Bosh sahifa » Allomalar » Abulhasan Qosim ibn Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Qaffol Shoshiy

Abulhasan Qosim ibn Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Qaffol Shoshiy

Abul Hasan Qosim ibn Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Qaffol Shoshiy (“at-Taqrib” asari muallifi) – yirik faqih. Buyuk alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiyning o‘g‘li bo‘lib, manbalarda dunyodagi ulug‘ imomlardan biri sifatida eʼtirof etilgan. Abbodiy uni o‘z “Tabaqot”ida zikr qilib, shunday degan: «Uning xizmatlari buyukdir, bunga uning “at-Taqrib” kitobi shohiddir1.

Tojuddin Subkiyning xabar berishicha, Qosim ibn Muhammad ibn Ali Shoshiydan xurosonlik fuqaholar taʼlim olishgan. Undan Iroq ahli ham ko‘p yaxshiliklarni ko‘rgan2. Mashhur tarixchi Xoja Xalifa o‘zining «Kashf az-zunun» asarida “at-Taqrib” (to‘liq nomi «at-Taqrib fil-furuʼ» «Furuʼga yaqinlashish») asari muallifi Shayx Imom Qosim ibn Muhammad ibn Qaffol Shoshiy Shofiʼiy», deb yozgan3. Maʼlumki, Qosim ibn Ali Shoshiy ushbu fiqhiy asari bilan shuhrat qozongan. Bu haqda Hamza Sahmiy «Tarixi Jurjon» asarining Halimiy tarjimai holi bobida aynan shunday iboralarni keltirgan: «Halimiy degan: “at-Taqrib” asari sohibi Qosim ibn Abu Bakr Qaffol mendan fiqhga oid o‘n bitta juz (bob) izoh va sharhlar yozib oldi»4.

Ibn Xallikonning aytishicha, «Bu asar shofiʼiy mazhabidagi moʻtabar kitoblardan bo‘lib, kimning huzurida shu kitob bo‘lsa, boshqasining hojati yo‘qdir. Bu kitobni Bayhaqiy va Imom Haramaynlar maqtashgan. «Kitob at-Taqrib»ga Imom Haramayn Abul-Maʼoliy (vaf. 478) talxis (qisqartma) yozgan5.

Baʼzilar ushbu kitobning muallifi otasi Qaffol Shoshiy deyishadi. «Bu xato fikrdir», deb yozgan Ibn Xallikon6.

U o‘zining bu fikrlarini quyidagicha izohlab, «Men 665/ 1266 yil shavvol oyida Damashqdagi Odiliya madrasasining kitoblar xazinasida asli o‘n jilddan iborat «Kitob at-Taqrib»ning olti jildi saqlanayotganini ko‘rdim. Asarning ustiga uning muallifi Abu Bakr Qaffol Shoshiyning o‘g‘li Abulhasan Qosim, mazkur nusxa avval Shayx Qutbiddin Masʼud Nisoburiyga tegishli bo‘lib, keyin uni vaqf qilganligi yozilgan edi. Bu «Kitob at-Taqrib» Sulaym Roziy qalamiga mansub «Kitob at-Taqrib» emas. Men faqihlardan kuplarini ko‘rdimki, Sulaymning asarini Qaffolniki deb ishonadilar. Shuning uchun ham bu masalaga chuqurroq yondashdim. Qaffolning o‘g‘liga mansub bo‘lgan «Kitob at-Taqrib»ning soni juda kam. Sulaymning asari esa odamlarning qo‘llarida mavjud. Xuroson faqihlari o‘qib o‘rganadigan «Kitob at-Taqrib» ham shudir»7.

Tojuddin Subkiy «Tabaqot ash-shofiʼiya al-kubro» asarida shofiʼiya mazhabining ulug‘ imomlari to‘g‘risida maʼlumotlarni keltirib shunday yozgan: «Asʼhobimiz faqihlaridan to‘rttasi o‘zidan davomchilar qoldirgan. Abu Bakr Ismoiliydan o‘g‘li Abu Saʼd, Imom Abu Sahldan o‘g‘li Imom ibn Imom, Abu Jaʼfar Xanotiydan o‘g‘li Shayx Abu Abdulloh tug‘ilgan. Abu Bakr Qaffol Shoshiy o‘z naslidan iqtidorli o‘g‘ilga ega bo‘ldi. Unga (Qosim Shoshiy) “at-Taqrib” kitobi mansubdir8.

Ko‘rinib turibdiki, Qosim Shoshiy ham zabardast faqihlardan biri bo‘lgan. Abu Bakr Bayhaqiy «Shofiʼiy matnlari musanniflari orasida “at-Taqrib” muallifidan ko‘ra ishonchlirog‘ini ko‘rmadim», deb asarga yuksak baho bergan.

Imom Navaviyning aytishicha, Qosim Shoshiyning “at-Taqrib” kitobi Muzaniyning “Muxtasari” sharhlaridan ko‘ra foydasi ko‘proqasardir9. Islomshunosliqda turli fiqhiy manbalarni o‘rganish va tadqiq etishda Qosim Shoshiyning “at-Taqrib” asari muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz kitob xazinalarida ushbu noyob asar mavjud emas.

Neʼmatullo MUHAMEDOV,

“SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MAʼNAVIY MEROSI”

Manba

1 Tabaqot ash-shofiʼiya al-kubro. 3-jild. -B. 334—335

2 O‘sha manba. O‘sha joyda

3 Kashf az-zunun. 1-jild. -B. 466

4 Tabaqotash-shofiʼiya al-kubro. 2-jild. -B. 334—335

5 Kashf az-zunun. 1-jild. -B. 466

6 O‘sha manba. O‘sha joyda

7 Qarang: Yaminov A. Qaffol Shoshiy o‘rta asr arab manbalarida // O‘z R FA SHI. Sharqshunoslik. -2004. -№ 12. -B. 77-78; Ibn Xallikon. Vafoyot al-ayon. 1-jild. -B. 459

8 Tabaqotash-shofiʼiya al-kubro. 2-jild. -B. 334-335

9 Abu Zakariyo Muhyiddin ibn Sharaf Navaviy Dimashqiy. Tahzib al-asmo val-lug‘ot. -Bayrut: Dor al-fikr, 1996. 2-jild. -B. 553

O‘xshash maqola

Mutafakkirlar. Mahmud Koshg‘ariy (1030–1127)

Post Views: 10 276 Mahmud Koshg‘ariy Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asr madaniyatining buyuk arboblaridan bo‘lib, tilshunoslik …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan