PARKENT – Toshkent viloyati Parkent tumanidagi shahar (1984 yildan), tuman markazi. Yaqin temir yo‘l stansiyasi va viloyat markazi (Toshkent shahri)dan 47 km. Aholisi 49,1 ming kishidan ziyod (2009). Shahar aholisi va xo‘jaliklari Parkentsoy va Parkent kanalidan suv oladi. Parkentda 38 ishlab chiqarish korxonasi, xususan, Parkent g‘isht zavodi, Parkent sharobi OAJ, qo‘shma korxona, 22 kichik korxona, firmalar, non zavodi, dehqon va buyum bozorlari bor. 17 umumiy taʼlim maktabi, musiqa va sport maktablari, ixtisoslashgan maktab, kasb-hunar kolleji, markaziy va bolalar kutubxonalari, madaniyat uyi, “Kichkintoy” bolalar xiyoboni, «Onalar va bolalar bog‘i», madaniyat va istirohat bog‘i, stadion (10 ming o‘rin), markaziy kasalxona, poliklinika, 10 dan ziyod dorixona, 75 savdo, 145 maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. Parkayent – Toshkent yo‘nalishida avtobus qatnaydi. «Parkent tongi» gazetasi nashr etiladi (3335 nusxada).
Parkent o‘rnida dastlab muqim turar joylar miloddan avvalgi 2–1-asrlar chegarasida paydo bo‘lgan. Shahar to‘g‘risida “Boburnoma”da ham maʼlumotlar berilgan.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil