XIX asr so‘ngi – XX asr boshida Xiva xonligida Muhammad Rahimxon II (1864–1910) hukmronlik qilgan davr o‘zining o‘rta asrlar anʼanalariga ergashishi va nisbatan konservativligi bilan ajralib turadi. Ayni holat sanʼat va adabiyotda ham namoyon bo‘lgandi1. Xivadan Toshkentga kelgan Komil Xorazmiy (1825–1899) bu shaharga atab sheʼr yozadi va unda Toshkentdagi taraqqiy etgan sharoitni Xiva xonligi (bu haqda ochiq gapirmasa-da) bilan bilvosita qiyoslaydi. Shu munosabat bilan biz maqolamizda ayni qasidaning vujudga kelishi konteksti haqida to‘xtalib o‘tamiz. Hozirgacha mazkur qasidaning to‘rtdan bir qismigina nashr qilinganligi sababli, biz ko‘proq Komil Xorazmiy devoni qo‘lyozmasiga va, o‘rni bilan, nashrga suyandik2. Ayni qasida hozirgacha atroflicha o‘rganilmagan.
XIX asr so‘ngida Xiva xonligidagi (1804–1920) madaniy va maʼnaviy hayotning rivojlanishda shoir, musiqashunos va davlat arbobi Pahlavonniyoz mirzaboshi – Komil Xorazmiyning (1825–1899) o‘rni katta bo‘lgan. Uning Toshkentga atalgan qasidasi baʼzi adabiyotlarda “Dar bayoni taʼrfi va tavsifi Toshkand” (Toshkent taʼrifi va tavsifi bayonida) deb ataladi3. Bu sheʼr Komil Xorazmiy devoni qo‘lyozmalarida va o‘sha davr Turkiston matbuotida keltirilib4, 50 bayt – 100 misra hajmga ega. Bizningcha, mazkur qasida 1898 yil kuzida – sentyabr oyi oxirlarida yozilgan3. Bunga sheʼrning o‘zida shoir Toshkentga kelganimda mezon (sentyabr) oyi edi, kun va tun bir xil uzunlikda edi (taxminan 23 sentyabrdan keyin), deb ishora qiladi:
Burji mezonda edi masnadnishin shohi Xo‘tan,
Ham barobar erdilar laylu-nahori Toshkand5.
Sheʼrning yaratuvchisi – Komil Xorazmiy ijod qilgan Xiva adabiy muhiti haqida: 1873 yildan Xiva xonligi Rossiya imperiyasiga qaram-vasal davlatga aylangach, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II tobe hukmdorga aylanib qoladi. Uning saroyida doim Rossiya davlati siyosiy vakillari mavjud bo‘lib, Muhammad Rahimxon II faqat ular roziligi bilangina tashqi siyosiy faoliyatini amalga oshirishi mumkin edi. Ayni erkin bo‘lmagan sharoit uning faoliyati va kayfiyatiga salbiy taʼsir o‘tkazadi.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, mana shunday bir sharoitda Komil Xorazmiy xonni musiqa va sheʼrxonlik kechalarini o‘tkazib chalg‘ishga va ovunishga qiziqtiradi: “Muhammad Rahimxon soniy Xorazm o‘lkasida o‘zidan boshqa kuchli va nufuzli yot bir quvvatni ko‘rgach, bir xili zamonlar muttaasir bo‘lib yurdi. O‘zini tasalli qilajak hech bir mashg‘ulot topmoqdin ojiz edi. Biroq oning atrofidagi odamlar, xususan musiqashunos Pahlavonniyoz Mirzaboshi xonning bu holini anglab, oni majlislar tuzmakka qiziqtirdi”6.
Shundan so‘ng Muhammad Rahimxon II o‘z saroyida sheʼriyat kechalari uyushtirishga boshlaydi. Xonning o‘zi “Feruz” taxallusi bilan sheʼrlar yozadi va sheʼriy devon tuzadi. U saroydagi mansabdorlardan ham sheʼriy ijod bilan shug‘ullanishni talab qiladi. Ahvol shu darajaga borib yetadiki, xon sheʼr yozmagan saroyi amaldorlarini jazolardi. Sheʼrxonlik kechalarida sheʼriy musobaqalar uyushtirilib, maqomlar ijro etilardi. Bu yig‘inlarda shoirlardan, ayniqsa, musiqa ijrochilardan kuy ijrosida yuqori darajadagi sanʼatkorlik mahorati talab qilinardi. Agar ijrochi biror xatoga yo‘l qo‘ysa, u Muhammad Rahimxon II tomonidan qattiq jazolanardi.
U ichki siyosat, saroy madaniy muhitini rivojlantirish yo‘li bilan o‘z kuchqudratini ko‘rsatishdan boshqa yo‘lga ega emasdi. Bunda hukmdor Xiva saroyi uchun Temuriy Husayn Boyqaro (1469–1506) davrini namuna sifatida tanlaydi va o‘z muhitini unga o‘xshatishga intiladi. Qizig‘i shundaki, Qo‘qon xonligida (1710–1876) ham XIX asr dastlabida Temuriylar madaniyatining uyg‘onish davri bo‘lgan Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy (1441–1501) zamonasiga o‘xshashga intilish mavjud bo‘lgan7. Yarim asrdan sal ko‘proq vaqtdan keyin Xiva xonligi ham shu yo‘lga kiradi va Qo‘qon adabiy muhiti bilan sheʼriyat sohasida g‘oyibona musobaqalashadi. Qo‘qonda 1821 yili Amiriy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan Qo‘qon xoni Umarxon (1810–1822) buyrug‘i bilan 70 dan ortiq shoir sheʼrlarini o‘z ichiga olgan “Majmuai shoiron” bayozi tuziladi. Bu majmuaga o‘xshash tarzda, Xivada 1908 yili 30 dan oshiq shoirlar sheʼrlaridan iborat “Madjmuai shuaroi Firuzshohiy” bayozi tuziladi.
Komil Xorazmiy sheʼrlaridan birida Feruz sheʼriy mahoratda Umarxon va uning saroyi shoiri Fazliy Namangoniylardan ancha ustun ekanligini taʼkidlaydi:
Komilo, shahanshohing nazmi gavharafshonin,
Ko‘rsa banda bo‘lg‘aylar Fazliyu Umarxonlar8.
Bu misol orqali XIX asr oxiridagi Xiva adabiy muhiti Qo‘qon saroyi muhitidan yuqoriroqda ekanligi taʼkidlanadi. Ayni vaqtda, o‘rta asrlar madaniy va sheʼriy anʼanalariga rioya qilib, ularni davom ettirayotgan Xiva adabiy muhiti Yevropa tipidagi yangiliklardan uzoq bo‘lib qolgan edi. Sababi, taʼkidlaganimizdek, Muhammad Rahimxon II anʼanaviy yo‘ldan borishni tanlagan edi. Shu sababdan 1910 yil Muhammad Rahimxon II dunyodan ko‘z yumib, o‘rniga o‘g‘li Isfandiyorxon (1910–1918) taxtga o‘tirgandan keyin mamlakatda sharoitni yangilash maqsadida katta islohotlar amalga oshiriladi.
1883 yilda Komil Xorazmiy Muhammad Rahimxon II bilan birga Moskva, SanktPeterburg shaharlarida bo‘lib, rus xalqi madaniyati va hayotini o‘rganadi hamda ilg‘or madaniyat, sanʼat namunalarini Xivada ham yo‘lga qo‘yish ishini xonga targ‘ib qiladi. Safardan qaytgach, u Xivada rus-tuzem maktabi ochilishiga rahnamolik qildi9. Xivadagi maktabda 1887 yilda 11 ta o‘quvchi taʼlim olgan. 1891 yilda Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Xivada ochilgan rus-tuzem maktabi to‘g‘risida “Turkiston viloyatining gazeti” shunday xabar bergan: “…Xiva mamlakatida Rusiya tilini o‘rganmoqning boshlanishini xohlab, Rusiya tilida taʼlim beradurgon maktabxona ochib, ul maktabda o‘n bola uchun joy va xarajat taʼmin qilinibdur. Ushbu yil aprel oyida Turkiston viloyatidagi tamomi Rusiya madarasasi va maktabxonalarining noziri…Xivaga borib …mazkur maktabni ko‘ribdur… Xon (Feruz) andin Xivaga bir o‘ris domlasi yubormoqni iltimos qilibdur. Shul sababdin Rusiya tili va ilmi hisobini o‘rgatmoq uchun ushbu yil Toshkand shahrida Uchitelskaya seminariyani juda yaxshi xatm qilg‘on qozoq musulmon Xusayn Ibrohim o‘g‘lini maktabxonaga domlalikka tayinlabdur”10. Bu esa Xiva anʼanaviy muhiti uchun, kichik bo‘lsa-da, islohot edi11. Yaʼni, o‘z vaqtida Feruzga sheʼriy kechalar o‘tkazib ovunishni maslahat bergan Komil Xorazmiy qarashlarida yangiliklar sari o‘zgarishlar yuz beradi: u Rossiya safaridan keyin maorif sohasida modernizatsiyaga intila boshlaydi.
1892 yili Komil Xorazmiy Toshkentga keladi va tipolitografiya, teatr, gimnaziya va maktablar, kasalxonalar, gazetalar muharriyati ishi bilan tanishadi. O‘rta asr anʼanalari ichida yashayotgan Xiva saroyi muhitidan Toshkentga kelgan shoir o‘z yurtdoshlari, butunlay yangi, zamonaviy bir sharoitda yashayotganlariga guvoh bo‘ladi.
Komil Xorazmiy 1898 yil sentyabda Toshkent shahridan olgan taassurotlaridan to‘lqinlanib, “Toshkent” radifli12 qasidasini yozadi. Unda Toshkent shahrini madh qiladi. Samarqand “yer yuzining sayqal topgan go‘zal maskani” (“Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast”) degan ibora mashhur bo‘lsa-da, Toshkent tog‘lari bilan chiroyda undan qolishmasligini qayd etadi:
Garchi debdurlar Samarqand sayqali ro‘yi zamin,
Xorij ondin ko‘horo uzra hisori Toshkand13.
Toshkentni go‘zallikda hech bir shaharga qiyoslab bo‘lmasligini taʼkidlaydi:
Loyiq ermas oni tashbih aylamak hech shahrga,
Aylasa har yerga tashbih o‘lg‘ay ori Toshkand.
Aylamak oni Buxorog‘a barobarkim base,
Yaxshidur asbi Buxorodin himori Toshkand14.
Xiva adabiy muhitida o‘z yurti Xorazmga bag‘ishlab, uni madh etib sheʼr yozish anʼanasi mavjud edi. Masalan, Munis Xorazmiyning (1778–1829)15 “Xorazm” radifli qasidasi mavjud. Yana Shaydoiy taxallusli shoir 1290/1873 yilda Xivani Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi haqida ham “Xorazm” radifli sheʼr yozgan16. Komil Xorazmiy Xorazmga atab maxsus sheʼr yozganligi bizga maʼlum emas. U “Toshkent” radifi asosida bu shaharni madh qilib qasida yaratish orqali Xiva adabiy muhitidagi mavjud anʼanaga amal qilgan.
Shoir Toshkent muhitidagi zamonaviy jihatlarga diqqatini qaratadi. Toshkentda erkagu ayollar sayr qilib yurganliklari, yaʼni odamlar uchun erkin sharoit mavjudligiga havas qiladi:
Sayr etarlar onda yuz ming erkaku qizu juvon,
Barchasi ilmu hunarda nomdori Toshkand17.
Bundan tashqari Komil Xorazmiy qasidasida Toshkentdagi zamonaviy buyum, narsalarga qoyil qolganligini taʼkidlaydi. Bular jumlasiga limonad ichimligi va fonar taʼriflarini kiritish mumkin.
Qisqasi, Komil Xorazmiyning Toshkentga bag‘ishlangan qasidasining vujudga kelishi faqatgina Xiva muhiti xususiyatlari fonida oydinlashadi. XIX asr so‘ngida ham hayotning ko‘pgina sohalarida o‘rta asr anʼanalari ichida yashayotgan Xiva muhitidan chiqqan Komil Xorazmiy uchun Toshkent shahri yangilangan (modern) sharoiti bilan katta taassurot qoldirgan. Xiva muhitidagi anʼanaviylik sabablarini biz yuqorida ko‘rib chiqdik. Ana shunday muhitning g‘arbona yangilanishlarni qabul qilishdan uzoqligi ham Komil qasidasi orqali ko‘rinadi. Komil Xorazmiyning Toshkentga bag‘ishlangan qasidasi zamirida Xivadagi anʼanaviy va Toshkentdagi modern muhitlarning bilvosita qiyoslanishi yotadi. Ayni paytda, Komil Xorazmiyning “Toshkent” qasidasini yaratishi Xiva muhitidagi anʼanaviylikdan uzoqlashish istagi mahsuli sifatida qaralishi mumkin.
A.C. Erkinov
Sopostavleniye traditsionnoy i modernizirovannoy sredi: kasida Kamila Xorezmi, posvyaщyennaya Tashkentu
Pokazano, chto xivinskaya sreda v konse XIX – nachale XX veka bila traditsionnoy. Proslejeno, kak vixodes iz etoy sredi poet Kamil Xorezmi (1825–1899) posle poseщyeniya v konse XIX v. goroda Tashkenta napisal kasidu-vosxvaleniye v yego chest, v kotoroy on neposredstvenno sopostavlyayet traditsionnuyu sredu Xivi s modernizirovannoy sredoy Tashkenta.
A.S. Erkinov
Comparison of the Traditional and Modernized Environment: Kasida of Kamil Khwarezmi Devoted to Tashkent
The Khivan environment in the end XIX – beginning XX centuries was traditional. The poet from Khiva Kamil Khvarezmi (1825–899) in the end XIX visits the city of Tashkent. It writes kasida-eulogy in honour of Tashkent. In it he mediocrely compares the traditional environment of Khiva to the modernized environment of Tashkent.
Havolalar:
1 Samoylovich A.N. شعرا شاهى پيرو فيروز٣٠ – مجمعSobraniye 30 sarskix poetov, soputstvuyuщix Firuz‘u. Xiva, 1909. 1638 s. in folio // Zapiski vostochnogo otdeleniya Imperatorskogo Russkogo Arxeologicheskogo obщyestva. T. 19, 1909. S. 0198-0209; Hartmann M. Das Buchwesen in Turkestan und die türkischen Drucke der Sammlung Hartmann. Mitteilungen des Seminars für Orientalische Sprachen. Jg. IV. Abt.2. Berlin, 1904. P.87,79; Bartold V.V. “Chagatayskaya literatura”. Sochineniya. T. V. M., 1968. R. 609; O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik. V tom. XIX asrning ikkinchi yarmidan 1917 yilgacha. Toshkent, 1978
2 Komil Xorazmiy. Devon. O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti fondi, №1025 (Bundan keyin – O‘RSHI); Komil Xorazmiy. Tanlangan sheʼrlar. Toshkent, 1961
3 Yunusov M. Komil Xorazmiy. Davri, hayoti va ijodi. Toshkent, 1960. 47-49-betlar; Karimov G‘. O‘zbek adabiyoti tarixi. Uchinchi kitob (XIX asrning ikkinchi yarmidan XX asr boshlarigacha). Toshkent, 1987, 179-bet
4 Komil Xorazmiy. Devon. O‘RSHI, №1025, 154b-156a. Sheʼrning oxiridagi “shumori Toshkand” so‘zlari orqali uning yozilishi tarixiga abjad hisobi orqali ishora qilingan. Keltirilgan so‘zlardan 1316 sanasi kelib chiqadi. Bu 1898 yilga to‘g‘ri keladi
5 Komil Xorazmiy. Tanlangan sheʼrlar. Toshkent, 1961. 41-bet.Baʼzi manbalarda bu sheʼr 1891 yili yozilgan deyiladi (Qobulov N. Xiva adabiy muhiti. Urganch, 1992. 72-bet). Komil Xorazmiy. Tanlangan sheʼrlar. Toshkent, 1961. 41-bet
6 Mulla Bekjon Rahmon o‘g‘li, Muhammad Yusuf Devonzoda. Xorazm musiqiy tarixchasi. Toshkent, 1998. 12-bet
7 Erkinov A. Imitation of Timurids and Pseudo-Legitimation: On the origins of a manuscript anthology of poems dedicated to the Kokand ruler Muhammad ‘Alī Khan (1822–1842) (http://www.nomadsed.de/calendar.html); Erkinov A. Un temoin important du mecenat de Muhammad-‘Ali khan, le manuscript Supplement persan 1446 de la BNF. In: Studia Iranica. 37, 2008. P.129-138; Erkinov A. Les timourides, modeles de legitimite et les recueils poetiques de Kokand. In: Ecrit et culture en Asie centrale et dans le monde turko-iranien, XIVe-XIXe siecles // Writing and Culture in Central Asia and in the Turko-Iranian World, 14th-19th Centuries. F.Richard, M.Szuppe (eds.), (Cahiers de Studia Iranica). Paris, 2008. R.285-330
8 Komil Xorazmiy. Tanlangan sheʼrlar. Toshkent, 1961. 30-bet; Matyaqubov O., Boltaboyev R., Aminov X. O‘zbek notasi. Toshkent, 2007. 210-bet
9 Jumaboyev Y. O‘zbekistonda falsafa va axloqiy fikrlar taraqqiyoti tarixidan. Toshkent, 1997. 55-60-betlar
10 Davlatyor Rahim, Shixnazar Matrasul, Feruz. Shoh va shoir qismati. Toshkent, 1991. 101-102-betlar
11 Polvonov N. Xorazmdagi ijtimoiy harakatlar va siyosiy partiyalar tarixi (1900–1924 yillar). Tarix fanlari nomzodi dissertatsiyasi. Toshkent, 2005. 42-43-betlar
12 Radif – sheʼrda qofiyadan keyin keluvchi, aynan takrorlanuvchi bo‘lak
13 Komil Xorazmiy. Devon. O‘RSHI, № 1025. 155-b
14 Komil Xorazmiy. Devon. O‘RSHI, №1025. 155a-155b; Yunusov M. Komil Xorazmiy. Davri, hayoti va ijodi. Toshkent, 1960. 48-bet
15 Vambery H. Zwei moderne centralasiatische Dichter, Munis und Emir // Wiener Zeitschrift für die Kunde des Morgenlandes. IV. Band, Wien, 1892, pp.273-277
16 Erkinov A. The Conquest of Khiva (1873) in the Eyes of a Poet (Shaydā‘i), International Conference: Looking at the Coloniser. Halle (Germany) 27-28 September, 2002 // Looking at the Coloniser. Cross-Cultural Perceptions in Central Asia and the Caucasus, Beengal, and Related Areas. B.Eschment, H.Harder (eds.). Ergon, Würzburg. 2004. pp.91-116
17 Komil Xorazmiy. Devon. O‘RSHI, №1025. 155a