Bosh sahifa » Tarix » Elmurod Zokirov. Turkiston muxtoriyatining o‘rnatilishi (I)
Туркистон мухторияти байроғи

Elmurod Zokirov. Turkiston muxtoriyatining o‘rnatilishi (I)

Turkiston o‘lkasi ishchi, askar va dehqonlar sho‘rosi III qurultoyining ulug‘ davlatchilik va shovinistik ruxda qabul qilgan qarori albatta mahalliy tub yerli axolining talab extiyojlari va qiziqishlariga mutlaqo javob bermas edi. Shu bois Turkiston o‘lkasidagi «Sho‘roi Islomiya» «Sho‘roi ulamo» va boshqa shuning singari demokratik tashkilotlar milliy masalani xal qilish bo‘yicha Sho‘rolar hukumati, shaxsan bolshovoylar doxiysi V.I.Leninning o‘zi e’lon qilgan «Rossiya xalqlari huquqlarining deklaratsiya»si  (1917 yil 2 noyabr) va «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» (1917 yil 22 noyabr) murojaatnomasi kabi hujjatlariga asoslanib milliy istiqlol muammosini o‘zlari mustaqil hal qilishga kirishdilar. Bu borada 1917 yil 26-29 noyabrda Qo‘qonda o‘z ishini olib borgan Turkiston o‘lkasining musulmonlari favquloddagi IV qurultoyi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Qurultoyda 200dan ortiq vakillar qatnashdi. Ular o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, rus, tatar, yaxudiy va boshqa millatlarning vakillari edilar. Qurultoy ishida Farg‘ona viloyatidan 150, Sirdaryo viloyatidan 21, Samarqand viloyatidan 1, Kaspiyorti viloyatidan 4, Buxorodan 2 vakil qatnashdi. Unda «Sho‘roi islom», «Sho‘roi ulamo», «O‘lka musulmon Sho‘rosi», Harbiy musulmon Sho‘rosi, O‘lka yahudiylari hamda mahalliy yahudiylar tashkilotlaridan vakillar ishtirok etganlar.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, qurultoyda qatnashgan vakillar tarkibi «Qo‘qon muhtoriyati» millatchilik negizida maydonga kelgan, degan uydirma va tuhmatning hech qanday asosga ega emasligini mutlaqo tasdiqlaydi.

Qurultoyda milliy ziyolilarning demokratik ruhdagi bir qator vakillari shunday fikrlar bilan chiqdilarki, ularning bu fikrlari haqiqiy baynalmilalchilikning namunasi edi.

Jumladan, taniqli O‘zbek ma’rifatchisi, jadidlar harakatining sardori, Mahmudxo‘ja Behbudiy qurultoy vakolati masalasida so‘zlab: «Qurultoyda Turkiston Yevropa aholisi vakillari ishtiroki etayotganligining o‘ziyoq qurultoy qabul etgan qarorlar obro‘liroq bo‘ladi»-degan edi. Shu sababdan, M.Behbudiy qurultoy hay’ati shunday shakillanishi kerakki, unda turli nomusulmon guruhlardan tashqari, ruslar, yahudiylar va boshqalar ham bo‘lsun, deb hisoblaydi. Bu taklifni Andijon va Qo‘qon vakillari qo‘llab-quvvatladilar. Qo‘qon vakillari qurultoy hay’atini vakillarning diniy va milliy belgilarga qarab emas, balki bilimdonligiga, ijodkorligiga, ishbilarmonligiga qarab saylanishini taklif qildilar. Xullas, ochiq ovoz berish yo‘li bilan qurultoy hay’atiga Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Mustafo CHo‘qayev, Obidjon Mahmudov, Yurg‘uli (Yurali) Og‘ayev, Salomon Abramovich Gersfel’d, Islom Shoahmedov, Kamolqori, S.Akayev, Kishchinboyev, Abdurahmonbek O‘razayev, Abdul Badin, Tiliyev, Karimboyev, Mahmudxo‘ja Behbudiy saylandi.

Qurultoy kun tartibiga 1.O‘lkani boshqarish shakli; 2. Turkistonning «Kazak askarlari, Kazak tog‘liklari va erkin cho‘l odamlarining Janubiy-Sharqiy Ittifoqi (YUVS)»ga kirish masalasi; 3. Ijroiya qo‘mitani saylash, unga beriladigan topshiriq (nakaz)lar; 4. Turkiston Markaziy musulmonlar sho‘rosini qayta saylash; 5. Bugungi ahvol; 6. Turkiston ta’sis majlisi; 7. Militsiya; 8. Moliya va boshqa masalalar qo‘yildi.

Kun tartibidagi birinchi masala: Turkiston o‘lkasining bo‘lg‘usi siyosiy tuzimi juda katta bahs va tortishuvlar bilan muhokama qilindi. Ushbu masalada qurultoyda so‘zga chiqqan notiqlar turlicha fikr va ko‘z qarashlarni o‘rtaga tashladilar. Jumladan, Butunrossiya musulmonlar kengashi Markazkomining a’zosi, noib Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev Toshkentdagi sentyabr voqyealari qatnashchisi, 1917 yil mayida bolshovoylar firqasi safiga kirgan Sobir Yusupov, andijonlik vakil Latibjon Sodiqboyev, Noib Olimxon To‘ra, Mufti, M.Behbudiy va boshqalarning nutqlari qurultoyi qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Masalan, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev o‘z ma’ruzasida «Rossiyada hozir haqiqiy hukumat yo‘q.» Rossiya saltanati muzofotida hamma millatlar bolshovoylarga qarshi kurashga bel bog‘ladilar. «Butunrossiya Ta’sis majlisining chaqirilishiga hech qanday umid yo‘q…», dedi. U.Asadullaxo‘jayev o‘z chiqishida zudlik bilan Turkistonni muhtoriyat boshqaruviga o‘tishiga, deputatlarni esa bolshovoylarga qarshi kurashga chaqirdi.

Sobir Yusupov o‘zi bolsheviklar firqasiga mansub bo‘lganiga qaramay Rossiyadagi va Turkistondagi voqyealar to‘g‘risida, ayniqsa bolshovoylarning noqonuniy hatti-harakatlari, zo‘rovonliklari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. S.Yusupov qurultoyga qarata Turkiston muhtoriyat huquqini olishga hozir tayyormi? degan savolni o‘rtaga tashladi va o‘zi javob qaytardi: albatta, tayyor emas, lekin bundan muhtoriyat e’lon qilishimiz kerakmas, degan xulosaga bormaslik lozim. Ozod yashashni hohlaysizmi? demak, Turkiston muhtor jumhuriyat deb e’lon qilinmog‘i kerak.

L.Sodiqboyev shunday deydi: «Bolshovoylar Turkistonni muhtor jamiyat deb e’lon etmas ekanlar, unda muhtor jumhuriyat deb e’lon qilishimizga qarshilik ko‘rsatmasinlar. Chunki, Islom dini davlatni demokratik tarzda boshqarishga qarshi emas-ku.»[1]

Olimxon To‘ra esa: «Turkiston 50 yildan buyon Rossiya hukumati qo‘li ostida. Ruslar bosib olgach yerli aholining diniy, milliy sud ishlariga darrov aralashmasa-da, asta-sekin o‘lka hayotining hamma jabhalariga qo‘l cho‘za boshladilar.

Fevral inqilobidan so‘ng Turkiston xalqi, ozodlikka erishdik, deb hursand bo‘lgandi. Bolshovoylar hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng, zudlik bilan muhtoriyat e’lon qilarmish. Mayli, lekin ular turkiy musulmonlar diniy, milliy huquqlarni himoya qilish uchun o‘limdan qo‘rqmasligi unutmasinlar», dedi. Xullas, Qurultoyda so‘zga chiqqanlarning aksariyat ko‘pchiligi Turkistonga muhtoriyat maqomi berilishiga qarshilik ko‘rsatayotgan bolsheviklarning siyosatiga qarshi keskin tanqidiy fikrlar izhor qilib, muhtoriyat va mustaqillikni himoya qilib chiqdilar.

Qurultoy muhokama qilingan masala yuzasidan Turkiston taraqqiyoti va istiqbolini belgilab beruvchi tarixiy hujjat qabul qildi. Deyarlik yakdillik bilan qabul qilingan rezolyutsiyada (2 kishi qarshi) shunday deyilgan edi: «O‘lka musulmonlarining favquloddagi IV qurultoyi Turkistonda yashab turgan elatlarning Ulug‘ Rossiya inqilobi e’lon qilgan asoslarda o‘z-o‘zini belgilashga bo‘lgan istak-irodasini ifodalab, Turkistonni Rossiya federativ demokratik respublikasiga birlashgan hududiy muhtoriyat deb e’lon qiladi va muhtoriyat shaklini belgilashni eng yaqin muddatda chaqirilishi kerak bo‘lgan Turkiston ta’sis majlisiga havola etadi, hamda tantanali suratda shuni ma’lum qiladiki, Turkistonda yashab turgan mayda millatlarning huquqlari har qanday yo‘llar bilan himoya etiladi.»

Qurultoyning 28 noyabrdagi majlisida tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi «Turkiston muhtoriyati»[2]dir, degan qat’iy fikrga kelindi. Turkiston o‘lkasi xalqlari Ta’sis qurultoyi chaqirilgunga qadar hokimiyat batamom Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston xalq (milliy) majlisi qo‘lida bo‘ladi, degan g‘oya ilgari surildi.

Qurultoy Muvaqqat Kengash a’zolaridan hukumat tuzilishi va uning tarkibini 12 kishidan iborat bo‘lishligini belgilab berdi. Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolarining soni esa, ilgarigi Butunrossiya Ta’sis Majlisiga Turkiston o‘lkasidan saylangan nomzodlar soniga qarab (32 kishi) belgilandi.  Xalq majlisi tarkibi 54 nomzoddan iborat bo‘lishligi ko‘rsatildi. Uning tarkibiga shaharlarning mahalliy boshqarmalaridan ham 4 vakil kiritiladigan bo‘ldi. Xalq majlisidagi o‘rinlarning uchdan bir qismi-18 kishi yevropa millatiga mansub xalq vakillariga ajratildi. Bu hol muhtoriyatchilarning insof, diyonat va imon asosida haqiqat, adolat va demokratiyaning yuksak cho‘qqisida turib faoliyat ko‘rsatganliklarining yorqin namunasidir. Chunki o‘sha davrda yevropa millatlariga mansub aholi Turkiston o‘lkasidagi umumiy aholi soniga nisbatan 4,5-5 foizni tashkil etgani holda Xalq majlisi ularga 3/1 o‘rin ajratilgan edi. Darvoqye, Turkiston o‘lkasi Ta’sis Majlisiga saylovlar haqidagi Nizom loyihasida ham nomzodlar umumiy soni 234 o‘rin bo‘lgani holda, uni ikki guruhga-musulmonlar va nomusulmonlar guruxiga ajratilishi ham ana shu o‘lchov va andozadan kelib chiqqan edi. Yevropa millatiga mansub xalq vakillariga bu yerda ham 3/1 o‘rin ajratilganligi diqqatga molikdir. Nihoyat uzoq va bahsli tortishuvlardan so‘ng Qurultoyda Muvaqqat hukumat saylandi. Uning tarkibiga 8 kishidan iborat kishilar kiritildi: Muhammadjon Tinishboyev. Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasining a’zosi, temir yo‘l muhandisi. Islom Sulton Shoahmedov (Shagiahmedov)-Bosh vazir o‘rinbosari: Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.  Mustafo CHo‘qayev-Tashqi ishlar vaziri: Muvaqqat Hukumat Turkiston Komitetining a’zosi, Turkiston Musulmonlari kengashi Markaziy qo‘mitasining raisi, huquqshunos. Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev-harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlar kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos. Hidoyatbek Yurg‘uli (Yurali) Agayev-yer va suv boyliklari vaziri, agranom. Obidjon Mahmudov-oziq-ovqat vaziri, Qo‘qon shahar dumasining rais o‘rinbosari, jamoat arbobi. Abdurahmon O‘razayev-ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, huquqshunos. Solomon Abramovich Gersfeld-moliya vaziri, huquqshunos.[3]

Turkiston Muvaqqat hukumati tarkibi nega 12 ta emas-u, 8 kishi degan haqli savol tug‘ilishi tabiiydir. Chunki hukumat tarkibidagi 4 kishi yevropa millatlariga mansub aholi safidan ko‘rsatilgach to‘ldirilishi lozim edi. Bu esa Turkiston Muhtoriyati qanchalik demokratik va xalqchil hukumat ekanligini ko‘rsatuvchi bir dalildir.

Turkiston musulmonlarining IV qurultoyi Muvaqqat hukumat kengashi (milliy majlis)ni ham sayladi.

Uning tarkibiga quydagi kishilar kirdi: Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Mustafo CHo‘qayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Qo‘ng‘irxo‘ja Xojiyev, Ismatulla Ubaydulin, Saidnosir Mirjalilov, Said Ja’farboy Saidov, Islom Sulton o‘g‘li Shoahmedov, Abduruhmonbek O‘razayev, Hidoyatbek Yurguli Agayev, Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘rayev, Mirodil Mirahmedov, Toshxo‘ja Ashurxo‘jayev, Abduqodir Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Jamshidboy Qorabekov, Solomon Abramovich Gersfeld (Gershveld) Abdusamad Abdusalimov, Ubaydulla Dorbisalin, Muso Akchurin, Mustafo Mansurov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ibrohim Davletshin, Muhammadjon Tinishboyev, Halil Shirinskiy, Tolibjon Musaboyev, Olimxonto‘ra Shokirxonto‘rayev, Sobirjon Yusupov va Odiljon Umarovlar[4]. «Sho‘roi ulamo»ning rahbari Sherali Lyapin Kengash tarkibiga rais sifatida kiritildi. Ammo u bu taklifni rad etdi.

Qurultoy iqtisodiy masalalarga ham katta e’tibor berdi. Muhtor jumhuriyat Angliya hukumatidan harbiy yordam bilan bir qatorda iqtisodiy yordam olishi ham ta’kidlandi. Bu holni o‘lkada hukm surayotgan ochlik taqozo etar edi. Non mahsulotlarini paxta va junga almashtirsh masalasida bir fikrga kelindi. Shu munosabat bilan «O‘lkani Janubiy-Sharqiy ittifoqqa qo‘shilishi» to‘g‘risida muhim qaror qabul qilindi. Chunki, O‘lka Shimoliy Kavkaz va Orenburgdan g‘alla mahsulotlari olardi. Ayni chog‘da Turkiston o‘z paxtasini ularga sotishi ham mumkin edi. Qolaversa, «Janubiy-Sharqiy Ittifoq» hududi aholisining katta qismi musulmonlardan iborat edi. Ammo qurultoyda ba’zi noiblar Turkistonni yana mustamlaka bo‘lib qolishidan havotirga tushadilar. Ulardan biri bu hususda o‘z fikrini shunday bayon etdi: «Kazaklar azaldan Samoderjaviyaning suyanchig‘i bo‘lib kelgan. Ular xalqimizni qanchalik azob-uqubatga duchor qilmadi. Kazaklar doimo inqilobga qarshi chiqqan. Hozir ham kazaklar tepasida podisho tuzumini qayta tiklamoqchi bo‘lgan Krasnovlar, Paraulovlar, Kaledinlar turibdi-ku?

Ular Olmoniya bilan urushni g‘alabagacha davom ettirmoqchi. Istambulni zabt etib, Oq-Sofiya cherkovini qayta tiklamoqchilar. Ularning bizdan yordam so‘rab murojaat qilishiga yagona sabab-o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishdir. Biz ular bilan birlasha olmaymiz.» mazkur masala shu qadar bahsli o‘tdiki, Qurultoyning 27 noyabr kunidagi majlisida ham munozara davom etdi. Nihoyat, bo‘lg‘usi davlatning iqtisodiy holatini e’tiborga olib Ittifoqqa kirish haqida qaror qabul qilindi[5]

Turkiston muxtor Respublikasi mafkurasining negizini islom dini g‘oyalari tashkil etishi qurultoyda maxsus ko‘rsatildi. Bu o‘lka musulmonlarining II va III qurultoylarida ham ta’kidlangan edi.

Qurultoy o‘z ishini yakunlashi oldidan yana bir marta Turkiston Muxtor respublika deb e’lon qilinganini tantanali sifatda takrorladi. Noiblar bu so‘zlarni tik turib tingladilar, xudoga shukronalar bildirib, Qur’oni Karim suralaridan tilovat qildilar[6].

Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumat nomidan uning a’zolari: M.Tinishboyev, M.CHo‘qayev, U.Xo‘jayev, Yu.Og‘ayev, O.Maxmudov, A.O‘razayev, I.Shoahmedov, S.Gersfeld imzosi ostida xalqqa qarata dekabr kuni murojaat e’lon qilindi. Murojaat noma «Ulug‘ Turkiston»da (1917 yil 8 dekabr) e’lon etildi.

Murojaatda ko‘p millatli Turkiston xalqining istagiga muvofiq demokratik inqilobning ulug‘ asoslari bo‘lmish xalqlarning ozodligi, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashini amalga oshirish maqsadida Turkiston umummusulmonlarining favqulodda O‘lka qurultoyi Turkistonni Rossiya Federatsiyasi Respublikasining tarkibidagi muxtor respublika, deb e’lon qilgani qayd etildi.

O‘lkadagi jamiki uyushmalar oldida turgan muhim va ma’suliyatli masalalarni e’tiborga olib, Turkistonda yashayotgan turli millatlar ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyot darajalarini hisobga olib va ular o‘rtasida do‘stlikni ta’minlash uchun, o‘lkaning hamma joylarida tartib va intizom joriy o‘rnatish maqsadida o‘lka musulmonlar qurultoyi Muvaqqat Turkiston xalqi Sho‘rosi (Millat majlisi)ni sayladi. Mazkur Sho‘ro ha’yati Turkiston muxtoriyatining Muvaqqat hukumatini tashkil qildi, deyildi unda.

Bu hukumat zimmasiga mumkin qadar tezroq Turksiton Ta’sis Majlisini chaqirish, Turkiston xalqini oziq-ovqat bilan ta’minlash choralarini ko‘rish, shu maqsadda «Sharqiy-Janubiy Ittifoq» bilan aloqa o‘rnatish, o‘lka muxtoriyati moliya ishlarini ta’sis qilishga kirishish, xalq militsiyasini tashkil qilish mahalliy millatlar huquqlarini himoya qiluvchi tadbirlar belgilash, askar tashkil qilish va boshqa vazifalar yuklatilganligi murojaatda ta’kidlandi.

Umummusulmonlar o‘lka qurultoyi, birlik, hurriyat, tenglik, asoslarini tasdiq etdi. Turkistonning barcha fuqarolarini, musulmonlarini, rus yahudiylarini, ishchi, askar va yevropalik dehqonlarni, o‘lkada yashovchi hamma elat, xalqlarni, shahar va zemstvo idoralarini, barcha davlat mahkamalarini, umumiy va xususiy muassasalarini e’tirof etib, ularga o‘z zimmalariga olgan og‘ir vazifalarini hal etishda yordam berish ham shu murojaatda ko‘rsatildi.

Hurriyatga erishgan Turkiston o‘z hududida, o‘z joyiga o‘zi xo‘jayin bo‘lishi, o‘z tarixini o‘zi vujudga keltirishi davrini boshlab berganini murojaat uqtirib o‘tdi.

«Biz,-deyilgan edi unda,-oldimizda turgan masalalarning muhimlig‘in va ulug‘lig‘in komil suratda anglab, ham ishlagan ishlarimizning xaqligiga ishonib, xudodan madad tilab ishni boshlaymiz.»

Murojaat o‘lka xalqlari, ayniqsa musulmon aholisi tomonidan zo‘r quvonch va tantanavor qabul qilindi.

Xalq ko‘pdan beri orzu qilib kelgan milliy davlatga ega bo‘lganidan behad shodu-hurram edi.

Muxtoriyat e’lon qilingan kundan boshlab omma o‘rtasida o‘zining siyosiy faoliyatini avj oldirdi. Eng avvalo musulmon siyosiy tashkilotlari va ular ixtiyoridagi targ‘ibot hamda tartibot ishlarini kuchaytirdi. Taraqqiyparvarlar, ma’rifatparvar milliy yoshlar guruhi va uyushmalari ham muxtoriyatni keng targ‘ib etdilar. Toshkentda «Ishchilar to‘dasi»,  Andijonda «Ma’rif havaskorlari» uyushma va jamiyatlari Muxtoriyat manfaati yo‘lida ish olib bordi. Ularning faoliyatida Toshkentda Akmal Ikromov, Andijonda Usmonxon Eshonxo‘jayev va boshqalarning o‘rni katta bo‘ldi. Muxtoriyat o‘zbek, rus va qozoq tillarida gazetalar chiqara boshladi. Bu «El bayrog‘i», «Svobodniy Turkestan» va 1917 yil 13 dekabrda rus tilida chiqa boshlagan «Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana» shular jumlasidandir. Obidjon Mahmudovning bosmaxonasi ham muxtoriyat hukumati xisobiga o‘tdi. Qo‘qon shahridan Muxtoriyat hukumati nomidan uyezdlar komissarlariga va mansabdor shaxslarga farmoyishlar, telegrammalar va turli ko‘rsatmalar yo‘llanib, ular orqali joylarda Muxtor Hukumatning birdan-bir qonuniy hukumat ekanligi va shu bois faqat uning ko‘rsatmalarini tan olish lozimligi ta’kidlandi. Shunday hollar ham bo‘ldiki, joylardagi ishchi, askar va dehqon deputatlari Sho‘rolari Muxtoriyatni tan olamay uning farmoyishlarini ham yo‘qqa chiqarishga harakat qildilar. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on Sho‘rosi 1918 yil 11 yanvarda shunday yo‘l tutdi. Muxtor Hukumat bunday urinishlarni daf etish choralarini ko‘rdi. Muxtor Hukumat shoshilinch ravishda 30 million so‘mlik zayom chiqaradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad hukumatni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash va milliy armiya tuzish edi. Milliy qo‘shin tuzish harakati boshlab yuborildi. Avval boshda hukumat ixtiyorida 60 yollanma askar bo‘lgan bo‘lsa, qisqa fursatda Muxtoriyat ixtiyorida 2 ming kishilik qo‘shin hozir bo‘ldi. Bundan tashqari Qo‘qon militsiyasining boshlig‘i Ergashning qo‘l ostida ham anchagina kuchlar bor edi. Milliy armiyada horijdan chaqirilgan harbiy kishilar, aksariyat holda turk zobitlari yo‘riqchilik ishlarini olib bordilar. Ayni vaqtda militsiya qismlarini tuzishga ham kirishildi.

Bu borada Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev bosh bo‘lgan ichki ishlar vazirligi xalq militsiyasining tashkil bo‘lishi katta voqyea bo‘ldi. Pul islohoti o‘tkazishga kirishildi. Zayom chiqarildi. Muxtoriyat o‘z bayrog‘i va madhiyasini yaratdi.  Shunisi e’tiborliki, Muxtoriyatni bir qator horijiy mamlakatlar ham tan oldi. Shu bois Muxtoriyat hukumati yordam so‘rab horijiy mamalakatlarga murojaat qildi, ulardan ham moddiy, ham xarbiy yordamlar olishga muvaffaq bo‘ldi.

1918 yil yanvarida Toshkent Jome masjididagi yig‘inda nutq so‘zlagan Shukurxon Hazratlari «… Muxtoriyatchilar yolg‘iz emaslar. Ularni Angliya himoya qilayotir» degan edi. Muxtoriyatni Angliya, Fransiya, Germaniya, Turkiya va boshqa davlatlar qo‘llab-quvvatlagan edilar[7].

Xullas, Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi o‘lka xalqlarining tarixiy taqdirida buyuk burilish ahamiyatiga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qildi. Bu ulkan ahamiyatli voqyea «Ulug‘ Turkiston» gazetasida o‘z davrida odilona baholandi. Gazeta bu haqda quyidagi jumlalarni yozdi: «Bolshevoylar hukumatining boshlig‘i Lenin ham so‘nggi farmonida Rossiyada yashagan millatlarga va shu jumladan Qozoqlar ila Turkiston musulmonlariga muxtoriyat e’lon qilib, o‘z ishlarini qo‘llariga olurg‘a mumkin bo‘lg‘anlig‘ini bayon etdi. Shunlikdan bukun Turkiston qurultoyining Turkiston Muxtoriyatini e’lon qilishi ham xalq, ham markaz hukumatining tilagiga hilof tuguldir. Zotan, so‘nggi vaqtda mayda millatlar hammasi Muxtoriyat e’lon qilib yetalar. Nufuzlari boshqalarga qaraganda yuzdan yetmish besh bo‘lg‘on (75 foiz) millatlar yerli muxtoriyat e’lon qilurg‘a haqli edilar. So‘nggi qoidalarga ko‘ra yuzdan oltmish tashkil qilg‘on (60 foiz) millatlarda muxtoriyat e’lon qilurg‘a haqli sanala boshladilar. Hol shu ila yuzga tashkil qilg‘an (95 foiz) Turkiston musulmonlarining Muxtoriyat e’lon qilishiga haqlari borlig‘in hech kim inkor qilaolmasa kerak. Bizdan vakil chaqirg‘an edi va yoxud biz bu ishni ertaroq ko‘ramiz deb ko‘rishurda o‘rinsiz, ham musulmon manfaatiga hilofdir. Sakkiz oydan beri yerli Turkistonning Muxtoriyati haqinda so‘ylab kelib, kelubda bugun muxtoriyatga qarshi chig‘alar va yohud tasdiq etmasdan mone’ bo‘lurg‘a ekan, bu ish musulmonlarning butun orig‘a imon va e’tiqodlarig‘a qarshi bolta chopadig‘on so‘z bo‘lajakdur. Musulmonlar bu kun muxtoriyat e’lon qilar ekan, buning ila hech kimning huquqiga tegmaslar, bu bilan Turkiston Rossiyadan aslo ayrilmay, balki uning bir mustaqil a’zosi bo‘lib qoladi. Turkistonda yashagan rus, yahudiy, armani va boshqa har millatga o‘zining haqi berilar. Ular ham Turkiston muxtoriyatining teng huquqli bir a’zosi bo‘lib yashajaklar.

Turkistonliklar… qon to‘kilishidan saqlanub, mumkin qadar sabr qilurlar. Faqat shuni xotiradan chaqarurg‘a yaramaydirki, Samarqanddan kelgan bir vakil qurultoyda aytdi:-«Turkistonning yeri-bizning tanimiz, suvi-qonimizdir… Kimda-kim bu ikkisiga tegadurg‘on bo‘lsa, bizning tanimiz bilan qonimizga tuqulg‘on bo‘lajak»,- dedi.

Shu boisdan Turkiston xalqining huquqiga tajavuz qilinaversa, buning oxirida shunday ko‘ngilsiz voqyealar bo‘lurg‘a mumkindurki, bu voqyealar oldinda so‘ng‘g‘i Toshkent voqyealarining (Toshkentdagi 1917 yil 13 dekabr voqyealari nazarda tutilmoqda-mualliflar) bir kichkina bir ko‘lanka bo‘lib qoluvchi ehtimollarida yo‘q tuguldir»[8].  Kun tartibidagi endigi bosh muammo Turkiston musulmonlari IV qurultoyi qabul qilgan va ilgari surgan g‘oyalarning hayotga tadbiq etilishida, o‘lkadagi keng mehnatkashlar ommasining bu qaror va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashida, Turkiston muhtoriyati atrofida birlashib uning orqasidan faol ergashuvida qolgan edi.

Qo‘qon shahrida Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tganligi va unda Turkiston muhtoriyatining tashkil etilganligi to‘g‘risidagi xabar tezda butun o‘lka mehnatkashlar ommasi o‘rtasida keng tarqaldi va katta qiziqish uyg‘otdi. Turli shaharlar va tumanlarda Turkiston muhtoriyati baland va ko‘tarinki ruh va shodu-xurramlik bilan kutib olindi, Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlab joylarda ko‘p ming kishilik miting va namoyishlar uyushtirildi. Jumladan, 1917 yil 6 dekabrda Toshkent shahridagi Eski Juvadagi Beklarbegi jome’ masjidida uyushtirilgan miting bu xusuda xarakterlidir. Unda 60 ming shaharlik fuqarolar qatnashdilar. Mazkur mitingni tashkilotchilari «Sho‘roi-Islomchi»lar va «Sho‘roi ulamochi»lar edilar. «Ulug‘ Turkiston» gazetasining bergan xabariga qaraganda: «Masjidning ichki sahni va tomlari odam bilan liq to‘lgan». Miting Saidg‘ani Mahmud raisligida o‘tgan. (Munavvarqori Abdurashidxonov, Mulla Odil, Sherali Lyapin va boshqalar uning o‘rinbosarlari edilar). Gazeta miting qatnashchilari Turkiston muhtoriyatini batamom qo‘llab-quvvatlaganliklarini yozadi. Miting Turkiston muhtoriyatidan boshqa hukumatni tan olmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Miting ishtirokchilari «Omin, ollohu akbar!» deb yuzlariga fotiha tortib Xalq kengashiga sodiq qolishga qasamyod qildilar.

Qabul qilingan qarorda jumladan, quyidagi satrlar bor edi: «Biz musulmonlar sinf ayrimalarga qaramasdan, Turkiston muxtoriyatini olqishlagan holda, Qo‘qondagi favqulodda qurultoy tarafidan e’lon etilgan Turkistonda xalq hukumatini vujudga keltiruv haqidagi qarorga butun vujudimiz birla qo‘shilib, ishonamizki, buyuk Rossiya inqilobi tarafidan e’lon etilgan hokimiyati asoslarining suyunchi haqini Rossiyaning birlashgan demokratiyasi Turkiston xalqining tarafidan bir og‘izdan bayon etilgan tilagiga qo‘shilar va o‘z kunimizni o‘zimiz qura boshlashda yordam etar.

Shunga imon etgan holda biz o‘lkadagi hamma musulmonlarni Muhtoriyatli Turkiston hukumati atrofida jipslashib, hozirgi o‘lka idorasi boshida bo‘lib turgan muvaqqat tashkilotlar bilan qanday bo‘lmasin dushmanlarcha muomala qiluvdan saqlanishga da’vat qilamiz.

Turkiston Muxtoriyati amaliy suratda tezroq vujudga kelishi uchun tinch va totuvlikni saqlashimiz kerak. Toki shuning orqasida o‘zaro so‘g‘ish (urush-mualliflar) va bugundan e’tiboran hur bo‘lgan Turkistonning bir to‘g‘on kabi xalqlarimiz orasida gunohsiz qon to‘kilmasin».

«Yashasin Muxtoriyatli Turkiston»[9]

Miting qatnashchilari Sho‘ro hukumatiga nisbatan ham o‘z munosabatlarini bildirdilar. «Ulug‘ Turkiston» gazetasi tarqatgan xabarlarga qaraganda mitingda hozir bo‘lganlar «Xalq komissarlari sho‘rosining «Davlat dumasini tarqatib yuborish to‘g‘risida»gi buyrug‘ini «… bugungi kunda mutlaqo mumkin bo‘lmagan hodisa» deb qoralaganlar. Chunki: «300 ming kishi nomidan demokratik yo‘l bilan to‘rt bosqichli saylov haqidagi qonunga muvofiq saylangan Toshkent Dumasi a’zolari o‘rniga 700-800 askar va ishchilar Aleksandrov parkida saylagan 4-5 komissar bilan almashtirilgan xolos.»[10]   

Xullas, Toshkentda 6 dekabrda tashkil etilgan miting Turkiston muxtoriyatini himoya qilish bayrog‘i ostida o‘tdi va mehnatkashlar ommasining faolligini oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash va unga hayrihohlik harakatlari o‘lka shahar va qishloqlarida ham bo‘ldi. Bu haqda o‘z vaqtida Turkiston o‘lkasida chiqadigan ommaviy axborot vositalari keng ma’lumotlar berdilar.

1917 yil 1 dekabrida Namangan uyezdida 10 mingga qadar kishi qatnashgan ommaviy xalq namoyishi bo‘ldi. Unda namoyish qatnashchilari «Yashasun Muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!» degan shiorlar yozilgan da’vatlarini ko‘tarib bordilar.  

Bunday harakatlar 6 dekabrda Andijon uyezdi Jalolobod rayoniga qarashli Xonobod qishlog‘ida ham bo‘ldi. Bu yerda bo‘lgan bir necha ming kishilik namoyish qatnashchilari Fozilmon ota mozoridan to bozor joyga qadar yig‘ilib turdi. Abdulla Eshon va Huseyn Validi namoyishchilar oldida so‘zga chiqib xalqqa Muxtoriyatning tashkil etilishi va uning maqsadlari haqida gapirib berdilar. Namoyish qatnashchilari Turkiston Muxtoriyatini moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 500 so‘m mablag‘ to‘plagan edilar[11].

Turkiston o‘lkasi xalqlarining muxtoriyat uchun kurashi tarixida ayniqsa 1917 yil 13 dekabrda  Toshkent shahrida sodir etilgan qonli fojealar ayniqsa ayanchli va dahshatli iz qoldirdi, mustamlakachi Sho‘rolar hukumatining asl jallodlik va qonxo‘rlik qiyofasini ochib tashladi. Chunki xuddi shu kuni Toshkent shahar Sho‘rosining buyrug‘i bilan qizil gvardiyachi askarlar muxtoriyat talab qilib chiqqan Toshkent shahar musulmon aholisini beayov qirg‘in qildi, gunohsiz aholining qutlug‘ qonlari shahar ko‘chalarida ariqdek oqdi. Turkiston xalqlarining istiqlolchilik harakati tarixida bu kunning o‘rni katta ekanligiga e’tibor berib, 1959 yil 17 iyulda AQSH kongressi mazlum xalqlar haftaligini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, 13 dekabrni Turkiston kuni deb belgiladi.

1917 yil 6 dekabrda Toshkentning Eski Juva masjidida bo‘lgan mitingda 13 dekabrda navbatdagi mitingni o‘tkazishga qaror qilingan edi. Bu kun musulmonlar uchun muqaddas-Mavludi sharif bayram kuni edi. Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumati 13 dekabrni «Turkiston muxtoriyatining milliy jamg‘armasiga pul yig‘ish kuni» deb e’lon qildi va to‘planadigan mablag‘ni mustaqillik va ozodlikni mustahkamlashga xizmat qilajagini bildirdi.

Muxtor hukumat a’zolaridan M.Tinishboyev, S.Gersfeld, I.Shoahmedov, A.O‘razayev va boshqalar imzo chekkan «Murojaatnoma»da Turkiston o‘lkasi musulmonlarining favqulodda bo‘lib o‘tgan IV  qurultoyining qisqacha ish yakunlari, Muxtor hukumat oldida turgan vazifalardan tashqari Turkiston o‘lkasi xalqlariga qaratilgan chaqiriqlar ham bor edi. Bu chaqiriqda biz quyidagilarni o‘qiymiz: «Turkistonning barcha fuqarolari-musulmonlar, ruslar, yahudiylar, ishchilar, askarlar va dehqonlar, o‘lkada yashab turgan barcha elatlar va xalqlar, shahar va zemstvo boshqarmalari, siyosiy, ijtimoiy va kasaba uyushmalari, barcha davlat, jamoat va xususy muassasalar, Turkiston xalq hokimiyati atrofida birlashib, uning zimmasiga yuklangan vazifalarni hayotga joriy etishda ko‘mak berishga chaqiradi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan darajada vahimali urushlar guldiragi ostida butun jahonga o‘t ketay deb turgan bir mahalda dunyo xalqlari o‘z ozodliklariga zamin yaratadilar. Inson qoni bilan to‘yingan yer ko‘klarga qarab oh chekadi va horigan inson kuchsizlanib qonli qilichini quyi soladi. Odamzodning aqlsizligi ilohiy ong oldida tan beradi va shunday kun yaqinlashadirki, butun yer yuzida tinchlik barqaror bo‘lib dunyo xalqlari mavjud kuch ila buzilgan hayotni qayta barpo etishga kirishadilar… Mana endi, zanjirlardan xalos bo‘lgan Turkiston o‘z yeriga o‘zi xo‘jayin bo‘lib, tarixini o‘z yaratajak vaqti keldi. Bizlarning oldimizga qo‘yilgan masalalarni nihoyatda ma’suliyatli va ulug‘vorligini anglagan holda, o‘z ishimizning haqligiga juda chuqur ishongan holda biz Ollohu taolodan o‘z mehnatlarimizga rivoj so‘raymiz va ishga kirishamiz»[12].

Xuddi shu kunlarda Toshkent shahar sho‘rosiga Eski shahar aholisidan miting va namoyish o‘tkazishni so‘rab ariza beriladi. Toshkent shahar sho‘rosi arizani ijobiy hal qiladi va Eski shaharda miting va namoyish o‘tkazilishiga ruxsat beriladi. Ammo yangi shaharda bunday tadbirlarga ijozat etilmaydi.

Miting 13 dekabrda Shayxontohur masjidi oldida soat 12 00 da boshlandi. Ko‘p ming kishilik mazkur mitingda turli siyosiy-partiyalarning rahbarlari va Sho‘rolar Xalq komissarlari qo‘mitalari a’zolari qatnashdilar. Har qancha ta’qiqlarga qaramasdan miting va namoyishda musulmonlardan tashqari ruslar, armaniylar, yahudiylar, xullas bolshovoylardan boshqa barcha ijtimoiy-siyosiy guruhlarning vakillari ishtirok etdilar.

Jadidchilik harakatining atoqli va yirik vakillaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov mitingni ochar ekan, yig‘ilganlarni muborak bayram ayyomi bilan tabriklaydi. Mitingda Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov va Sadriddin Maxdumlar kotiblikka saylandilar. Bu yerda hozir bo‘lgan islom ulamolari Qur’oni Karimdan suralar o‘qiydilar. Turli siyosiy va ijtimoiy tashkilotlarning vakillari mitingda so‘zga chiqib mehnatkash ommaning muxtoriyat uchun kurashga chaqirdilar, ular o‘zlarini Xalq komissarlari atab xalq manfaatiga, millat manfaatiga qarshi bo‘lgan bolshovoylarni, keskin tanqid qildilar. Mitingda otashin nutq so‘zlagan bunday shaxslar Munavvarqori Abdurashidxonovdan tashqari Said /anixon, Sherali Lyapin, Mullo Odil muftiy va boshqalar edilar. Rus fuqarolari nomidan mitingda doktor Shorts faol qatnashdi va u miting vakilligiga saylandi. Qora kuchlar har doim ommaviy xalq harakati uyushgan mazmun kasb etib, rivojlanib borayotgan paytda uni barbod qilish va payini qirqish maqsadida ayg‘oqchilarni ishga soladilar va g‘alamislik kabi ishlarni amalga oshiradilar. Bu safar ham xuddi shunday bo‘ldi. Shayxontohur masjidi maydonida miting qizib turgan bir paytda bir guruh ayg‘oqchilar shumlik niyatida to‘planganlarga qamoqxonaga borib sobiq muvaqqat hukumat a’zolaridan komissar G.I.Dorrer va boshqalarni tezlik bilan ozod qilish va so‘ngra hokimiyatni qo‘lga olish kerak, degan taklifni ilgari surdilar. Qoni qaynab turgan bir guruh miting qatnashchilariga bu chaqiriq o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ular darhol umumiy ommadan ajralib, O‘rda ko‘prigidan o‘tib yangi shaharga-qamoqxona tomon yurdilar. Ana shu tariqa ayg‘oqchilarning ig‘vogarlik harakati tufayli birinchidan, umumxalq yagona ommaviy mitingi ikkiga bo‘linib ketdi va kuchsizlandi. Ikkinchidan esa uyushgan, ongli va maqsadli kurash usuli o‘rniga olomon kurashi, stixiyali boshboshdoqlik kurashi yo‘liga o‘tildi. Bunday kurash usuli bolshevoylar bosh bo‘lgan Toshkent sho‘rolar hukumatiga qo‘l kelar edi, ular bu ig‘vogarlik va boshboshdoqlik harkatidan o‘zlarining razil maqsadlarida bahona sifatida foydalanishlari mumkin edi. Shunday bo‘ldi ham. Buni voqyealarning so‘ngi rivojlanib borishi ochiq-oydin ko‘rsatdi.

Yangi shahar tomon namoyishchilarning bir guruhi shahar soqchilari boshlig‘i Gurovichni garovga qo‘lga oldilar. So‘ngra ular qamoqxonaga tomon yurib Muvaqqat hukumat a’zolarini ozod etishni talab qildilar. Qamoqxonadan Dorrer va Ivanov ozod etildilar. Namoyishchilar ularni avtomobilga o‘tqazib Kaufman bog‘i (Hozirgi Amir Temur hiyoboni) tomon yurdilar. Qizil gvardiyachilar mashinani to‘xtatmoqchi bo‘lganlarida yana ig‘vogarlik bilan olomon ichidan o‘q otila boshladi. Bu askarlarga javob o‘ti ochishga bahona bo‘ldi. Dastlab miltiqlardan so‘ngra pulemyotlardan bebosh olomon namoyishchilari to‘dasi ustiga do‘ldek o‘q yog‘dirildi. Ana shu to‘s-to‘polonda Eski shaharlik musulmonlardan 16 kishi qurbon bo‘ldi. Bolshovoylar Dorrer va Ivanovni  qo‘lga olib otib tashladilar. Mazkur fojea munosabati bilan Turkiston muxtoriyati rahbariyati xalqqa qarata murojaat qildilar.

Unda bunday deyilgan edi: «Biz Xalq Majlisi va Turkiston muxtoriyati Muvaqqat hukumatining a’zolari chin yurakdan taassuf bildiramiz va turkistonlik musulmonlarning ezgu his-tuyg‘ularini haqoratlovchi bu voqyealarga qarshi chiqamiz. Ana shu munosabat bilan bizlar mamlakatda tartib va osoyishtalik o‘rnatilishi uchun zaruriy choralar ko‘rilishi yo‘lida barcha kuchlarimizni ishga solamiz. Hozircha esa Turkiston xalqidan sobitlik va xotirjamlik ko‘rsatishlarini so‘raymiz. Bu eng og‘ir kunlarda musulmonlarning tinchlikni saqlab qolishlari nihoyatda zarurdir.»[13]

Qonli fojea sodir etilgan zahotiyoq Toshkentdan Petrogradga Xalq Komissarlari Sho‘rosiga quyidagi mazmunda telegramma jo‘natiladi: «Qo‘qonda reaksion burjuaziya tomonidan tayyorlangan musulmonlar qurultoyi Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi, endi vujudga kelgan muxtoriyat hukumati Turkiston proletar ommasi tomonidan tan olingani holda, bor kuchi bilan o‘lkaning ayrim shaharlarida muxtoriyatni e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Shu yil 13 dekabrda Muhammad payg‘ambar (alayhissalom) tug‘ilgan kunda Toshkentda muxtoriyat e’lon qilindi». Mazkur telegrammaga javoban Petrograddan «Joylarda hokimiyat siz, o‘zingiz, demak, siz o‘zingiz buyruqlarni ishlab chiqing» degan mazmunda telegramma Toshkentga jo‘natildi.

Ana shundan so‘ng, Turkiston Xalq Komissarlar Sho‘rosi Muxtoriyat masalasida maxsus qaror qabul qildi va Ijroiya Qo‘mita tasdiqladi. Mazkur qaror deyarlik bolshovoylarning nashriga aylanib qolgan «Nasha gazeta»da e’lon qilindi. Unda jumladan bunday deyilgan: «Turkiston Ta’sis qurultoyi chaqiriladi. Faqat uning o‘zigina Turkiston o‘lkasi Muxtoriyatini e’lon qilishga haqlidir». Bizningcha bu qaror ortiqcha izohga muhtoj emas. Bolshovoylar Turkiston musulmonlarining favqulodda chaqirilgan IV qurultoyi tomonidan e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyatini tan olmadilar. Ular Turkiston o‘lkasi Ta’sis majlisini o‘z tashabbuslari bilan chaqirib o‘zlariga ma’qul va o‘zlariga yoqadigan muxtoriyatni kelajakda tashkil etishni rejalashtirgan edilar. Oqibatda shunday bo‘ldi ham.

Shu narsaga alohida e’tibor berish joizki, Turkiston o‘lkasidagi siyosiy guruxlarning Turkiston Muxtoriyatiga  bo‘lgan munosabati turlicha bo‘ldi. Bu tabiiydir, albatta. Bolshovoylarning Turkiston Muxtoriyatiga salbiy munosabati yuqorida ta’kidlandi. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki mustamlaka o‘lkasi bo‘lgan Turkistonda hokimiyatni hech kim bilan bo‘lishmasdan yolg‘iz o‘z qo‘liga olishga intilayotgan bolshovoylarni bu borada pozitsiyasini to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi.

Fevral burjua-demokratik inqilobidan so‘ng Turkistonda qaror topgan muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi, kadetlar, eserlar va mensheviklar partiyalarining vakillari Turkiston o‘lkasi xalqlariga muxtoriyat huquqi berilishi tarafdori bo‘lgan. Ammo eng afsuslanadigan va nadomad chekadigan joyi shundaki, Turkiston muxtoriyati masalasida tub yerli musulmon xalqlarning istiqlolchilik harakati fidoyilari saflarida muvaffaqiyat va yutuqning eng zarur sharti-o‘zaro birlik, hamdardlik va hamkorlik bo‘lmadi. Taqqoslash ma’nosida quyida harakterli bir misolni keltirish ibratli saboqdir. Turkiston eserlari 1918 yilning 8-10 yanvarida bo‘lib o‘tgan ikkinchi qurultoylarida Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumatini qo‘llab-quvvatlabgina qolmadilar, hatto majlisiga o‘z vakillari Skomoroxovni yuborishga qaror qildilar. Mahalliy musulmonlar vakillari bo‘lgan «Sho‘roi Ulamo»chilar esa har galgidek bu safar ham  Toshkentdagi Jome’ masjidi maydonidagi miting davomida Turkiston umummusulmonlarining yagona jabhasini bo‘lib yuborish yo‘lidan bordilar. Bu quyidagi hollarda o‘z aks-sadosini topdi. Jome’ masjididagi mitingda ulamochilarning vakillari so‘zga chiqib muvaqqat hukumatni tanqid qildilar, «…ular shu vaqtgacha bizning mafaatimiz uchun hech narsa qilolgani yo‘q», dedilar va uni qo‘llashdan bosh tortdilar. Bu oddiy xalq ommasini gangitib boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yar edi. Chunki Turkiston Muxtoriyati va uning hukumati muvaqqat hukumatni himoya qilayotgan edi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasi muhbirining qayd etishicha ulamochilarning tutgan yo‘li musulmonlar o‘rtasida keng tarqalib fikrlarning bo‘linishiga sabab bo‘lgan. Ularning ba’zilari hayron bo‘lib: «bu qanaqasi?! Avvaliga «Ulamo» bizni Muxtoriyat uchun qasamyod qildirdi, endi esa qarshi bo‘lishga chaqiryaptimi?» Darvoqye mazkur mitingda bunda-buyon Toshkentda alohida muxtoriyat e’lon qilinib, uning nomidan ish ko‘rilishiga qaror qilinadi[14]. Bu voqyea keng jamoatchilik o‘rtasida parokandalikka sabab bo‘ldi. Hatto «Ulamo»chilar safida ham tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. Jumladan Toshkent «Ulamo»chilarning Turkiston Muxtoriyatini tan olmasdan o‘zlariga boshqa bir «Toshkent ulamosi jumhuriyati» deb ataluvchi muxtoriyatni tashkil etish borasidagi xabar Farg‘onalik ulamochilar qulog‘iga yetib borgach, ular to‘planishib darhol bu masalani muhokama qildilar. Toshkentlik ulamochilarning bunday hatti-harakatidan norozi bo‘lgan Farg‘onaliklar yagona bir fikrga kelishib Toshkent «Sho‘roi Ulamo»siga murojaat etdilar. Bu murojaat nomani Toshkentga qo‘qonlik ulamochi Mulla Kamol Qozi va marg‘ilonlik domullo Qosimxon qozi olib kelgan edi. Murojaatnomada Farg‘onalik Ulamochilar o‘z maslakdoshlarining umumturkiston ittifoqidan ajralmaslikka da’vat etdilar. Unda quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: «Rus zolimlaridan xalos bo‘lmoqlik uchun Turkiston ahli va uning vakillari Muxtoriyat e’lon qildilar. Shunday muhim va ma’suliyatli vaziyatda biz ihtilof holatida bo‘lishimiz yaxshi emasdur. Muborak vatanimiz va dinimizni salomatligi ittifoq va ittihoddadur». Farg‘ona ulamochilari o‘z murojaatlarida «Hadis»dan musulmon ummati birligi to‘g‘risida aytilgan so‘zlarni namuna tariqasida keltirib umummusulmonlar birligini mustahkamlash va Turkiston muxtoriyati atofida yanada kuchliroq jipslashishga da’vat etdilar.

Turkiston muxtoriyatini himoya qilishda Qo‘qon shahrida o‘z ishini boshlagan musulmon ishchi, askar va dehqon depuptatlarining I favqulodda qurultoyi qabul qilgan qarorlarning ahamiyati katta bo‘ldi. Mazkur qurultoyda  200ga yaqin vakil qatnashdi: 93 kishi Farg‘ona viloyatidan, 40 kishi Samarqand viloyatidan, 30 kishi Sirdaryo viloyatidan, 5 kishi Kaspiyortidan, 4 kishi Buxorodan va hokazo. Qurultoy ishida turli gurux va tashkilotlarning vakillari qatnashdilar. «Musulmon mehnatkashlar»dan 100 kishiga yaqin, xizmatchi va dehqonlardan-10, musulmon askarlardan-16, ishchilardan-2, xususiy jamiyatlardan-5, viloyat sho‘rolaridan-1, sartarosh-1, talabalardan-6 kishi edi. Mazkur qurultoy o‘z tarkibiga ko‘ra uning mohiyati va xarakterini ochiq-oydin ifoda etsada bolshovoylar qurultoyni tan olmasliklari aniq edi. Lekin shunga qaramasdan, o‘z vaqtida «Ulug‘ Turkiston» gazetasi bu haqda shunday yozgan edi: «Bolshovoylar bunga qadar Qo‘qonda bo‘lg‘on 4-favqulodda musulmonlar s’yezdini boylar ila mullalar (burjuylar) qurultoyi deb qaradilar va shul bahona ila idorani muxtoriyat hukumatiga bermiylar edi. Endi bu bahonag‘a joy qolmag‘on bo‘lsa kerak. Chunki hozir Turkiston muxtoriyati ishchi, dehqon va ular tarafidan buyuk bir miqdorda vakillar saylanib, muxtoriyat idorasi tamomila demokratiya asosina qo‘yildi. Bundan so‘ng bolshovoylar qanday bir bahona topib muxtoriyatga qarshi turalar ekan?»[15]

Turkiston muxtoriyatiga nisbatan munosabat Qo‘qonda ochilgan qurultoyninig bosh vazifasi hisoblanar edi. Musulmonlarning  ishchi, askar va dehqon deputatlari I Qurultoyining ochilishini Turkiston Harbiy Sho‘rosi rahbari Orif Klevleyev, Qozon musulmonlari Harbiy Sho‘rosi vakili askar Ismat Ubaydullin, Kavkaz musulmonlaridan Piri Mursilzoda, Samarqand ishchi va askar deputatlari Sho‘rosi vakili Ponomarev, Qo‘qon uyezd komissari Akayev, Toshkent Harbiy Sho‘rosi a’zosi Sultonov, Qo‘qon shahar hokimi o‘rinbosari. O.Mahmudov va boshqalar qo‘llashdi. Qurultoyda Muvaqqat xalq majlisi nomidan Islom Shoahmedov va eserlarning vakili Miller nutq so‘zlab tabrikladilar.

Qurultoy ishtirokchilari 1917 yil 13 dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xunrezlik va fojealar munosabati bilan qurbon bo‘lganlar xotirasini yodga oldilar va Qur’onu Karimdan tilovatlar o‘qidilar. Shundan so‘ng qurultoy hay’ati saylandi. Uning tarkibiga Abdulla Avloniy, Sanjar Asfandiyorov[16] va boshqalar kiritildi.

Kun tartibidagi bosh masala-Turkiston muxtoriyatiga munosabat,  keskin bahs, munozaralar va tortishuvlar bilan bir necha kun Qurultoyda muhokama qilindi. Nihoyat qurultoy Turkiston muxtoriyati Muvaqqat hukumatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qurultoy qabul qilgan qarorda musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari anjuman vakillarini Turkiston muxtoriyati muvaqqat hukumati tarkibiga kiritishni maqsadga muvofiq deb topdilar.

Qurultoyda Petrogradga, Xalq komissarlari sho‘rosi raisi V.I.Lenin nomiga telegramma yuborishga qaror qilindi. 1917 yil 27 dekabrda jo‘natilgan telegrammada bunday deyilgan edi: «Xalq Komissarlari sho‘rosi e’lon qilgan shiorlar Turkistonda joriy etilmoqda. Butun Turkiston xalqi ikkala qurultoyda Turkiston muxtoriyatini bir ovozdan e’lon qildi va Turkiston Ta’sis majlisiga o‘lkani boshqarishning so‘nggi shaklini ishlab chiqish taklif etildi. Barcha shahar va qishloqlarning turli tashkilotlari namoyishlar va qarorlarida muxtoriyatning e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlayaptilar. Saylangan Xalq Sho‘rosida ruslar va ovrupoliklar shahar va qishloq aholisining 2 foizini tashkil etsada, biz tomonimizdan 33 foiz o‘rin ajratilgan, xalqlarning urushga chek qo‘yilishi, anneksiya va kontributsiyasiz sulx tuzilishiga bir ovozdan qo‘shilamiz.

Musulmon proletariatining favqulodda Qurultoyi Xalq komissarlari Sho‘rosi tomonidan Turkiston muxtoriyatining mustahkamlanishi uchun haqiqiy choralar ko‘riladi, shu bilan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash to‘g‘risidagi shiorining qat’iyligi va bunga chin dildan intilayotganligini namoyish etadi, deb ishonadi. Turkiston musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlarining  I- favqulodda qurultoyida qabul etilgan qarorlar haqida ma’lumot berib, sizlardan Rossiya demokratik respublikasining oliy hokimiyati sifatida Toshkent Xalq Komissarlari Sho‘rosiga hokimiyatni Turkiston muvaqqat hukumatiga topshirsh to‘g‘risida farmoyish berishingizni so‘raymiz. Bu bilan siz Turkistonni juda katta falokatga olib keluvchi anarxiya va qo‘sh hokimiyatchilikdan qutqargan bo‘lur edingiz»[17].

Mazkur telegrammaga 1918 yil 5-yanvarda sho‘rolar hukumatining millatlar ishlari bo‘yicha komissari I.V.Stalindan quyidagi mazmunda javob jo‘natiladi: «Toshkentdagi Sho‘ro komissariatini yo‘q etish haqida Petrogradga murojaat qilishning ehtiyoji yo‘q, agar komissariatni istamasangiz, uni kuch bilan yo‘qota olasiz.[18] Butunrossiya Ta’sis majlisiga Farg‘onadan saylangan eser Vadim Chaykinning Qo‘qonda tashkil topgan Muxtor jumhuriyatni saqlab qolishda yordam so‘rab o‘sha I.V.Stalinga telegraf orqali murojaatiga kelgan javobi ham xuddi shu telegramma ruhida yozilgan edi. Bu telegramma o‘z mohiyat-mazmuniga ko‘ra sho‘rolar hukumati zo‘rlikka tayanuvchi mustamlakachilik siyosatining yorqin ko‘rinishi edi. Chunki uning mazmuniga ko‘ra sho‘rolar Turkiston o‘lkasidagi tub yerli musulmon aholi istak-hohishi bilan hisoblashmas, o‘z taqdirini o‘zi belgilamoqchi bo‘lgan o‘lka xalqlarini sho‘rolar Rossiyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qon to‘kishga, urushga chorlar edi. Petrogradda o‘tirgan mustamlakachi bolshovoy korchalonlar bu urushda albatta g‘alaba qozonajaklarini yaxshi bilar edilar. Turkiston muxtoriyatida kuch yo‘q edi, u hali hokimiyat o‘laroq batamom shakllanib ulgurmagan edi.

Toshkent Sho‘rolar hukumati Turkiston muxtoriyati timsolida o‘zining asosiy raqibini ko‘rdi va uni yo‘q qilish uchun tayyorgarlikni boshlab yubordi. Buni Toshkentdagi Sho‘ro komissari bolshevik P.G.Poltoratskiyning musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlarining favqulodda I qurultoyida so‘zlagan nutqi mazmunidan ham payqab olish mumukin.

U bunday degan edi: «Biz kambag‘allarning muxtoriyatiga qarshi emasmiz, ammo biz boylarning muxtoriyatiga qarshimiz. Biz muxtoriyat uchun kurashar ekanmiz, burjuaziya qo‘lidagi hokimiyatni o‘zimiz uchun tortib olganimiz yo‘q, biz ishchi sinf va kambag‘allar uchun tortib oldik. Biz hokimiyatni rus burjuaziyasi qo‘liga topshirish uchun tortib olganimiz yo‘q. Hokimiyatni biz ishchi va askar deputatlari Sho‘rosi uchun oldik. Biz musulmon mehnatkashlarini o‘z tarafimizga qo‘shilishlari uchun ishlab keldik va ishlayveramiz»[19]. P.G.Poltoratskiyning nutqi munosabati bilan qurultoy qatnashchilari unga o‘z munosabatlarini bildirdilar. Jumladan, Mustafo CHo‘qayev shunday degan: «Biroq Poltoratskiyning so‘zlariga hech kim ishonmadi, chunki Turkistonda sovet hokimiyati asosga ega emasligi ochiq-ravshan bo‘ldi». Ushbu masalada maxsus qaror qabul qilindi. Mazkur qarorda quyidagilarni o‘qiymiz: «27 noyabrda bo‘lib o‘tgan umummusulmon s’yezdida Turkistonning muxtoriyat deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘lkada vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilib, o‘lka qurultoyi shuni bayon qiladiki, bu qurultoy burjuaziya qurultoyi bo‘ldi, degan gaplarni ba’zi guruhlar tomonidan tarqalishi xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, zero, 27 noyabrdagi qurultoy umummusulmonlar qurultoyi bo‘lib, unda butun aholi vakillari qatnashdi.

«Mazkur qurultoy mavjud Sho‘roga va Turkiston muxtoriyati hukumatiga to‘la ishonchdadir, uning tarkibi ishchi va dexqonlar manfaati uchun xizmat qiluvchi taraqqiyparvar ziyolilarimiz hamda diniy tarbiyachilarimiz-Qur’oni sharifni o‘rgatuvchi inqilobiy domlalarimizdan iborat». Ichki ishlarga aralashishlarni nomaqbul deb bilgan qurultoy «rus demokratlarini» «Sharq xalqlariga murojaatnoma»dagi shiorlarni amalda ko‘rsatish va ularga rioya etishga chaqiradi»[20].

Qurultoyda Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qilingach P.G.Poltoratskiy va unga qo‘shilganlar guruhi qurultoyni tashlab chiqib ketdilar.

Bundan tashqari «Ulug‘ Turkiston» gazetasining yozishicha Yettisuv qirg‘izlari (qozoqlari) Milliy tashkilotinig ba’zi bir vakillari Turkiston muxtoriyatiga qo‘shilishni istamadilar va o‘z vakillarini Semipalatinskda o‘tishi mo‘ljallangan «Alash» firqasi qurultoyiga yuborishga qaror qildilar. Albatta Yettisuv musulmonlarining bo‘linishdan iborat tutgan bu yo‘li Turkiston muxtoriyati uchun kurash jabhasi kuchlarini kuchsizlantirdi. Bundan Toshkent sho‘rosidagi qizil saltanat mustamlakachi unsurlari ustalik bilan foydalandilar. Ular Turkiston muxtoriyatini tan olmasdan, o‘zlarining butun diqqat- e’tiborlarini uni yo‘qotishga qaratdilar. Toshknet sho‘rolari o‘z tashviqot-targ‘ibotlarida Turkiston muxtoriyatini keng ommaga aksilinqilobchi, burjua millatchi hukumat deya tushuntirdilar. Bu borada ular «Nasha gazeta»dan ustalik bilan foydalandilar.

Toshkent sho‘rolari Turkiston muxtoriyatini yakkalab qo‘yish maqsadalarini ko‘zlab o‘z qo‘lidagi barcha imkoniyatlarini ishga soldi. Toshkent shahar Dumasini tarqatdi, «Turkestanskiy vestnik» gazetasini yopdi va hokazo. Sho‘rolarning bu va shunga o‘xshash ko‘rgan tadbirlari Turkiston muxtoriyatiga nisbatan amaliy va rejali hujum boshlanganligidan dalolat berar edi.

Elmurod Zokirov

«Turkiston Muxtoriyatini ag‘darish chog‘ida sovetlarning yerli xalqqa nisbatan qo‘llagan qatag‘on siyosati» BMI. 1-qism

[1] Qarang: Rustambek Shamsutdinov. Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati. Toshkent-2001. 31-46-betlar.

[2] Shamsutdinov R., Karimov Sh. O‘zbekiston tarixidan materiallar. Uchinchi kitob. Andijon “Andijon-Nashruyot-Matbaa”,  2004.

[3] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.

[4] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.130.

[5] Doniyorov Shoniyoz. Muhtoriyat qismati.-«Sharq Yulduzi», 1991, 12-son, 160-bet.

[6] Doniyorov Shoniyoz. Muxtoriyat qismati…161-bet.

[7] Qosimov Yo‘lchi. Qora ko‘zaynak bilan yozilgan tarix. –Namangan, 1993, 28-bet.

[8] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob, ikkinchi qism. -Andijon: Meros. 1998.

[9] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob, ikkinchi qism. -Andijon: Meros. 1998.

[10] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob, ikkinchi qism. -Andijon: Meros. 1998.

[11] O‘sha manba.

[12] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.134.

[13] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.138.

[14] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob, ikkinchi qism. -Andijon: Meros. 1998.

[15] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob, ikkinchi qism. -Andijon: Meros. 1998.

[16] Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sho‘rolar istibdodi davrida). Ikkinchi kitob. -Andijon: Meros. 1998.

[17] O‘zbekistonning yangi tarixi.Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ilmiy muxarrir M. Jo‘rayev.- T. : Sharq, 2000.

[18] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.141.

[19] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.141.

[20] A’zamxo‘jayev Saidakbar. Turkiston muxtoriyati. Toshkent. «Fan».1996,-B.47-48.

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 56 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan