Bosh sahifa » Tarix » Elmurod Zokirov. Turkiston muxtor hukumatining sovetlar tomonidan ag‘darilishi (II)

Elmurod Zokirov. Turkiston muxtor hukumatining sovetlar tomonidan ag‘darilishi (II)

Toshkent Sho‘rolari hukumati 1918 yil yanvarning ikkinchi yarmidan e’tiboran Turkiston muxtoriyatini tugatish maqsadida ochiqdan-ochiq amaliy harakatlarni boshlab yubordi. Uni o‘sha yili 19-26 yanvarda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi Sho‘rolarining IV qurultoyi qabul qilgan qarorlar yaqqol ko‘rsatdi. Qurultoyda so‘zga chiqqan Toshkent sho‘rosi raisi bolshevik I.O.Tobolin bunday degan edi: «Biz nafaqat Rossiya xaqida, balki mehnatkashlar haqida qayg‘uryapmiz, agar xalq hohish irodasi bu o‘lkaning Rossiyadan ajralib chiqishini referendum orqali hal etishni istasa, uning ajralib chiqish huquqini saqlab qolamiz»[1].

U Turkiston muxtoriyatiga qarshi fikrini yashirib ham o‘tirmadi. «Biroq,-dedi u,-muxtoriyatni hozir zudlik bilan amalga oshirish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Zero muxtoriyatning eng birinchi shartiga ko‘ra bu o‘lkadan harbiy qo‘shinlar olib chiqib ketilishi kerak. Agar biz muxtoriyat tushunchasidan kelib chiqadigan ana shu asosiy holatni amalga oshiradigan bo‘lsak, unda inqilob biqiniga zarba bergan bo‘lur edik, o‘lkada esa yana aksil inqilobchilar hokimiyati qaror topar edi». Shuning uchun «Mamlakatning urush holatida ekanligini nazarga olgan holda, bizlar muxtoriyat holatidagi va hatto mustaqil davlatni tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yuboramiz».

I.O.Tobolin o‘z so‘zining oxirida qurultoy qatnashchilari e’tiboriga muhokama etilayotgan masala yuzasidan bolsheviklar fraksiyasi qarori matnini o‘qib berdi:

«Inqilobchi sotsial-demokratlar partiyasi proletariat muxtoriyatini tashkil etish uchun harakat qiladi», Shu bois «deputatlarning kasaba Sovet (soyuz)lariga jalb etib, musulmon proletariatining sinfiy ongini ko‘tarish» bo‘yicha proletariat ommasini tayyorlash asosiy masala etib e’lon qilinadi. Muxtoriyatni e’lon qilish masalasi esa noaniq muddatga kechiktirib qoldiriladi.

Turkiston Sho‘rolari IV qurultoyi Turkiston muxtoriyatiga munosabat masalasini qizg‘in muhokama qilib turgan paytda Turkiston muxtoriyati hukumati qurultoy nomiga telegramma yuboradi. Telegrammada 1918 yil 20 martda «umumiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish asosida,» Turkistonda Ta’sis majlisi chaqirish tadorigi (tayyorgarligi-mualliflar) borligi ma’lum qilinadi. Telegrammada yana shu narsa ta’kidlanadiki: «Turkiston Ta’sis majlisi xalqlarning barcha orzu-istaklarini amalga oshirishga da’vat etilgan bo‘lib, Turkiston muxtoriyatida o‘lkaning oz sonli aholisi va mehnatkash xalq huquqlarini himoya qilib, Rossiya inqilobi tomonidan oldinga demokratik qonun qoidalar bilan to‘la kelishgan holda demokratiyani tashkil etadi»[2].  

Ana shu munosabat bilan muxtor Turkistonning Xalq Majlisi (Milliy majlis) yana bir marta Turkiston xalqlariga «Xalq majlisi tomonidan mazkur holatning (moddaning) ishlab chiqilayotgani, hayotga tadbiq etilishi yuzasidan choralar ko‘rilayotganini baralla ma’lum qilishni o‘z vasifasi deb biladi».[3]

Ammo shunga qaramasdan Turkiston o‘lkasi Sho‘rolarining IV Qurultoyi Turkiston muxtoriyati hukumatini tan olishdan bosh tortdi, uning a’zolarini qonundan tashqari deb e’lon qildi va hatto ularning boshliqlarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Xususan masalani yanada o‘tlashtirgan holat Baynalminal ishchi va askar deputatlari sho‘rosining «… boylar tomonidan e’lon qilingan Qo‘qon hukumati tan olinmasin, uning a’zolari esa qonundan tashqari deb topilsin, boshliqlari qamoqqa olinsin!», degan talabidan so‘ng kuchaydi. Qurultoy qarorida bunday deyilgan edi: «Inqilobiy sotsial-demokratlar partiyasi bir to‘da rus va musulmon reaksionerlari boshchiligidagi burjua muxtoriyatiga qarshi shafqatsiz kurash e’lon qiladi va o‘lkada proletar muxtoriyatni tuzishga intiladi».[4]

Turkiston muxtoriyatiga qarshi boshlangan siyosiy xuruj va qirg‘in-barotning otashin va faol tashkilotchilari I.O.Tobolin, F.Kolesov, Ye.Babushkin, Turkiston harbiy komissari Ye.Perfilyev va boshqalar bo‘ldilar. Ular o‘z faoliyatlarida qonxo‘r bolshovoylar firqasi va qizil mustamlakachi saltanat sho‘rolar hukumatining yo‘lboshchilari V.I.Lenin, I.V.Stalin va boshqa arboblarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq va ko‘rgazmalarini ado etdilar.

Turkiston muxtoriyati rahbarlari 1918 yil boshlarida Toshkentda o‘zlariga qarshi katta fojeaviy qirg‘inga tayyorgarlik ketayotganda zo‘r matonat va irodani ishga solib muxtoriyatni mustahkamlash yo‘lidagi qiyinchiliklarga qarshi sabr-toqat bilan ishlayotgan edilar. Bu qiyinchiliklar nimalardan iborat edi? Eng asosiy qiyinchilik birinchidan mahalliy tub yerli aholi siyosiy saviyasining milliy istiqlol talablari darajasida rivojlanmaganligi edi. Bu Turkiston muxtoriyatini himoya qilish, uni qo‘llab-quvvatlashda istiqlolchi kuchlarning yagona jabha, yakka musht bo‘la olmaganligida ko‘rindi. Ikkinchidan, yanada kattaroq ahamiyatli qiyinchilik Turkiston muxtor hukumatining yashab qolishining sharti bo‘lgan moddiy qiyinchilik edi. Bu ham albatta yana birinchi qiyinchilikka borib taqaladi. Bolshovoylar oktyabr to‘ntarishini Germaniya hukumatining bergan bir milliard nemis markasi evaziga amalga oshirganlari yuqorida ta’kidlandi. Turkiston muxtoriyatida bunday imkoniyat yo‘q edi. Moddiy mablag‘siz esa hech narsa qilib bo‘lmasdi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasida 1918 yil 4 yanvarda Potelyaxovning yozganiga qaraganda Turkiston muxtoriyatiga yahudiylar yarim million so‘m yordam tariqasida berishgan. Namangan va Andijon banklari juda katta qiyinchiliklar bilan 500 ming so‘mdan pul ajratganlar. Albatta bu mablag‘lar muxtor hukumat sarf qilishi lozim bo‘lgan harajatlar oldida urfoqqa arzimas edi. Chunki birgina «Birlik tug‘i» gazetasini moliyaviy qo‘llab turish uchun 5 ming so‘m, «Svabodno‘y Turkestan» uchun esa 50 ming so‘m xarajat qilinar edi. Qo‘shinni ta’minlash uchun ketadigan moliyaviy xarajat to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Bu davrda qo‘shinlar sonining xalq militsiyasidan tashqari 2 mingga yetganligi yuqorida aytildi.

Uchinchidan, eng muhim qiyinchilik Turkiston muxtoriyatini ko‘krak kerib himoya qila oladigan milliy qo‘shinning yo‘qligi edi. 2 ming askar, buning ustiga yomon qurollangan, ular asosan tayoq, bolta, ketmon, oshpichoq, qilich, ayrimlari pilta miltiq bilan qurollangan qo‘shin bilan uzoqqa borib bo‘lmas edi. Chunki tish-tirnog‘igacha zamonaviy qurollar: samolyotlar, o‘zi yurar tanklar, bronepoyezdlar, nayzali besh otar miltiqlar, pulemyotlar bilan qurollangan qizil kalla kesarlarga qarshi turishning o‘zi bo‘lmas edi. Buning ustiga 1918 yil 19 yanvarda Qizil qo‘shinlar Orenburgni qo‘lga kiritgach Moskva bilan Toshkent o‘rtasida uzilib qolgan aloqa tiklandi. Natijada Markazdan Turkistonga qo‘shimcha qo‘shin kuchlari va qurol-aslaha yuborish imkoniyati tug‘ildi. Bu hol o‘z navbatida milliy istiqlol jabhasi kurashchilarining vaziyatini yanada og‘irlashtirdi.

Toshkent Sho‘rolar hukumati Turkiston muxtor hukumatini keng mehnatkashlar ommasi o‘rtasida chuqur tomir otishiga imkon bermaslik va uni beshikligidayoq bo‘g‘ib o‘ldirish maqsadida 1918 yil yanvarning oxirlaridan boshlab qurolli hujumga tayyorlandi va ig‘vogarlik bilan turli bahonalar izlay boshladi. Qo‘qon Sho‘rolar hukumati ixtiyoriga eng ashaddiy qizil gvardiyachilarni, avstro-venger harbiy asirlar va asosan dashnoqlardan tashkil topgan kallakesar qismlarni yubordi.

29-30 yanvarda Qo‘qonda favqulodda vaziyat mislsiz darajada keskinlashdi. Bu vaziyat arzimagan bir bahona uchquni ila o‘tlashib ketishi hech gap emasdi. Ana shunday bir sharoitda 30 yanvarda Qo‘qon ishchi va askar deputatlari Sho‘rosining majlisi bo‘ldi. Unda Turkiston muxtoriyatini daf etishini amalga oshiruvchi organ-inqilobiy qo‘mita (revolyutsion komitet) tuzildi. Uning raisligiga bolshevik Ye.G.Babushkin saylandi. Inqilobiy qo‘mita tarkibiga tub yerli aholi vakillaridan birorta kishi kiritilmadi.

Qo‘mita o‘z qo‘lida chegaralanmagan hokimiyatni mujassamlashtir di, unga katta vakolatlar favqulodda choralar ko‘rish, hamma narsani sho‘rolar hokimiyatini himoya qilishga bo‘ysundirish va safarbar etish huquqi beriladi. Inqilobiy qo‘mita oldidagi eng asosiy bosh vazifa muxtoriyat hukumatini tugatish, shahar aholisini qurolli kuch bilan sho‘ro hokimiyatini tan olishga majbur qilish, «Inqilobiy tartib» o‘rnatishdan iborat edi. Inqilobiy qo‘mita ishni yevropalik ishchilar va temir yo‘lchilarni qurol bilan ta’minlashdan boshladi.

Ayniqsa bolshovoylarning Qo‘qon shahridagi arman millatiga mansub dashnoqlarni: baqollar, sartaroshlar, vino sotuvchilarni qurollantirishlari, haddan tashqari razil va jirkanch maqsadlarni ko‘zlar edi. Toshkent, Skobelev, Andijon, Namangan va boshqa shaharlardan harbiy madad so‘rab murojaat qilindi. 30 yanvarga o‘tar kechasi no’malum kishilar guruhlari atayin ig‘vogarlik bilan bahona uchun Qo‘qon telefon stansiyasiga, Qo‘qon Sho‘rolar binosiga hujum uyushtirildi. Bu hujum Qo‘qonda qizil qo‘shin jallod kallakesarlarning ommani vahshiylarcha qirg‘in qilishni boshlashi uchun shunchaki bir bahona bo‘ldi. Xuddi shu kuni 30 yanvarda Qo‘qondagi inqilobiy qo‘mita Toshkentga I.O.Tobolinga, F.Kolesovga va Skobelev shahriga telegraf orqali xabar qildi va zudlik bilan yordam berishni so‘radi. Inqilobiy qo‘mita aholiga qarata murojaat qabul qildi. Murojaatda sodir etilgan voqyealar uchun barcha va asosiy ayb muxtoriyatchilarga qo‘yildi. Inqilobiy qo‘mita o‘z tarkibidan maxsus guruh tuzdi va uning oldiga muxtoriyat hukumati a’zolarni hibsga olish vazifasini qo‘ydi.

Inqilobiy qo‘mita Turkiston muxtoriyati a’zolariga ultimatum topshirdilar va 2 soat muddat bilan taslim bo‘lishni talab qildilar. Lekin Mustafo CHo‘qayevning xotirlashicha «31 yanvar kunduz soat 12 da Xo‘qand bolsheviklarining bizga bergan ultimatumini tekshirib o‘tirganimizda bir to‘xtovsiz miltiq otuvchilar bolsheviklar bo‘lib chiqdi. Bolsheviklarning ultimatumida bizga 2 soat muddat tayin etilgan va ul muddat 2 soat 20 minutda to‘lar edi: Nechundir alar shartnomasiga xilof xarakatga kirishib muomala yo‘lin kesdilar. Sho‘roi islomiya yurtinda hukumat qo‘shinlaridan boshqa xalqda jiyilg‘an edi. Bolshevik soldatlari yaqinlashib kelarlar, degan xabarni eshitib boshqa xalq torlan kibik hukumat kishilarida ikkinchi bosh qo‘shurg‘a yo‘l qolmagach tarqalishdilar. Chunki xalq muvaqqat hukumatning (Qo‘qon muxtoriyati- mualliflar) alida bo‘lsa kelishurmiz, bolsheviklarga qarshi qurol ko‘tarmangiz» -degan so‘ziga quloq solmay, har qaysi borincha so‘g‘ish asboblarin olib o‘ramg‘a chiqdilar. Bolsheviklarning va’dalarindan ilk ota boshlovlari xalqning ko‘nglini, alar muvaqqat hukumatigina tug‘il, butun xalqqa qarshi harakat boshladilar, degan qo‘rquv soldi. Bu vaqt muvaqqat hukumatining yo‘li butunlay kesilgan edi.

Qo‘qonda bo‘lgan bu ko‘ngilsiz voqyeani siyosiy sabablaridan boshdan oyoq yozuvni hozirgi zamon ko‘tarmiy[5].

Ana shu tariqa, Qo‘qon shahrida bolshovoylar musulmon xalqlarni qirib tashlashdan iborat dahshatli fojeani boshlab yubordi. Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sho‘rosi Turkiston Muxtoriyatiga chetdan keladigan har qanday yordamni oldini olish choralarini ko‘rdi. 1918 yil 14 fevralda Butun Farg‘ona vodiysida harbiy holat e’lon qilindi. Farg‘ona temir yo‘lida esa qamal holati joriy etildi. Toshkent, Samarqand, Namangan shahar dumalari yopildi va faoliyatlari to‘xtatildi. Sobiq general-gubernator konselyariyasi tugatildi. Paxta zahiralari musodara etildi, neft qazib chiqarish, baliq sanoati va boshqalar milliylashtirildi. Din davlatdan va maktabni dindan ajratganligi e’lon qilindi.    

Albatta bunday og‘ir sharoitda Turkiston muxtoriyati o‘zini o‘zi himoya qilishga ojiz edi. U boshlangan dahshatli qirg‘inga qadar tinch vositalar yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga olishga ishonar edi. Shunga qaramay Turkiston muxtoriyati qo‘shinlari oddiy qurollar bilan bo‘lsada shaharni uch kun davomida himoya qildilar. Kofirlarga qarshi g‘azovot e’lon qilgan muxtoriyatchilarning shiori «Turkiston-turkistonliklar uchun» edi.

Muxtor hukumat vaziyatining nihoyatda og‘ir ekanligini hisobga olib so‘ngi va oxirgi imkoniyatni ishga soldi va bolshevoylar bilan boshlagan muzokara tashabbuskori bo‘ldi. Bu muzokara 17 fevralda boshlandi. Muzokarada muxtoriyatchilar quyidagi talablarni o‘rtaga qo‘ydilar:

  1. Shaharni birgalikda boshqarish va uning tarkibida Muxtoriyatchilarning ko‘proq vakillari bo‘lishini ta’minlash. 2. Harbiy qal’ani shu organning nazorati ostiga olish. 3. Militsiyadan boshqa barcha kuchlarni qurolsizlantirish. O‘lka Sho‘rolar hukumatining shariatga zid dekretlarini bekor qilish.

Ammo bolshevik Ye.G.Babushkin rais bo‘lgan inqilobiy qo‘mita Muxtoriyatchilarning bu takliflarini qat’iyan rad etdi. 18 fevral kuni muzokara yanada davom ettirildi. Muxtor Hukumat nima bo‘lsa bo‘lsinu, ammo o‘rtada qon to‘kilmasligi uchun harakat qildi. Harbiy vazir polkovnik M.Chanishev inqilobiy qo‘mitaga ultimatum qo‘yib, soat 4 gacha qal’ani topshirishni talab etdi.

Ammo musulmon ishchi va dehqonlar konferensiyasi qatnashchilari ultimatumni qaytarib olishni talab qildilar.

«Sho‘roi Ulamochi»lar o‘z tarafdorlari bilan bunga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar va ultimatumni qaytarib olishga qarshilik qildilar. Muxtoriyat hukumati a’zolari o‘rtasida o‘zaro ixtilof kelib chiqdi. Hukumat rahbari Mustafo CHo‘qayev iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Uning hukumat mahkamasi ag‘darildi, o‘zi esa yaqin kishilari bilan hukumatni tashlab, Qo‘qonni tark etishni lozim topdi.

Muxtor hukumat Harbiy kengashi raisi M.Chanishev va uning eng yaqin safdoshlari-rus ofitserlari qamoqqa olindi. «Ulamo»-chilarning yordami bilan muxtoriyat hukumati militsiyasiga boshchilik qiluvchi Ergash hukumat rahbari va bosh qo‘mondon etib tayinlandi. Ana shu tariqa Muxtor hukumatda davlat to‘ntarishi yuz berdi. Hokimiyat ashaddiy murosasiz kuchlar qo‘liga o‘tib qoldi. Turkiston muxtoriyatidagi bu bo‘linish sho‘rolarga qo‘l keldi. Ular bu qulay vaziyatdan foydalanib Qo‘qon shahriga hujumni yanada kuchaytirdilar. Ayniqsa bosim 18-19-fevralda Toshkentdan Ye.O.Perfelyev Qo‘qonga yetib kelgach yanada kuchaydi. Uning ixtiyorida II eshelon Harbiy qismlar bor edi. Otliq askarlar, artilleriya va piyoda qismlarga ega bo‘lgan Turkiston o‘lkasi Harbiy komissari, so‘l eser, vahshiy general Qo‘qonni uch tarafdan qurshab oldi.

Qizil qo‘shinlar Eski shahar hududiga bostirib kirdilar. Dahshatli va mislsiz qirg‘in boshlandi, Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Qo‘qondagi xunrezlik, genotsid dahshatlarini amalga oshirganlarning o‘zlari ham e’tirof etganlar. O‘sha paytda 28 yoshda bo‘lgan o‘lka Harbiy komissari Ye. Perfilyev jang tafsilotlarini shunday hikoya qildi: «Machitlarni yana bir necha marotaba o‘qqa tutishga to‘g‘ri keldi. Qizil gvardiyachilar bo‘g‘izlangan Yevropaliklarning jasadlarini ko‘rganda shunday tutaqib ketdilarki, ularni hech qanday kuch to‘xtatib qololmasdi., askarlar oldidan chiqqan hamma narsani yakson qilib ketaverdilar. Hatto shunday holat ro‘y berdiki, 5ta qizil gvardiyachi yerli banditlarning 200 tasini oldiga solib quvladi. Otryad katta qahramonlik ko‘rsatdi. Jang ishtirokchilari orasida birorta ham qo‘rqog‘i yo‘q edi. Biz qiyinchilik bilan Toshko‘prikni qo‘lga kiritdik va Eski shaharga yorib kirdik. Isyonchilar to‘dasi Skobelev tomonga chekinishdi. Badavlat kishilar qimmatbaho boyliklarini, pullarini o‘zlari bilan olib qochdilar, lekin narsalari o‘zlariga nasb etmadi. Qochayotganlarni tezotar to‘pdan o‘q uzib yanchib tashladik, bir qismini esa orqaga chekinishga majbur etdik. Ularning ko‘rpa-yostiqlari, gilamlari, qimmatbaho narsalari yo‘lda sochilib qoldi»[6].

Qo‘qonda dahshatli fojealar va qirg‘inlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uning shaxsan ishtirokchisi M.I.Shkorupaning iqrori ayniqsa diqqatga loyiqdir: «Tinch aholining uylari, Turkiston Rossiya uchun ham tansiq bo‘lib qolgan manufaktura, g‘alla omborlari yonardi.

Qo‘qon uch kun o‘t ichida qoldi. «O‘sha kunlarda,-deb yozadi tarixshunos olim Shomagdiyev Sh.A-talonchiliklar ham avj olgan. Askar, qizil gvardiyachilarga bo‘ysunmay qolgan olomon, mayda burjuaziya nima bo‘lsa shuni talab, tashib keta boshladi… Eski shahar va barcha do‘konlar tijorat firmalari, savdo qatorlari, banklar, mayda xonadonlar talon-taroj qilindi. Talonchilar talagan mulklarini aravaga ortib, vakzal va qal’aga tashidilar. U yerda begona mulkni bo‘lib olish boshlandi».

1918 yilda Qo‘qonga kelgan ingliz kapitani A.Brun shaharni yarim bo‘sh holda ko‘rgan. Uning yozishicha shahar bosqinida ishtirok etgan nemis avstraliyalik va venger asirlardan yollangan askarlar 100 ming so‘mdan ortiq pulni o‘marishgan [7]             

Ayniqsa armani millatga mansub dashnoqlar Qo‘qon shahrida ko‘z-ko‘rib quloq eshitmagan vahshiyliklarni amalga oshirdilar. Qo‘qon fojeasi qatnashchilaridan yana biri, Turkiston xalqlarining jallodi A.T.Karavaysev o‘z estaliklarida bunday deb yozadi:

«Konovalov to‘dasidagi arman dashnoqlari o‘zboshimchalikni haddan oshirib yubordilar. Ular Qo‘qonga kelguncha tinch aholini talab, qirg‘in qilganlar».

Armani millatiga mansub dashnoqlar Qo‘qonda ko‘z-ko‘rib quloq eshitmagan vahshiyliklarni amalga oshirdilar. Shahar ostin-ustin qilindi va talandi. Ular xususan Eski shaharni, ayniqsa savdo tarmoqlarini, do‘konlar, rastalarni, omborlarni taladilar, qolganlariga o‘t qo‘yib yondirib yubordilar. Dashnoqi armanlar musulmonlar yashaydigan xonadonlarga bostirib kirdilar, hech kimni ayamasdan qirg‘in qildilar, hatto cholu-kampirlar va yosh go‘daklarga ham rahm qilmadilar. Homilador ayollarni qorinlarini yorib tug‘ilmagan go‘daklarni qilichlar tig‘idan o‘tkazdilar, yosh norasta go‘daklarni beda qirqadigan joduda burda-burda qilib tashladilar. Yosh qizlarning nomuslarini haqoratladilar, ayol juvonlarni esa erlari ko‘z oldida zo‘rladilar. Ibodatxonalar, masjid va madrasalarni kuli ko‘kka sovurildi. Hamma yerda qamoqqa olishlar boshlandi, ayg‘oqchilar va tilmochlar ko‘paydi. Mahalliy aholini qamoqqa olish to‘g‘risidagi order bo‘lsa ham bo‘lmasa ham hibsga olaverdilar. Qamoqqa olinganlarning ko‘plari sud va tergovsiz otib tashlandi. Qo‘qonni tashlab ketishga majbur bo‘lgan Muxtor hukumatning a’zolari Farg‘ona shahriga borib xalqni namoyishga chorlaganlar. Ularni tub yerli mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlagan. Lekin sho‘rolar hukumati bu harakatni bostirgan. Nosirxon To‘ra Namanganda, S.Gersfeld Samarqanda, Obidjon Mahmudov Buxoroda qo‘lga olingan.[8]

Ubaydullaxo‘jayev, Abdulxamid Sulaymon (CHo‘lpon) Qo‘qondagi fojeaviy hodisalarni Ashhaboddan Samarqandga kelayotganlarida yo‘lda eshitadilar va ular o‘z yo‘llarini o‘zgartirib Orenburg tomon yo‘l oladilar. Bu yerda ular Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on bilan uchrashadilar. U Orenburgda Boshqirdiston muxtoriyatining ichki va harbiy ishlari bilan band edi.[9] Xullas, hamma alomatlarga ko‘ra tarixga Turkiston muxtoriyati nomi bilan kirgan Qo‘qon muxtoriyati tor-mor qilindi va tarqatib yubordi. Qadimgi madaniy va boy savdo shahri bo‘lgan, Qo‘qon tag-tugi bilan vayron qilindi va qonga botirildi. Qo‘qon xalq militsiyasiga boshchilik qilgan Ergash o‘z kuchlari bilan shaharni tashlab chiqdi va sho‘rolarga qarshi kurashni davom etirdi.

Rahbarsiz va tashkilotsiz qolgan Qo‘qon shahri mudofaachilari fojea va dahshatni yanada og‘iroq tus olmasligi maqsadlarini ko‘zlab sho‘rolar rahbariyati bilan muzokaralar boshlashga majbur bo‘ldilar. Nihoyat 22 fevral (9 fevral)da bolshovoylar tomonidan taqdim etilgan va mahalliy musulmon xalqining milliy manfaati va izzat nafsini kamsituvchi «Tinchlik shartnomasi»ga imzo chekdilar. Shartnomaning birinchi moddasida: «aholi xalq Komissarlari sho‘rosining hokimiyati va mahalliy sho‘ro muassasalarini tan oladi», deyilgan edi.

Shunday qilib, Turkiston muxtoriyati hukumati beshikligidayoq, bo‘g‘ib o‘ldirildi va tugatildi, mustamlakachi bosqinchi sho‘rolar hukumati o‘z g‘alabasini tan-tana qildi. Turkiston muxtoriyatidan so‘ng 1917 yil dekabrda qozoq milliy-demokratlari Orenburgda tashkil etgan Alash muxtoriyati ham tor-mor qilindi.

Ammo zo‘rlikka, bosqinchilikka asoslangan va Turkiston muxtoriyatini tugatishga qaratilgan sho‘rolarning sharmandali va adolatsiz siyosati mehnatkash xalq ommasi ko‘zi oldida bu hukumatning asl maqsadi va mohiyatini ochib tashladi. Natijada butun Turkiston xalqlari istiqlol uchun, erk va milliy ozodlik uchun kurashga otlandilar.

Bolshovoylarning Qo‘qon shahrida amalga oshirgan dahshatli fojealaridan hatto Turkistonda yashayotgan yevropa aholisiga mansub eserlar, kadetlar va mensheviklarning vakillari ham nafratlangan edilar.

Menshevik-internatsionalistlar fraksiyasining boshlig‘i Vaynshteyn Toshkent shahar Sho‘rosining 1918 yil 23 fevraldagi yig‘inida Respublika Harbiy Komissari Ye.Perfilyevning qizil gvardiyachi jangchilari bilan Qo‘qonda dahshatli xunrezliklar qilganini taftish etish kerak va aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim, deb talab qildi.

Jumladan u bunday degan edi: «Qiziq, sinfiy kurash nomi bilan armanlar va forslarning o‘zaro milliy kelishmovchiliklari  haqidagi gaplar, musulmonlardan qanday qilib, himoyalanishimiz loyihasi to‘g‘risidagi fikrlar quloqqa chalinmoqda. Biz sinfiy kurash o‘rniga milliy kurash olib borayapmiz, bu ahvolni, shubhasiz, tabiiy hol deb hisobga olmaymiz. Lekin u mantiqan to‘la, sho‘rolarning Turkiston o‘lkasida olib borayotgan siyosati oqibatidir. O‘lkada musulmonlar hohish-irodasi bilan hisoblashmay turib sotsializm qurishga intilmoqdamiz.

O‘rtoq Perfilyev mehnatkash ommasi muxtoriyatni hohlamadi, qo‘llab-quvvatlamadi deb ta’kidlab o‘tdi. O‘rtoq Perfilyevning o‘z fikrini isbotlashga asosi bormi? Uning asosi shundaki, qaysiki musulmonlar to‘pdan o‘qqa tutilgandan keyingina o‘zlarini bo‘ysunishga tayyor ekanliklarini bildirganini nazarda tutayotgan bo‘lsa kerak.

Yerli xalq Kuropatkinga o‘zlarining itoatgo‘yligini o‘shanday usullardan keyingina bildirganmidi? O‘rtoq Kuropatkin qo‘llagan usullar bilan yondoshmoqni mulohaza qilyapti. Ma’ruzada biz faqat milliy qirg‘inlarni ko‘ryapmiz: Uni yovuz dushmani bo‘lmish podsho monarxiyasi va hukumati qo‘llab-quvvatlagan edi. Qaysi sotsialist bunga ishonishi mumkin? Siz Turkistonni tashlab chiqib ketasizmi? Agar bu yerli xalqning hohish-irodasi bo‘lsa-chi? Kimki bu to‘g‘rida gapiradigan bo‘lsa, sizlar darrov uning ovozini o‘chirasizlar. Yo‘q, sizlar sotsialist emas, o‘sha imperialist, o‘sha istilochisizlar.

… Internatsionalistlar fraksiyasi nomidan zudlik bilan ro‘y bergan voqyeani taftish qilib, o‘rganib chiquvchi komissiya tuzishni, inqilobning qizil bayrog‘iga kimki dog‘ tushirgan bo‘lsa, oddiy gvardiyachidan tortib, otryad komandirigacha hamma-hammasini qat’iy javobgarlikka tortishni talab qilamiz.

Biz uchun ayrim kishilarning shuhrati emas, demokratiyaning vijdoni va tutgan yo‘li ahamiyatlidir. Inqilobiy demokratiya bayrog‘idan bu dog‘ni yuvib tashlash kerak. Aybdorlar qonun oldida javob berishlari lozim»[10].

1918 yil yanvar oyidayoq Skobelev shahar hokimi V. D. Doriomedov «Znamya svabodo‘» gazetasida Muxtoriyatchilarga hayrihohlik bildirib, «rus bolsheviklari har qanday muxtoriyatni tan olmadi va mazlum xalqlar o‘z huquqlari va taqdirlarini haqiqatan o‘zlari belgilamoqchi bo‘lganlarida bunga yo‘l qo‘ymadi» deb yozgan edi.

Turkiston muxtoriyatiga nisbatan adolatsiz siyosatni ba’zi-bir bolshovoy arboblarning o‘zlari ham tanqid qilgan edilar. Jumladan, Sho‘rolar istibdodi arboblaridan D.F.Manjara bunday degan edi: «Milliy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli Qo‘qon muxtoriyati vujudga keldi… Uni yo‘qotish payti yana bir xatoga yo‘l qo‘ydik. Qurol-yarog‘i deyarli bo‘lmagan muxtoriyatchilar joylashgan Eski shaharni qamal qilish o‘rniga biz to‘plardan o‘qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to‘dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish, qirg‘in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo‘lmagan tinch aholi katta zarar ko‘rdi».

Turkiston muxtoriyatini qonga botirilganligining eng asosiy va bosh aybdori V.I.Lenin bosh bo‘lgan sho‘rolar hukumati va Kommunistik firqadir, qolaversa Markaziy hukumatining Turkiston filiali va uning qonxo‘r va jallod malaylari bo‘lmish, endigina 26 yoshga to‘lgan Kolesov rahbarligidagi Turkiston Xalq Komissarlari hukumati va uning a’zolaridir. Bu hukumat a’zolarining deyarlik barchasi mahalliy musulmon xalqlarga nafrat va shovinistik ruhi bilan sug‘orilgan va ongi zaharlangan shaxslar edilar. Favqulodda Komissar Pyotr Kobozevning e’tiroficha «Rais Fyodr Kolesov sanalgani bilan barcha ish Uspenskiy qo‘lida edi. Uspenskiy esa ashaddiy monarxist shovinist edi. Uning «O‘rtoq musulmonlar! shuni qulog‘ingizga quyib olingki biz sizning og‘alaringizmiz, sizlar uka bo‘lasizlar, tushunarlimi, bizga bo‘ysunushga majbursiz» «degan so‘zlaridan ham bu shaxsning ichki dunyosi ko‘zga yaqqol tashlanib turar» edi. Yoki Turkiston XKK a’zolaridan biri Pavlichenkoning quyidagi so‘zlariga e’tibor qiling: «Biz o‘zimizni inqilobning ilg‘or otryadi, eng ongli va komil jangchilari deb bilamiz va siyosatga g‘o‘r bo‘lgan musulmon mehnatkashlarning yetakchisi bo‘lishni burchimiz deb bilamiz. Musulmonlarga biron narsani topshirish niyatida emasmiz»[11].

Qo‘qon fojeasida asosiy aybdor Lenin va Stalin boshliq bolsheviklar firqasi va sho‘ro hukumati ekanligi ta’kidlanadi. Bu ayb uchun Qo‘qon xalqiga, butun Turkiston xalqiga murojaat etib, musulmon aholisidan uzr so‘rashni zarurligini hatto 1919 yil 9 mayda Lenin huzurida bo‘lgan afg‘on-hind delegatsiyasi boshlig‘i, Muhammad Barakatulloxon (Sobir Yusupov ham birga edi) ham og‘zaki, ham yozma ravishda bayon etgandi. Ammo din insoniy xislat mustamlakachi va qonxo‘r jallodlarga begona edi.

Turkiston va Boshqirdiston milliy Muxtor hokimiyati ag‘darib tashlangandan keyin milliy masalalar bo‘yicha Sho‘ro Xalq komissarligi 1918 yil aprelida Qozon, Ufa, Yekaterinburg, Turkiston va boshqa mahalliy sho‘rolar uchun «Sho‘ro hokimiyatining vazifalari» degan murojaat e’lon qildi. Unda sho‘ro rahbariyatining tub maqsadlari  bayon qilindi: «Markazda boshlangan inqilob chekka o‘lkalarga, ayniqsa Osiyoga ancha kech yetib keldi. Turmush va tilning o‘ziga hosligi, hamda chekka viloyatlarning iqtisodiy qoloqligi bu yerlarga sho‘ro hokimiyatining kirib kelishini qiyinlashtirdi. Bultur (1917 yil) noyabr va dekabr oylarida Volga bo‘yi tatarlari, boshqirdlar, qirg‘izlar (qozoqlar) va Turkistonliklar orasida paydo bo‘lgan Muxtor burjua guruxlari inqilob davomida qadamba-qadam qurolsizlantirildilar. Bu ish ularni xalq ommasidan tamomila ajratib tashlash va ommani sho‘ro atrofiga jipslashtirish maqsadida amalga oshirildi. Ularning Muxtoriyatini olib qo‘yish, ushbu  jirkanch burjuychilardan tozalashni boshlash va burjua Muxtoriyatini Sho‘ro Muxtoriyatiga aylantirish zarur»[12].

Sho‘ro rahbariyatinining milliy asosdagi Muxtoriyat emas, balki Sho‘ro negizidagi Muxtoriyat tarafdori ekanligi masalasi hattoki RSFSRning 1918 yil 10 iyulda qabul qilgan konstitutsiyasida ham o‘zining yaqqol ifodasini topdi. Konstitutsiyaning 8-paragrafining 4-bandida bunday deyilgan: «Har bir millatning ishchi va dehqoniga Muxtor Hokimiyat yoki boshqa Muxtor Sho‘ro tashkilotlari ishida ishtirok etmoqchi yoki yo‘qmi, va u qaysi negizdagi muxtoriyatda ishtirok etmoqchi, shuni o‘zi hal qilishi huquqi berib qo‘yilgan»[13].

Xullas, Turkiston muxtoriyati uchun kurash mamlakatimiz xalqlarining milliy istiqlol uchun, erk va ozodlik uchun olib borgan mardonavor va jasoratli kurashining eng yorqin sahifalaridan biri sifatida Vatan tarixidan o‘rin oldi. Vatanparvarlik tarbiyasining o‘rnak va namuna olsa arzigulik bu satrlari muxtoriyatchilar va ularning jasoratlari mamlakatimiz fuqarorlari, xususan yosh o‘g‘il-qizlarimiz qalbida qanchalik mehr-muxabbat uyg‘otsa, Turkiston muxtoriyatchilarini qonga botirgan va ularni tengsiz jangda qirg‘in qilgan shovinist Rossiya sho‘ro saltanati mustamlakachilariga nisbatan ham shu qadar nafrat va g‘azablarini tug‘yon urdiradi.

Elmurod Zokirov

«Turkiston Muxtoriyatini ag‘darish chog‘ida sovetlarning yerli xalqqa nisbatan qo‘llagan qatag‘on siyosati» BMI. 2-qism

[1] A’zamxo‘jayev Saidakbar. Turkiston muxtoriyati. T. «Fan», 1993, B.50.

[2] A’zamxo‘jayev Saidakbar. Turkiston muxtoriyati. T. «Fan», 1993, B.49,50.

[3] O‘sha asar.

[4] O‘zbekiston tarixi. (1917-1993 yillar). Ilmiy muharrir O‘zbekiston F A Akademiyasi A.Asqarov-T: O‘qituvchi, 1994, 32-bet.

[5] O‘zbekistonning yangi tarixi.Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ilmiy muxarrir M. Jo‘rayev.- T. : Sharq, 2000.

[6] Usmonov Q. Sodiqov M. O‘zbekiston tarixi. (1917-1991 yillar). “Sharq”, T. 2004.

[7] A’zamxo‘jayev Saidakbar. Turkiston muxtoriyat. 149-bet.

[8] Shamsutdinov R.T. Karimov Sh. O‘zbekiston tarixidan materiallar. Andijon, 2004.

[9] Zakiy Validiy. Xotiralar. «Sharq yulduzi», 1993 yil. 7-8-son, 165-166-betlar 

[10] O‘zbekiston tarixi (1917-1991 yillar). D.A. Alimova taxriri ostida. T.: Sharq, 2002.

[11] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.

[12] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.

[13] O‘sha asar.

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 56 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan