Bosh sahifa » Allomalar » Mutafakkirlar. Abulqosim Is’hoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy

Mutafakkirlar. Abulqosim Is’hoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy

Faqih, muhaddis, mutakallim va mudarris Hakim Samarqandiy nomi bilan mashhur bo‘lgan olimning to‘liq ismi Abul Qosim Is’hoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Zayd Samarqandiy (953 yilda vafot etgan) bo‘lib, u o‘z zamonasida butun musulmon olamida tanilgan edi.

Yozma manbalarda ko‘rsatilishicha u ilmga nihoyatda qiziqqan va Samarqand madrasalarida mudarrislik qilgan. Ilmi bayon va boshqa ilmlarga oid arab tilidan qilgan tarjimalaridan ko‘pchilik talabalar bahra olgan.

Hakim Samarqandiy o‘z zamonidayoq katta shuhrat qozongan buyuk allomalar Abulxasan Ali ar-Rustug‘foniy, Muhammad ibn Fazl al-Balxiy. Abu Mansur al-Moturidiy, Abu Bakr al-Varroq, Muhammad ibn Huzaym al Qallos, Abu Nasr al- Iyodiy, Abdulloh ibn Sahl ar-Roiziylardan saboqlar oladi. U mazkur mutafakkirlardan tafsir, hadis, ayniqsa, fiqh va kalom ilmlaridan chuqur ta’lim olgan va yirik olim darajasiga yetishgan.

Hakim Samarqandiy yashagan davrda musulmon olamining turli tomonlarida, jumladan, Movarounnahr o‘lkasida ham turli xil oqim va firqalar paydo bo‘ladi. Ular islom dinini buzib talqin qilib, noto‘g‘ri aqidalar tarqatishar, buning natijasida, ko‘p musulmonlar hidoyat yo‘lidan og‘ib, haqiqiy islomiy aqidalardan uzoqlashib qolgan edilar.

Hakim Samarqandiy zamondoshi Abu Mansur Moturidiy bilan birga Samarqanddagi madrasada rahbarlik qilib, tarqala boshlagan buzuq mafkuralarga qarshi kurashganlar.

Samarqandiyning eng asosiy asari “as Savod al-a’zam fil-kalom” (“Kalom ilmida buyuk asar”) bo‘lib, u IX –X asrlarnin tutash davridagi Movarounnaxr hanafiylarining ilohiyat masalalariga oid qarashlarini aks ettiradi. Asar ilohiyatning ayrim asosiy masalalari bilan cheklanib qolmaydi. Iymonning ta’rifi, gunohlarning holati, taqdir yoki narigi dunyo hisob-kitobi kabi ko‘rib chiqilishi odatiy bo‘lgan masalalardan tashqari, olim yana ko‘p mavzularga to‘xtaladi. Alloh va uning sifatlari, Qur’on yaratuvchisining qudrati, Qur’onning manbalari, esxatologiya va taqvo, avliyolarni hurmat qilish va zohidlik, jamoalar o‘rtasidagi ijtimoiy–siyosiy munosabatlar va hatto fiqh ilmining o‘ziga xos muammolariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Bu kitob “as-Suol al-a’zam” (Buyuk savol) deb ham yuritiladi.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

O‘xshash maqola

Mutafakkirlar. Sulaymon Boqirg‘oniy

Post Views: 2 385 Hakim ota, Qul Sulaymon laqablari bilan ham mashhur bo‘lgan so‘fiy shoir (vaf. …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan