Bosh sahifa » Islom » Juma mav’izalari (matn, audio). Vatan himoyasi – muqaddas burch

Juma mav’izalari (matn, audio). Vatan himoyasi – muqaddas burch

Mustaqil yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni asrash uning qadriga yetish har birimizning muhim burchimiz bo‘lib hisoblanadi. Zero, tinchlik, omonlik va xotirjamlik barqaror bo‘lgan yurtda barcha ertangi kunga ishonch bilan qarash, xotirjamlik ila toat ibodat va solih amallarni iymon va ixlos bilan ado etadi.

Mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini milliy bayram sifatida nishonlanadi. Bugungi tinch, osoyishta hayotimizni asrab-avaylashda qurolli kuchlarimizni o‘rni beqiyosdir. Ana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan hamyurtlarimiz sha’niga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Vataniga muhabbati bor kimsa uning himoyasi uchun harakat qiladi. Uning yo‘lidagi hizmatni o‘zi ham muqaddas burch va sharaf deb biladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytgan ekanlar: “Agar odamlar vatanlariga qanoatlari kabi rizqlariga ham qanoat qilganlarida edi, biror banda rizqidan shikoyat qilmagan bo‘lardi”.

O‘z yurtidagi rizqqa qanoat qilmagan kimsa o‘zga yurtdagisiga ham qanoat qilmaydi. Kim yurtida tinch, sog‘-omon, kunlik rizqini topib turgan bo‘lsa, o‘sha bandaga butun dunyo berilgani hadisi shariflarda keltirilgan. Imomi Shofi’iy aytadilar: “Kishining xor bo‘lishi uchun vatanidan va oilasidan ayrilishi kifoya qiladi”.

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu Shurhabil ibn Samitning yonidan o‘tdilar. U fors yeridagi qal’ani qo‘riqlab turgan edi. Shunda «Sizga Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam) eshitgan hodisamni aytib beraymi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilish kishining bir oylik (nafl) ro‘zasidan va kechasidagi qiyomidan yaxshidir. Kim posbonlikda o‘lsa, qabr fitnasidan mudofaa qilinadi, uning har bir amali qiyomatgacha yaxshi amal qilgani kabi o‘sib boradi” deganlar, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Payg‘ambarning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men qanday qilsam, molimdan infoq qilib, Alloh yo‘lida jang qilgan kishining darajasiga yetaman?”, dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Nimang bor?”, dedilar. U: “6000 dirhamim bor”, dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Agar o‘shani infoq qilsang g‘oziy (jangchi)ning bitta uyqusiga teng keladi”, dedilar.

Usmon ibn Ato otasidan rivoyat qiladilar: “Bir kishi Abdurahmon ibn Avf bilan u zotning bog‘iga kirdi. Shunda u zot roziyallohu anhu bog‘da ishlab turgan 30 ta qulni ozod qildilar, o‘sha kishi esa bu ishdan ajablandi. Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyalohu anhu: “Senga bu ishdan ham afzalrog‘ini aytaymi?”, dedilar. “Ha”, dedi u. “Bir kishi Alloh yo‘lida qamchisini qo‘liga olib jangga otlanib ulovida ketayotib, mudroq sababli qamchisi tushib ketsa, shu qamchisini tushirib qoldirgani sababli unda paydo bo‘lgan seskanib ketishi, sen ko‘rgan va men qilgan bu ishimdan afzaldir”, dedilar.

Tarixdan ma’lumki, xalqning tinchligini ta’minlash va hududlarni himoya qilishga o‘sha yurtning o‘g‘lonlari safarbar etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib: “Qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida ko‘rgansiz?”, deb so‘radilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng (mayitga qarab):

 “(وأنا أشهد أنك من أىِل الجنة”(رواه الطبراني

ya’ni: “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman”, dedilar”. (Imom Tabaroniy).

Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i va ayniqsa, dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi eng zaruriy burch va vojib amaldir.

Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi vojibdir.

Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, olimmi yoki oddiy ishchimi, tadbirkor yoxud xizmatchi bo‘ladimi, qayerda bo‘lmasin ishtirok etishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga vatanparvarlik ruhida tarbiya berish bilan g‘animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash, ogohlik va  hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham iymoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Dushmanga duch kelishni orzu qilmanglar. Allohdan salomatlikni, tinchlikni so‘ranglar. Agar ularga duch kelsangiz, mahkam turinglar va Allohni zikr qilishni ko‘paytiringlar”.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan bir uyda o‘tirgan edilar, bir kishi ko‘rindi. U kishining yigitlik quvvati hammalarini lol qoldirdi. Ular: “Qaniydi bu yigit, yigitlik quvvatini Alloh yo‘lidagi jangga ishlatganida”, deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gapni eshitib aytdilar: “Sizlar faqat urush va g‘azotni Alloh yo‘lidagi ish deb tushunasizlarmi? Kim nafsini poklash uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim ota-onasining izzat-ikromi uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim ahli-oilasining iffatini saqlash uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim kibrlangan holda harakat qilsa, bunisi shayton yo‘lidagi ishdir”, dedilar.

Davlat tomonidan mas’ul shaxslarga ishonib topshirib qo‘yilgan korxonalardagi xizmatlarni olsak. Shaxsiy manfaat, bemehnat daromad orttirish maqsadida ba’zi ishchi xizmatchilar o‘z mansablaridan yoki qo‘l ostidagi xalq boyligidan noto‘g‘ri foydalanib, suistemol qilishi ham, kishining yurtiga va o‘z mas’uliyatiga bo‘lgan omonatga xiyonat xisoblanadi.

Abu Dovud, Ahmad, Termiziy sahih isnod bilan keltirganlar. Imom Ahmad rivoyat qiladilar:

لعن الله الراشي و المرتشي و الرائشي الذي يمشي بينهما

“Alloh taolo pora beruvchini ham, oluvchini ham, o‘rtalarida turganni ham la’natladi”, dedilar.

Shayxul islom, Muftiy Hazrat Muxammad Taqiy Usmoniy Aaj kaa sabaq – Bugungi saboq kitobida quyidagilarni keltiradilar:

O‘g‘irlik va talon-tarojning turli ko‘rinishlari jamiyatimizda keng tarqalgan. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk o‘qimishli va madaniyatli shaxslar ham bunga mubtalodirlar. Buning bir necha ko‘rinishlari quyidagilardir: 

Telefon stansiyasining biror xodimi ila do‘stlashib olib, o‘zga shaharlarga telefonda tekin gaplashish, nafaqat biror ayb sanaladi, balki, buni o‘zining qalin do‘stlik aloqalarining tasdig‘i deb bilib, faxr ila gapiriladi. Vaholanki, bu ham bir yomon darajadagi o‘g‘irlikdir va ulkan gunoh ekanligida hech shubha yo‘qdir.

Elektr tarmog‘ining davlat simyog‘ochidan (yashirincha) ulanib olib, tekin elektr toki ishlatish o‘g‘irlikning bir turidir. Bu odat ham tinimsiz keng ommalashib boryapti va bu gunoh ochiqdan ochiq qilinyapti. Bundan tashqari ishlatilgan elektr, gaz va suv hisoblagich ko‘rsatmasini ortga aylantirib, to‘lovidan qochish ham o‘g‘irlikning bir turidir.

Agar biror shaxsdan biror narsa vaqtincha ishlatib turish uchun olingan bo‘lsa va falon vaqtda qaytariladi deb va’da qilingan bo‘lsa, lekin vaqtida qaytarish o‘rniga biror uzr bo‘lmagan holda ishlatish uchun o‘zida qoldirsa, bunda va’dada turmaslik gunohi bo‘ladi. Agar belgilangan vaqtdan keyin uni ishlatishga egasi norozi bo‘lsa, u holda zulm ila tortib olishlik gunohi ham bo‘ladi. Ayni shu holat qarzga ham taalluqlidir. Qarzni qaytarishning belgilangan vaqtidan keyin qarzni qaytarmaslik (jiddiy biror uzr bo‘lmagan holda), bunda va’dada turmaslik va zulm ila birovning molini tortib olishlik gunohi jamlangan bo‘ladi.

Agar biror shaxsdan biror joy, yer yoki do‘kon ma’lum bir vaqtga ijaraga olinsa, vaqt o‘tgandan keyin egasining roziligisiz o‘zining ishida tutib turishlik ham va’dada turmaslik va birovning molini zulm ila tortib olishlik gunohiga kiradi. Kitob do‘konlarida kitoblar, jurnallar va gazetalar qaysi biri yoqsa, odamlar o‘shanisini xarid qila olishlari uchun qo‘yilgan bo‘ladi.  YOqgan-yoqmaganini bilish uchun kitoblarni oddiy varaqlab ko‘rishga ham odatda ruxsat beriladi. Lekin kitob do‘konlarida tikka turib kitoblarni, gazetalarni yoki jurnallarni davomiy o‘qishga kirishib ketilsa, sotib olish niyati bo‘lmasa, u holda bu ham birovning mulkini zulm yo‘li ila ishlatish bo‘ladi. Bunga shari’at jihatidan ruhsat berilmaydi.

Shunda mustaqil mamlakatimizning rahbari o‘z ma’ruzalarida: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan so‘zlari amalda o‘z ifodasini topganini ko‘ramiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bir davlat va uning xalqi go‘yo  ummonda safar uchun kemaga mingan yo‘lovchilar kabidir. Bepoyon ummonda kemaning ildam va bekamiko‘st yurishligi uchun xar bir yo‘lovchiga alohida eshkak ajratilgan. Agar yo‘lovchilar o‘zlariga biriktirilgan eshkakni o‘z vaqtida eshmasa, uning ta’sirida albatta kema harakatiga ziyon yetadi. Agar uni risolagidek eshilsa manzil sari oshiqadi. Shu kemadagi yo‘lovchi uning yurib turishiga mas’ul. Agar kema to‘xtab qolsa yoki, biror qoyaga urilsa yoki yo‘lovchilarning biri orqali yon atrofdagi g‘anim kemalariga ichki sirlarini fosh qilib qo‘yilsa, u kema boshqaruvini yo‘qotadi, yoki halokatga uchrab yo‘lovchilar ummonga g‘arq bo‘ladilar. Shuning uchun bu hayot ummonidan eson-omon kezib o‘tishligimiz uchun yaratgan Robbimiz tomonidan sizu biz uchun taqdim qilingan “O‘zbekiston” atalmish kemamizni ildam yurishligiga o‘z eshkaklarimiz bilan xizmat qilaylik. Hyech bo‘lmasa uni halokatga uchrashiga sababchi bo‘lib qolmaylik.

Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini va osmonimiz musaffoligini sergaklik bilan qo‘riqlab, Vatanimiz Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarni, otalarimiz, opa-singillarimiz, farzandlarimiz va aka-ukalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz, tinchligi va mustaqilligimizni bardavom qilsin. Omin!

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” jome masjidi imom xatibi

O‘xshash maqola

Shayxul-Azhar diyorimizda (1999 yil)

Post Views: 788 Qohiradagi «Al-Azhar» universiteti shayxi Muhammad Sayyid Tantoviy janoblari mamlakatimizga safari davomida 1999 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan