Bosh sahifa » Bilasizmi? » Bo‘ka – arxeologiya yodgorligi

Bo‘ka – arxeologiya yodgorligi

BO‘KA – arxeologiya yodgorligi. Qorasuv kanalining o‘ng sohilida, hozirgi Bo‘ka shahrining shimoliy chekkasida joylashgan. Maydoni 6 gektar, balandligi 20 m keladigan tepalik ko‘rinishida saqlangan (qadimda shahar 10 gektardan ortiq hududni egallagan). Qadimiy ark (hisor), vayronaga aylangan shahristonning bir qismidan iborat. Yodgorlikda qazishmalar o‘tkazilmagan, lekin dastlabki to‘plangan arxeologik materialga ko‘ra unda hayot milodning dastlabki asrlarida vujudga kelgan. Ilk o‘rta asrlarda bu yerda mustahkamlangan shahar shakllangan. 9–12-asrlarda shahar ravnaq topgan, bunga uning Chochdan Iloq va Farg‘onaga, Farak (Chirchiq) vodiysidan Iloq (Ohangaron) vodiysiga boradigan yo‘lda joylashgani sabab bo‘lgan. Bu yo‘lda, shuningdek, Bisket va Samsarak shaharlari ham joylashgan. Arxeolog M.Ye.Masson Bo‘kani o‘rta asrlardagi Samsarak o‘rnida bo‘lgan deb hisoblagan. Bo‘kadan kulolchilik ustaxonasi izlari, ajoyib sirlangan sopol buyumlar, jez chiroqdonlar, qoraxoniylar davri tangalari, shisha idishlar topilgan. Shahar 13-asr boshlarida mo‘g‘ullar istilosi natijasida vayron bo‘lgan. Keyinchalik uning o‘rnida va janubda vujudga kelgan manzilgoh 16–19-asrlarda yirik qishloqqa aylangan.

“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini kim aniqlagan?

Post Views: 130 Bu savolga barcha birdek “Vasiliy Lavrentevich Vyatkin” deb javob beradi. To‘g‘ri, ushbu …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan