Bosh sahifa » Allomalar » Mutafakkirlar. Abu Mansur Moturidiy (870–945)

Mutafakkirlar. Abu Mansur Moturidiy (870–945)

Abu Mansur Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik ta’limotlardan biri bo‘lmish moturidiya ta’limotining asoschilaridan hisoblanadi. Uning to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fiqh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog‘idan bo‘lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir. Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi.

moturidiy

Surat www.qadriyat.uz saytidan olindi

Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo‘lib, so‘ngra IX asrning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko‘chirildi. Biroq o‘sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiymadaniy markazi bo‘lib qolaverdi.

Abu Mansur Moturidiy 870 yilda tug‘ilgan, Samarqandda 945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga dafn etilgan.

Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn YAhyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan.

Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida quyidagi asarlar yozib qoldirgan:

“Kitoab at-Tavhid” (“Allohni yagona deb bilish haqidagi kitob”), “Kitob alMaqomat”, “Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”, “Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur’on ta’vili kitobi”.

Abu Mansur al-Moturidiyning “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob” kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asari ham ma’lum.

Moturidiyning yana bir asari “Ta’vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta’vilot al-Qur’on” deb nomlanadi. Moturidiy bu asarda sunniy aqidaga (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko‘radi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.

Moturidiyning mazkur asari tarix jarayonida ko‘p allomalar asarlariga asos solgan, ular ijodiga turtki bo‘lgan.

Shulardan biri Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning sharhidir. U “Sharh ta’vilot ahli as-sunna” deb nomlangan.

Shu bilan birga, Moturidiy nomi ostida yozilgan bir necha soxta asarlar ham ma’lumdir. Masalan: “Favoid” (qoidalar), boshqa nomi “Pandnoma”, “Kitob al-Usul”, “Sharh al-Fiqh al-Akbar” asarlari shular jumlasidandir. Bu Moturidiyning diniy ilmlar namoyandalari orasida qanchalik mashhur bo‘lganligidan dalolat beradi.  Moturidiy ko‘p shogirdlar yetishtirdi, ular orasida islom olamiga mashhur allomalar Abul Hasan Rustug‘faniy, Ishoq ibn Muhammad Samarqandiy va Abdul Karim Pazdaviy, Abu Ahmad Iyoziy kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishgani natijasida moturidiya ta’limoti vujudga kelgan.

Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qo‘shdi.

Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.

Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

O‘xshash maqola

Lutfiy (Lutfiyi Shoshiy)

Post Views: 1 449 LUTFIY (1366–1465), Mavlono Lutfiy – o‘zbek shoiri, orif va mutafakkir. O‘z zamonining …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan