Bosh sahifa » Toshkent tarixi » Xoja Ahror Valiy (1404-1490)

Xoja Ahror Valiy (1404-1490)

Xo‘sh, Xoja Ahror kim? Bu zotning besh asrdan buyon tillardan tushmay kelishining sababi nimada? Nima uchun bu kishini Xoja Ahror Valiy deydilar? Nega bu kishi haqida ko‘plab, turli tuman mulohazalar yozib kelingan? Tarixiy manbalarda Xoja Ahror haqida g‘oyat muhim ma’lumotlar bor. Jumladan, Faxriddin ali as-Safiyning «Rashahot ayn al-Hayot» («Hayot buloqlaridan tomchilar») nomli asarida yozilishicha, Xoja Ubaydulla – Xoja Ahror 1404 yil mart oyida (906 yil ramazon) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga qarashli Bog‘iston qishlog‘ida tavallud topgan. Xoja Ubaydullo – Xoja Ahrorning nasabnomasida (shajara) u ota tomonidan choxoryorlarning birinchisi Abu Bakr Siddiqqa (632-634), ona tarafdan choxoryorlarning ikkinchisi Umar ibn al-Hattobga (634-644) borib tutashadi deyilgan.

Mavlono Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin» nomli asarida Xoja Ahrorning shajarasi ancha mukammal berilgan. Chunonchi, shajara tarixida qayd qilinishicha, Xoja Ubaydullo Ahrorning otasi Xoja Mahmuddir, Xoja Mahmud Xoja Shaxobiddinning o‘g‘li bo‘lib, Xoja Shaxobiddin uch yo to‘rt avlod bilan Xoja Nomiyga tutashadi. Rivoyat qilinishicha, Xoja Muhammad Nomiy asli Bag‘dodlik bo‘lib toshkenlik alloma Hazrat Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffoli Shoshiyning muridi bo‘lgan, Hazratning mulozamati tufayli Toshkentga (Shosh) kelib, bu yerda turg‘un bo‘lib qolgan. Xoja Ahrorning onalari Xoja Dovudning qizi bo‘lib, Xoja Dovud esa Hazrat Shayx Xovand Taxurning o‘g‘illaridir. Shayx Xovand Tohur esa Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘lidir.

Xoja Ahror Valiy musulmon olamining ulug‘ mutasavvif donishmandlari orasida o‘ziga xos mo‘’tabar o‘rin tutadi. Xoja Ahrorning buyukligi shundaki, uning tabarruk siymosida islomiy fidoiylik, adolatpeshalik, insofu tavfiq, g‘aribparvarlik, faqirlik va davlatmandlik mujassam edi.

O‘z davrining ulug‘ mutafakkiri, Shuningdek, xassos shoirlari – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar hamda zabardast shoh, suxandon shoir Zahiriddin Muhammad Boburlar Xoja Ahrorni o‘zlarining ma’naviy piri murshidlari sifatida ehtirom qilganlar. Unga atab asarlar bitganlar, ayni vaqtda uning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, tavsiflardilar. Bu ulug‘ allomalar Xoja Ahrorning kimligini bilmasmidilar? Aksincha, ul zotlar Xoja Ahrorni juda yaxshi bilganlar va unga ixlosmand edilar. Agar Sharq va G‘arb olimlarining asarlarini ko‘zdan kechirilsa, ularda Xoja Ahror haqida samimiy fikrlar yozilganini ko‘rish mumkin. Chunonchi afg‘onistonlik olim Abdulhay Habibiy o‘zining «Jomiy tariqati» nomli maqolasida «Sa’d Koshg‘ariy va Xoja Ahror o‘z asrining ulug‘ ruxiy peshvolari edilar» – desa, ingliz Sharqshunosi Charlz Ambrouz Stori o‘zining «Fors adabiyoti» nomli mashhur asarida, uni «Yirik valiy Ubaydulloh Ahror», – deydi. Shuningdek, chex olimi Feliks Tauzr esa «Xoja Ahror nomi bilan shuhrat qozongan turkistonlik tabarruk avliyo naqshbandiy sulukning shayxi Nasiriddin Ubaydulloh ibn Mahmud Shoshiy», – deb, ehtirom bilan tilga oladi.

Xoja Ubaydullohning bolalik va yoshlik davri Toshkenda o‘tadi. U maktabda o‘qib saboq olgan va turli kitoblarni mutolaa qilgan. U toshkentlik marhum allomalardan Abubakr Qaffol Shoshiy, Shayx Xovandi Tohur va Shayx Zayniddin Ko‘yi Oriflarning hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ularning marqadlarini ziyorat qilib turgan. U tug‘ilib o‘sib voyaga yetgan oila a’zolari o‘z zamonasining o‘qimishli, ma’rifatli, kishilari edilar.

Xoja Ahrorning tog‘asi Xoja Ibrohim keng ma’lumotli kishi bo‘lib, u jiyani Xoja Ubaydulloning ham o‘qishni davom ettirishini istardi. Nihoyat 1427 yili Xoja Ibrohim jiyani Xoja Ubaydulloni Toshkentdan Samarqandga olib kelib, mavlono Qutbiddin madrasasiga joylashtiradi. Chunki bu vaqtda Samarqand Movarounnahrning ilm va ma’rifat markazi sifatida shuhrat qozongan edi. Ammo Xoja Ubaydullohning salomatligi mazkur ezgu niyatning amalga oshishiga halaqit beradi. Bu paytda Madrasa tolibi ilmlardan ayrimlari xasba (tif) kasaliga chalingan edilar. Tez kunda bu kasallik Xoja Ubaydullohga ham yuqib, salomatligi yomonlashadi. Natijada, u o‘qishni davom ettira olmaydi va mustaqil ravishda mutolaaga o‘tadi hamda Samarqanddagi mashhur olimlar bilan suhbatlar qilish usuli bilan o‘z bilimini kengaytiradi. Xoja Ubaydulloh o‘ziga ma’naviy pir topish maqsadida 1428 yili Hirotga boradi. U Hirotda besh yil (1433 yilgacha) yashab, Shayx Bahouddin Umar va Shayx Zayniddin Havofiylar suhbatidan bahramand bo‘ladi. Ulardan naqshbandiya tariqatiga oid anchagina bilim oladi. Ammo, Shayx Bahouddin Umarni ma’naviy pir sifatida qabul qilmaydi. Chunki u bilan qilgan suhbatlarda Xoja Ubaydulloh, o‘zining fikrini band qilgan muammoga javob topaolmagan edi. Bu shunday muammo ediki, bir vaqtlar o‘zining bobokaloni Shayx Umar Bog‘istoniy o‘z o‘g‘li Shayx Xovand Tohurga xitoban «Tohur mullo bo‘lma, shayx bo‘lma, sufi bo‘lma, musulmon bo‘l!» – degan edi. Bu iborada qanday hikmat bor? Mullo, shayx va so‘filar musulmon emasmi? U holda musulmon kim? Xoja Ahrorning mazkur hikmatli so‘z mazmunini, ya’ni musulmon bo‘lmoq – xalq mafaatlari uchun yashamoq ekanligini o‘zi uchun kashf qilganligidan dalolat beradi.

1433 yili Chag‘oniyon viloyatining Hulg‘uti mavzesida istiqomat qiluvchi Xoja Bahouddin Naqshbandning shogirdi mavlono Ya’qub Charxiy (vafoti 1447 yil) huzuriga boradi va undan Naqshbandiya tariqatining asoslarini puxta o‘rganadi. Xoja Ubaydulloh mavlono Ya’qub Charxiy siymosida o‘zi istagan ma’na¬viy pirni ko‘radi va uni piri murshid sifatida tan oladi. Shundan so‘ng piri murshididan «fotiha» olgach, Toshkentga qaytib dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Zotan, Xoja Ahrorning bobokalonlari Xoja Shaxobiddin sohibi oyat, karomatguy, ko‘p vaqtlarini dehkonchilik va tijorat bilan o‘tkazardilar. Extimolki, Xoja Ubaydullodagi mehnatsevarlik «bobo»dan meros bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Xoja Ahror musulmon olamining ulug‘ mutasavvif donishmandlari qatoridan mo‘’tabar o‘rin egallaydi. U o‘ziga qadar o‘tgan mutasavviflar tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarni ezgu niyat bilan o‘rganadi va tasavvuf tariqatini bosqichma-bosqich bosib o‘tadi. U ilmi zohiriy va ilmi botiniy sir-asrorlarini mukammal o‘zlashtiradi.

XV asrning ikkinchi yarmiga kelib Movarounnahr va Xurosondagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotda Xoja Ahror yuksak mavqyega ega bo‘ladi va nihoyatda mo‘’tabar siymolardan biriga aylanadi. Abu Toxir Xoja o‘zining «Samariya» asarida yozishicha, Xoja Ahror ilm ahlini e’zozlar, anjumani hamisha olimlar bilan to‘la edi. Binobarin, u ilm ahli uchun Samarqandda bir madrasa qurdirdi. Bu madrasa «Madrasai safed (oq)» nomi bilan mashhurdir. Bundan tashqari Toshkent va Qobulda ham madrasalar qurdirgan.

Xoja Ahrorning sifatlaridan biri shuki, ul zot voqyea va hodisalarni tahlil qilish, xulosa chiqarish hamda ularning natijalarini bayon etishda «tush ko‘rdim» usulida foydalanar ekan. Aslida esa kashfiyot va karomatlarini «tushimda ayon» bo‘ldi deb ta’bir qilarkanlar. Binoan alayhi, ul zotga valoyatni nisbat berib, Xoja Ahror Valiy deb ulug‘laganlar. Bul zotning asl ismlari Ubaydullo bo‘lib, Ahror iborasi hur, olijanob ma’nosidagi laqabdir. Musulmon dunyosi tarixida o‘tgan 356 nafar avliyolardan faqat uchtasigina «qutb ul-aqtob» sifatida e’tirof etilgan. Mazkur uch avliyoning biri – Xoja Ahror bo‘lgan.

Istiklol sharofati tufayli tarixshunoslikda sog‘lom yo‘nalish vujudga keldi. Holbuki, sho‘rolar davrida Mirzo Ulug‘bek bilan Xoja Ahror munosabatlari sun’iy ravishda keskinlashtirilishi badiiy adabiyotda ham o‘z aksini topdi. M. Shayxzoda «Mirzo Ulug‘bek» dramasini yozdi. Bu asarning badiiy jihatdan yuksakligini e’tirof etgan holda, shuni aytish lozimki, mazkur asardagi ikki buyuk shaxs o‘rtasida sodir bo‘lgan ixtiloflar tarixiy voqyelikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Masalan mo‘’tabar manba hisoblangan Faxriddin Ali as-Safiyning «Rashahot», Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin» va noma’lum muallifning «Manoqibi Xoja Ahror» kabi asarlarni to‘la-to‘kis va xolisona o‘rganish hamda ulardagi noyob ma’lumotlarni ommalashtirish imkoniyati vujudga keldi. Natijada, Ulug‘bek va Xoja Ahror munosabatlari masalasiga aniqlik kiritish imkoni tug‘ildi.

Shuni aytish lozimki, Xoja Ahror Mirzo Ulug‘bekdan 10 yosh kichik bo‘lib, XV asrning 30-40 yillarida ya’ni Ulug‘bekning hukmronlik davrida hali diniy va dunyoviy nufuzga ega emas edi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, bu davrlarda Xoja Ahror Toshkentda ziroat ishlari bilan mashg‘ul edi. Xoja Ahrorning Toshkentdan Samarqandga borishi Sulton Abusayid Mirzoning hukmronlik davriga to‘g‘ri keladi. Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha 1449 yili Ulug‘bek Mirzo qatl etilgach, taxtga o‘tirgan uning o‘g‘li Abdullatif ham 1450 yilda Ulug‘bek tarafdorlari tomonidan o‘ldiriladi. Shundan so‘ng arkoni davlat Abdullatif tomonidan qamoqqa olingan Abdullo Mirzoni (1433-1452) Ko‘ksaroydan olib chiqib taxtga o‘tkazadilar. Abdullo Mirzo Shohruxning ikkinchi o‘g‘li Ibrohim Sulton Mirzoning (1394-1435) o‘g‘li ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bekning kuyovi edi.

Abdullo Mirzo hokimiyatga kelgach, atrofda taxt da’vogarlari ko‘payadi. Shulardan biri Sulton Abusayid Mirzo edi. U Buxorodan Samarqandga askar tortib kelib yengilgach, Dashti qipchoq hukmdori Abulxayrxondan ko‘mak so‘raydi. Abulxayrxon fursatni g‘animat bilib, o‘z askari bilan Abusayidga qo‘shilib Samarqandga yurish qiladi. 1451 yil iyun oyida Bulungur dashtining janubidagi Sheroz qishlog‘i yonida har ikki tomon bir-biri bilan to‘qnashadi. Bu jangda Abulxayrxon bilan Abusayid Mirzoning askarlari Abdullo Mirzo askarlarini mag‘lubiyatga uchratadi. Abdullo Mirzoga esa jangda o‘q tegib halok bo‘ladi. Ana shundan so‘ng Sulton Abusayid Samarqand taxtiga o‘tiradi. 1453 yili Sulton Abusayid Mirzoning iltimosiga ko‘ra Xoja Ahror Toshkentdan Samarqandga ko‘chib boradi va u yerda muqim o‘rnashib qoladi. Endi savol tug‘iladi, Sulton Abusayid Mirzo nega aynan Xoja Ahrorni Samarqandga ko‘chib kelishini iltimos qilgan? Ularning orasida qanaqa yaqinlik bo‘lgan?

Ayrim manbalarda yozilishicha, Suton Abusayid bilan Xoja Ahrorning tanishligi hokimiyatga kelmasidan avvalroq kechgan. «Rashahot ayn al-hayot»ning muallifi As-Safiyning hikoya qilishicha, biz yoshlik paytimizda Parkatda Xoja Ahror mulozamatida edik, kunlardan bir kun Hazrat (Xoja Ahror) qog‘oz va qalam so‘radilar va qog‘ozga kishi nomlarini yoza boshladilar, jumladan, Sulton Abusayid nomini ham yozdilar hamda o‘sha qog‘ozni muborak sallalariga qistirib quydilar. O‘sha paytlarda Abu Sayid nomi hech bir joyda zikr qilinmas edi. Hazratning yaqin kishilaridan biri «bu nom kim?» deb so‘radi. «Bu shunday nomdirki, faqat bizu sizlar emas balki ahli Toshkand va Samarqand hamda Xurosondagi barcha aholi uchun manzur tutadi» – deb, javob berdilar Hazrat oradan bir necha vaqt o‘tgach, Sulton Abu Sayid Mirzo Turkiston (Yassi) tarafga boradi va tushida Xoja Ahrorni ko‘radi. Xoja Ahmad Yassaviyning ishorasiga ko‘ra, Xoja Ahror Abu Sayidga oq fotiha bermoqda edi. Tush so‘ngida Abu Sayid Xoja Ahmad Yassaviydan so‘rab, ul zot aytgan so‘zlarni hamda Xoja Ahrorning tabarruk chehralarini ham eslab qolgan holda uyqudan uyg‘onadi. Allohning inoyati bilan o‘sha uchrashuv sodir bo‘ladi. «Rashahot» muallifi Abu Sayidni o‘sha tushida ko‘rgan nuroniy chehrani (Xoja Ahrorni) qidirib Toshkentga kelgani va u yerdan Parkatga borgani haqida yozib, u Parkatga yaqinlashib qolganda Hazrat uning istiqboliga chiqdilar. Uning nazari Hazratga tushishi bilan u hayajonlanib, «men tushimda ko‘rgan zot, xuddi shul zotdir» – deb, otdan tushib kelib Hazratning etaklarini yuz-ko‘ziga surtib, tavof qilib, ixlosmandlik izhor qildi. Hazrat ham u bilan iliq suhbat qildilar. Suhbat so‘ngida Abu Sayid Hazratdan fotiha so‘raydi. Mana shundan so‘ng «Rashahot»da Abu Sayidni Samarqand taxti uchun olib borgan ko‘rashi haqida hikoya qilinadi.

Demak, Ulug‘bek Mirzoning fojiali o‘limida Xoja Ahror¬ning hech qanday ishtiroki yo‘q edi. Darhaqiqat, Mirzo Ulug‘bek (1409-1449) va Abdullatif Mirzoning (1449-1450) hukmronlik yillarida Xoja Ahror katta diniy va siyosiy nufuzga ega emas, Shuningdek, hali Toshkentda yashab turar edi.

Shunday qilib, Xoja Ahror Sulton Abu Sayid davrida Samarqandga ko‘chib keldi hamda yuksak mavqyega erishdi. Xoja Ahrorning nufuzi Sulton Abu Sayidning o‘g‘li Sulton Ahmad (1469-1494) davrida ham baland edi.

Xoja Ahrorning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy faoliyatiga nazar tashlaganda, u fuqarolar osoyishtaligi, hunarmand va tijorat ahlining ravnaqi yo‘lida har qanday bahsli muammolarni urushsiz, qon to‘kmasdan, balki muzokara va tinch-osoyishtalik asosida kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi tarafdori bo‘lgan. Shu bois bo‘lsa kerak, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo o‘zining «Boburnoma» asarida Sulton Ahmad Mirzo haqida so‘z yuritib «Samarqand ahlikim, yigirma-yigirma besh yil Sulton Ahmad Mirzoning zamonasida rafoiyat va farog‘at bilan o‘tkarib edilar, aksar muomala Hazrat Xoja Ubaydullo jihatidan adl va shar’ tariqi bila edi» – deb yozgan edi. Zotan, Xoja Ahror o‘zining xususiy yeri va mulkidan keladigan daromadlardan ma’lum qismini xalqqa jabran solingan ortiqcha soliqlarni to‘lashga, madrasa, masjid, xonaqoh va shu kabi qurilishlarga sarflagan. Misol uchun Sulton Ahmad xazinasiga 10000 kumush tangani topshirgan. Shuningdek, Umar Shayx Mirzo (1456-1494) Shosh (Toshkent) aholisidan 250 ming dinor hajmida soliq talab qilganda, Xoja Ahror bu soliqni o‘z yonidan to‘lab, fuqaroni musibat dan qutqagan.

Xoja Ahror el-yurt, xalq manfaati yo‘lida bir necha marta siyosiy mojarolarda vositachilik qilib jangni sulhga mubaddal qilgan. Misol uchun 1462 yili Muhammad Jo‘ki Mirzo (Abdullatif Mirzoning o‘g‘li) Sulton Abusayid Mirzoga qarshi bosh ko‘taradi. Qo‘zg‘olonga Shohruxiyaning barcha aholisi qatnashadi. Sulton qo‘shinlari shaharni qamal qiladi. Qamal bir yildan ortiq davom etadi. Nihoyat, 1463 yil kuzida xalq va qo‘zg‘olonchilarning talabiga muvofiq, Xoja Ahrorni vositachilik uchun taklif qiladilar. Xoja Ahror Samarqanddan kelib har ikki tomonni murosaga keltiradi hamda qo‘zg‘olonchilarning barchasini gunohidan o‘tib ularga zarar yetkazmaslikka Sulton Abusayid Mirzoni qasamyod qildiradi.

Xoja Ahror Naqshbandiya tariqati xojagon sulukining ulkan namoyandasi sifatida Movarounnahr va Xurosonning ijtimoiy va siyosiy hayotida g‘oyat samarali ta’sir ko‘rsatadi. Xususan XV asrning ikkinchi yarmida temuriy shahzodalar o‘rtasida avj olgan toju taxt ko‘rashi boshboshdoqlik fuqaro uchun og‘ir musibat bo‘lgan bir davrda u o‘ziga xos zukkolik va adolatpeshalik salohiyatini namoyon qiladi.

Tarixdan ma’lumki Xoja Ahrorni bir necha faxrli nomlar bilan atashgan. Zotan, Hazrat Alisher Navoiy bu zotni «Qutbi tariqat» deb, e’tirof etgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy «Ka’bai maqsud» – deb bilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa «Hazrat Xoja Ubaydullo» – deb, hurmat bilan tilga olgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, ular o‘rtasida yaqinlik va o‘zaro hamfikrlik ham bo‘lgan. Zotan, «Majmuayi murosalot» (Maktublar to‘plami) nomi bilan shuhratlangan manba fikrimizning dalili bo‘la oladi. Bu albomda Xoja Ahror bilan Alisher Navoiy hamda Abdurahmon Jomiyning bir-birlariga yozgan maktublari jamlangan. Mazkur manbani «Navoiy albomi» deb ham ataladi. Bu manba Hazrat Navoiyning tabarruk qo‘llari bilan tuzilgan. Mazkur manba hozir O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayapti.

Ushbu tarixiy haqiqat Xoja Ahrorni yanada chuqurrok, to‘laroq anglash uchun keng yo‘l ochadi. Bu zotning eng ulug‘vor mo‘’jizasi — g‘ayb olamini teran his etishi, musaffo qalb ehtirosi bilan sog‘lom fikrlay olishi edi. Biz Xoja Ahrorning qalb sirlarini ul zot yozib qoldirgan «Risolai volidiya» (Ota-onalar risolasi), «Risolai havoriya» (Hurlar risolasi), «Faqirot ul ofarin» (Donolar faqirligi) kabi asarlaridan o‘qib olishimiz mumkin.

Xoja Ahror uzoq va barakali umr ko‘rdilar. Ul zot 1490 yil 20 fevral (895 yil 29 rabbi ul avval) shanba kuni tongda Samarqandning Kamongaron dahasida olamdan o‘tadilar. «Rashahot» muallifining yozishicha, Hazratning jonlari uzilishi bilan Samarqandda qattiq zilzila bo‘lib, yerdan chang-to‘zon ko‘tariladi.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

O‘xshash maqola

Динамика состава населения города Ташкента в первой четверти ХХ века

Город Ташкент является одним из древнейших городов Центральноазиатского региона, многовековая история которого была насыщена многообразными …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan