Bosh sahifa » Jadidchilik » Milliy taraqqiyparvarlarning chor oxrankasi tomonidan taʼqib etilishi

Milliy taraqqiyparvarlarning chor oxrankasi tomonidan taʼqib etilishi

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida, ayniqsa, 1905 yil rus inqilobidan keyin Turkistonda chor mustamlakachilik siyosatining kuchaya borishi bilan mahalliy xalq o‘rtasida mustamlakachilik zulmiga qarshi norozilik kayfiyati kuchaya boshladi. Mahalliy xalqning peshqadam ziyolilari jaholat va qoloqlikka qarshi, erk va hurriyat uchun kurashish maqsadida maʼrifatparvarlik va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini olg‘a surdilar. Ularning saʼy-harakati bilan milliy matbuot, zamonaviy adabiyot va teatr sanʼati paydo bo‘ldi. Bu hol chorizmning Turkistondagi maʼmuriyatini tashvishga solmay qolmadi. General-gubernatorlik keyinchalik milliy uyg‘onish deb atalgan bu harakatning oldini olish uchun unga qarshi kurash choralarini ishlab chiqdi. Bu sohada rus imperiyasining ideologlaridan biri N.I.Ilminskiy (1822—1891)ning Turkistondagi shogirdi, «Turkiston viloyatining gazeti» (1870—1917) muharriri, missioner N.P.Ostroumov (1846—1930) va boshqalar, ayniqsa, faol ish olib bordilar.

O‘zbekiston Markaziy Davlat arxivida saqlanib kelayotgan Turkiston muhofaza bo‘limi faoliyatiga oid ko‘p jildlik arxiv hujjatlari bilan tanishish shuni ko‘rsatadiki, chor oxrankasi Turkistondagi jadidchilik va milliy uyg‘onish harakatining Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xo‘jayev kabi yetakchi vakillarining qardosh ozarbayjon, tatar, turk maorif va madaniyati arboblari bilan bo‘lgan har qanday aloqa va hamkorliklarini doimiy ravishda kuzatib, ular olib borayotgan har bir ishga rahna solganlar, ular o‘rtasiga nizo urug‘larini taishab, ularning yangi zamonaviy maʼrifat va taraqqiyot yo‘lidan borishlariga to‘sqinlik qilib kelganlar. Ayni paytda ular o‘z maqsadlariga erishish, taraqqiyparvar kishilarni “jilovlash” uchun jaholatparast amaldorlar va ruhoniylardan foydalanganlar. Shuning oqibati bo‘lsa kerakki, Xivada taraqqiyparvar Islomxo‘ja o‘ldirilgan. Avaz jinni, Mirmuhsin Shermuhamedov kofir deb eʼlon qilingan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Ismoil Obidov (Taraqqiy), Ubaydulla Xo‘jayevlar chiqara boshlagan vaqtli nashrlar ham bir necha bor taqibga uchragan va pirovardida yopib qo‘yilgan.

Mazkur arxiv hujjatlarini o‘rganish bugungi kunda faqat chor maxfiy idoralarining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatini fosh qilish nuqtai nazaridangina emas, balki o‘sha davrda vujudga kelgan milliy uyg‘onish harakati va bu harakat qatnashchilarining faoliyatini o‘rganish jihatidan ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Markaziy Davlat arxivining katta ilmiy xodimi V.G. Chernikov tomonidan mazkur hujjatlar majmuasiga ilova tarzida berilgan «Turkiston muhofaza bo‘limi faoliyati haqida tarixiy maʼlumotnoma» (1969 yil 19 may)da mazkur bo‘limning tashkil bo‘lish sabablari, vaqti, rahbarlari va maxfiy ayg‘oqchilari, ularning faoliyati va keyingi taqdiri haqida batafsil maʼlumotlar berilgan.

«1907 yil boshlarida Moskva va boshqa shaharlarda dekabristlarning qurolli qo‘zg‘olonlari bostirilgach, — deb yozilgan maʼlumotnomada, — chorizm butun mamlakat bo‘ylab qatag‘onni kuchaytirib yubordi.

Hukumatga qarshi faoliyat olib boruvchi shaxslarga qarshi kurashish uchun Turkiston general-gubernatorligi qoshida maxsus qidiruv bo‘limi tashkil etildi.

Rossiya ichki ishlar ministri P.A. Stolipinning buyrug‘iga ko‘ra, maxsus bo‘lim boshlig‘iga Turkiston o‘lkasi siyosiy-qidiruv bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan jandarmlar alohida korpusining podpolkovnigi Vasilyev tayinlanadi. 1907 yil 15 dekabrda Turkiston rayon mudofaa bo‘limi tashkil qilinadi. Bo‘limga sobiq maxsus bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Vasilyev boshliq bo‘ladi. Siyosiy-qidiruv ishlari bo‘yicha bo‘ladigan asosiy ishlarni filerlar (ayg‘oqchilar) olib borardilar…

Oxranka maxfiy ayg‘oqchilarga katta eʼtibor berib, ayniqsa, ularning xabarlarini qimmatli hisoblardi. Har bir tashkilotda muhofaza bo‘limi uchun ayg‘oqchilik xabarlarini yetkazib turuvchi xufyalar bo‘lardi. Bundan tashqari, mahalliy aholining kayfiyati, ularning Turkiya, Afg‘oniston bilan aloqalari haqida doimo xabar berib turuvchi yerli xalqdan bo‘lgan maxsus ayg‘oqchilar ham bor edi…

Oxranka, ayniqsa, chet ellik fuqarolarga alohida eʼtibor qaratdi. Turkistonga kelgan har bir chet ellik ochiq va maxfiy kuzatuv ostida bo‘ldi…

1917 yil 7 martda Vaqtli hukumat tomonidan Turkiston rayon muhofaza bo‘limi tugatildi. Turkiston rayon muhofaza bo‘limi arxivini nazorat qilib turuvchi maxsus komissiya tuzildi. Oxranka ofitserlari, filerlari, maxfiy ayg‘oqchilari qo‘lga olinib, sudga berildi» (O‘zR MDA, I-461-fond, 1-ro‘yxat, 2468-ish, 1 — 8-betlar).

«Tarixning nomaʼlum sahifalari»dan

O‘xshash maqola

Turkiston Muxtoriyati va uning qonga botirilishi tarixidan (1-qism)

Post Views: 52 1917 yil yoz oylarida Davlat dumasiga bo‘ladigan saylov oldidan nomzodlar ko‘rsatish uchun …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan