Bosh sahifa » Tarix » Bodavlat, Otaliq g‘oziy – Muhammad Yoqubbek haqida

Bodavlat, Otaliq g‘oziy – Muhammad Yoqubbek haqida

Yoqubbek botirning qabrda kesilgan boshi

Qo‘qon xonligi tarixida Muhammad Yoqubbek (xalq orasidagi laqabi – Bodavlat, Otaliq g‘oziy)ning nomi tez-tez uchrab turadi. Asli Toshkent yaqinidagi Pskentda Qurama qozisi Pirmuhammadbek oilasida dunyoga kelgan Muhammad Yoqubbek yigitlik davrida Qo‘qon xonligi askari xizmatiga olinadi. Harbiy isteʼdodi va xizmatlari uchun u oldin Xon o‘rdasi botirboshisi, ellikboshi, yuzboshi va ponsod (besh yuz sonli qo‘shin boshlig‘i) darajasiga ko‘tariladi. Maʼlumki, o‘sha paytda Qo‘qon xonligining hududlari Toshkent, Chimkentdan to shimoldagi Oqmasjid shaharlarigacha bo‘lgan edi, shu boisdan Yoqubbek dastlab Chinoz hokimi bo‘lsa, keyinchalik Avliyo ota va Oqmasjid hokimi etib tayinlanadi va uning harbiy faoliyati shu hududlarda o‘tadi. Bu davrda Chor Rossiyasi Qo‘qon xonligiga qarashli yerlarga ko‘z tikib, ularni bosib olish payiga tushadi va harbiy qo‘shin yo‘llaydi. Oqmasjid hokimi etib tayinlangan Yoqubbek rus askarlariga qarshi mardlarcha kurash olib boradi. Ammo afsuski, oqmasjidliklarga Qo‘qondan yordam kelmaydi, natijada Qo‘qon xonligining eng shimoliy qalʼasi qo‘ldan ketadi.

Aytishlaricha, bu haqda o‘sha paytdagi Qo‘qon xoni Xudoyorxonga xabar yetganda u “Oqmasjidgacha necha kunlik yo‘l?” – deb so‘ragan ekan, “Bir oylik” deb javob berishganda esa xon “O‘h-ho‘, shunchalik uzoqmi, unday bo‘lsa qo‘ldan ketsa ketar”, deb javob qaytargan ekan. Bu paytda Qo‘qonga kelgan Yoqubbek xonlikning katta bir viloyati – Xo‘jandga hokim etib tayinlanadi. Ammo ko‘pni ko‘rgan sarkardaga Qo‘qon taxtiga o‘tirgan Xudoyorxonning davlat siyosati yoqmaydi va unga qarshi ish boshlaydi va xonni oradan ko‘tarish rejasini tuzadilar. Ammo bu reja amalga oshmaydi va natijada Yoqubbek Xo‘jandni tashlab Buxoroga ketadi, Xudoyorxon taxtdan tushirilgach u Qo‘qon taxtiga o‘tirgan Sulton Sayidxon (Xudoyorxonning akasi – Mallaxonning o‘g‘li) xizmatiga kiradi va bu davrda xonlikda asosiy davlat odami bo‘lgan Alimqul dodhoh bilan birgalikda shimoldagi rus bosqinchilariga qarshi kurashga otlanib, qahramonliklar ko‘rsatadi. Yoqubbek Alimqul dodhoh bilan birlashib Toshkentda rus bosqinchilariga qarshi janglarda ishtirok etadi. O‘sha davr kishilarining fikricha Yoqubbek botir bu janglarda oxirigacha qatnashganda Toshkent qo‘ldan ketmasligi mumkin bo‘lar ekan. Shu asnoda Qo‘qon xonligiga qarashli bo‘lgan Qashqar tarafdan muhim xabar keladi, bu yerda xitoy-manjur bosqinchilariga qarshi kurash olib borish va Qo‘qon xonligi hududlarini saqlab qolish zarurati tug‘iladi va Yoqubbek bu davlatga voris bo‘lgan Buzrukxo‘ja degan amaldorning harbiy yordamchisi sifatida Qashqarga keladi. Ammo Buzrukxo‘janing davlat boshqaruvida qobiliyati yo‘qligi tufayli Muhammad Yoqubbek Yorkentda hokimiyatni qo‘lga oladi va qo‘shni yettita shaharni qo‘lga kiritib, Yetti shahar davlatiga asos soladi. Bu o‘sha davrda Qo‘qon xonligiga qarashli mazkur hududni o‘ziniki qilib olishga tayyor turgan Xitoy-manjur xonligi uchun kuchli zarba bo‘ladi. Yoqubbek botir bu yerda davlat tizginini mahkam tutib, yerli aholini xitoylar zulmidan qutqarib qoladi. Toshkent Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan egallangach ruslar iskanjasidan qochgan minglab harbiy sarkardalar, din arboblari, Qo‘qonning ko‘zga ko‘ringan kishilari Yoqubbek huzuriga kelishib jon saqlashgan va unga xizmat qilishgan.

Yoqubbek Qashqarni Qo‘qon xonligiga qarashli davlat deb bilgan va Qo‘qon xonlari Mallaxon hamda Sulton Sayidlar nomidan tilla tanga chiqargan. Shuningdek, u Qo‘qon va Buxorodagi mashhur usta meʼmor va naqqoshlarni ham oldirib kelib Yetti shaharning turli shaharlarida madrasalar, karvonsaroylar va boshqa binolar qurilishida ishlatgan. Muhammad Yoqubbek Pskent, Toshkent, Oqmasjid, Xo‘jand, Avliyo ota, Qashqar, Yorkent, Xo‘ton, Kurla, Uchturfon, Makka, Madina kabi shaharlarda masjidlar, maktablar, turli binolar qurdirgan. U o‘z davridagi atoqli ulamolar, shoirlar, o‘qimishli kishilarni qabul qilib, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berib turgan. Shuningdek, aholining turmushi yaxshi bo‘lishi uchun tirishgan va adolatli hukm yuritgan. Aytishlaricha, u o‘sha paytda ham mavjud bo‘lib kelgan quldorlik tartiblariga chek qo‘ygan, aholiga qullar ushlash va ulardan foydalanishni man qilgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, u Turkiston general-gubernatori Fon-Kaufman bilan Turkiston va Yetti shahar mamlakatlarining chegaralari xususida muzokaralar olib borgan. Muhammad Yoqubbek Rossiya imperiyasi, Xitoyning Chin imperiyasi, Angliya, Turkiya, Turkiston general-gubernatorligi bilan o‘zaro siyosiy-diplomatik, iqtisodiy munosabatlar o‘rnatgan edi. Xullas, Yoqubbek g‘oziy o‘zining Yetti shahar davlati boshlig‘i sifatidagi o‘n uch yillik hukmronligi davrida adolatli siyosat olib bordi va xalq hurmatini qozona oldi.

Turgan gapki Yoqubbek dodhohning mamlakat mustaqilligi va ravnaqi uchun olib borgan kurashi uning qo‘l ostidagi baʼzi ochko‘z, o‘zbilarmon amaldorlarga yoqmaydi va ular xalqparvar hokimga qarshi fitna tayyorlaydilar. Natijada u 1877 yilda Xo‘tan begi Niyoz hakim tomonidan zahar berib o‘ldiriladi. Shuni aytish kerakki, Yoqubbekning Qashqardagi hukmdorligiga jon-jahdi bilan qarshi bo‘lgan yon qo‘shni − Xitoy-manjur xonligi ham undan qutulish tarafdori edi. Balki bu fitna aynan shu makkor qo‘shnilar qutqusi bilan amalga oshirilgan bo‘lishi ham mumkin edi. Shu boisdan uning o‘limidan so‘ng – 1878 yilda Yetti shahar mamlakati xitoylar tomonidan bosib olinadi. Ular o‘zlarining ashaddiy dushmani bo‘lgan Yoqubbekni Manjur hoqonining amriga itoat qilmaslikda, hoqonga qo‘l ko‘tarishda va isyonkorlikda ayblab, eng oliy jazo berishni, yaʼni boshini tanasidan judo qilib, jasadini va go‘rini yoqib tashlashni buyurdilar. Mazkur hukmga binoan, Yoqubbekning qabrini ochib jasadini chiqarib olib, ne kaltabinlikni ko‘ringki, o‘lgan kishi yaʼni jasadning ustidan sud marosimini o‘tkazdilar va hukmga ko‘ra jallod hali butun saqlangan jasaddan boshini chopib oladi. So‘ngra manjurlar Muhammad Yoqubbekning boshini Qashqar shahrining asosiy darvozasiga osib, jasadni esa kuydirib tashlashdi. Bosqinchilar o‘z millati mustaqilligi uchun kurashgan bu oliyjanob insondan shu tariqa shafqatsizlarcha o‘ch olishgan edi. Ammo vatanparvar arbob Yoqubbek botirning nomi erksevar ajdodlar xotirasida abadiy qoldi. Muhammad Yoqubbek haqida ko‘plab tadqiqotchilar, jumladan, Angliyalik Robert Shou, Forsayt, koreyalik Kim Xodong, qozog‘istonlik Dovud Isiyev, rossiyalik N. Tixonov va boshqalar maqolalar yozishgan.

Biz buyuk ajdodimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirish bilan birlikda uning faoliyati borasida internet tarmog‘ida maqola yozib ko‘pchilikka tanishtirgan tadqiqotchilar Sherali Qo‘ldashev va Abduxoliq Aytboyevlarga tashakkur aytib, ushbu achchiq hikoyamizga nuqta qo‘yamiz.

Muxtor XUDOYQULOV
“HURRIYAT” gazetasining 2021 yil 3 noyabr, 44-soni

O‘xshash maqola

Temuriylar xilxonasining ochilishi: Amir Temur, Shohrux va Mirzo Ulug‘bek byustining yaratilish tarixi, qabriga qaytarish unutilgan Bibixonim jasadi

Post Views: 383 Bu muhim tarixiy voqeaning ro‘y berganiga shu yilning iyun oyida roppa-rosa 80 …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan