Bosh sahifa » Bilasizmi? » Istanbuldagi o‘zbek takiyalari

Istanbuldagi o‘zbek takiyalari

Turkiyaning Istanbul shahrida o‘rta asrlarda “O‘zbek takiyalari” nomi bilan mashhur 3 ta dargoh (xonaqo) bo‘lib, ular Naqshbandiya sufiylik tariqatiga mansub shayxlar va darvishlarga qarashli bo‘lgan. Ulardan biri shaharning sharqiy qismidagi Uskudar tumanida joylashgan Sultontepa takiyasidir.

Sultontepa takiyasi. Bu dargoh katta yer maydonini egallagan bo‘lib, 2 qismdan iborat. Dargohning bir qismidagi asosiy 2 qavatli binoda mehmonxona va yana 20 ta katta-kichik xonalar, hovlisida masjid, hovuz va bog‘, ikkinchi qismida esa oshxona, tahoratxona, favvora va boshqa xo‘jalik inshootlari joylashgan. Dargoh balandlikda joylashganligi sababli, undan Bosfor bo‘g‘ozi va shaharning g‘arbiy sohiliga maftunkor ko‘rinish ochiladi.

Usmon imperiyasi davrida Turkistondan haj safariga chiqqanlarning Makkaga borishidan oldin Istanbuldagi Ayyub sulton maqbarasini ziyorat etishi odat tusiga kirgan edi. Baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, haj safarini ado etish uchun avval sultondan ruxsat olish lozim bo‘lgan, chunki Arabiston yarim oroli Usmon imperiyasining tarkibiga kirgan. Shuning uchun turli mamlakatlardan haj safariga chiqqanlar avval Istanbulga kelib, shaharning turli qismlarida vaqtincha qo‘nim topganlar. Turkistondan kelgan karvonlar odatda Uskudardagi Sultontepa adirlarida chodir yoyganlar. Rivoyatga ko‘ra, tahminan XVIII asrda Usmon imperiyasining sultoni (podshohning ismi turlicha ko‘rsatiladi) oddiy kiyim kiyib, Uskudarda ot minib aylanib yurganda, o‘zbeklarning yungdan yasalgan va ipak iplar bilan bezatilgan chodirlariga ko‘zi tushib, ular tomon yo‘l oldi. O‘zbeklar uni juda yaxshi kutib oldilar va bu yerga nima uchun kelganlarini tushuntirdilar. Podshoh Naqshbandiya tariqatidagi bu odamlarni juda yoqtirib qoldi va ularning shayxiga shu yerda ular uchun bir takiya qurib berishni vaʼda berdi. takiya qurilib, unga vaqf ajratildi va o‘zbek shayxi boshliq etib tayinlandi.

Istanbuldagi Vaqflar bosh mudirligida saqlanayotgan hujjatlarga ko‘ra, bu takiyaga culton Mustafo III(1171 – 1187/1757 – 1774) asos solgan. Dargoh masjidining devoridagi yozuvda ham bu inshoot 1171/1757 yilda sulton Mustafo hukmronligi davrida qurilganligi qayd etilgan. Lekin Ismoil Ayvansaroyining “Hadiqatul javomeʼ” (Istanbul, 1281/1864-65 y.) asarida yozilishicha, bu takiyani 1168/1754-55 yilda vafot etgan Marash voliysi Abdulla posha qurdirgan.

Dargohda shayx Ibrohim Adham efendining takiyani taʼmirlash ishlariga yordam so‘rab podshohga yo‘llagan maktubining qoralamasi saqlanadi. Unda yozilishicha, takiya Turkistondan “yog‘ilib” kelayotgan bechora darvishlarga panoh bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ziyorat uchun kelgan edilar. So‘ralgan yordam tez orada ijobat bo‘lganligi haqida dargoh devorida 1314 yil 18 aylul/1896 yil sentyabr oyidasulton Abdulhamidga atab yozilgan minnatdorchilik sheʼridan bilib olish mumkin.

Dargohda saqlanayotgan hujjatlar uning qanday faoliyat olib borganligi haqida tasavvur hosil qilishga imkoniyat beradi. Uskudardagi O‘zbeklar takiyasi Turkistondan Makkaga haj safarini amalga oshirish uchun Istanbulga kelganlar to‘xtaydigan musofirxona vazifasini bajargan. Bu haqida maʼlkmot beruvchi 2 ta qayd yozuvlari mavjud. Ulardan birinchisi “kunya daftari”, ikkinchisi “rasmiy musofirlar daftari” deb ataladi. Bu daftarlarda takiyaga kelganlarning ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yeri, kelib tushgan kuni va boshqa maʼlumotlar yozib qoldirilgan. Xususan, “kunya daftari”da har bir mehmonning vazni, sochi va soqolining rangi, xususiy belgilari ko‘rsatilgan. Unda shaxsning tijorati turi, takiyani tark etgan kuni, u birga kelgan yosh bolalar, ayollar va boshqalarning kelishdan maqsadi ham qayd etilgan. Ikkinchi daftarda bu maʼlumotlarga qo‘shimcha ravishda shaxsning tijorati turi, diniy eʼtiqodi, millati, u bilan kelgan ayollar va bolalarning ismlari qayd etilgan. Bu daftardagi maʼlumotlar hukumatning topshirig‘i bilan to‘plangan bo‘lishi ham mumkin. Birinchi daftarda 1323 – 1341/1905 – 1923 yillarda kelganlar haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi. Shundan keyin faqat 3 ta odamning (1942, 1947 va 1951 yillarda) kelganligi qayd etilgan. Daftarda jami 468 ta odam haqida maʼlumot keltirilgan. Ikkinchi daftar 1224 – 1241/1809 – 1826 yillarda kelgan 254 ta odam haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.

Kelganlarning ko‘pchiligi Turkistonning turli shaharlaridan – Toshkent, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Koshg‘ar, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, Qorako‘l va O‘sh. Baʼzi odamlar Xitoyning Ko‘hna Turfon nomli yeridan kelganlar. Kelganlarning ko‘pchiligi bu yerdan Hijozga yo‘l olganlar. Baʼzilar bir necha yil ichida takroran kelib ketganlar. Baʼzilar esa bu yerda uzoq muddatga qolib ketganlar. Kelganlarning dargohda turish vaqti har xil bo‘lgan – bir kechadan 4 yilgacha.

Sultontepa takiyasi bilan Istanbuldagi boshqa dargohlar, xususan, Ayyub takiyasi va Buxoro takiyasi o‘rtasida yaqin aloqalar bo‘lgan, chunki mazkur daftarlarda qayd etilgan odamlar asosan shu dargohlarda to‘xtaganlar. Bu dargohlar qatoriga Uskudardagi Afg‘on takiyasini ham kiritish mumkin.

Dargohda baʼzan shunday holatlar ham bo‘lganki, mehmonlar urush chiqargani, o‘g‘irlik qilgani yoki boshqa nojo‘ya harakatlari uchun dargohdan badarg‘a qilinganlar. Kasallikga duchor bo‘lgan mehmonlar esa kambag‘allar kasalxonasiga jo‘natilar va ko‘pincha o‘sha yerda qazo qilar edilar. Bir qator qaydlar 1334/1915-16 yildan boshlab Germaniya hukumati tomonidan, Rossiyadan Istanbulga yuborilgan odamlar bilan bog‘liq. Ulardan biri politsiya maʼmuriyati tomonidan Afg‘on dargohiga, u yerdan esa O‘zbek dargohiga yuborilgan edi, chunki u o‘zbek edi. Yana bir holda bir talaba afg‘on bo‘lsa ham Afg‘on dargohiga qabul qilinmagan va yana politsiya maʼmuriyati tomonidan Sultontepa dargohiga yuborilgan. O‘sha yilning o‘zida odamlarning juda katta oqimi yuz bergan, ular ayniqsa Odessadan ko‘p kelgan edilar. Shu yili 100 dan ziyod odamlar qayd etilgan, yaʼni odatdagidan 3 – 4 barobar ko‘p.

Kelgan mehmonlar ichida dehqon, etikdo‘z, sartarosh, baqqol, talaba, tikuvchi, haydovchi singari kasb-hunar egalar ko‘p uchraydi. Ulardan faqat bir kishi o‘zini darvish deb yozdirgan. Dargohda yashagan barcha mehmonlar kun davomida tinimsiz mehnat qilar edilar va tirikchilik uchun o‘zlari mablag‘ topar edilar. Dargohda 40 ga yaqin odam yashar edi, ularning aksariyati hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Dargoh masjidining pastidagi barcha xonalar ustaxonalarga aylantirilgan edi.

Hatto dargohning ayrim shayxlari ham hunarmandchilik bilan shug‘ullanar edi. Ulardan birining o‘z ustaxonasi bo‘lmasa ham, tikuvchilik qilar edi. Uning mahsuloti hatto sulton Abdulaziz (1861 – 1876) ning eʼtiborini o‘ziga qaratib, ularning baʼzilarini u o‘zining saroyi uchun tanlab olgan edi. Sulton Abdulhamid davrida ham dargoh tikuvchilari saroy uchun tikuvchilik buyurtmalarini olar edilar.

Dargohda 1291 – 1293/1874 – 1877 yillarda to‘shaklar ishlab chiqarishga qilingan xarajatlar va chiqimlar haqidagi hujjatlar ham mavjud. Bu chiqimlar tikuv mashinalari uchun to‘lov, muqaddas pirlarning ruhini shod etish uchun darvishlarga tayyorlanadigan palov xarajatlari, muolaja uchun sarflanadigan kundalik xarajatlar va h.k. larni o‘z ichiga olgan. Dargohda vaqflardan tushgan daromadlar va ularning dargohda yashovchilarning oziq-ovqatlari va boshqa ehtiyojlari uchun ishlatilishi qayd etilgan bir nechta kitoblar ham bor.

Dargohda yana bir diqqatga sazovor hujjat saqlanadi. Bu shayxulislomning 1294 yil 7 shaʼbon/1877 yil 17 avgustda barcha shayxlarga yo‘llagan buyrug‘idir. O‘sha yil 24 aprelda Rossiya – Turkiya urushi boshlangan edi. Shayxulislom o‘z maktubida shayxlarga har kuni zikr o‘qilishi rejalashtirilgan biror bir takiyada to‘planib, musulmonlarning omonligi va g‘alabasi va g‘ayridinlar, yaʼni ruslarning mag‘lubiyati va halokati uchun namoz o‘qish haqida ko‘rsatma bergan.

Sultontepa takiyasining qabristonida bir qator mashhur odamlar dafn etilgan. Ularning ichida Turkistonlik muhojirlar ko‘p edi. Xususan, bu yerda Buxoro Respublikasining birinchi va so‘nggi prezidenti Usmon Xo‘ja o‘g‘li (1878 – 1968) ning qabri bor. Bolsheviklar Buxoro shahrini kuch bilan egallab, Milliy Respulikani yo‘q qilgandan so‘ng u Istanbulga kelib, bu yerda o‘zining siyosiy faoliyatini davom etdirdi va vatan ozodligi uchun kurashni to‘xtatmadi. 1928 yilda u Istanbuldagi boshqa o‘zbek muhojirlari bilan birgalikda “Yangi Turkiston” nomli jurnal nashr eta boshladi. Uning o‘g‘li professor Temur Xo‘ja o‘g‘li hozirgi kunda Amerika Qo‘shma Shtatalarining Michigan universitetida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi.

Sultontepa takiyasi Naqshbandiya tariqatining Xolidiya yo‘nalishi bilan bog‘liq edi. Odamlar bu yerda har dushanba va payshanba kunlari kechqurun, boshqa maʼlumotga ko‘ra, har juma kuni peshin namozidan keyin yig‘ilib, zikr o‘qir va Naqshbandiya tariqatiga xos bo‘lgan ibodatlarni ado etar edilar. Bir yilda 2 yoki 3 marta diniy bayramlar munosabati bilan katta qozonda mayiz solingan maxsus o‘zbek palovi damlanib, 300 dan ziyod kishiga tarqatilgan. So‘ng odamlar ibodat qilib, zikr o‘qiganlar, o‘zbek va uyg‘ur tillarida ilohiy ashulalar, shuningdek Ahmad Yassaviyning sheʼrlariga yozilgan musiqiy asarlarni ijro etganlar.

Dargohning shayxlari turli kasb-hunar egalari va o‘qimishli odamlar edilar. Masalan, shayx Ibrohim Adham Efendi (1829 – 1904) xattotlik va kitoblarga bezak berish sanʼatida mohir usta edi. U birinchi bo‘lib Turkistondan Turkiyaga ebru usulida qog‘ozlarga bezak berish sanʼatini olib kelgan. Uning o‘g‘li shayx Mehmed Sadiq Efendi maktabda fors tilidan dars berar edi va 1314/1896-97 yilda u chig‘atoy, yaʼni eski o‘zbek tilining grammatikasiga bag‘ishlangan “Esasi lisani turki” nomli kitob nashr etgan. Uning o‘g‘li Ata Efendi (vafoti 1936 y.) Istanbul universitetida huquqdan dars bergan. U o‘zbek tilini yaxshi bilgan. 1920-yillarda u Otaturkdan safar uchun kerakli mablag‘ni olib, Turkistonga kelgan va bu yerda 3 yil yashab, bolsheviklarga qarshi maxfiy faoliyat olib borgan.

XX asr boshlarida Sultontepadagi O‘zbek takiyasiga o‘sha davrning mashhur kishilari tez-tezkelib turganlar. Bu yer olimlar, shoirlar, hunarmandlar, rassomlar va xattotlarning to‘planib turadigan va muloqot qiladigan yeri bo‘lgan. Usmon imperiyasi qulagandan keyingi milliy tiklanish davrida dargoh shayxlari turk vatanparvar kuchlarini qo‘llab-quvvatlaganlar. Turkiyaning 1919 – 1922 yillarda Britaniya, Fransiya, Italiya va Yunonistonga qarshi olib borgan urushida (“Qurtulish Jangi”) bu takiya Otaturk askarlarigakatta yordam bergan (u qurol-yarog‘ ombori va olib o‘tish punkti rolini bajargan, unda askarlar yashiringan va h.k.). 1925 yilda barcha Istanbul takiyalari hukumat qarori bilan yopilganva o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ularning binolari esa boshqa vaqf va tashkilotlarga berib yuborilgan. Ulardan faqat Uskudardagi Sultontepa takiyasi yopilmagan vabu qarordan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettirgan. Otaturk takiyaning mazkur xizmatlarini inobatga olib, uni yoptirmagan. Lekin 1925 yildan keyin O‘rta Osiyoda sovet, Turkiyada esa respublika tizimi mustahkam qaror topganidan keyin Uskudardagi O‘zbeklar takiyasi yopilmagan bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan avvalgi funksiyasini yo‘qotgan va adabiy kechalar uyushtiriladigan maskanga aylanib qolgan edi. Chunki endi bu yerga O‘rta Osiyodan haj karvonlari kelmas va ularni himoya qiladigan Usmonli Imperiyasi ham tarixga aylangan edi. Bu takiyaning binosi hozir ham mavjud. Hozirgi kunda unda Istanbul Tadqiqot va Taʼlim Vaqfi (İSAR)ning Ixtisos Markazi faoliyat olib bormoqda. Bu yerda hozirgacha Shayx Adham Afandining avlodlari istiqomat qiladi.

Buxoro takiyasi. Bu O‘zbek takiyasiIstanbulning Fotih tumanida Sulton Axmet maydonida Sokollu Mehmet Pasha masjidining qarshisida joylashgan. Shuning uchun uni Sulton Axmet takiyasi deb ham ataganlar. Vaqflar bosh mudirligining arxivida saqlangan maʼmuriy hujjatlardagi maʼlumotlarga ko‘ra, bu dargoh 1104/1692-93 yilda qurilgan. Dargoh masjidining eshigi tepasida 1318 yil 1 rajab/1900 yil 25 oktyabrda yozilgan yozuvdagi maʼlumotga ko‘ra, bu masjidni va unga qarashli bo‘lgan imoratlarni Buxorodagi Hisor qalʼasining voliysi Istanfil bi Gul Kushbeyi qurdirgan. Dargohning o‘ziga kirish eshigining tepasidagi yozuvga ko‘ra, ushbu xonaqohni sulton Abdulhamid 1296/1878-79 yilda taʼmirlagan, chunki u “juda ham taʼmirga muhtoj holatda edi”.

Uning 3 qavatli binosi ancha katta, lekin hozir yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bir vaqtlar u juda ham chiroyli va hashamatli bo‘lgan. U 6 ta katta xona, oshxona, suv havzasi, ombor, tahoratxona va shayxlarga ajratilgan bir nechta xonalardan iborat. XX asrning 70-yillarida bu binoda oxirgi shayxning xotini va uning o‘g‘li yashar edi, uning hovlisidagi katta shiyponda esa “Turkistonlilar talaba yurti” va “Turkistonlilarga madaniy va ijtimoiy yordam” kabi jamiyatlar joylashgan edi. Bino toshdan qurilgan. Uning qoshida kichik, lekin juda zich qabriston mavjud. Zinadan 2-chi qavatga chiqiladi. U yerda o‘rtada hovli, uning atrofida esa talabalar uchun hujralar va masjid joylashgan. 3-chi qavatda shinam balkon sahni atrofidagi kattaroq xonalarda shayx va uning oilasi, shuningdek mehmonlar yashaganlar. Bundan u yerda keng maydon bo‘lib, yong‘in chiqqanidan ilgari unda haram joylashgan edi. Hozir esa u yer ichki bog‘ vazifasini bajaradi.

XX asrning 70 chi yillarida bu dargohda uning oxirgi shayxining o‘g‘li Mehmet Xayriddin oilasi bilan yashar edi. Uning otasi shayx Abudurrahmon Buxarali 1953 yilda vafot etgan. Uning otasi shayx Abdulmajid Buxarali bo‘lib, odamlar uning ismiga “buyuk” sifatini qo‘shib ataganlar. Hozirgi mavjud binoni shu shayx qurdirgan. Uning otasi shayx Yahyo bo‘lib, uning davrida bu imoratlar hali mavjud bo‘lmagan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistondan haj safariga chiqqanlar bu dargohda to‘xtab, unda 7 – 10 kun yashaganlar, so‘ng Makkaga yo‘l olganlar. Ular shayxga Turkistondan sovg‘alar keltirar edilar, u esa hojilar oq berib, haj safariga yo‘llanma berar edi. Shayx sovg‘alarni yig‘ib qo‘yar va muhtoj odamlarga tarqatar edi. Bu dargohning shayxlari Naqshbandiyya va Rufaʼiyya tariqatlariga mansub edilar. Bu dargoh faoliyat olib borgan vaqtlarda unda har kuni 2 ta qo‘y so‘yilar edi: birini dargohda yashovchilar tanovul qilar edilar, ikkinchisi kambag‘allarga tarqatilar edi. Juma kunlari odamlar to‘planib, Kog‘itxonaga borishar va u yerda xordiq chiqarishar edilar. Dargohdagi darvishlar sulton himoyasi ostida edilar.

Dargoh shayxlarining Buxoro bilan aloqalari juda yaqin edi. Bir kuni Buxorodan kelgan bir guruh musofirlar shayx Abdurrahmonni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar, chunki u Buxorolik ayolga emas, Izmirlik ayolga uylangan edi. Bu dargoh maʼlum vaqt Turkistondan qochib kelganlar uchun ham boshpana vazifasini bajargan. 1925 yilda barcha Istanbul takiyalari hukumat qarori bilan yopilganda Buxoro takiyasiham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 1945 – 1950 yillarda bu yerda “Turon” uyushmasi faoliyat olib borgan. Hozirgi kunda uning binosida Ansor vaqfining Istanbul Loyihalashtirish Markazi faoliyat yuritmoqda.

Ayyub takiyasi. O‘zbek takiyasi deb ataluvchi yana bir dargoh Ayyub masjidi yonida joylashgan. 1975 yilda uning kichik binosi, uning yonida kichik qabriston va chillaxona saqlangan edi. Vaqflar bosh mudirligining maʼlumotiga ko‘ra, bu takiyani 1733 yilda shoir Lalezoda Abdulboqiy qurdirgan. Bu dargoh ham Buxoro takiyasi singari Uskudardagi Sultontepa takiyasi bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Chunki bu uchala dargoh o‘zbeklarga qarashli bo‘lgan va ularda asosan Turkistondan kelgan musofirlar to‘xtaganlar.1925 yilda barcha Istanbul takiyalari hukumat qarori bilan yopilganda Ayyub takiyasiham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Uning binosi hozir ham mavjud, unda Istanbul shahar Ayyub tumani muftiyligi joylashgan.

Shunday qilib, yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan ayon bo‘ladiki, o‘zbeklarga qarashli Sultontepa, Sulton Ahmet va Ayyub takiyalarining asosiy vazifasi Turkistondan kelgan musofirlarni qabul qilish va joylashtirish bo‘lgan. Aslida Istanbulda O‘zbeklar takiyalarining soni bundan ham ko‘p bo‘lgan deyishadi.Bu takiyalar amalda Turkistonning g‘ayri rasmiy madaniy elchixonalari vazifasini ham bajargan. Sulton Abdulhamid bu dargohlarga katta qiziqish bildirgan va ularni taʼmirlash ishlariga homiylik qilgan. Uskudardagi Sultontepa takiyasi musofirlar uyi bo‘lish bilan birga hunarmandchilik markazi ham bo‘lgan. Xususan, bu yerda ebru sanʼatining Turkiyadagi ilk maktabi faoliyat ko‘rsatgan. Bu dargoh hunarmandlar, sanʼatkorlar va ziyolilarning to‘planib turadigan yeri bo‘lgan. Turkiya davlat televideniyesi yaqinda bu takiyalar tarixi haqida qisqa bir ko‘rsatuv namoyish qildi. Bu takiyalarning tarixi bizning tariximizning bir qismidir. Har uchala takiyaning binolari boshqa tashkilotlarga berib yuborilgan. Ularni bu tashkilotlardan olib, muzeylarga aylantirish lozim. Bu ishlarni amalga oshirishda esa faqat Turkiya hukumati emas, bizning hukumat ko‘proq tashabbus bildirishi va kerak bo‘lsa jon kuydirishi kerak.

Adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Шихабуддин Мерджани. Рихлeт ал-Мeрджани. Казань: Изд. М.Чирковой, 1897.
  2. Abu-Manneh B. Sheikh Murād al-Bukhariand the Expansion of the Naqshbandi-MujaddidiOrder in Istanbul//Welt Des Islams,53, no. 1 (March 2013), p. 1–25.
  3. Adivar H.E. Mor Salkimli Ev. Istanbul: Atlas Kitap evi, 1970.
  4. Alper M. Buhara Özbekler Tekkesi //Arkitekt, s. 3, 1995, s. 38 – 43.
  5. Altun M. Kuvayi Milliyecilerin Gizli Sığınağı ve Ardindaki Bilinmeyenler: Özbekler Tekkesi // Toplamsal Tarih, c. 19, sy. 112. Istanbul, 2003, s. 18 – 23.
  6. Ammour L. La Restauration de Tekke des Ouzbeks a Üsküdar // Observatoire Urbain d’Istanbul, no. 7 (décembre 1994). Istanbul (IFEA), p. 14 – 18.
  7. Avšar A. Türkiye Kamuoyunda “Diš Türkler” Algisina Bir Katki: Birinci Dünya Savašina Kadar Türkistan Türkleri ile Türkiye Türklerinin Iliškileri ve Savašta Türkistanlilerin Desteği // Čanakkale Araştırmaları Türk YıllığıYıl: 12, Bahar 2014, Sayı: 16, s. 157 – 179.
  8. Aytaş G., Çeltik H. XIX. Yüzyılda Yapilmiš Bir Haritadan Yola Çikarak Eski İstanbul’da Tarikatların Faaliyetleri // Türk Kültürü ve Haci Bektaş Veli Araştırma Dergisi, no. 58 (2011), s. 89 – 104.
  9. Bal M.A. Milli Mücadele’de Üsküdar Özbekler Tekkesi // Arşiv Dünyasi, Sayi 9, Istanbul, 2007, s. 56 – 57.
  10. Bandirmali-zade Ahmed Münib Üsküdarî. Mecmua-yi Tekaya. Istanbul: Alem Matbaasi, 1307/1889-90.
  11. Baykara T. Türkistan’dan Gelen Bir Isim ve Efsane: Kiz Kulesi // Üsküdar Sempozyumu I (23 – 25 Mayis 2003). Bidiriler. Cilt 1. Istanbul, 2004, s. 332 – 336.
  12. Bektaş C. Üsküdar’in Sultantepe’sindeki Özbekler Tekkesi // Tarih ve Toplum 1984, 8, s. 40 – 45.
  13. Bektaş C. Nakşibendi Tarikatının Halidiyye Kolu ve Özbekler Tekkesi II // Tarih ve Toplum 1984, 9, s. 38 – 43.
  14. Belgelerle Osmanlı-Türkistan İliškileri (XVI – XX. Yüzyıllar) / T.C.Başbakanlık Devlet Arşivleri Genel Müdürlügü. Osmanlı Arşivi Daire Başkanlığı. Yayın Nu: 70. Ankara, 2005.
  15. Beyoğlu S. Osmanlı devletinin Üsküdar Özbekler tekkesine yaptığı trahsisatlar // Bir, 7, 1997, s. 27 – 34.
  16. Beyoğlu S. Milli Mücadele ve Özbekler Tekkesi // Üsküdar Sempozyumu I (23 – 25 Mayis 2003). Bidiriler. Cilt 1. Istanbul, 2004, s. 201 – 212.
  17. Bostancioğlu S. Üsküdar Dergählari (haz. Ahmed Yüksel Özemre). İstanbul: Üsküdar Belediyesi, 2003.
  18. Buhara’dan Mektup // Sirat-ı Müstakim, III, sayi 69, s. 267, 17 Zilhicce 1327 [1909] / 17 Kanun-i evvel 1325.
  19. Bulut F. İstanbul Sufileri // Atlas, no. 152 (Kasim 2005), s. 70 – 78.
  20. Can L. Connecting People: A Central Asian Sufi Network in Turn-of-the-Century Istanbul // Modern Asian Studies, 46, no. 2 (2012), p. 373 – 401.
  21. Çetin A. İstanbul’daki Tekke, Zâviye ve Hânkahlar Hakkında 1199/1784 Tarihli Önemli Bir Vesika //Vakıflar Dergisi, XIII (1981), s. 584 – 588 (Atmeydanı kurbünde Mehmed Paşa Câmi’i karşısında Özbekler tekyesi).
  22. Četintaş B. İstanbul’da Özbek Tekkeleri: Buhara Özbekler Tekkesi ve Haziresi //ToplumsalTarih23, no. 159 (March 2007),s. 72–78.
  23. Egemen A. İstanbul’in Čeşme ve Sebilleri. Istanbul: Aritan Yayinevi, 1993.
  24. Ersen A., Ulukan M. Eyüp’te Afife Hatun Tekkesi ve Restitüsyon Önerisi //. Eyüpsultan Sempozyumu VIII. Eyüp, Istanbul, 7-9 Mayis 2004, s. 157, 158.
  25. Ersen A., Ulukan M. Özbek Tekkeleri ve Eyüp Özbekler Tekkesi //. Eyüpsultan Sempozyumu IX Tarihi, Kültürü ve Sanatiyla. Istanbul, 13 – 15 Mayis 2005, s. 132 – 145.
  26. Eyice S. İlk Osmanlı Devrinin Dinî-İctimâî Bir Müessesesi: Zâviyeler ve Zaviyeli Camiler // İktisat Fakültesi Dergisi, XXI, s. 3 – 80.
  27. Feyz ül-Necât, yayina yapan Haci Seyyid. Şeyh Süleyman Buharî. Istanbul: Matbaa-i Mahsuse-i Osmâniye, 1299/1882.
  28. Galitekin A.N. Osmanlı Kaynaklarinaz Göre İstanbul. Câmi. Tekke. Medrese. Mekteb. Türbe. Kütübhane, Matbah, Mahalle ve Selâtîn Imaretleri / Neşr eden Ahmet Nezih Galitekin. Istanbul: İşaret Y., 2003, s. 309.
  29. Gündüz İ. Osmanlılarda devlet-tekke münasebetleri. İstanbul: Seha Neşriyat, 1983, s. 227.
  30. Gürel Z. Deat Be-kâr Çeşm Be-Yâr Bir “Haci Hoca Tekkesi”: Özbekler Dergâhi // Vakflar Dergisi (2006 Vakif medeniyeti Özel Sayısı). Ankara, 2006, s. 76 – 79.
  31. Hartmann M. Zentralasiatisches aus Stambul // Islamische Orient I, 1909, s. 103 – 145.
  32. Haskan M.N. Eyüp Tarihi. Istanbul: Türk Turing Turizm Işletmeciliği Vakfi Yayinlari, 1993.
  33. Kara M. Tekkeler ve Zaviyeler. İstanbul, 2 basim, Dergah Y., 1980, s. 305 – 310.
  34. Kut G., Kut T. İstanbul tekkelerine ait bir kaynak: Dergah-nâme // Türkische Miszellen R. Anhegger Festschrift. İstanbul, 1987, s, 213 – 236.
  35. Müller-Weiner W. Bildlexicon zur Topographie Istanbuls. Tübingen: Deutsches Archäologisches Institut, 1977, s. 283, 461, 508.
  36. Osmanlı Devleti ile Kafkasya, Türkistan ve Kirim Hanlikleri Arasindaki Münasebetlere Dâir Arşiv Belgeleri (1687 – 1908 Yillari Arasi), Ankara: T.C.Başbakanlik, 1992, s. 23-24, 109-110.
  37. Özcan A. Özbekler Tekkesi Postnişini Buharalı Şeyh Süleyman Efendi Bir double agent mı idi? //Tarih ve Toplum, no. 100 (Nisan 1992), s. 12 – 16.
  38. Özdamar M. Dersaadet Dergahlari. Istanbul, 1994.
  39. Özdamar M. Üsküdar Namazgâhlari // Üsküdar Sempozyumu I (23 – 25 Mayis 2003). Bidiriler. Cilt 1. Istanbul, 2004, s. 97 – 105.
  40. Özönder H. Türk El Sanatlarinda Bir Ekol: Üsküdar (İstanbul) Özbekler Tekkesi // Prof. Dr. Salim Sakaoğlu’na 55 Yıl Armağani / Yayina Hazirlayan Ali Berat Alptekin. Konya, 2006, s. 674 – 682.
  41. Saray M.Rus İşgalı Devrinde Osmanlı Devleti ile Türkestan Hanlıkları Arasında Siyasi Münasebetler (1775-1875). İstanbul: İstanbul Mat., 1984, s. 52 – 55, 84-88, 133-134.
  42. Sawada Minoru. Four Ottoman Documents Concerning an Uzbek of Istanbul in the late 18th Century //Annals of Japan Association for Middle East Studies, 3 (1988), р. 198 – 218.
  43. Smith G.M. The Özbek Tekkes of Istanbul // Der Islam, 57 (2), 1980, p. 130 – 139.
  44. Sufî Allâhyar.Sebat ül-Acizîn. Istanbul, yayına yapan Hacı Seyyid Şeyh Süleyman Buharî. Istanbul: Matbaa-i Mahsuse-i Osmâniye, 1299/1882.
  45. Şeyh Süleyman Buharî. Lugat-ı Çagatay ve Türkî-i Osmânî. İstanbul: Mihrân Matbaasi, 1298/1880-81.
  46. Šejx Sülejman Efendi’s Čagataj-Osmanisches Wörterbuch. Budapest, 1902.
  47. Šejx Sülejman Efendi’s Čagataj-Osmanisches Wörterbuch. Budapest, 1902.
  48. Tanman B. İstanbul Tekkelerinin Mimari ve Süsleme Özellikleri Tipoloji Denemeleri / Doktora tezi: İstanbul Üniversitesi, 1990, s. 751 – 762.
  49. Tanman B. Özbekler Tekkesi //Dünden Bugüne İstanbul Ansiklopedisi, VIII. Istanbul: Tarih Vakfı, 1994, s. 199 – 202.
  50. Tanman B. Özbekler Tekkesi // Türkiye Diyanet Vakfı İslam Ansiklopedisi, cilt 34, 2007, s. 121 – 124.
  51. TekA. TekkelerKapatilmadanÖnceNakşîliğinBursa’dakiTarihiSüreci // T.C. Uludağ Üniversitesi İlâhiyatFakültesiDergisi. Cilt 16. Sayi 1, 2007, s. 211 – 240.
  52. Tevfik M. Yâdigâr-ı Macaristan-ı asr-ı Abdülhamid Hân. İstanbul, 1877, s. 17-18.
  53. Uğur Derman M. Türk Sanatinda Ebrü. İstanbul, 1977, s. 32 – 40.
  54. Varol M. 19. Yüzyıl İstanbulu’nda Bazi Tekkelerin Matbaacılık Faaliyetleri // Osmanlı Araştırmaları / The Journal of Ottoman Studies XLII (2013), s. 317 – 347.
  55. Yorgancioğlu S. Üsküdar Dergâhları (haz. Ahmet Yüksel Özemre). İstanbul, 2004, s. 108 – 111.
  56. Zarcone Th. Doğulu ve Batili Yolcularin Intibalarinda Buhara Tekkesi // 3. uluslararasi tarihi yarimada sempozyumu tebliğler kitabi. Istanbul: Eminönü Bel. Yay., 2008, s. 52 – 57.
  57. Zarcone Th. Histoire et Croyances des derviches turkestanais et indiens à Istanbul //AnatoliaModerna/YeniAnadolu,t. II. Paris: Maisonneuve, 1991, p. 147 – 150.
  58. Zarcone Th. Grammaires, Dictionnaires et Littérature du Turkestan à Istanbul au tournant du siècle //Istanbul et les Langues orientales, ed. F.Hitzel. Paris: L.Harmattan / INALCO, 1997, p. 417 – 423.
  59. Zarcone Th.Central Asian and Indian Sufi Lodges in the Middle East. The case of Jerusalem. Kyoto: Graduate School of Asian and African Area Studies (ASAFAS) / Kyoto University, 2009.

Ushbu maqolada keltirilgan maʼlumotlar G.M.Smitning 1980 yilda nashr etilgan “The Özbek Tekkes of Istanbul” (Istanbuldagi O‘zbek takiyalari) maqolasi va yana bir qator maqolalardan olingan (Adabiyotlar ro‘yxatiga qarang). Bu mavzu O‘zbekistonda deyarli o‘rganilmaganini hisobga olib, keyingi tadqiqotchilarga qulaylik tug‘dirish maqsadida ro‘yxatga mavzu bo‘yicha mavjud bo‘lgan barcha adabiyotlarni kiritishga harakat qildik.

Sh.S. Kamoliddin

O‘xshash maqola

Туркестанские немцы

Post Views: 39 Немецкое переселение в Туркестан происходит в основном во второй половине XIX века, …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan