“Labzak” mahallasi (Bahor ko‘chasi, 4) – Shayxontohur tumanidagi mahalla. “Kohota” va “Taxtapul” mahallalari bilan chegaradosh. Mahalla o‘tmishda «Sirli masjid», sho‘rolar davrida “Bahor” nomi bilan atalgan, keyinchalik “Izvestiya” mahallasi bilan “Bahor” birlashib, hozirgi “Labzak” mahallasi tashkil qilindi. Mahalla hududi Labzak arig‘i bo‘yida joylashganligi sababli “Labzak” – «zaxkash suv bo‘yi» deb nomlangan. Mahalla hududida shaharning Labzak darvozasi bo‘lgan. Aholisi 6,5 ming kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, 20 dan ortiq turli millat vakillari yashaydi (2009). Mahalla hududida 21 ta ko‘p qavatli uy, 2 kasb-hunar kolleji, o‘rta maktab, bolalar bog‘chasi, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar, kafelar, novvoyxonalar mavjud. Mahallada akademik Komiljon Zufarov, O‘zbekiston xalq shoirlari Hamid Olimjon, Zulfiya, Mirmuhsin va boshqalar yashagan.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil