Bosh sahifa » Bilasizmi? » Eski shaharning “Chaqar”i

Eski shaharning “Chaqar”i

To‘rt tomonidan Navoiy, Furqat, Samarqand Darvoza va Qoratosh shohko‘chalari bilan o‘ralgan mahalla hali ham o‘zida Toshkentning jozibasi va ertakona muhitini saqlab qolgan. Uning hududini har tomondan zamonaviy inshootlar o‘rab olgan: Chorsu tarafdan – BUM va uning orqasidagi 7 qavatli uylar, Qoratosh tomonidan – “Mediapark”, Xalqlar do‘stligi maydoni tomonidan – Prezidentning Xalq qabulxonasi (sobiq O‘zbekiston KP MK huzuridagi Partiya tarixi instituti), Furqat ko‘chasi tomondan Benkov nomidagi Respublika rassomchilik kolleji va Samarqand Darvoza tomonidan turar joy dahasi.

O‘rta asrlarda bu yerda Eski O‘rda qo‘rg‘oni bo‘lgan. Keyinchalik uning o‘rnini turar joy binolari egalladi. P.Benkov nomidagi rassomchilik kollejining yangi binosi qurilayotganida, tuproq qaʼrida qadimiy hammom qoldiqlari topilgan. Chorsudan bozorni “Chaqar” orqali Beshyog‘och, karvonsaroylar, shahar darvozalari va mahallalar bilan bog‘lab turuvchi ko‘cha o‘tgan. Keyinchalik unga Beshyog‘och nomi berilgan. Undan Chorsu va vokzalni Beshyog‘och orqali bog‘lagan ilk tramvay yo‘nalishlaridan biri o‘tgan. Bu ko‘cha yangi qurilgan binolar orasida saqlanib qolgan va u orqali “Mediapark”dan BUMga o‘tish mumkin.

“Chaqar” bo‘ylab eski shaharning asosiy, qachonlardir suvga to‘la bo‘lgan ariqlardan biri – Cho‘qarko‘prik o‘tgan. “Chaqar”dan oldin u hozirgi Taskent city hududidan oqib o‘tgan. “Chaqar”dan keyin quvurlar orqali Jar nomi bilan “Chorsu” mehmonxonasi yonidan oqib o‘tadi va o‘z nomini stadionga ham bergan. Undan keyin ariqni Samarqand darvoza ko‘chasining bir qismida ko‘rish mumkin.

“Chaqar”dagi tarixiy yodgorliklardan mashhurlarihovlisida qadimgi Baland masjidning minorasi saqlanib qolgan Qoratosh masjidi va qadimgi, olovrang qubbali Azizlarxon Eshon masjid-mozori. Uning nomi 1808 yilgi vaqf yozuvlarida yodga olingan.

Bu maʼlumotlar sayyoh va ekskursiya ishtirokchilari uchun ahamiyatli va qiziqarlidir. “Chaqar”ning aholisi esa oddiy hayotlarini davom ettirmoqda. Biroq, o‘zlari yashab turgan tarixiy mahalla ularda alohida faxr uyg‘otadi.

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

O‘xshash maqola

“Taraqqiy”

Post Views: 9 “Taraqqiy” – jadidlar gazetasi. 1906 yil 14(27) iyundan Toshkentda chop etilgan. Noshiri …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan