Bosh sahifa » Toshkentliklar » Munavvarqori

Munavvarqori

MUNAVVARQORI, Abdurashidxonov Munavvarqori (1878–1931.23.4) – siyosat va ma’rifat arbobi, Toshkentda jadidchilik harakatining yirik rahbari. 20-asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib va shoir. Toshkentning Shayxontohur dahasidagi «Darxon» mahallasida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’lim-tarbiyani onasidan olgan. So‘ng o‘z davrining mashhur o‘qituvchisi Usmon domladan ilmi qiroat va tajvidni o‘rganib, hofizi Qur’on bo‘lgan. 1885–90 yillarda Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil olgan, ammo tahsilni oxiriga yetkazmay, Toshkentga qaytib, imomlik va muallimlik bilan shug‘ullangan. Eshonquli dodxoh madrasasida tahsilni davom ettirgan. 1901 yilda usuli jadid maktabini ochgan va shu maktablar uchun maxsus o‘quv dasturini tuzgan, dars­liklar yozgan.

Munavvarqori 1904 yildan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotga aralasha boshlagan. 1906 yildan «O‘rta Osiyo­ning umrguzorligi, taraqqiy», «Taraqqiy» gazetalarida adabiy xodim. Shu yili noshir va muharrir sifatida «Xurshid» gazetasi­ni tashkil etgan. «Shuhrat» (1907), «Tujjor» (1907), «Osiyo» (1908) gazetalarini g‘oyaviy bosh­qargan va adabiy xodim vazifasini bajargan. So‘ng «Sadoyi Turkiston» (1914–15) gazetasida mas’ul muharrir muovini, «Al-isloh» jurnalida (1915–17) maxfiy muharrir, «Najot» va «Kengash» (1917) gazetalarida mas’ul muharrir. Toshkentdagi turli jamiyat va uyushmalar tashkilotchisi. U «Jamiyati Imdodiya» (1909), «Turon» (1913), «Turkiston kutubxonasi» (1914), «Umid» (1914), «Maktab» (1914), «Ko‘mak» (1921) jamiyat, tashkilot, shirkat va uyushmalarida muassis, muovin, rais, a’zo. SHo‘rolar hukumati davrida Xalq dorilfununi sho‘rosining raisi, Turkiston Maorif xalq komissarligi turk shu’basining ish yurituvchisi (1918), Toshkent shahar maorif noziri. Sharq xalqlari s’yezdi (1920, Boku) delegati va hay’ati a’zosi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Maorif nozirligi vaqf bo‘limi boshlig‘i (1920–21), Toshkent shahar ijtimoiy tarbiya bo‘limi mudiri (1921), Akademmarkaz raisi (1922), Navoiy nomidagi maktab, Narimonov nomidagi pedagogika texnikumi, ayollar pedagogika institutida muallim (1923–25), Samarqand shahar muzeyida ilmiy xodim, O‘zbekiston osori-atiqalarni saqlash qo‘mitasining Toshkent–Farg‘ona bo‘limida mas’ul kotib (1927–28). Munavvarqori ijtimoiy-pedagogik faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Uning ixcham hikoyalari, talaygina she’rlari o‘sha davrdagi matbuotda e’lon qilingan va o‘zi tuzgan hamda yozgan darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, u o‘tkir publitsist adib sifatida tanilgan. Munavvarqori o‘z faoliyati davomida pedagogik, matbuotchilik, muharrirlik, adiblik bilan cheklanmay, jiddiy siyosiy faoliyat ham olib borgan, shu sababli mustamlaka hukumati tomonidan bir necha bor hibs qilingan.

Chor va sho‘ro hukumatlari olib borgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi izchil kurash olib borib, 1917–1924 yillarda «SHo‘royi islom», «Turk adam markaziyat», «Ittihod va taraqqiyot», «Milliy ittihod», «Nash­ri maorif» kabi jamiyat, fir­qa va tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qilgan. U vijdon erkinligini inkor etmagan dun­yoviy demokratik davlat tarafdori bo‘lgan. Shu sababli Qo‘qon shahrida tashkil topgan Turkiston muxtoriyatini (1917) qo‘llab-quvvatlagan. Umr bo‘yi o‘z vatanini mustaqil ko‘rishni istagan. Munavvarqori 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olinib, Moskva shahridagi Butirka qamoqxonasida qatl qilingan va Vagankova qabristoniga dafn etilgan. 1991 yilda rasman oqlangan. Toshkentdagi ko‘chalardan biri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla, Shayxontohur tumani «Ilg‘or» mahallasidagi jome masjidi Munavvarqori nomi bilan atalgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Muhammad Yoqubbek – Xitoydagi Yettishahar davlatining Pskentlik hukmdori (2-maqola)

Post Views: 411 Davomi. 1-qismni o‘qish Sharqiy Turkistondan tashvishli xabar… Xon Sulton Sayidxon Toshkent o‘rdasiga …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan