Bosh sahifa » Allomalar » Mutafakkirlar. Abdulxoliq G‘ijduvoniy (1103–1179)

Mutafakkirlar. Abdulxoliq G‘ijduvoniy (1103–1179)

Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy tasavvufning yirik namoyandasi, mashhur avliyo, Xojagon nomi bilan shuhrat qozongan O‘rta Osiyo tariqatining asoschisi va rahnamosi, 1103 yilda Buxoro yaqinidagi yirik savdo-sotiq karvon yo‘llaridan bo‘lmish G‘ijduvon qishlog‘ida ma’rifatli oilada tug‘ilgan. O‘z qishlog‘ida dastlabki ma’lumotni olgach, 22 yoshida ilmini takomilga yetkazish maqsadida Buxoroga keladi. Bu yerda o‘sha davrning yirik olimlari va tasavvuf namoyandalaridan yetarli ta’lim oladi. Ayniqsa, uning mashhur tasavvuf rahnamosi Abu Ya’qub Yusuf Hamadoniy (vaf. 1140 y.) bilan uchrashuvi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Yusuf Hamadoniy uni so‘fiylik tariqatiga jalb qildi.

G‘ijduvoniy dunyoqarashining poklanishida malomatiya ta’limoti va qalandarlar harakati anchagina ta’sir ko‘rsatdi. O‘zining bir qancha hajm jihatdan katta bo‘lmagan risolalarida tasavvufiyzohidlik bilan shug‘ullangan dindor, e’tiqodli musulmon nuqtai nazaridan kelib chiqib, shariat ahkomlari va payg‘ambar alayhissalom sunnatlarini hamda tasavvufdagi yangiliklarni ildiz oldirib, mustahkamlashni targ‘ib qildi. Xalq ommasi – oddiy raiyat bilan yaqinlashish va ularning diniy e’tiqodiga xizmat qilish xojagon tariqatining asosi edi. Tasavvufning boshqa tariqatlaridan farqli o‘laroq G‘ijduvoniy so‘fiylar uchun maxsus xonaqohlar qurish va ularda yashashni ma’qullamas edi.

G‘ijduvoniy o‘z ta’limotining sakkizta asosiy qonun – yo‘l-yo‘riqlarini ishlab chiqdi. Uni tushida ko‘rib, tasavvufdan g‘oyibona ruhiy ta’lim olgan va G‘ijduvoniyni o‘ziga ustoz deb bilgan Bahouddin Naqshband (1318–1389) bu sakkizta yo‘l-yo‘riqlarni to‘laligicha qabul qildi va ularga o‘zi yana uchta qo‘shdi hamda jahon miqyosida shuhrat qozongan Naqshbandiya tariqatiga asos soddi. Tasavvufda muhim ahamiyat kasb etgan va so‘fiylar uchun maxsus ishlab chiqilgan bu 11 qonun-qoida, yo‘l-yo‘riqlar quyidagicha:

1. Hush dar dam. Bu tushuncha shundan iboratki, Xudo yodi uchun bajarilgan zikr asnosida ichdan chiqayotgan har bir nafas hushyorlik va ogohlik ila chiqmog‘i lozim, toki bunda g‘aflat yuz bermasin.

2. Nazar bar qadam. Solik (tariqat a’zosi) shahar, qishloq, sahro va boshqa har qanday joyda yurganda har bir qadamiga diqqat bilan razm solib, ogoh bo‘lib yurmog‘i kerak, toki uning nazari parokanda bo‘lmasin, lozim bo‘lmagan joyga bormagani ma’qul.

3. Safar dar vatan. Bu qoida shundan iboratki, solik bashariy tabiatda safar qilsin, ya’ni bashariy sifatlardan mulkiy sifatlarga va zamima (qo‘shimcha) sifatlardan hamida (ma’qul) sifatlarga intiqol etsin, ya’ni o‘tsin.

4. Xilvat dar anjuman. Bu qoidaning tafsiloti uchun Voiz Koshifiyning o‘g‘li Ali Safiyning “Rashahot ayn al-hayot” asarida Bahouddin Naqshbanddan quyidagi qimmatbaho jumlalar keltiriladi: “Az hazrati Xoja Bahouddin pursidandki, binoi tariqati shumo bar chist? Farmudaand: Xilvat dar anjuman, bazoxir bo xalq va ba botin bo Haqqi subhona”. (Xoja Bahouddindan so‘rashibdiki, Sizning tariqatingizning binosi nimada? U kishi aytibdilar: anjumanda xilvatda bo‘lish, zohiran xalq bilan birga va ichida subhona taoloning haqqida bo‘lish).

5. Yodi kard. “Rashahot” asarida bayon etilganidek, bu qoidaning ma’nosi til bilan yo qalb bilan zikr qilishdir.

6. Bozgasht. Bu qoidaning ma’nosi shunday: zokir (zikr qiluvchi) har vaqt kalimai tayyiba (La ilaha illallohu Muhammadan rasululloh)ni aytib bo‘lgach, uning orqasidan o‘shal qalb, til bilan “Xudovando, mening maqsudim Sensan, Sening rizoyingni tilayman”, deydi. To‘g‘rirog‘i bu jumlalarni dilidan o‘tkazadi.

7. Nigohdosh. Bu qoida shundan iboratki, tayyibiya kalimasini zokir dilida aytayotganda xotira boshqa tomonga chalg‘ib ketishidan ehtiyot bo‘lishi lozim, ya’ni zokir bir damda o‘shal muborak kalimani bir necha bor takrorlab, xotirani jam qilib olmog‘i darkor.

8. Yoddosht. Bu qoida Haq subhonani yodlashda solik hamisha ogoh bo‘lib turishi, o‘shal muborak a’molni doimo yodda tutishdan iboratdir.

9. Vuqufi zamoni (vaqtincha turish). Bunda so‘fiy o‘z vaqtini qanday o‘tkazayotganini doimiy kuzatib turadi. Agar taqvo bilan o‘tkazayotgan bo‘lsa, Allohga shukr aytsin, agar taqvo bilan o‘tkazmayotgan bo‘lsa, Allohdan kechirim so‘rasin.

10. Vuqufi adadi (hisoblash uchun to‘xtash). Xayoliy fikran takrorlayotgan ikki holdagi zikrini qayta-qayta takrorlab turish uchun belgilangan adadga qat’iy rioya qilishi va bu ko‘rsatmaga to‘la muvofiq bo‘lishi kerak.

11. Vuqufi qalbiy (qalbda to‘xtash). Qalbda muhrlangan Alloh nomini doim xayolda tutish, qalbida Alloh nomidan boshqa hech narsa yo‘qligiga yana bir marta ishonch hosil qilish.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy 1179 yilda ona shahri G‘ijduvonda vafot etdi va shu yerga dafn etildi.

Buyuk mutasavvif Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan. G‘ijduvoniy bir qancha asarlar yozgan bo‘lsa ham bizgacha uning “Risolai tariqat”, “Risolai sohibiya”, “Vasiyatnoma”, “Az guftori Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” degan asarlari yetib kelgan. Bu qo‘lyozmalar dunyoning bir qancha kutubxonalarida saqlanmoqda.

2003 yil 27 noyabrda Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligi keng nishonlandi. Ulug‘ zot qabri atrofi obodonlashtirildi, maqbara va yangi masjid bunyod etildi.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti © «YANGI NASHR», 2011

O‘xshash maqola

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Husayn ibn Umar Shoshiy Imom al-Kabir Faxr ul-Islom Mustazhiriy

Post Views: 895 Imom, alloma, shofiʼiya shayxi1, o‘z asrining faqihi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan