Bosh sahifa » Toshkent tarixi » “O‘qchi”, qadimiy va hozirgi mahalla

“O‘qchi”, qadimiy va hozirgi mahalla

O‘QCHI – Shayxontohur dahasidagi qadimgi mahalla. Mergancha, Olmazor, Tepaqishloq mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Toshkent tuproqqo‘rg‘oniga yondoshgan. 100 dan ortiq xonadon yashagan. Aholisi, asosan, o‘zbeklar (600 nafar kishidan ortiq) bo‘lib, hunarmandchilik, jumladan, bo‘zchilik, qizalish (ot yopig‘i) tikuvchiligi, nilchilik (mato ranglash), katta ikki g‘ildirakli Qo‘qon arava o‘qini yasash, degrez (cho‘yangar)lik, savdo-sotiq, shahar atrofidagi mavzelarda, xususan Qorasuv havzasida dehqonchilik (sholikorlik) va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. 19-asrning 60–70-yillaridan mahallaning bir qismida mahalliy yahudiy savdogarlarning turar joylari, shahar bozorida esa Juhudrasta paydo bo‘lgan. O‘qchida bino qilingan 3 masjiddan biri juma, ya’ni Katta masjid nomi bilan yuritilgan. Mahalla guzarida novvoyxona, baqqollik va mo‘rcha (hammom) hamda savdo rastasi bo‘lgan. O‘qchining janubi-sharqida Anhor bo‘yida Toshkent shahrining Qo‘ymas (Qatag‘on) darvozasi joylashgan. Anhorning so‘l sohilida qad ko‘targan Tali Qo‘ymas qo‘rg‘onini va darvozani Qatag‘on va Qiyot urug‘iga mansub o‘qchi sarbozlar qo‘riqlagan. Shu boisdan mahalla O‘qchi nomi bilan yuritilgan. Uni kesib o‘tgan savdo yo‘li O‘rko‘cha, Qo‘ymas (aholi og‘zida esa Tuproq ko‘cha), keyinchalik Toshko‘cha deb tilga olingan. 19-asr oxirlarida O‘qchi mahallasida o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun alohida-alohida 2 savod chiqarish maktabi faoliyat ko‘rsatgan, yangi ochilgan maktab o‘qituvchilari uchun dastlabki bilim yurti ochilgan. 1937–38 yillarda 76-sonli o‘rta ta’lim maktabining ko‘p qavatli binosi qad ko‘targan.

«O‘qchi» mahallasi (O‘qchi ko‘chasi, 42) – Shayxontohur tumanidagi hozirgi mahalla. «O‘rda», «Olmazor» mahallalari bilan chegaradosh. Aholisi 2520 kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, 10 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Mahalla hududida Respublika kinochilar uyi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kolleji, savdo rastasi, 3 ta restoran, kafe, 2 ta novvoyxona mavjud. 2006 yildan boshlab mahalla hududida «Jisong Koreya industrial» o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasi tomonidan zamonaviy infratuzilmaga ega «Yangi shahar» majmuasini bunyod etish ishlariga kirishildi. Mahallada davlat arbobi Akmal Ikromov, akademiklar Sodiq Azimov, Sabohat Azimjonova, Karim Shoniyozov, Abdulahad Muhammadjonov, shoira Zulfiya Isroilova, Mehnat Qahramoni, usta Muhammadjon YOqubov, yozuvchi Asqad Muxtor va boshqalar yashagan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Kaykovus

Post Views: 459 KAYKOVUS – qadimiy kanal, Bo‘zsuvning o‘ng tarmog‘i. Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) va …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan