Bosh sahifa » Tarix » Aleksandr Byornsning 1838 yilgi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar

Aleksandr Byornsning 1838 yilgi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar

Aleksandr Byornsning 1838 yil 01 fevraldagi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar

Aleksandr Byornsning shaxsi ko‘pchilikka maʼlum. Uning birgina “Buxoro sayohatnomasi” asari muallif tirikligidayoq katta shuhrat qozongan.

Aleksandr Byorns 1835-1838 yillari Afg‘oniston hukmdori Do‘st Muhammadxon huzurida elchi vazifasida faoliyat ko‘rsatadi. Elchilik davomida nafaqat Afg‘oniston, balki O‘rta Osiyo, Eron va Xitoy Turkistonidagi jarayonlarga katta qiziqish bildirib, bu haqda Hindiston general-gubernatori idorasiga yozgan hisobotlarida bayon etadi.

Shu kabi hisobotlardan biri 1838 yil 1 fevral kuni yo‘llangan bo‘lib, mazkur hisobotda Qo‘qon xonligi tarixiga oid qimmatli maʼlumotlar borligi sababli, o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mazkur hisobot Hindiston hukumati buyrug‘iga ko‘ra, 1839 yili Kalkuttada (Hindiston) nashr etilgan “Reports and papers, political, geographical and commercial, submitted to Government” nomli to‘plamda keltirilgan.

M. Mirmaqsudov, mustaqil tadqiqotchi

Rossiyaning Qo‘qon bilan munosabatlarda o‘ziga xos qarashlari va rejalari

(Nusxa)

Qobul, 1838 yil 1 fevral.

Janob U. H. Maknagtenga,

Hindiston general-gubernatori kotibiga, General gubernator qarorgohi.

Ser,

1. O‘tgan oktyabrning 20-sanasidagi yozishmamda, men Hindistonning muhtaram general-gubernatoridan oldin Rossiyaning O‘rta Osiyoda amalga oshirayotgan rejalari hamda qarashlari haqida axborot tayyorlashni o‘zimga maʼqul ko‘rgandim. Mazkur imperiyaning Turkistondagi jami xatti-harakatlaridan Xivaga bosqinini ko‘rsatish, uning Buxoro bilan kelishuvlari hamda Hirot va Qandahordan yashirin foydalar olishga intilayotganligi kabi xatti-harakatlari bilan (xatti-harakatlarini yoritish bilan – izoh tarjimonniki. Keyingi o‘rinlarda T.I.) o‘zimni cheklaganman.

2. Men Rossiyaning o‘zga yo‘nalishdagi, Buxoroning sharqidagi Qo‘qon xonligiga nisbatan bosqinlari yuzasidan turli maʼlumotlarni ishonchli shaxslardan yig‘ishga erishdim. Qo‘qon xonligiga nisbatan o‘z tijoratini muvaffaqiyat bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Rossiyaning o‘xshash rejalari mavjud va Osiyoning ushbu uzoq qismida, bir qarashda kelib chiqadigan barcha hodisalardan ko‘ra jiddiyroq oqibatlarda Rossiya ishtirok etishi mumkin.

3. Qo‘qon hozirda Sir yoki Yaksart bo‘yidagi o‘zbek hukmdorligidir. U Afrosiyob davlatining poytaxti sifatida, Chingiz va Temurning yurishlari bilan tarixiy bog‘liqligi tufayli katta obro‘ va muhim ahamiyatga ega. Biroq avval Qobul, keyinchalik esa Hindiston taxtiga chiqqan Boburning tug‘ilgan joyi sifatida mashhurroqdir. Hozirgi hukmdor Muhammad Alixon 14 yillarcha muqaddam otasi Umarxonning o‘rniga taxtga chiqqan ….. Baʼzilar tomonidan Qo‘qon Buxorodan qudratliroq ekani aytiladi, biroq hammaning fikriga ko‘ra, ularning tengiligi tan olinadi. Shu sababli, muqaddam badavlat bo‘lgan Farg‘ona hukumati Turkiston xalqlari o‘rtasida yana o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

4. Umarxon davrida ruslar bilan aloqalar Qo‘qon bilan deyarli bir meridianda, shimolda joylashgan va ikkisini cho‘l ajratgan, ruslarning manzilgohi bo‘lgan Qiziljar yoki Petropavlovsk orqali o‘ta kam yoki yo‘q darajada edi. Osiyoning ushbu qismida istiqomat qiluvchi Qozoqlar ustidan ruslar hukmronlikka ega bo‘ldi va Qo‘qon o‘z hududlariga qo‘shni bo‘lgan ko‘chmanchi qabilalar ustidan taʼsirini o‘rnatdi. Xonning o‘limi paytida eʼtibor kamayishini bilib, sodir etilishi kutilayotgan hodisalarni oldindan sezib, ruslar o‘z chegaralaridan o‘tib, rejalashtirganidek har bir manzilgohda to‘rtburchak shakldagi kichik qalʼalarni qurishni boshladi, ikkita quduq kavladi, g‘alla zahirasini jamladi va har bir qalʼalar bilan qo‘shni bo‘lgan 400 yoki 500 qozoq fuqarolarini yaqindan himoyalash uchun 100 kishidan 150 kishigacha bo‘lgan rus piyoda askar qismlari uchun yotoqxonalar qurdi. 1833 yil atrofida ruslar shu darajada muvaffaqiyatga erishdiki, Qo‘qonga qarashli bo‘lgan 12 hududni aylanib chiqdi va ko‘chmanchi qabilalar o‘z yaylovlaridan talab qilinadigan kelgusidagi har qanday yig‘imni berishni maʼlum qildi. Xon ushbu xabardan o‘z xavfsizligi kabi qattiq xavotirga tushdi, yaqinda bo‘lib o‘tgan mazkur bosqinni bartaraf etish chorasini ko‘rdi. O‘ziga qarashli bo‘lgan jamiki qo‘shinni to‘plab, qozoqlarni Rustam to‘ra rahbarligida ostida qo‘shinlarga qo‘shilishga buyruq berib, barchasiga o‘zining mohir sarkardalaridan biri Beklarbegini boshliq qilib tayinlab, ilgari Qo‘qonga qaram bo‘lgan hududlar chegarasini belgilagan chiziqdan janubdagi barcha manzilgohlarni buzish haqidagi topshiriq berdi.

5. Qo‘shin mamlakat poytaxtidan Toshkentga, u yerdan so‘nggi dehqonchilik qilinadigan joy Turkistonga keldi, cho‘lga 20 kunlik yurish bilan kirdi. To‘plangan qo‘shinlar 40 000 kishi atrofida sanalganligi aytiladi. Kichik-kichik rus otryadlari bunday katta qo‘shinga qarshi tura olmadi, birinchi qalʼadan ular qochib ketdi, ular boshqa qalʼalarda qarshilik qo‘rsatishga harakat qildi va qo‘shinlarga qarata o‘t ochdi, biroq mazkur manzilgohlardan yettitasi birin-ketin u yerdagi rus askarlari bilan asirga tushdi. Hujumlarda oz qurbonlar berildi, biroq ushbu yurish hujumkor ruhda emasligi, faqatgina o‘ziga qaram bo‘lgan hududlar chegarasini oddiygina himoya qilishdan iboratligi ko‘rsatish uchun, Qo‘qon xoni o‘z lashkarboshisiga barcha rus asirlarini ozod qilish haqida ko‘rsatma bergan edi. Qo‘shinlar qo‘liga tushgan so‘nggi qalʼa Sibirga yaqin joylashganligi, u yerda Rossiya fuqarolari bo‘lgan qozoqlar istiqomat qilishi, aholisining ko‘p sonligi va kattaligi tufayli muhimligi aytiladi. Ruslarga shak-shubhasiz qaraydigan hududlarga bostirib kirish Xonning siyosatiga yoki ehtiyotkorligiga zid edi, shu sababli Qo‘qon armiyasi qo‘lga kiritgan barcha qalʼalar buzib tashlash, quduqlarni suv bilan to‘ldirishdan so‘ng, o‘z yurtiga qaytib ketdi. Ortga qaytishida ular qozoqlar boshlig‘iga “chopiq” uyushtirib, Rossiya bosqini paytida yordam ko‘rsatganligi tufayli uni o‘limga mahkum qildi.

6. Xonning ushbu tashabbusi yuqori darajadagi bahodirlik sifatida xulosa qilinishi mumkin. Uning qo‘shinlari keragidan oshiqcha furaj (o‘t-o‘lan shaklidagi chorva yemi), mol, qo‘y va otlarni ozuqa sifatida olishi mumkin edi, biroq qo‘shinlar bilan birga katta miqdordagi bug‘doy olib yurilgan. U maʼlum bir vaqt mobaynida o‘z jasurligining sovrinidan lazzatlandi va hozirgacha ruslar buzilgan qalʼalarni qayta tiklashga intilgani yo‘q. Turkiston halqlari o‘rtasidagi shunday umumiy fikr borki, unga ko‘ra, Qo‘qonga yurish tufayli (yoki erishilgan muvaffaqiyat tufayli – T.I.), ruslar davlatni qo‘lga kiritishni istaydilar. Ularning sharqqa intilayotgan tijorat yo‘llari Xiva xonining ruslarga nisbatan adovati borligi tufayli tez-tez to‘xtab turadi va ular (ruslar – T.I.) o‘zining hamda ushbu davlat savdogarlariga xavfsizlik taqdim eta oladigan, Turkiston yo‘nalishidagi himoyalangan yo‘lni qo‘lga kiritishni rejalashtirganligini tortinmasdan ochiq tan oladi, biroq ushbu davlatga egalik qilish usuli tinch yo‘l bilan emasligi ko‘rinadi.

7. Mazkur imkoniyatni qo‘ldan chiqargan Rossiya hukumati rejalariga erishishni boshladi, boshqachasiga aytganda, kutayotgan maqsadlariga intilishni boshladi, Qo‘qon qo‘shinlari qaytib ketganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Xonning yurishiga eʼtiroz bildirish hamda kelgusida ikki taraf uchun foydali bo‘ladigan bitimlarni taklif qilish uchun Xonga elchi yubordi. Elchi aholiga Aleksandr ismi bilan maʼlum, biroq familiyasi ularga maʼlum emas. Rossiyaning qudratidan ehtiyot bo‘lgan Xon, elchi bilan nihoyatda yaxshi munobatda bo‘ldi, unga o‘z hukmdorligining rivojiga intilishi yuzasidan qarashlarini tushuntirdi, Imperator tomonidan katta dabdaba bilan kutib olingan javob tashrifini elchi bilan birga Rossiyaga jo‘natdi.

8. Rossiya hukumati va ushbu kichik davlatning o‘zaro munosabatlari natijasida Qo‘qon bilan doimiy va umumiy savdo yo‘llari o‘rnatildi. Qo‘qon va Qiziljar o‘rtasida tovarlarni tashishda, tuyalarning o‘rniga aravalar va chanalardan foydalanish mumkinligi hamda foydalanilayotganligi sababli, yo‘lning yaxshiroqligi aytiladi va hozirda Qo‘qon hali ko‘p vaqt bo‘lmadi, Buxorodan taʼminlanmayapti, u shaharga (Buxoro nazarda tutilmoqda – T.I.) tijorat uchun ko‘plab mahsulotlarni yuboradi. Rus savdogarlari yakka tarzda Toshkent hamda Qo‘qonga hech qanday qo‘rquvsiz va o‘z ustiboshida keladi, shunga qaramasdan Xon ularning yakuniy rejasidan hozirgacha xavotir oladi, u qarshilik qila olmaydi, biroq buning aksi o‘laroq, mazkur yangi tijorat aloqalariga ruxsat berdi. Rossiya shu yo‘l bilan nafaqat Qo‘qondagi tijoratiga qayg‘urdi, Osiyoning ushbu qismidagi o‘z manfaatlarini ham himoya qildi.

9. Shunga qaramasdan, uning (Rossiyaning) Qo‘qondagi qiziqishlari siyosat, o‘z navbatida iqtisodiyot bilan yakunlanishi haqidagi ishonchga majburlash juda oshiqchadir. Xaritaga bir nazar solish Turkiston davlatlari ichida Qo‘qonning muhimligini namoyish qiladi. Davlatning kalit ekanligi haqiqatdir hamda tarix bizni aniq-ravshan tarzda O‘rta Osiyoni zabt etgan turli fotihlar bu joylardan kelib chiqqanligi haqida xabardor qiladi. Bugungi kunda ayrimlari ushbu muvaffaqiyatli bosqinchilarning armiyasiga kirgan, sanoqsiz ko‘chmanchi aholi Rossiya boshqaruvidir, bundan tashqari (ko‘chmanchilarning – T.I.) ayrimlariga xristian dinini qabul qildirib, doimiy qo‘shinlar sifatida shakllantirdi. Mazkur holatdan so‘ng, bu yirik imperiyaga qo‘shni bo‘lganlar, shuningdek yiroqda joylashganlar ham, Rossiyaning yuqoridagi muvaffaqiyatlarini ko‘rgani holda, o‘z ustilariga yopirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nobudgarchiliklar haqida qayg‘urishi lozimligi ajablanarli emas.

10. Biroq Qo‘qon nafat Turkistonning kalitidir. U (Qo‘qon – T.I.) Qashqar, Yorkent va Xo‘tan singari Xitoy manzilgohlariga olib boruvchi tog‘ yo‘lining ustidadir hamda ular bilan katta savdoni yo‘lga qo‘ygan va mazkur yerlarda Xon o‘zining katta taʼsirini o‘tkazadi, bu haqida kelgusida aytib o‘tiladi. Bu hammasi emas – Yorkentdan Kashmir va Ladakka ochiq va doimiy aloqalar o‘rnatilgan, shu sababli, Qo‘qonda mavqeʼga erishish bilan tijoratni Xitoyga qarashli Tataristonga, hatto Hindistonga yoyish tufayli, tijoratning daromadi sanoqsizga aylanadi. Hirotning qo‘shimcha ravishda sharq va g‘arbning savdo markazidagi ahamiyati, Rossiyaning uni o‘z maqsadlariga og‘dirib olish yuzasidan rejalari singari allaqachon o‘rganib bo‘lingan. Agar o‘rganilsa, Qo‘qonning joylashuvi kamroq foydali emasligi va bu yerda Rossiya hukmronligi o‘rnatilishida vujudga keladigan xavotirlarga javob berish lozimligi ko‘rinadi. Hirot shahri Rossiya, Turkiston, Qobul va Hindistonning yo‘llarida to‘xtab o‘tish joyi (kesishgan joyi yoki o‘sha davrda Hirot Hindiston darvozasi deb bilinardi – T.I.) ekanligi aytiladi; Qo‘qon Hindistonning shimoliy chegaralari hamda Rossiya va Xitoy Tataristonining savdo markaziga aylanishi kashf etiladi. Lekin hozirgi Xonning shijoati tufayli, Rossiya ushbu muhim bozorda oldin o‘z mavqeni mustahkamlashi lozim bo‘ladi.

11. Xitoyliklar bilan Qo‘qon xoni o‘rtasida so‘nggi yillarda bo‘lib o‘tgan voqealarni qisqacha tasvirlashdan oldin, men bu yerda (Xitoy nazarda tutilmoqda – T.I.) hukmdor doiralar (Qo‘qon xonligi hukmdor doiralari – T.I.) o‘tkaza oladigan taʼsirni ko‘rsatganim yaxshiroqdir. Xitoyliklarni zabt etilgan hududlardan chiqarib yuborish kuchiga Xon ega emas, lekin ularning (Xitoy hududlarining – T.I.) ko‘plab fuqarolari musulmonlardir, Xitoyga qarashli hududlarning bu qismidagi ko‘plab qo‘zg‘olonlar mazkur ehtiyotkor odamlarning har ikkisiga ham oqil va muloyim siyosat yuritishni buyuradi. Shunga qaramasdan, ular ehtiyot yuzasidan o‘z qo‘shinlarini qalʼalarga joylashtirib olgan, qalʼalarda musulmonlarning istiqomat qilishiga ruxsat berilmagan, ular (xitoyliklar nazarda tutilmoqda – T.I.) Qo‘qon xoniga bo‘ysunuvchi agentni o‘zlariga qarashli har bir shaharda tayinlanishiga ruxsat bergan va uning (Qo‘qon xoni nazarda tutilmoqda – T.I.) foydasiga sharqdan kelgan barcha musulmonlar savdosidan qonunga muvofiq olinishi lozim bo‘lgan soliqlardan voz kechgan. Natijada ularga hech qanday yordam ko‘rsatmasdan, katta daromadga ega bo‘layotganligi sababli Qo‘qon xoni Xitoy zabt yetgan hududlarda tinchlik bo‘lishidan manfaatdorga aylandi. Shu sababli, xitoyliklar bilan o‘zaro munosabatlari yaxshi va yaqinda u Pekinga elchi jo‘natdi, elchi Xitoy imperatori tomonidan noodatiy hurmat-eʼtibor bilan kutib olindi. Elchining ismi Alam Hoji, uning sayohati qiziqarli bo‘lishi mumkin, biroq bu yerda keltirilmaydi.

12. Bu yerda siyosiy taʼsir tijoratda ko‘makchi bo‘lishi sababli, Qo‘qonga eʼtibor qaratish namoyon bo‘ladi. Bugungi kunda rossiyaliklar Xitoy Turkistoni (Sharqiy Turkiston nazarda tutilmoqda – T. I.) bilan Qiziljarning shimoli sharqida, 25 kunlik masofada joylashgan Sibirdagi Shanni (hozirgi Shamay yoki Semipalatinsk – T.I.) nomli joydan Ili va Oqsuv shaharlari orqali savdo qiladi. Biroq, mazkur aloqalar musulmonlar tomonidan amalga oshiriladi, boshqa rus fuqarolari xitoyliklarning ushbu hududlariga kirish ruxsatiga ega emas. Yorkentda xristianlar borligi maʼlum bo‘ldi, biroq ular Xitoy fuqarolaridir, shu sababli, men ularning arman millatiga mansubligini angladim. Shu sababli, Rossiya boylikka qiziqqan ayrim Shamay qozoqlarini xuddi Qo‘qonga hozirda boshqa fuqarolarini kiritgani singari ushbu davlatlarga kiritishni, keyin esa ularning Kashmir va Tibetga harakatlanishini himoya qilishni, imperiyaning tabiiy taʼsiri va ahamiyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Hozirda Rossiyaga borish uchun shunday aylanma yo‘llardan o‘tayotgan jun fabrikalari shu tartibda aniq yo‘nalishni topadi, ularning Rossiyadagi sotuvi barqarorlashganligi va rivojlanayotganligi sababli, qaytishda ayrim tovarlar ushbu va qo‘shni davlatlarga olib kelinishi mumkin. Hozirda Toshkent, Qo‘qon, Yorkent va barcha mazkur hududlarda yashayotgan kashmirliklar ushbu tijoratga yordam bera oladi, agentlikning Kashmir va Ladakdan Xitoyning ushbu hududlariga mavjud bo‘lgan savdosidan ko‘ra tezroq, faolroq va daromadliroqqa aylanishi mumkin.

13. O‘rta Osiyo bo‘ylab o‘z tijoratini ushbu usulda rivojlantirayotgan Rossiyaning tez muvaffaqiyati tarixiga nazar solinsa, uning rejalarini payqashda doimo ko‘rinadigan yagona yutuq bilan zarba beramiz. Hozirgi aloqalar mavzularini ko‘paytirmasdan turib, biz uning (Rossiya nazarda tutilmoqda – T.I.) o‘z niyatlariga kuch bilan erishishga doir birinchi harakatini, muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng esa diplomatiya bilan mustahkamlashini ko‘ramiz. O‘zining barcha rejalarida u g‘olibdek ko‘rinadi, vaqt o‘tishi bilan biz uning taʼsiri Qo‘qonda, umuman Turkistonda oshishini ko‘ramiz, shu tufayli mazkur davlatlarning resurslari u (Rossiya nazarda tutilmoqda – T.I.) ularni bosib oladimi yoki yo‘qmi, to‘lig‘icha uning ixtiyorida bo‘ladi. Uning bugungi kundagi yagona dushmani Xiva xonligidir va bu davlatning shunday qo‘shniga uzoq muddat qarshilik ko‘rsatishiga ishonish qiyin. Rossiyada asirga olingan Xiva savdogarlari masalasi hozirgacha hal etilmagan va Turkistonda katta norozichilikka sabab bo‘lib kelmoqda. Shu sababli, men genaral-gubernatori hazrati oliylari eʼtiboriga hurmat bilan jurʼat etib ayta olamanki, bizning buyuk tijorat raqiblarimizga qarama-qarshi ayrim tadbirlarni namoyish qilmoq uchun ayni vaqtidir. Hind (daryo nazarda tutilmoqda) yo‘li orqali savdoni rivojlantirish yuzasidan rejalarga eʼtiborni kuchaytirish yo o‘tgan oyning 18-sanasidagi xatimda bayon holatlarga xolis yondashish yoki shunga o‘xshash boshqa reja hozirgiga nisbatan eng omadlisi bo‘lar edi. Qisqa muddat ichida Xiva savdogarlarining ushlab turilishi unutiladi va aloqalar oldinga holatga qaytadi, biz esa o‘z tijoriy rivojimiz uchun yuqori darajadagi qulay imkoniyatni boy berishimiz mumkin.

Men tugatdim va hurmat bilan,

(imzo) A. Byorns

Qobuldagi elchilik vaqtida.

O‘xshash maqola

Алаш и Туркестан: точки прикосновения

Post Views: 181 Одним из обьектов узловых исследований, с пересмотром устоявщих по сей день выводов …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan