Bosh sahifa » Toshkentliklar » Qatag‘on qurbonlari. Sanjar Siddiq – o‘zbek badiiy tarjima sanʼati asoschisi

Qatag‘on qurbonlari. Sanjar Siddiq – o‘zbek badiiy tarjima sanʼati asoschisi

O‘zbek matbuotining yirik namoyandasi Sanjar Siddiq Abdul-Bosit Isroiljon o‘g‘li 1902 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Abdul-Bosit avval jadid maktablarida so‘ng madrasada tahsil oldi, rus-tuzem maktabida o‘qib, rus tili, Ovro‘po ilm-fani yutuqlari bilan tanishdi. 1918-1919 yillarda “Chig‘atoy gurungi”da ustoz Fitratning tavsiyasi bilan Sanjar nomini oldi. 1920 yildan Eski Toshkentdagi 12-sonli maktabda o‘qituvchi, ayni vaqtda “Ishtrokiyun” gazetasi tahririyatida adabiy xodim va tarjimon vazifalarini bajargan. U butun eʼtiborini nashr sohasiga qaratdi va tinimsiz ijodiy ishga bag‘ishladi. Qisqa davrda “RosTA” gazetasi va bolalar jurnallarida muharrir, 1922-24 yillarda “Qizil bayroq” va “Turkiston” gazetalarida kotib, “Inqilob” jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishladi. So‘nggi yillarda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bo‘lim boshlig‘i, 1925 yildan “Yer yuzi” jurnalida masʼul kotib kabi yana boshqa nashrlarda ham masʼul vazifalarni bajardi. Bosit Siddiqov (Sanjar) oliy maʼlumot ololmadi, hech qachon kommunistlar partiyasi aʼzosi bo‘lishga intilmadi.

Unga nisbatan taʼqib boshlanganda ham “Guliston” jurnalida adabiy xodim va masʼul kotib vazifasida ishlardi. Sanjar Siddiqning yuzdan ortiq publistik maqolalari va teatr taqrizlari nashr etildi. U jurnalist sifatida o‘z maqolalarida “Kitobxon”, “Bir kishi”, “Sanjar nafratchi”, “Kaltadum”, “S.S.”, “Gazetchi”, “Toshkentlik”, “Ko‘z-Quloq”, “Sanjar” va boshqa nomlarni qo‘llagan. U masʼul vazifalarni ado etish bilan bir paytda o‘ta samarali ijod qildi. Salimxon Tillaxonov o‘z “Xotiralar”ida: “Sanjar hozirg‘i vaqtda O‘zbekistonda yozuvchilikda birinchilikni oladir. Hozirg‘acha maxsus asar yozmag‘an bo‘lsa ham yozuvchilar orasinda eng maʼlumotlisi shul Sanjardir. Sanjarning hamma vaqt yozg‘an asarlari milliy yo‘lda bo‘lg‘an, yozuv ila milliy tashkilotga yordam berib, milliya uchun juda yaxshi tashviqot qilg‘on” deb yozgan edi. Darhaqiqat, uning yozgan maqolalari o‘z vaqtida qanchalik dolzarb masalalarga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ham muallifning sohani chuqur bilishi va muammoning asl ildizlariga yetib bora olishi bilan yuksak eʼtiborga molikdir. Jumladan, uning “Ipak”, “Radiohavaskorlar”, “Temir yo‘lning 100 yilligi”, “Kitobxon Toshkent”, “Chigitlardan hayvon uchun ovqat” kabilarni sanab o‘tish mukin. “Yer yuzi” jurnali sahifalarida bosilgan “Kurash” maqolasida o‘zbek kurashining xalq milliy qadriyati sifatidagi xususiyatlariga to‘xtalsa, “Bugungi Buxoro”da “Gazetchi” sizni “Buxoroi Sharif”ga olib boradi. Qadim afsonaviy shaharning jin ko‘chalari, obod bozorlari, ko‘chada foytunlarni uchirib yuruvchi abjir aravakashlari, Buxoro hovuzlarining siri, meshkoplar, shaxmatchilar bilan tanishtiradi. Maqolani o‘qish jarayonida Buxoroda yurgan sayyohga aylanasiz, ko‘chalardagi yarim tojikcha chaqiriqlar, o‘zaro gap qistirishlar, suhbatlar go‘yo qulog‘ingiz ostida kechadi. Bir paytda Yangi Buxoro shahrining bekorchilar-u, o‘g‘rilar bilan to‘lgani, bir vaqtlardagi so‘lim go‘shaning ari uyasidek o‘z xotirjamligini yo‘qotganini ham tasvirlayotganini anglash qiyin emas. Maqolada 1920 yil sentyabridagi dahshatli kunlarida to‘pga tutilgan qadimiy Minorai kalonning to‘kilib turgan suratining berilishi ham maʼlum maʼnoga ega. Vaholanki, qadim Buxoroning ramzi bo‘lgan bu minora 1923-24 yillar F.Xo‘jayev buyrug‘i bilan usta Shirin Murodov rahbarligida bir guruh meʼmorlar tomonidan qayta tiklangan edi. Shuningdek, keng xalq ommasining jahon xalqlarining turmush tarzi va anʼanalari haqidagi ilmlarini oshirish maqsadida ham qator maqolalar eʼlon qildi. Bulardan “Mayda millatlar mamlakati”da Chexoslavakiya haqida, “Burung‘i madaniyat qoldiqlari” maqolasida Amerika hindularining hayotidan hikoya qiladi. Ularning oilaviy munosabatlaridagi tenglik, milliy anʼanalariga sadoqatini tilga oladi. Uning “Kobil” maqolasi qo‘shni Afg‘oniston xalqlarining hayotidan xabar beradi. Maqolada mustaqil Afg‘oniston mamlakatining tashqi va ichki siyosatidagi hayoti cheksiz muhabbat bilan tilga olinadi. Keyinchalik bu maqolani uning “ishi”da asosiy jinoyatlaridan biri sifatida baholashdilar. Bu maqolalarning barchasi o‘zining o‘quvchiga tushunarli va sodda tilda yozilgani, uning dunyoqarashi, ilmiy tafakkurining o‘sishiga xizmat qilishi bilan yuksak badiiy qiymatga egadir.

Sanjar Siddiqning “O‘zbek teatri” maqolasida milliy asarlar yaratish masalasida keskin mulohazalar bildiradi. U teatrlardagi Yevropa, rus, tatar, ozarbayjon teatrlarining asarlari qanchalik professional bo‘lmasin o‘zbek xalqi hayotidan, turmush tarzidan uzoqligi uchun ularni xalq qabul qila olmaydi, deydi. Ayniqsa, oxirgi pardalarda “Marselyeza”, “Internatsional” qo‘shiqlarining tiqishtirilishi esa ularning nafaratiga sabab bo‘lib turibdi. Natijada xalqdan olqish emas so‘kinish eshitilmoqda. Bu esa faqat artistlarning emas, yozuvchilarning ham xalq hayoti, turmush madaniyati, orzu istaklaridan naqadar uzoqligini anglatadi. “Xalqimiz hozirgi davrda bu sanʼatni, ayniqsa Yevropa sanʼatini xohlamaydir” deydi. Nima uchun “Halima” va “Yorqinoy” mashhur bo‘lib ketdi. Undagi xalq hayotidan olingan sahnalar, tanish qahramonlar xalqni sahnaga tortmoqda. Bugun Shekspir, Gogol asarlari emas, ko‘proq xalq uchun xizmat qiladirgan “O‘zbek xalq teatrusini tuzmoq kerak” deb hisoblaydi.

Sanjar Siddiqning tarjimon sifatida nafaqat sahna asarlarini, balki ko‘p sonli o‘quvchilarning ehtiyojini inobatga olib bir qancha kichik hikoyalarni ham tarjima qildi. Ulardan mashhur nemis adibi V. Gollanderning “Mahmud ibn Kamolning sarguzashti”, nemis yozuvchisi Bernxold Kellermanning Eron sayohati taassurotlari maqolasidan “Eroniston biyobonlarida” nomli tarjimasi kabilarni keltirib o‘tish mumkin. Shuningdek, nemischadan Frayniyel asaridan “Kutilmagan baxt”, Anri Barbiyusdan “Qo‘rqinchli poyezd” kabi qator boshqa hikoyalarni tarjima qildi. Bu asarlarni qanchalik hukmron mafkura talablariga moslab talqin etilmasin, o‘quvchi tarjimonning maqsadini juda yaxshi anglaydi. Ularda millatning istibdodga qarshi ichki tug‘yoni, ozodlik va tenglik uchun kurash, zulmga nisbatan nafrat ufurib turadi. Sanjar Siddiq ayni paytda o‘zbek ijodkorlari asarlarini ham o‘zga tillarga tarjima qilish ishlarini ham boshlab yubordi. Aytish mumkinki, mustabid tuzumning begunoh qurboni Sanjar Siddiq o‘zining qisqa umri davomida o‘zbek matbuoti taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Uning ijodiy merosi, yozgan maqolalari va tarjimalari o‘z vaqtida xalqimizning maʼnaviy kamoloti, badiiy tafakkurining o‘sishida muhim o‘rin egalladi.

Sanjar Siddiq O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan “Adabiy tarjima sanʼati” ilmiy monografiyasini yozdi. Mohir tarjimon sifatida o‘zbek o‘quvchilari uchun rus, nemis, ingliz va fors tillaridan ko‘plab asarlarni tarjima qildi. Qator yillar davomida Sanjar Siddiqning tarjimasi asosida Lope de Veganing “Qo‘zibuloq qishlog‘i” (1931), As-Xabibning “Bombey” (1931), P.Furmanskiy va Ya.Radionovlarning “Van Shi Bin” (1932), N.F. Pogodinning “Mening do‘stim” (1934), N.V. Gogolning “Revizor” (1934), N.Zaxrining “Quvonchlar ko‘chasi” (1938) kabi tarjimalari Hamza nomida O‘zbekiston Davlat Akademik teatri repertuaridan o‘rin olgandi. 1931 yil amerikalik shoir Lengston Xyuzning sheʼrlar to‘plamini, 1937 yil L.Tolstoyning “Kavkaz asiri”ni tarjima qildi. 1937 yilda P.A. Pavlenkoning “Na vostoke” romanini va A.S. Pushkin, M.Yu. Lermontovning ayrim sheʼrlarini tarjima qildi. Endigina 35 yoshni qarshilagan va o‘z ijodining ayni cho‘qqisiga erishgan vaqtida Sanjar Siddiq nomi sovet qatag‘on mashinasi bo‘lgan NKVD idorasining “qora ro‘yxati”ga tirkaldi.

1937 yil 4 avgustda “Guliston” jurnali adabiy xodimi Sanjar Siddiqqa nisbatan aksilinqilobchi aybini o‘ylab topadi. 1937 yil 16 avgustda Sanjar Siddiqning Toshkent shahri, Oktyabr rayoni, Oxunboboyev mahallasi 312-uyda tintuv o‘tkazildi va bor bisoti davlat tomoniga musodara etildi. Uning 65 yoshli onasi Zubayda Abdug‘ofurova, ukasi Maqsud, xotini Kamola Mavlonova, o‘g‘illari Bori, Bahodir va qizi Mashhuralar o‘z jigarlarining ortidan qon yig‘lab qoldilar. Osmon baland, yer qattiq. Qalbida vatan, millat muhabbatini ardoqlagan Sanjar Siddiq qayerga olib ketilayotganini, allaqachon tushunib yetgandi. U qaddini g‘oz tutgan holda chiqib ketdi. Biroq, 2 yoshli qizi, beshigida hech narsani anglamay hayron yotgan Maʼmura bilan xayrlashar ekan ichidan nimadir uzilib ketganini his etdi.

1937 yil 31 avgustda birinchi so‘roq o‘tkazilib otasining Toshkent atrofida 2 ga bog‘i bo‘lganidan boshqa maʼlumot chiqmadi. 1937 yil 10 sentyabr kuni Hamza nomidagi Milliy teatr repertuaridan Sanjar Siddiq tarjimalari asosida yaratilgan “Mening do‘stim” (N.F. Pogodin), “Qo‘zibuloq qishlog‘i” (Lope de Vega), “Chudesniy splav” (Kirshona), “Van Shi Bin” (Furmanskiy va Radionov)lar olib tashlandi. Bu ko‘pchilik uchun uning “xalq dushmani” sifatida “fosh etilgan”ligini isbotlar edi. 1937 yil 2 oktyabrda o‘tkazilgan qayta so‘roqda u o‘ziga qo‘yilgan millatchilik faoliyati haqida to‘qib chiqarilgan ayblovlarning barchasini qatʼiyyan rad etdi. N.I. Trig‘ulov tomonidan o‘tkazilgan vahshiyona “vositalar” hech qanday samara bermadi, uning irodasini sindira olmadi.

Yuzlashtirishlarda Sanjar Siddiq hech qanday aybi yo‘q ekanligini maʼlum qildi. Shundan so‘ng Sanjar Siddiq ishlagan “Guliston”dagi faoliyatini “tekshirish” xulosasida: “Avantyurist” maqolasida Anvar poshoni ideallashtirgan, uni qahramon sifatida tasvirlagani, ko‘kko‘z ruslarga qarshi kurashuvchi Ibrohimbekka yordamga kelgani, tojik qishloqlari 1928 yilgi ocharchilikda Anvar poshoni najotkor sifatida tilga olishganini yozgan edi.

1938 yil 8 oktyabr kechasi soat 2:10 dan 2:30 gacha davom etgan “uchlik” yig‘ini biror aybi isbotini topmagan, o‘zi ayblovlarni qatʼiyan rad etgani holda ham S.Siddiqni otuvga hukm etdi. Oila aʼzolari uchun hech qanday maʼlumot berilmadi. Stalinizm fosh etilishi bilan S. Siddiqning “ishi” ustida ham qayta ko‘rib chiqildi. 1956 yil 6 fevralda bu paytda Toshkentdagi 84-zavodda sex boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan N.I. Trig‘ulov qayta so‘roq qilinadi. U o‘z vaqtida tergov jarayoni va yuzlashtirishlarning “qonuniy” o‘tganini aytadi. Biroq, S. Siddiqni eslay olmasligini maʼlum qiladi. Nazir Safarov (1905), Zinat Fatxullin (1903)lar S. Siddiq haqida faqat yaxshi gaplarni aytdilar. S. Siddiq 1956 yil 26 iyulda SSSR Oliy sudi tomonidan to‘liq oqlandi.

Bahrom Irzayev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

O‘xshash maqola

Badriddin Chochiy (1285–1344)

Post Views: 212 BADRIDDIN CHOCHIY (taxalluslari: Chochiy, Badr, Shoshiy) (1285–1344) – shoir. Toshkentda tug‘ilgan. Misrda va …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan