ISOXO‘JA QOZI MADRASASI (1830) – Sebzor dahasidagi madrasa. Asli sebzorlik Isoxo‘ja qozikalon tomonidan pishiq g‘ishtdan qurdirilgan. Tarkibida dastlab bir necha hujra, 2 darsxona, xonaqoh va hovuz bo‘lgan. 1868 yilda madrasa 14 hujra, bir masjid, 1 darsxona, tahoratxonadan iborat bo‘lib, kunchiqar tomonida katta mozor joylashgan. Madrasada Toshkentning nufuzli shaxslari Hakimxo‘ja qozi mudarris va imom, uning akasi shayxulislom Oyxo‘ja esa mutavalli bo‘lgan. Madrasaning har bir hujrasida 4 talaba, yaʼni jami 56 talaba istiqomat qilgan. Vaqf qilingan 15 do‘kondan olingan mablag‘ madrasa xarajatlariga sarflangan. Shuningdek, madrasa yaqinida bir hovli va maydon, Changalzor mavzeida taxminan 3 botmon bog‘, bedazor va ochiq yer, Oqqo‘rg‘on va Qoramurt mavzelarida kichik yer vaqfi bo‘lgan. 1884 yil madrasa vaqflari yana-da ortgan va Hakimxo‘ja qozi vafotidan so‘ng (1875) madrasaga uning o‘g‘li Muhiddinxo‘ja va Ahmadxo‘ja eshon mudarrislik qilgan. Isoxo‘ja qozikalon qabri Sebzor dahasi Qoziko‘cha mahallasidagi Isoxo‘ja mozorida bo‘lgan.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil