Bosh sahifa » Toshkentliklar » Marokash mukofotining ilk sohibi. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon

Marokash mukofotining ilk sohibi. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon

Alloh taologa ming shukr, o‘tgan asrda – 1943 yildan to 1989 yilgacha 46 yil davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi rahbari vazifasida – Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, o‘g‘illari – Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon va nabiralari Shamsutdinxon Boboxonov ateizm hukm surgan mamlakatda musulmonlar qalbida islomiy e’tiqodni tik­lash uchun fidoyilarcha, astoydil xizmat qilishdi. Ularning sa’y-harakati tufayli 1945 yili Buxoroda “Mir Arab” madrasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yopilgan yoki omborxonalarga aylantirilgan qator masjidlar ochilib, musulmonlar ixtiyoriga berildi.

1971 yili Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi Islom oliy ma’hadi ochilishida, eski masjidlar ta’mirlanib, ishga tushirilishida, yangi masjidlar qurilishida Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning xizmatlari beqiyosdir. U zot chet ellik mehmonlarga hadya etishni bahona qilib har yili Qur’oni karimni va boshqa kerakli kitoblarni chop ettirardilar. Jumladan, Imom Buxoriy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro anjuman oldidan “Al-adab al-mufrad” kitobi nashr etilib, mehmonlarga tarqatiladi. Diniy idora kutubxonasini nodir kitob­lar bilan boyitish maqsadida maoshlarining teng yarmini noyob kitoblarni sotib olishga sarflaganlar. Minglab noyob kitob­lar saqlanayotgan ushbu kutubxona bugun Toshkentdagi boy ilm xazinalaridan biriga aylandi.

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon Islom dini ravnaqi yo‘lidagi katta xizmatlari uchun 2 marta birinchi darajali “Iordaniya yulduzi”, birinchi darajali “Livan qarag‘ayi”, “Livan yulduzi” ordenlarini, Marokashning oliy darajali mukofoti – “Buyuk mutafakkir” ordeni, shuningdek, sobiq Ittifoqning “Hurmat belgisi”, “Xalqlar do‘stligi” ordenlarini olganlar.

Marokash podshohi “Buyuk mutafakkir” ordenini topshirishidan oldin mahalliy mansabdorlar e’tiroz bildirib: “Nega yurtimizda birinchi ta’sis etilgan orden avval o‘z olimlarimizga emas, balki chet ellik kishiga beriladi?” deb so‘rashadi. Shunda podshoh: “Sizlar din erkinligi ta’minlangan yurtda yashayapsiz, bu olim esa din ta’qib qilingan davlatda Islom dinini saqlab qolishga harakat qilmoqda”, deb javob beradi.

Shayx Ziyovuddinxon 1982 yilning 22 dekabrida 74 yoshda vafot etdilar va Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasiga – otalari Eshon Boboxon va ustozlari Bahodirxon Maxdum qabrlari yoniga dafn etildilar. Alloh taolo hammalarining oxiratlarini obod qilsin.

Asrlar o‘tsa ham o‘chmas nomingiz,
Jannatul Ma’voda bo‘lsin joyingiz.

Anisaxon ZIYOVUDDINXON qizi,
nafaqadagi shifokor

Manba

O‘xshash maqola

O‘zbekiston Oliy sudining birinchi raisi va uning ayanchli qismati

Post Views: 1 495 Saʼdulla Qosimov yoxud «Qosimovchilik ishi» Saʼdulla Qosimov 1901 yil Toshkent shahrida dunyoga …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan