OTCHOPAR, «Toshkent otchopari» OAJ (Bunyodkor shohko‘chasi, 156) – ot sporti bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladigan sport majmuasi. 1976 yilgacha Otchopar Qo‘yliq yaqinida bo‘lgan. 1974–75 yillarda respublikada eng yirik Otchopar qurildi (meʼmorlar R.U.Asanov, E.I.Gusarova) va 1976 yil ishga tushirildi. 2001 yil sentyabrdan Respublika ot sporti majmuasi tasarrufidagi «Toshkent otchopari» OAJ. Umumiy maydoni 66,5 gektar. Asosiy faoliyati – O‘zbekistonda ot sportini rivojlantirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sportning mavqeini oshirish, sog‘lom avlodni tarbiyalashdan iborat. Otchopar tarkibida 9 otxona (200 otga mo‘ljallangan), otlarni to‘siqlardan osha sakrashga yo‘naltirilgan “konkur” maydoni (1 gektar; 340 tomoshabinga mo‘ljallangan), asosiy binoda 7 ming tomoshabinga mo‘ljallangan usti yopiq tribuna, hakamlar xonasi, 1600 va 2000 m li masofaga otlarni yuritish yo‘lkachalari bor. Sport majmuasi hududida, shuningdek, Respublika ot sporti oliy mahorat maktabi va Toshkent viloyat hokimiyati tasarrufidagi Ot sportiga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat olib boradi. Sport majmuasida ot sportining turli yo‘nalishlari bo‘yicha Respublika va Toshkent shahar birinchiliklari, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida musobaqalar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. Otchopardagi ot sporti bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarga O‘zbekiston Respublikasi ot sporti federatsiyasi rahbarlik qiladi.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil