idorasi Qashqar hisoblangan;– Sharqiy Turkistonga kelgan barcha chet ellik savdogarlarning idoraviy-nazorat ishlari yuqorida keltirilgan Qo‘qon oqsoqoli idorasi bilan birga bajarilishi lozim; – O‘z navbatida Qo‘qon tomoni o‘z hududidagi Sharqiy Turkiston xo‘jalarini Qashqarga o‘tib ketmasligini kafolatini oladi6

Baʼzi adabiyotlarda shartnomaning boshqa shartlari ham uchraydi:

  • Xitoy imperatori Jahongirxo‘ja qo‘zg‘olonini bostirib paytida olib ketilgan va Xitoyning ichki viloyatlariga qullikka sotib yuborilgan Sharqiy Turkiston aholisini, o‘z navbatida Qo‘qon xonligi Muhammad Yusuf xo‘ja yurishi vaqtida asir olingan xitoyliklarni qaytarib beradi. 7

  • Xitoy davlati Qo‘qon xonligiga har yili 1 000 (ayrim manbalarda 250) yombu8 tovon to‘laydi. 9

  • Ch. Valixonovning bildirishicha, Qo‘qon xonligi Sharqiy Turkiston aholisining ¼ qismidan (145 000 atrofida) qismidan soliq hamda ko‘chmanchi chorvador qirg‘izlardan sotish uchun keltirilgan chorvadan 2.5 % miqdorida soliq yig‘ib olgan. 10

  • Xitoy Sharqiy Turkistonda 20 000 kishilik qo‘shin (shundan 10 000 kishilik Qashqar shahrida) saqlash huquqiga ega. Qo‘shinlar shaharlardan tashqarida Gulbog‘larda (Xitoy harbiy istehkomlari) saqlanadi.11

Qo‘qon xonligiga bir yilda Sharqiy Turkistondagi oqsoqol 20 000 tilla hisobida mablag‘ yuborganligi to‘g‘risida maʼlumot bor12. Shuningdek, olimlardan J. Fletcher 1830 yillarning oxirida bir qancha Qo‘qon xonligi savdogarlari Qulja shahriga ham joylashganligi, natijada Ili o‘lkasida ham Qo‘qon xonligi oqsoqollik tizimi joriy etilganligini maʼlum qiladi13.

Mazkur shartnoma to‘g‘risida Angliyaning Bombey hukumatidagi forsiy kotib V. Uatenning Bengaliyada nashr etiladigan “Osiyo hamjamiyati” jurnalining 1834-yilgi sonida “Qo‘qon O‘zbek davlati haqidagi memuarlar” nomli maqolasida quyidagilarni maʼlum qilingan: “Qashqarlik musulmonlarni din qoidalari asosida Xonning o‘rinbosari tomonidan boshqarilishi, Xonga tranzit bojlardan haq olish huquqini berish, Xonning qirg‘izlarni o‘z nazorati ostida ushlash, kelgusida Sharqiy Turkistondagi har qanday qo‘zg‘olonda Xonning Xitoyga yordam berish shartlarida Pekindan (O‘zbeklar Bojin deb ataydigan) tinchlik sulhini tuzish uchun elchi jo‘natildi.”

Jozef Fletcher 1832 yilgi Qo‘qon – Xitoy shartnomasini Xitoyning birinchi teng bo‘lmagan shartnomasi deb atab, quyidagilarga ko‘ra 1842 yilgi Xitoy – Angliya shartnomasiga14 o‘xshashligini bildirgan:

  • Hududiylik prinsipiga zidligi bo‘yicha: milliy qonunchilikdan ustun turuvchi konsullarni tayinlash huquqini tashqi kuchlarga berish.

  • Tovon to‘lash: noqonuniy bo‘lishiga qaramasdan, musodara qilingan opium uchun Xitoy kumush bilan tovon to‘lagan. Qo‘qon xonligi Xitoy hududini noqonuniy ravishda bosib olgan bo‘lsa-da, kumush bilan tovon to‘lagan.

  • Haqqoniy va doimiy” tariflar hamda bojxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan – to‘g‘ri munosabatlar. J. Fletcherning fikricha, 1842 yilgi shartnoma bilan Angliyaga Qo‘qon xonligiga nisbatan ancha tor doiradagi boj va soliq imtiyozlari berilgan. Bu holatni olim Qo‘qon xonligi savdogarlari Sharqiy Turkistonda Xitoy davlatiga soliq to‘lamaganligi, Sharqiy Turkiston qirg‘izlari ham Qo‘qon xonligiga soliq to‘laganligi, Sharqiy Turkistonga kelgan boshqa davlatlar savdogarlari ham Qo‘qon xonligiga soliq to‘laganligi bilan izohlaydi.

  • Ko‘p imtiyozlar beruvchi millat (most-favoured-nation) shartnomasi.

  • Savdodagi monopoliyani bekor qilinishi, xorijiy savdogarlar va Xitoy fuqarolariga tijorat munosabatlariga huquq berilishi. 15

Oqsoqol o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur xizmatchilar va o‘z xavfsizligini taʼminlash uchun harbiy soqchilarga ega bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, og‘zaki tarzda tuzilgan va 1860 yillarga qadar amal qilgan 1832 yil 13 yanvar kungi Qo‘qon – Xitoy shartnomasi hali tariximizda yaxshi o‘rganilmagan. Shartnoma olimlar, jumladan xitoyshunoslar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa-da, mazkur shartnoma og‘zaki tuzilganligi, uning ijrosi bo‘yicha maʼlumotlarning kamligi shartnomani kelgusida atroflicha tadqiq qilish, avvalombor uning huquqiy tabiatiga baho berish lozimligini taqozo etadi.

M. Mirmaqsudov,

Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Foydalanilgan adabiyotlar:

1 Xonlikning siyosiy xaritasi bo‘yicha yakdillik mavjud emas. Xorijiy olimlar Skott Levay va Bak Gramontlar xonlik xaritasini bundan ham kattaroq tasvirlaydi, V. Uatenning maqolalarida, A. Byornsning hisobotlarida hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxonning turk sultoniga yozgan maktublarida esa Rossiya imperiyasi bilan chegara hozirgi Semipalatinsk hamda Petropavlovsk shaharlari orqali Irtish daryosi bo‘ylab o‘tganligi bayon etilgan, shuningdek, g‘arbiy va janubiy chegaralari bo‘yicha ham fikrlar xilma-xil. Qayd etilganlarga ko‘ra, Qo‘qon xonligining siyosiy xaritasi yuzasidan hali tadqiqotlar olib borilishi lozim. To‘liqroq maʼlumot uchun: A) S. Levi “The rise and fall of Khoqand”. Pitsburg, USA – 2017; B) Bacqué-Grammont Jean-Louis. Tûrân, une description du khanat de Khokand vers 1832 [d‘après un document ottoman]. In: Cahiers du monde russe et soviétique, vol. 13, n°2, Avril-juin 1972. pp. 192-231” C) Zaychenko. «Pamiri i Sarikolʼ» T. 1903 g. D) “Reports and papers, political, geographical and commercial, submitted to Government”. Kalkutta, 1839 y.

2 To‘liqroq maʼlumot uchun: “Kitay i sosedi” (M. 1982 g.) kitobida M. Kutlukov ning “Vzaimootnosheniya Sinskogo Kitaya s Kokandskim xanstvomnomli maqolasi.

3 To‘liqroq maʼlumotlar uchun: Sh. Qo‘ldashev “Qo‘qon xonligi va Sharqiy turkiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar” mavzusida tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya avtoreferati. Toshkent 2009 yil; Newby L.J. The Empire and the Khanate. Political History of Qing relations with Khoqand. 1760-1860. Boston, Brill‘s Inner Asian Library. 2005.

4 Qarang: Sh. Qo‘ldashev “Aʼlam pochchaning Xitoydagi elchilik faoliyati”. Toshkent Islom Universitetining “Ilmiy tahliliy axborot” jurnali 2017 yil 3-son, 46-bet.

5 Qarang: Kim Xodong. “Holy war in China”. Stanford University Press, Stanford, California – 2004, 28-bet

6 Qarang: Sh. Qo‘ldashev “Aʼlam pochchaning Xitoydagi elchilik faoliyati”. Toshkent Islom Universitetining “Ilmiy tahliliy axborot” jurnali 2017 yil 3-son, 49-bet

7 Қаранг: М. КутлуковВзаимоотношения Цинского Китая с Кокандским ханством”. Китай и соседи. М. 1982 г. kitobi, 211-bet

8 Yombu – kumush pul bo‘lib, 1 yombu 1.8 kg kumushdan tayyorlangan

9 Qarang: Kim Xodong. “Holy war in China”. Stanford University Press, Stanford, California – 2004, 29-bet

10 Qarang: Ким Ходонг. “Holy war in China”. Stanford University Press, Stanford, California – 2004, 29-бет; М. КутлуковВзаимоотношения Цинского Китая с Кокандским ханством”. Китай и соседи. М. 1982 г. kitobi, 211-bet

11 Journal of Asiatic Sociaty. 1834 yil iyul, 31-son. Bengaliya, Hindiston

12 Epitome of correspondence our relations with Afghanistan and Herat”, Lahore. 111-bet

13 J. Fletcher. The Cambridge history of China. Vol 10 Late Ching 1800-1911, Part 1. Cambridge University Press 1978, 385-bet; “Report on the trade and resources of the countries on the north-western boundary of British India” (Laxor. 1862 y) dagi “Xitoy Turkistonining qisqacha zamonaviy tarixi”

14 1842 yilgi Angliya – Xitoy shartnomasi. Nankin shartnomasi deb ham yuritiladi. Angliya va Xitoy o‘rtasidagi 1-opium urushi yakuniga ko‘ra imzolangan. Xitoy uchun og‘ir bo‘lgan shartlarda tuzilgan. Tarixga “Xitoyning birinchi teng bo‘lmagan shartnomasi” nomi bilan kirgan.

15 J. Fletcher. The Cambridge history of China. Vol 10 Late Ching 1800-1911, Part 1. Cambridge University Press 1978, 383-бет

O‘xshash maqola

Turk sultoni, rus imperatori va Buyuk Britaniya bosh vaziri bilan ko‘rishgan toshkentlik qozi

Post Views: 518 Tariximizda biz bilmagan qozilardan yana biri Said Yoqubxon to‘ra Said Nizomiddin o‘g‘lidir. …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan