Bosh sahifa » Tarix » Buxoroning bombardimon qilinishi (1920 y.)
Бухорода ёнғин. Қизил армия ҳужуми оқибати (аэропланда олинган сурат)

Buxoroning bombardimon qilinishi (1920 y.)

Sovet Rossiyasi harbiy kuchlari tomonidan 1920 yil 2 sentyabrda Buxoroda amirlik ag‘darib tashlanib, xalq respublikasi tuzilgani eʼlon qilindi. Hokimiyatga rasman “Yosh buxoroliklar” yetakchilari kelgan bo‘lsa-da, mamlakat amalda bolsheviklar qo‘liga o‘tdi.

Buxoroni bosib olish rejasi yil boshidayoq pishib yetilgan edi. May oyi avvalida Moskvaga kelgan Turkkomissiya aʼzolari Sh. Eliava va Ya. Rudzutak RSFSR tashqi ishlar vaziri G.V. Chicheringa “Turkkomissiya ertagayoq Buxoro amirligining mustaqilligini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi” degan bayonotni topshiradi. 1920 yil 22 mayda RKP(b) MK byurosi Buxoroga hujum qilish to‘g‘risidagi Turkkomissiya aʼzolari fikrini maʼqullaydi.

Turkiston fronti qo‘shinlari qo‘mondoni M.V. Frunze Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarni tezlashtirishni so‘rab, 1920 yil 31 iyulda V.I. Leninga telegramma jo‘natganida, RSFSR qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni S.S. Kamenev “Qulay fursatda boshlashga ruxsat beriladi”, deya qisqa javob yo‘llagan. Bolsheviklarning yolg‘on shiorlari va vaʼdalariga ishongan Fayzulla Xo‘jayev amirlikni ag‘darish uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l M.Frunze qo‘mondonligidagi qizil qo‘shinlardan “yordam so‘rash” deb bildi (O‘zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Toshkent, 2000. 127–128-betlar).

1920 yil 12 avgustda M. Frunze amirlikni tugatish maqsadida Samarqand-Buxoro frontini shakllantirishga buyruq berdi. Shu tariqa amirlik chegaralarida 7 000 piyoda, 2 500 otliq askar, 5 ta og‘ir to‘p, 35 ta yengil to‘p, 206 ta zambarak, 5 ta broneavtomobil, 5 ta bronepoyezd va 11 ta aeroplan urushga shay holatga keltirildi. Qiyoslash uchun, o‘sha paytda Amir Olimxon ixtiyorida 15 ming sarboz, 55 ta eski to‘p va 12 pulemyot bor edi, xolos. 16-18 avgustda Chorjo‘yda Buxoro kommunistlarining 4-qurultoyi o‘tkazilib, amirga qarshi isyon ko‘tarish rejasini qabul qildi (Q.Rajabov. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash: tarix haqiqati (1920–1924 yillar). Toshkent, 2002. 12-bet).

Bolsheviklar bu makkorona rejani amalga oshira boshladi. Tarixda “yalpi qo‘zg‘olon” deya nomlangan soxta harakat 1920 yil 23 avgustda Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjo‘y yaqinidagi Saqor bozorini ishg‘ol qilishi bilan boshlandi. Beshim Sardor va Chorjo‘y kommunistlari Eski Chorjo‘yni egallab, yuzdan ortiq amaldorlarni qamoqqa olishdi. Chorjo‘y bekligi g‘aznasi Chorjo‘y revkomi va yangi hukumat ixtiyoriga o‘tdi. Kelishuvga ko‘ra, shu kuni Chorjo‘y revkomi “Butun Buxoro xalqi nomidan” “Turkfront”ga yordam so‘rab murojaat qildi. Vaholanki, Buxoro xalqi qurultoy qaroridan ham, Beshim Sardor isyonidan ham butkul bexabar edi. Buxoro taqdiri qizil qo‘shin inon-ixtiyoriga topshirilgandi.

M. Frunze “yordam” to‘g‘risidagi murojaatni olgach, qo‘shinlarini 4 ta zarbdor guruhga bo‘ldi. Samarqand guruhi 29-30 avgustda Shahrisabz-Kitob yo‘nalishida harakatlanib, Qarshi va G‘uzorni egallashi, Kattaqo‘rg‘on guruhi esa Xatirchi, Ziyovuddin va Karmanani olishi, Chorjo‘y guruhi Eski Chorjo‘yni egallab, Afg‘oniston bilan chegaralarni nazorat qilishi, Forob va Qorako‘lni zabt etib, qo‘shimcha buyruqni kutib turishi lozim edi. Kogon guruhiga Eski Buxoroni ishg‘ol qilish, Amir Olimxonni asir olish va Arkdagi xazinani qo‘lga kiritish yuklangan edi.

1920 yil 29 avgustda Eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq hujumga uchradi. Qarshi darvozasigacha kelgan temiryo‘lda turgan bronepoyezd va Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinidagi to‘plardan 1-2 sentyabr kunlari shaharga 12 000 ta snaryad uloqtirildi. 11 ta aeroplan shahar ustiga uch kun davomida betinim bomba yog‘dirib turdi. Buxoro hatto kimyoviy snaryadlardan o‘qqa tutildi.

Qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kilogramdan ortiq porox ko‘milib portlatildi. Qulagan darvozalardan qizil askarlar shaharga mo‘r-malaxday bostirib kirdi. Ko‘cha janglari boshlanib ketgach, Amir Olimxon shahar obidalarini va aholini omon saqlash maqsadida poytaxtni tark etdi. Sovet aeroplanlari uni qidirib topish bahonasida shahar atrofidagi qishloqlar, tarixiy obidalardan Sitorai Mohi Xosani bombardimon qildi. 2 sentyabrda qizillar Arkka qo‘rg‘oniga bayroq tikdi (Q.Rajabov. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash: tarix haqiqati (1920–1924 yillar). Toshkent, 2002. 12–13-betlar).

Shafqatsiz o‘q yomg‘iri va bombardimon natijasida shahar obidalarining beshdan bir qismi vayron etilib, minglab begunohlar nobud bo‘ldi. Voqealar shohidi Muhammad Ali Baljuvoniy “Tarixi Nofeiy” (“Foydali tarix”) asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Buxoroni bosib olish natijasida 34 ta guzar, 3 000 dan ortiq do‘kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob bo‘ldi. Minorai Kalonga ham zarar yetib, Olimxon va Mir Arab madrasalari yonib ketdi… Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, O‘g‘lon darvozasi, Masjidi Kalon, Zindondan To‘qumdo‘ziy hammomigacha, minora ostidan to So‘zangaron dahasi, Gulbozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib bitdi… Shaharda 3 000 ga yaqin hovli kul bo‘ldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob bo‘lganini hech bir tarix ko‘rmagan edi” (Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy (Foydali tarix). Toshkent, 2001. 70–71-betlar).

Turkiston fronti qo‘mondonligi Buxoroni bombardimon qilish uchun maxsus aeroplanlarni ajratgan. Mahalliy aholi ularga “temir quzg‘unlar” deb nom bergan edi. Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahri atrofida maxsus qurilgan aerodromda joylashgan “Farman”, “Farsal”, “Sopvich”, “Nyupor”, “Vuazen”, “Albatros” rusumidagi aeroplanlarga Yangi Chorjo‘ydagi 25-aviaotryad uchuvchilari o‘z samolyotlari bilan yordamga yetib kelgan.

Buxoroni havodan bombardimon qilishda faollik ko‘rsatgan uchuvchi N. Fausek (1919–1923 yillari Turkiston fronti tarkibidagi 43-razvedkachi aviatsiya otryadi harbiy uchuvchisi sifatida milliy ozodlik harakatiga qarshi ko‘plab harbiy tadbirlarda, jumladan, Farg‘ona vodiysida ham tinch aholi va istiqlolchilarni qirishda qatnashgan; 1937 yil 20 dekabrda qamoqqa olinib, NKVDning Moskvadagi Kommunarka maxsus obyektida 1938 yil 15 martda otib tashlangan. O‘sha kuni xuddi shu yerda Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromov qatl etilganini ham diqqatdan qochirib bo‘lmaydi) eslashicha, Stepanov, Stolyarov, Fausek, Irin, Zelenskiy, Laskin kabi uchuvchilar aeroplanlardan Buxoro shahriga bir necha marta ko‘plab bombalar tashlagan.

Bombardimonning ikkinchisida har biri 64 kilogramm keladigan aviabombalar bir necha yuz metr balandlikdan to‘ppa-to‘g‘ri “Amirning beadad boyliklari to‘plangan qordek oppoq saroyi”ga yog‘dirilgan (A. Bobunov. Nad Buxaroy (po vospominaniyam tov. Fauseka) // Voyna v peskax. Materiali po istorii grajdanskoy voyni k XII tomu. Grajdanskaya voyna v Sredney Azii. Pod redaksiyey M.Gorkogo, Vs. Ivanova, I. Minsa, F. Kolesova. Moskva, 1935. S.299). Nikolay Fausek boshqargan “Farman” turidagi bombardimonchi aeroplan o‘z yuklarini shaharga “muvaffaqiyat” bilan tashlab, hammadan keyin qaytib ketgan.

Yana N. Fausekning esdaliklariga murojaat qilamiz: “Biz Buxoroni bombardimon qildik. Qadimiy amirlikni vayron etib tashladik. Xususan, mashhur “Ajal minorasi”ga (1127 yili Qoraxoniylar sulolasining mashhur xoqoni Muhammad Arslonxon tomonidan qurdirilgan Arslonxon minorasi ko‘zda tutilmoqda. XX asrdan boshlab tarixiy adabiyotlarda yanglish ravishda Minorai Kalon deb yuritilmoqda) tushgan bomba, garchi mohiyatan bu minoraning mo‘ljalga olinishi biz uchun mutlaqo foydasiz bo‘lsa-da, bizga alohida zavq-shavq bag‘ishladi… Uchib borar ekanman, pastda bir masjidni ko‘rib qoldim, men go‘yoki gumbazni qo‘porib tashladim, deb maqtandi bir uchuvchi. Biz miriqib kuldik. Shu-shu, uchuvchining laqabi “Gumbaz” (“Kupol”) bo‘lib qoldi” (Voyna v peskax. S. 303).

Xotiralarda qayd etilishicha, Buxoroni osmondan turib yakson qilishni tezroq tugatish maqsadida hamda bombalar va to‘p o‘qlari aniq mo‘ljalga tushishi uchun shahar osmoniga maxsus aerostatlar uchirilgan. Aviatsiya qo‘mondoni “benzin va bomba tugagunga qadar” shaharni bombardimon qilishga buyruq bergan. Toshkentdagi Turkiston harbiy okrugi muzeyining sovet hokimiyati yillarida namoyish etilgan ko‘rgazmalarida ko‘rsatilishicha, N. Laskin degan uchuvchi hujum paytida Buxoroga 26 pud (1 pud – 16,3 kilogramm) bomba tashlagan ekan.

Shaharning ayovsiz bombardimon qilinishi hujumning uchinchi kuni ham davom etdi: “Amirning shahar chekkasidagi qarorgohi Sitorayi Mohi Xossani (ruscha matnda “Sattar-Maxasu” deb xato ko‘rsatilgan) bombardimon qildik. Amirning hidi kelgan hamma joy va hamma narsani vayron etdik” (Voyna v peskax. S. 305). Holbuki, amirning yozgi qarorgohi bo‘lgan Sitorayi Mohi Xossa saroyi hech qanday harbiy ahamiyatga ega bo‘lmay, bu yerda Amir Said Olimxonning harami joylashgan edi.

Buxoro amirligiga bosqin uyushtirgan qizil armiya rahbarlaridan biri, Kogon qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni, zaxiradagi general-mayor V. Klementev “Sovet Turkistoni uchun” (nomlanishini qarang) kitobiga kiritilgan “Amirlikning yemirilishi” xotiralarida Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan Arki Oliy, undagi minora va gumbazlar, masjidlar va mezanalar vayron etilgani to‘g‘risida harbiylarga xos bo‘lmagan maqtanchoqlik va kibr bilan yozadi (V.G. Klementyev. Krusheniye emirata // Za Sovetskiy Turkestan (Sbornik vospominaniy). Tashkent, 1963. S. 457–465).

Bosqinchi, albatta, o‘zi bosib olgan yurtni o‘z mulki deb hisoblashi tabiiy hol: “Arkning oppoq tosh va marmar minoralari, asosiy saroyi yuzlab chaqirim naridan ko‘rinib turardi. Bombardimonda Arkning asosiy mezana va minoralari vayron qilib tashlandi… 1 sentyabr kuni soat uchlarga yaqin Qarshi darvozasining chaprog‘ida devor osti chuqur kovlanib, 52 pud keladigan portlovchi modda ko‘milgani va portlatish uchun tayyorlab qo‘yilgani haqida muhandis maʼlumot berdi. Darvozaning portlatilishi soat besh yarimga mo‘ljallangan bo‘lib, qolgan ikki soat mobaynida shaharni to‘plar va zambaraklar hamda aeroplanlardan qattiq bombardimon qilishga tayyorgarlik uchun ajratildi” (Za Sovetskiy Turkestan. S. 462).

Qarshi darvozasi portlatilgandan so‘ng, 1 sentyabr kechqurun qizil askarlar Buxoro shahriga bostirib kirgan. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb atadilar. Qizillar Arkdagi amir xazinasi, Buxoro qozikaloni, qushbegi va boshqa amaldorlarning boyliklarini talon qildilar. Sovet askarlari va qo‘shin rahbarlari bu talon-torojlikdan behad-behisob boylik orttirishdi. Turkiston fronti inqilobiy-harbiy byuro “uchligi”ning aʼzosi A.Mashiskiyning 1920 yil sentyabrda V.I. Leninga yozgan maʼlumotnomasida shahar markazi yakson qilingani, Registon va Ark yondirilgani, Ark yerto‘lalarida va omborxonalaridagi boyliklar – oltin, kumush, olmoslar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar berilgan (RGASPI, f. 122, op. 3, d. 21, l. 195).

Amirlik xazinasi va boshqa boyliklar ortilgan ikki eshelon (har birida 14 tadan vagon bo‘lgan) yuk Toshkent orqali Moskvaga yo‘l oldi. Ulkan boyliklarni o‘margan M. Frunze Moskvaga qaytib borganda, chekistlar tomonidan Qozon vokzalining o‘zidayoq qamoqqa olindi (Qarang: Q.Rajabov. Buxoro oltinlari taqdiri yoxud “o‘rtoq Frunze ishi” // “Buxoro mavjlari” jurnali, 2004, №4. 25–26-betlar).

Qariyb 15 sentyabrgacha davom etgan talov guvohi bo‘lgan Turkkomissiya vakili G. Safarov: “Buxoroga kelgan qizil qo‘shinlar eng avvalo talonchilik bilan shug‘ullandi. Ular hammani va hamma narsani taladi. Umuman, qizillar Buxoroni talash uchun kelgandi”, deb yozgandi (G.I. Safarov. Kolonialnaya revolyutsiya (Opit Turkestana). Moskva, 1921. S. 94).
Qizil askarlar amirlik tarkibidagi 27 ta beklikni ham birin-ketin egallagach, Buxoro amirligiga barham berilgan, uning hududida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgan (Q.Rajabov, S.Inoyatov. Buxoro tarixi. Toshkent. 2016. 136-140-betlar).

Miloddan oldingi III asrda Puni urushlari chog‘i bosqinchi Rim imperiyasi lashkari qadimiy Karfagen shahrini qanday vayron etgan bo‘lsa, sovet Rossiyasi qo‘shini ham qadim Buxoroni ana shunday talon-toroj qildi. Shahar hatto arablar (Qutayba) va mo‘g‘ullar (Chingizxon) bosqini davrida ham bu qadar qattiq xarob aylanmagan, tarixiy yodgorliklar buzib tashlanmagan, o‘n minglab begunoh tinch aholi nobud bo‘lmagan edi!

Qahramon RAJABOV,
tarix fanlari doktori, professor,
Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi

Manba

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 537 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan