Bosh sahifa » Islom » Ma’rifat. Dangasalik sabablari

Ma’rifat. Dangasalik sabablari

Tanballik va dangasalikni keltirib chiqaradigan bir necha sabab va omillar mavjud bo‘lib, ojizlik ham shular jumlasidan hisoblanadi. Nabiy (alayhissalom) marhamat qilib dedilar: «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor. Senga foydali bo‘lgan ishlarga haris bo‘lgin va (ishingda) Allohdan yordam so‘ragin, lekin hargiz ojizlanmagin!» (Imom Muslim, Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati). Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarni foyda va manfaat keltiradigan ishlarda Allohdan madad so‘ragan holda faol, g‘ayratli va peshqadam bo‘lishga targ‘ib qilganlar, ojizlanish va ikkilanish, jur’atsizlikdan qaytarganlar.

Ko‘p uyqu, ko‘p yeyish ham yalqovlikka sabab bo‘ladi. Chunki, ko‘p uxlaydigan odamning badanlari bo‘shashib, kamharakat bo‘lib qoladi, g‘aflat va rohatga beriladi. Asosiy vaqti shu yo‘sinda o‘tgach, o‘z-o‘zidan ko‘plab foydali ishlarni o‘tkazib yuboradi. Ibn Qayyum aytadi: «Ko‘p uxlash qalbni o‘ldiradi, jasadni ishdan chiqaradi, vaqtni zoye qiladi hamda g‘aflat bilan dangasalikni chaqiradi» (Madorijus solikin).

Ko‘p yeb-ichish ham shunday, badanni semirtirib, og‘irlashtirib qo‘yadi. To‘yib ovqat yeganda jasaddagi kuch-quvvat zaxirasi ovqatni hazm qilishga yo‘naltirilgani uchun inson tani bo‘shashib, uyquga mayli kuchayadi. O‘sha vaqtda inson uyida bo‘lsa yoki yumshoq o‘rindiqlarda o‘tirgan bo‘lsa, mudroq bosib, nafsining orom istagiga yengilib, ko‘zlarini ohista uyquga taslim qilganini bilmay ham qoladi. Qarabsizki, yana bir rejadagi ish ortga suriladi.

Shuningdek, dabdabali, keragidan ortiqcha qulayliklarga berilib hayot kechirish ham dangasalikni keltirib chiqaruvchi omillardan sanaladi. Inson boy bo‘lib, qayerga uzatsa qo‘li yetadigan darajada bo‘lsa ham, o‘z yumushlarini o‘zi bajarishga harakat qilishi afzaldir. Toki yalqovlik balosiga giriftor bo‘lib qolmasin. Ba’zi bir badavlat kishilarni bilamiz, garchi birovlarni yollab ishlatishga qodir bo‘lsalar ham, o‘z qo‘llari bilan mehnat qilishdan rohatlanishadi. Mashinani o‘zlari haydashadi, hovlilarida mehnat qilib turishadi, ekintikinlarga qarab, gullar tagiga suv quyib, turli ovqatlar pishirib, bekorchilikka o‘rin qoldirishmaydi.

Inson boyib, farovon hayotga erishganidan so‘ng mehnatni tark qilib qo‘yadigan bo‘lsa, hayotning ma’naviy fayz-barakasidan, foydali mehnat beradigan rohatlardan mahrum bo‘lib qoladi va garchi boy, ko‘pni ko‘rgan bo‘lsa ham unday insonning xalq orasida hurmati qolmaydi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

O‘xshash maqola

Shayxul-Azhar diyorimizda (1999 yil)

Post Views: 785 Qohiradagi «Al-Azhar» universiteti shayxi Muhammad Sayyid Tantoviy janoblari mamlakatimizga safari davomida 1999 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan