Bosh sahifa » Bilasizmi? » Muqimiy

Muqimiy

MUQIMIY (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li) (1850–1903. 25.5) – shoir va mutafakkir. O‘zbek demokratik adabiyoti asoschilaridan. Qo‘qonda tug‘ilgan. Otasi toshkentlik, onasi Oyshabibi xo‘jandlik bo‘lib, Qo‘qonda yashaganlar. Muqimiy Qo‘qon va Buxoro madrasalarida o‘qigan. Toshkentda bir necha marta (1887–88, 1892, 1899) bo‘lgan. Ko‘kaldosh madrasasida yashagan. Toshkent madaniy va adabiy hayotini chuqur o‘rgangan. Almaiy, Nodim kabi ilg‘or ruhdagi ijodkorlar bilan aloqa bog‘lab, ijodiy hamkorlik qilgan. 1892 yil Toshkent qo‘zg‘oloni tashkilotchilaridan Inomxo‘ja bilan aloqada bo‘lgan va uning o‘limiga bag‘ishlab she’r yozgan (1897).

Navoiy, Jomiy, Nizomiy va Fuzuliy g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Jomiyni o‘ziga ustoz bilgan. O‘zbek, fors mumtoz shoirlari an’analarini davom ettirgan. O‘zbek adabiyotida demokratik yo‘nalishning vujudga kelishi va shakllanishi Muqimiy nomi bilan bog‘liq. U boshliq Furqat, Zavqiy, Avaz, Komil kabi ilg‘or fikrli shoirlar o‘zbek adabiyoti tarixida yangi sahifa ochdilar.

Muqimiy dunyoqarashi va intilishlari bilan muhit o‘rtasidagi ziddiyat uning ijodida tanqidiy yo‘nalishni maydonga keltirgan. Bu uning hajviyotida ko‘proq aks etgan. Ot, arava, loy, pashsha, bezgak kabi mavzularda 30 ga yaqin hajviy asar yaratgan. Ularda shoir turmushning qoloq va chirkin tomonlari, ijtimoiy ongdagi nuqsonlar ustidan kulgan, mustamlakachilik azobi, xarobalikni zaharxandalik bilan tasvirlagan («Devonamen», «Ko‘samen», «Hayron qildi loy», «Pashshalar», «Shikoyati bezgak» va boshqalar). Boshqa bir qator hajviyalarida jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga yangicha munosabat aks etgan («Ta’rifi pech», «Aroba qursin», «Loy» va boshqalar).

Muqimiy turli shahar va qishloqlarga qilgan sayohatlari taassurotlari asosida 4 qismli «Sayohatnoma» asarini yozdi. Asar yengil, o‘ynoqi vaznda yozilgan, 4 misrali bandlardan tashkil topgan. Unda xalq turmushining og‘irligi, qishloqlarning vayronaligi realistik tasvirlangan. M.ning 10 she’riy, 20 ga yaqin nasriy maktublari saqlangan. She’rlari qo‘lyozmalar, bayozlar, 20-asr boshlarida litografiyada nashr qilingan kitoblar, Toshkent va Peterburgda bosilgan vaqtli matbuot sahifalarida bizgacha yetib kelgan.

Toshkent ko‘chalaridan biri, O‘zbek davlat musiqali drama teatri, Yakkasaroy, Hamza tumanlaridagi mahallalar Muqimiy nomi bilan ataladi. Shoir haqida Sobir Abdulla «Mavlono Muqimiy» romani va «Muqimiy» dramasini yaratgan. Muqimiyning aksariyat g‘azallari ashulaga aylangan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

“Taraqqiy”

Post Views: 189 “Taraqqiy” – jadidlar gazetasi. 1906 yil 14(27) iyundan Toshkentda chop etilgan. Noshiri …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan